Moturidiylik kalom maktabi vakillari. Moturidiya ta’limoti vakillariga Movarounnahrda faoliyat olib borgan bir qancha olimlarni misol keltirish mumkin. Ularning orasida Abul Muin Nasafiyning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Abul Muin Maymun ibn Muhammad Makhuliy Nasafiy 1046 yili Nasaf vohasida ziyoli oilada tavallud topgan. Dastlabki ta’limni otasidan olgan. Nasafiyning bobosi Abul Muti’ Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 930 y.) o‘z davrining mashhur mutakallimi va mutasavvif olimi hisoblangan. Abul Muin Nasafiyning fiqh ilmiga oid asarlari ham mavjud. U 1114 yilda vafot etgan. Allomaning qabri Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan. U umri davomida o‘ndan ortiq asarlar yozib qoldirgan. Olimning asarlari orasida «Tabsirat al-adilla», «at-Tamhid li qavoid at-tavhid» («Tavhid qoidalariga muqaddima») va «Bahr al-kalom» («Kalom ilmi ummoni») kabi asarlari bizgacha yetib kelgan.
Abul Muin Nasafiy asarlari orasida «Tabsirat al-adilla» eng muhim va asosiysi hisoblanadi. Asarning to‘liq nomi «Tabsirat al-adilla fi usul ad-din ala tariqati Abi Mansur al-Moturidiy» («Abu Mansur Moturidiy tariqatiga binoan din usullarini aniq dalillar bilan sharhlash») deb nomlanadi. Abul Muin Nasafiyning ushbu asarini yozishiga o‘sha davrda moturidiya ta’limoti bo‘yicha «Kitob at-tavhid» dan keyin bironta ham yirik asar bo‘lmagani sabab qilib ko‘rsatilgan. U «Tabsirat al-adilla» asarini yozib tugatgach, unga xotima va fihrist sifatida «Tamhid» va «Bahr al-kalom» asarlarini yozgan.
Yana bir olim Abu Hafs Nasafiy nomi bilan tanilgan Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil Nasafiy (1068–1142) bo‘lib, ba’zi manbalarda unga «Moturidiy» nisbasi berilgani qayd etilgan. Bu esa uning Imom Moturidiyning ma’naviy shogirdi va moturidiya ta’limotining davomchisi ekanidan darak beradi. Zero, Abu Hafs Nasafiy o‘zining «Kitob al-qand fi zikri ulamoi Samarqand» («Samarqand olimlarini zikr etish bo‘yicha qanddek (shirin) kitob») asarining bir qancha o‘rinlarida Imom Moturidiy nomini o‘zining ma’naviy ustozi sifatida hurmat bilan tilga oladi. Shuningdek, Abu Hafs Nasafiy o‘zining «Aqoid an-Nasafiy» («Nasafiy aqidalari») asarida moturidiya ta’limoti qarashlarini aks ettirgan.
Abu Hafs Nasafiyga «Moturidiy» nisbasi berilishiga uning Imom Moturidiy yurti Samarqandda umrining asosiy qismini o‘tkazganini ham sabab qilib ko‘rsatiladi. Jumladan, o‘rta asr alloma va mashhur kishilarining nisbalarini yoritib beruvchi «Kitob al-ansob» («Nasablar kitobi») nomli qomusiy asar muallifi Abu Sa’d Sam’oniy (vaf. 1167 y.) bu allomani Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy Moturidiy, deb atagan.