Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi toshkent davlat texnika universiteti qo‘qon filiali ijtimoiy va gumanitar fanlar kafedrasi dinshunoslik uslubiy qo‘llanma Bakalavrning barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun qo‘qon-2023



Yüklə 1,37 Mb.
səhifə72/171
tarix05.10.2023
ölçüsü1,37 Mb.
#152475
1   ...   68   69   70   71   72   73   74   75   ...   171
ҚИСҚАРТИРИЛГАН УСЛУБИЙ ҚЎЛЛАНМА

Tayanch so‘zlar : “Qur’on” so‘zining ma’nosi, Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi, oyat, sura, nosix, mansux, vahiy, farishta, sababi nuzul, makkiy va madaniy suralar, Qur’on va xadis – islom ta’limotining asosiy manbalari, sunna, al-hadis an-nabaviy, al-hadis al-qudsiy, ijmo, qiyos, Qur’oni karim va umuminsoniy g‘oyalar. Aqida, kalom, moturidiylik, ash’ariylik, imon, Alloh, farishta, payg‘ambar, taqdir, qiyomat, jannat, do‘zax.
Mavzu o‘quv maqsadi: Talabalarda islom kalom (aqida) ilmi, mavzusi, mohiyati, imon va uning shartlari, ba’zi tushunchalar, kalom ilmi maktabi vakillari haqida ma’lumot berish.


