Oila va nikoh tushunchasi. Konfutsiychilik Хitoyda oila masalalariga hal qiluvchi ta’sir o’tkazdi. Konfutsiychilik
ta’limotiga ko’ra, oila nikohdan, yoshlarning kelishuvi bilan boshlanmaydi. Balki, oila ehtiyojlari uchun nikoh amalga oshiriladi. Konfutsiychilar urf-odatlariga ko’ra, avlodlar o’z ajdodlari ruhi oldida qilishlari kerak bo’lgan barcha marosimlarni o’z o’rnida, muntazam ravishda bajarishlari lozim.
Konfutsiychilikning Хitoyda tarqalishi.Garchi konfutsiychilar o’z ta’limotlarini qadimgi Chjou aqidalariga bog’liq urf-odatlar, marosimlar, axloqiy me’yorlar asosiga qurgan bo’lsalar-da, ular mazkur aqidalar orasida o’z munosabatlari, qolaversa, har bir masala yuzasidan o’z xulosalarini ham berib bayon qilar edilar. Mana shu narsa konfutsiychilikning muvaffaqiyatga erishishiga sabab bo’ldi. Undan tashqari uning muvaffaqiyatiga sabab bo’lgan omillardan yana biri konfutsiychilarning o’zlari foydalangan qadimgi kitoblar, she’rlar, risolalarni yig’ib o’quvchilariga o’rgatganliklaridir. Bu ishning asosiy qismi Konfutsiyning o’zi tomonidan bajarilgan edi. U turli podshohliklarda mavjud bo’lgan uch mingdan ortiq qadimiy qo’shiqlar, yozuvlarni jamlab, ularni qayta tahrir qilgan edi. Konfutsiy va uning shogirdlari tomonidan tahrir qilingan asarlar keyinchalik konfutsiychilikning asosiy manbalariga aylandi.
Mil. av. IV-III asrlarga kelib Konfutsiy ta’limoti ancha keng tarqaldi va katta ta’sir doirasiga ega bo’ldi. Хan sulolasi davriga kelib (mil. av. III-II asrlar) konfutsiychilik davlat mafkurasi darajasiga ko’tarildi. Хan podshohlari Konfutsiy ta’limotlarini to’liq qabul qilmagan bo’lsalar-da, uning kuchini, jamiyatda egallab ulgurgan mavqeini e’tirof qilgan holda undan davlat boshqaruvida foydalandilar.
Хitoyda keng tarqalgan daosizm falsafiy ta’limot sifatida mil. av. birinchi ming yillikning o’rtalarida konfutsiychilik bilan deyarli bir vaqtda paydo bo’ldi. Bu ta’limot dastavval bir muncha mavhum xarakterga ega bo’lib, din bilan hech qanday aloqasi bo’lmagan. Ushbu ta’limot tarafdorlari ham konfutsiychilar kabi o’z zamonalaridagi harakatlarga qarshi bo’lganlar. Daosizm targ’ibotchilari ham hukmdorlar orasidagi tinimsiz urushlarni qoralar edilar. Ular ham boshqa bir qator falsafiy ta’limotlar qatori orqaga – «Oltin asr»ga – qaytishga chaqirar edilar.
Daosizmda mil. av. IV-III asrlarga kelib nazariy asarlar paydo bo’la boshladi. Bunday asarlarda ijtimoiy-siyosiy va axloq masalalari daosizm uchun unchalik muhim sanalmadi. Biroq daosizm vakillari ilk bor borliq, tabiat, koinot haqidagi tushunchalarni ishlab chiqa boshladilar. Хitoydagi Szis faylasuflar akademiyasida daosizm nazariyotchilari: Тyan Pen, Sun Szyan, In Ven, Shen Dao, Хuan Yuan va boshqalar to’plangan bo’lib, ular inson va uni o’rab turgan borliq xususida beto’xtov munozaralar olib bordilar va risolalar yozdilar.
Bunday asarlar hozirgi kungacha saqlanmagan, biroq daosizmning asosiy manbasi sanaladigan «Daodetszin» risolasida o’z aksini topgan. Mazkur risola muallifi