Qur’oni karim – Alloh tarafidan 23 yilga yaqin muddat mobaynida Muhammad payg‘ambarga oyatma-oyat, sura-sura tarzida nozil qilingan ilohiy kitobdir. Bu kitob islom dinining muqaddas manbai hisoblanadi. Islom ilohiyot maktablaridan biri ahl as-sunna va-l-jamoa ta’limotiga ko‘ra, Qur’on Alloh taoloning so‘zi va uning azaliy ilmidir.
Mazkur ilohiy kitobning bir nechta nomlari bo‘lib, ulardan «Qur’on» so‘zi – arabcha «qara’a» (o‘qimoq) fe’lidan olingan. Boshqa fikrga binoan, u suryoniy tilidagi «kerain» – «muqaddas yozuv» ma’nosini bildiruvchi so‘zdan olingan. Qur’on 114 ta suradan iborat. Sura Qur’ondan bir bo‘lak bo‘lib, eng kami uchta yoki undan ortiq oyatlarni o‘z ichiga oladi. Oyatlar soni esa, Qur’on matnlarini taqsimlashning turli yo‘llariga ko‘ra, 6204 ta, 6232 ta, hatto 6666 tagacha belgilangan. Bu har xillik Qur’on nusxalarining bir-biridan farqli ekanligini emas, balki undagi oyatlarning turli qiroat maktablarining (ularning soni 14 dan ortiq) an’analari bo‘yicha turlicha taqsimlanganligini bildiradi.
Qur’ondagi suralar o‘z mazmuniga yoki nozil bo‘lgan vaqtiga, ya’ni xronologik tartibiga qarab emas, balki hajmiga ko‘ra – avval katta, so‘ng kichik suralar tartibida Payg‘ambar vafotidan ancha keyin yig‘ib joylashtirilgan. Suralarning hajmi ham har xil: eng katta hajmli ikkinchi surada 286 oyat bor bo‘lsa, eng kichik suralar faqat uch oyatdangina iborat.
Islomshunoslik va qur’onshunoslik xulosalari asosida suralarning xronologik tartibini quyidagicha shaklda tasavvur qilish mumkin:
1. Birinchi Makka davri (610-615 yillar). Bu davrda yuksak adabiy ijod namunalari bo‘lgan saj’ janridagi suralar o‘qilgan. Yevropa olimlari ularga «Nazmiy suralar» deb nom berganlar.
2. Ikkinchi Makka davri (616-619 yillar). Bu suralar Muhammad payg‘ambar va ularning izdoshlari doimiy ta’qib ostida yashagan va ko‘pchiligi Habashistonga ko‘chib ketgan vaqtda o‘qilgan. Bu suralarda Alloh «Rahmon» sifatida ko‘p tilga olinganligi sababli Yevropa olimlari ularni «Rahmon suralari» deb ataganlar.
3. Uchinchi Makka davri (619 yil boshlaridan – 622 yil sentabrigacha). Bu davrda ham Muhammad payg‘ambar va uning izdoshlari ta’qib ostida yashaganlar, maxfiy ravishda, ko‘pincha shahardan tashqarida ibodatga to‘planganlar. Bu davr suralarida payg‘ambarlar haqidagi asotir-hikoyatlarga keng o‘rin berilganligi sababli yevropalik olimlar bularga «Payg‘ambarlik suralari» deb nom berganlar.
Tarixiy voqealarni aniqroq aks ettirishini e’tiborga olgan holda Madinada tushirilgan 24 ta suraning nozil bo‘lish davrini quyidagi besh bosqichga ajratish mumkin:
I davr (622 yil oktabridan 624 yilgacha) Muhammad payg‘ambar Madinaga ko‘chib o‘tganidan so‘ng to makkaliklar bilan birinchi yirik to‘qnashuv – Badr jangigacha nozil bo‘lgan to‘rt sura bu davrga kiradi.
II davr (624 yil martidan 625 yil martigacha). Bu davr Badr jangidan to Uhud jangigacha o‘tgan bir yil mobaynida nozil bo‘lgan uch surani o‘z ichiga oladi.
III davr (625 yil martidan 627 yil martigacha). Uhuddagi mag‘lubiyatdan to Xandaq jangigacha o‘tgan ikki yil ichida beshta sura nozil bo‘lgan.
IV davr (627 yil aprelidan 630 yil yanvarigacha). Bu davrga Xandaq jangidan to Makka fathigacha o‘tgan salkam uch yil ichida nozil bo‘lgan sakkiz sura kiradi.
V davr (630 yil fevralidan 632 yil mayigacha). Makka fathidan Muhammad payg‘ambarning vafotigacha o‘tgan ikki yildan ortiqroq davr ichida yana to‘rtta sura nozil bo‘lgan.
Muhammad payg‘ambar vafotidan keyin Qur’on kishilarning xotirasida va yozgan narsalarida saqlanib qoldi. Payg‘ambardan so‘ng musulmonlarga Abu Bakr boshliq etib saylandi. Uning xalifalik davrida (632-634) mo‘minlar va murtadlar (dindan qaytganlar) o‘rtasida shiddatli janglar (yuqorida eslatilgan Ridda voqealari) bo‘lib o‘tdi. Ushbu janglarda Qur’onni to‘liq yod olgan ko‘plab qorilar halok bo‘ldilar. Shunda bo‘lajak xalifa Umar ibn al-Xattob (634-644) Abu Bakrga: «Barcha qorilar shu zaylda o‘lib ketaversa, Qur’on nuqsonli bo‘lib qolishi mumkin, shu sababli uni jamlab kitob holiga keltirish zarur», - degan maslahatni berdi. Avvaliga Abu Bakr ikkilanib turadi, chunki bu ish Payg‘ambar davrida qilinmagan edi. Bu hol bid’at deb qabul qilinishi mumkin edi. Keyinroq Abu Bakr ham Qur’onni kitob shakliga keltirib qo‘yish zarurligini anglab yetdi va Zayd ibn Sobit ismli sahobani chaqirib, bu ishni unga topshirdi. Shunday qilib, Zayd va boshqa qorilar mashaqqatli urinishlardan keyin Qur’onni kiyik terisidan bo‘lgan sahifalarga yozib chiqdilar va bog‘lab Abu Bakrning uyida saqlab qo‘ydilar. Bu jamlanma keyinchalik «as-Suhuf al-Bakriya» – «Abu Bakr sahifalari» deb nomlandi. Abu Bakr olamdan o‘tgandan keyin jamlanma Umar ibn al-Xattob uyida, u olamdan o‘tgandan so‘ng uning qizi – Payg‘ambar ayoli Hafsada qoldi.
Vaqt o‘tishi bilan islom davlatida turli siyosiy guruhlar paydo bo‘ldi. Ular o‘rtasidagi ziddiyatlar xalifa Usmon ibn Affon (644-656) davrida keskinlashdi. Har bir guruh o‘z siyosiy da’volarini Qur’on orqali asoslashga urinar edi. Qur’onni o‘qishdagi turli ixtiloflar bunga asos yaratar edi. Bu ixtiloflarni bartaraf etish maqsadida xalifa Usmon ibn Affon Qur’onning yangi tahririni ko‘chirishga buyruq beradi. Bu topshiriqqa binoan Zayd ibn Sobit barcha Qur’on qismlarini yig‘ib, taqqoslab chiqib, qaytadan Qur’oni karim matnini jamladi. Qur’onning birinchi rasmiy nusxasi 651 yilda xalifa Usmonga taqdim etildi. U asl nusxa hisoblanib, undan yana uchta, ba’zi manbalarga ko‘ra yettita nusxa ko‘chirtirilib, arab askarlari turgan yirik shaharlardan – Basra, Damashq, Kufaga jo‘natilgan. «Imon» deb nomlangan asl nusxa esa Madinada xalifa Usmon huzurida qoldi. Ko‘chirilgan nusxalar «Mus’hafi Usmon» deb ataldi.
Hadis – Muhammad payg‘ambarning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari, taqrirlari (ko‘rib qaytarmagan ishlari) yoki u kishiga berilgan sifatlarni o‘zida mujassam qilgan xabar va rivoyatlardir. «Hadis» so‘zining lug‘aviy ma’nosi – «so‘z, xabar, hikoya; yangi».
Hadislar islom dini ta’limoti va qonunlari uchun, ba’zi mazhablar nazdida, Qur’ondan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi. Hadislar tarkib jihatidan ikki qismdan: aynan xabar beruvchi matn va uni rivoyat qilgan roviylar zanjiri – isnoddan iborat.
Hadislar o‘zidagi ma’lumot xarakteriga qarab xilma-xildir:

  • al-hadis al-qudsiy (bu kabi hadisda ma’no – Allohdan, lafz – Payg‘ambardan deb hisoblanadi);

  • al-hadis an-nabaviy (bunda ma’no ham, lafz ham Payg‘ambarniki deb hisoblanadi) va boshqalar.

Hadislar ilk davrda faqat og‘zaki ravishda avloddan-avlodga uzatilar edi. Yozma ravishda hadislarni to‘plamaslik haqidagi Payg‘ambar va xalifalarning ko‘rsatmalari, asosan, ilk islom davriga taalluqli edi. Keyingi davrda paydo bo‘lgan muhaddislarning fikricha, Payg‘ambar o‘z so‘zlarini yozib olishdan odamlarni qaytarishlariga sabab – hadislarni Qur’on oyatlariga aralashtirib yubormaslik lozim edi. Boshqa hadisda esa Payg‘ambar (bu ahl al-hadis muhitiga tegishli bo‘lsa kerak): «Bu og‘izdan, – deya o‘z og‘izlariga ishora qildilar, – faqatgina haq so‘z chiqadi» – deb, o‘z so‘zlarini yozib olishga buyurganliklari haqida rivoyat qilingan.
VII – VIII asrlarda musulmon siyosiy guruhlari o‘rtasidagi shiddatli kurash davomida, taqiqga qaramasdan, juda ko‘p sonli hadislar dunyoga kela boshladi. Bunga javoban ilm al-jarh va-t-ta’dil (hadislarni tanqid qilib o‘rganuvchi) maxsus fani paydo bo‘lib, rivojlana boshladi.
Keyinchalik soni tobora osha borgan hadislar alohida to‘plamlarga yig‘ila boshlandi. Ularda maxsus tekshirish orqali «tozalanib» olingan hadislar jamlana boshladi. Shunday ilk to‘plamlardan biri Madinadagi Urva ibn az-Zubayrga (vaf. 94/712 yoki 99/717 y. ) va ikkinchisi Suriyaga ko‘chib ketgan Muhammad ibn Muslim az-Zuhriyga (vaf. 741 y. ) tegishli.
Ilk tuzilgan to‘plamlar har bir sahoba nomidan rivoyat qilingan hadislarni o‘zida jam qilganligi uchun musnad deb ataladi. Keyingi davrlarda tuzilgan at-Tayolisiy (vaf. 818 y.) va Ahmad ibn Hanbalning (vaf. 855 y.) to‘plamlari mazkur uslubda yozilgan. Biroq undan foydalanish ancha noqulay. Chunki bunda bir mavzu haqida ma’lumot olish uchun bir necha to‘plamlarni ko‘rib chiqish kerak.
Ikkinchi turdagi to‘plamlarda hadislar shu paytgacha shakllanib ulgurgan fiqh fani mavzulari bo‘yicha joylashtirildi. Bu turdagi to‘plamlarga Madina regional fiqh maktabi vakili Molik ibn Anasning (vaf. 795 y.) «al‑Muvatto» asari misol bo‘la oladi.
IX asr mavjud hadis to‘plamlari qayta ishlangan holda ularni boblar bo‘yicha tasnif qilib, musannaflar yozish davri bo‘ldi. Musannaflar tuzilishi mobaynida hadislar, asosan ularning isnodlari tanqidiy o‘rganilib, sahih (ishonchli)lari hasan va zaif (ishonchsiz)laridan ajratildi. Islom olamida shunday musannaflardan oltitasi XII – XIII asrlardan boshlab alohida e’tiborga molik deb sanala boshlandi. Ular orasida katta nufuzga ega bo‘lgan Imom al-Buxoriy (v. 870 y.) va Imom Muslimning (v. 875 y.) «al-Jomi’ as-sahih» to‘plamlari; undan keyingi muhim to‘plamlar: Abu Dovud, at-Termiziy (v. 892 y.), an-Nasoiy (v. 915 y.) va Ibn Mojjaning (v. 886 y.) «as‑Sunan» asarlaridir. «Al‑Jomi’ as‑sahih» kitoblari o‘z ichiga biografik ma’lumotlar, Qur’on oyatlariga tafsirlar, diniy qonun-qoidalar, ijtimoiy va shaxsiy axloq mezonlarini qamrab oldi. «Al-Jomi’ as-sahih»ning ishonchlilik darajasi sunniylar orasida boshqa to‘plamlardan ko‘ra yuqoriroq hisoblanadi.
Hadis to‘plamlarining qay darajada ishonchli ekanligini aniqlab beradigan maxsus nazorat bo‘lmaganligi bois ularning mavqeini jamiyatda egallagan obro‘siga qarab belgilash mumkin. Al-Buxoriy va Muslimning asarlari X asrdayoq e’tirof etila boshlagan bo‘lsa, qolgan to‘plamlar vaqt o‘tishi bilan asta-sekin tan olina bordi. Masalan, molikiy Ibn Xaldun (vaf. 1406 y.) o‘zining «al‑Muqaddima» asarida Ibn Mojjaning «as-Sunan» kitobini tan olmagan holda faqat besh to‘plam haqida so‘z yuritadi. Vaqt o‘tishi bilan u oltinchi to‘plam sifatida tan olindi. Biroq ba’zi ulamolar Molikning «al-Muvatto»sini Ibn Mojjaning «as‑Sunan» asaridan yuqori qo‘yadilar. Bu kabi e’tirozlar har bir olimda topilishi mumkin. Shialar va xavorijlar bu to‘plamlarni umuman tan olmaydilar. Chunki ulardagi isnodlar shialar va xavorijlar uchun ishonchsiz bo‘lgan shaxslar nomlaridan iboratdir.
Yana sunniy muhaddislar qatorida Abdulloh ibn Abd ar-Rahmon ad-Dorimiy Samarqandiyni (798-869) aytib o‘tish joiz. Bu olim Samarqandda yashab ijod etgan bo‘lib, hadis ilmini rivojlantirishga o‘zining katta hissasini qo‘shgan. Imom ad-Dorimiy «as-Sunan» to‘plami tuzuvchisidir.
Keyinchalik islom olamida turli darajadagi soxta hadislarning ko‘payib ketishi muhaddis-olimlar oldiga katta mas’uliyatli vazifani – mana shu to‘qima va sahih hadislarni ajratib berish vazifasini qo‘ydi. Qissanavislar (qussoslar) inkor etib bo‘lmaydigan isnodlar bilan hadislar to‘qish bobida eng «ilg‘or» kishilar bo‘lib, bu hikoyalari uchun sodda kishilar ularga yaxshigina haq to‘lar edilar. Ko‘pchilik soxta hadislarni osonlikcha aniqlash mumkin edi. Hadislar turli maqsadlarda to‘qilar edi. Ba’zilar siyosiy manfaatlar yo‘lida, ijtimoiy mafkuralarni tarqatish maqsadida yangi hadis to‘qisalar va mashhur hadislarni qisman o‘zgartirsalar, boshqalar o‘z shaxsiy manfaatlarini o‘ylab turli hadislarni muomalaga kiritdilar.
VIII – XII asrlar Movarounnahrda hadis ilmi sohasida olg‘a siljish davri bo‘ldi. Bu davrda yashagan olimlar faqatgina ma’lum bir chegaralangan doirada ijod qilish bilan kifoyalanmay, balki imkon qadar ilmning ko‘proq qirralariga ega bo‘lishga intilganlar. Shunga ko‘ra biror olim, masalan, faqatgina mufassir yoki faqihning o‘zi emas, balki bir vaqtning o‘zida muhaddis ham bo‘lgan. Chunki bu davrda, yuqorida aytib o‘tilgandek, diniy ixtiloflar kuchaygan edi. Shunga ko‘ra ulamolar mavjud ixtiloflarning oldini olish, bartaraf etish uchun har taraflama kuchli bilimga ega bo‘lishlari lozim edi.
Hadislarni tanqidiy o‘rganish bo‘yicha tez orada olti to‘plamda uchragan bir qator maxsus terminlar guruhi vujudga keldi. Imom at-Termiziy bu sohada salmoqli ishni amalga oshirdi. U faqatgina hadislarni to‘plash bilangina cheklanib qolmasdan, ularning tahliliga ham alohida bo‘lim ajratdi. Imom at-Termiziy birinchilardan bo‘lib hadislarni sahih, hasan va zaif guruhlarga ajratgan olimdir. Vaqt o‘tishi bilan hadis ilmidagi terminlar taraqqiy etib bordi va bu sohada umumiy qabul qilingan shaklga keldi.
Hadislar sahih (ishonarli), hasan (yaxshi), zaif (ishonchsiz), saqim (kasal) va boshqa turlarga ajratildi. Masalan, sunniylikda sahih hadislar darajalari bo‘yicha yetti xilga bo‘lindi:
1) Imom Buxoriy va Imom Muslim keltirgan;
2) faqat Imom Buxoriy keltirgan;
3) faqat Imom Muslim keltirgan;
4) ikkala muhaddis ham keltirmagan, balki ularning shartlari bo‘yicha rivoyat qilingan;
5) Imom Buxoriy shartlari bo‘yicha rivoyat qilingan;
6) Imom Muslim shartlari bo‘yicha rivoyat qilingan;
7) boshqa ulamolar tomonidan tasdiqlangan hadislar.
Quyidagi isnodga tegishli texnik terminlar barcha ulamolar tomonidan bir xilda talqin qilinmasa-da, asta-sekin ular barqaror istilohga aylanib bordi. O‘rganish qulay bo‘lishi uchun ularni besh guruhga bo‘lib ko‘rsatish mumkin:

  1. Roviylarning soniga ko‘ra: mutavotir, mashhur, mustafid, aziz, g‘arib, fard, shozz, ohod hadislar;

  2. Isnodning tabiatiga ko‘ra: muttasil marfu’, muttasil mavquf, musnad, maqtu’, munqati’, munfasil, muallaq, mursal, mu’allal yoki ma’lul hadislar;

  3. Matn yoki isnodning asosiy xususiyatlariga ko‘ra: ziyodot as-siqot, mu’an’an, musalsal, mudallas, mubham, maqlub, mudraj, mudtarib, isnod oli hadislar;

  4. Hadislarning qabul qilish uchun yaroqliligiga ko‘ra: ma’ruf, munkar, majhul, maqbul, mahfuz hadislar;

  5. Hadislarning inkor etilishiga ko‘ra: munkar, mardud, matruk, matruh hadislar.

Hadislarni o‘rganish fani ulum al-hadis (hadis ilmlari) deb ataladi. Bu ilmiy sohada ko‘plab asarlar yaratildi. Ular orasida eng avvalgi davrda yozilgan, boshqalariga nisbatan har tomonlama mukammal deb hisoblangan asar Abu Muhammad ar-Romahurmuziyning (vaf. 971 y. ) yetti jildli «al-Muhaddis al-fosil bayn ar-roviy va-l-vo’iy» kitobidir. Undan keyingi o‘rinda al-Hokim an-Nishopuriyning «Ma’rifat ulum al-hadis», Ibn as-Salohning «Ulum al-hadis» nomli asarlari turadi. Bu fan hadislar va roviylar tasnifi, sahoba va ularning o‘quvchilari – tobi’unlarni bilish, hadislarni rivoyat qilish, yozib olish, ulardagi xatoliklarni to‘g‘rilash, isnodda kelgan birinchidan tortib oxirgi roviylarning yashagan yillarini o‘rganishdan iborat maxsus bilimlar majmuasini o‘z ichiga oladi. Hadis ko‘pincha sunna so‘zi bilan ham yonma-yon keladi. Sunna so‘zining lug‘aviy ma’nosi – «odat», «tariqa», «yo‘l» bo‘lib, istilohda Payg‘ambar odatlari, tutgan yo‘li, taqrir (ko‘rib qaytarmagan) va buyurgan ishlariga nisbatan ishlatiladi. Boshqacha qilib aytganda, bu istiloh Payg‘ambar turmush tarzini anglatadi.

Yüklə 1,37 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   68   69   70   71   72   73   74   75   ...   171




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin