Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi toshkent davlat texnika universiteti qo‘qon filiali ijtimoiy va gumanitar fanlar kafedrasi dinshunoslik uslubiy qo‘llanma Bakalavrning barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun qo‘qon-2023



Yüklə 1,37 Mb.
səhifə74/171
tarix05.10.2023
ölçüsü1,37 Mb.
#152475
1   ...   70   71   72   73   74   75   76   77   ...   171
ҚИСҚАРТИРИЛГАН УСЛУБИЙ ҚЎЛЛАНМА

Moturidiylik va ash’ariylik. Mutakallimlar Qur’on oyatlari, hadislar va sahobiylarning tutgan yo‘li asosida aqida masalalarini mufassal bayon etib berganlar. Aqida borasida faoliyat olib borgan olimlar orasida Abu Mansur Moturidiy va Abul Hasan Ash’ariy alohida o‘rin egallaydi. Bu olimlar Ahli sunna val jamoa aqidasi bo‘yicha Imom deb tan olindilar. «Ahli sunna val jamoa» to‘rt fiqhiy mazhabdan biriga amal qilib kelayotgan bo‘lsalar, aqidaviy masalada moturidiylik va ash’ariylikning aqidaviy ta’limiga asoslanadi. Bunga ko‘ra, hanafiy mazhabi moturidiylik, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhabi ash’ariylik ta’limotida deb qaraladi. Shu o‘rinda bu ikki maktab vakillari haqida biroz ma’lumot berib o‘tish o‘rinlidir. Moturidiylik aqidaviy maktab asoschisi buyuk kalom imomi va fakih Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiy (853-944) bo‘lib, u asli Samarqandning Moturid qishlog‘ida (hozirgi Jomboy tumanida joylashgan) dunyoga kelgan va taxallusi shu qishloqqa nisbatan olingan. Abu Mansur Moturidiy dastlabki ta’limni o‘z qishlog‘ida olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda davom ettiradi. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyodiy, Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fadl kabilarni o‘zining ustozi deb bilgan. Moturidiy fiqh va kalom masalalariga qiziqib, o‘z zamonasining taniqli hanafiy mazhabi olimlaridan saboq oladi. Shu vaqt davomida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo‘lib, bahs-munozaralari bilan taniladi va shu sohaga oid asarlar yozib qoldiradi. Bunday asarlar qatoriga «Kitab at-Tavhid», «Kitab al-maqomat», «Kitab rad avoil al-adilla li-l-Ka’biy», «Kitab al-usul», «ar-Radd ala usul al-Qaromita», «Kitab ta’vilot ahli sunna» va boshqalarni keltirish mumkin.
Imom Moturidiy ko‘plab shogirdlar yetishtirdi, ular o‘z ustozlarining ta’limotini davom ettirishgani tufayli hanafiy mazhabida kalom ilm bo‘yicha maktab vujudga kelganini ko‘rish mumkin.
Moturidiy «Imom al-huda» (hidoyat yo‘li imomi) va «Imom al-mutakallimin» (mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan dovruq qozongan.
Ash’ariy ta’limotining asoschisi Abul Hasan Ali ibn Ismoil ibn Is’hoq ibn Solim ibn Abdulloh ibn Muso Abu Muso Ash’ariydir (873-941). U boshlang‘ich saboqlarni o‘z otasidan oladi, keyinchalik o‘z zamonasining taniqli olimlari Abu Is’hoq Marvaziy va Ibn Surayjdan fiqh ilmini o‘zlashtiradi, Zakariyo ibn Yahyo Sojiydan hadis ilmini o‘rganadi. U taxminan qirq yoshlaridan keyin Bog‘dodga ko‘chib kelib, umrining oxirigacha shu shaharda yashab qoladi. U umri davomida yuzga yaqin asarlar yozgan bo‘lib, ulardan «al-Fusul fi-r-radd ala-l-mulhidin», «ar-Radd ala-l-mujassima», «Izoh al-burhon fi-r-rad ala ahl az-zayg‘ va-t-tug‘yon», «an-Naqs ala-l-Jubboiy», «Maqolot al-mulhidin», «Tafsir Abu-l-Hasan», «Imomat Abu Bakr Siddiq» kitoblari ilm ahlining nazariga tushgan. Imom Ash’ariy aqiydaviy dalil-isbot keltirishda naqldan va aqldan foydalanib, aqliy va mantiqiy dalillardan hujjat sifatida foydalanadi. Shuningdek, falsafiy masalalardan ham o‘z o‘rnida iste’foda etganiga duch kelish mumkin. Chunki Ash’ariy mo‘taziliy, faylasuf, qarmatiy, botiniy, rofiziy va boshqalarga raddiyalar bergani bilan aqida ilmi sohasida tanilgan allomalardan biridir.
Abul Hasan Ash’ariy ahli sunnat va jamoaning ash’ariya e’tiqodiy ta’limotini tarqatayotgan vaqtda Samarqandda Abu Mansur Moturidiy ham moturidiya ta’limotiga asos solgan edi. Bu ikki imom bir vaqtda yashab, bir-birlari bilan uchrashmagan bo‘lsa-da, ularning aqidaviy qarashlari deyarli bir xil. Bu ikki alloma qarashlarida ayrim masalalarda lafziy ixtiloflar ko‘zga tashlansa-da, ularning asl maqsadi bir-biridan farq qilmaydi. Boshqacha aytganda, ikki ta’limot orasidagi ba’zi ixtiloflar lafziy bo‘lib, mohiyatan bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bu ikki alloma o‘zaro bir-birini adashganlikda yoki bid’atchilikda ayblamaydi hamda o‘zaro bir-birlarini «ahli sunna val jamoa» deb e’tirof etadilar.
Ash’ariy va moturidiylik orasidagi asosiy farq imon masalasiga borib taqaladi. Moturidiy ta’limotiga ko‘ra, imon til bilan iqror bo‘lib, dil bilan tasdiqlashdan iborat, ammo amal imon tarkibiga kiritilmaydi. Ash’ariylikda esa, imonga amalni ham qo‘shiladi. Shu sababdan moturidiylik tarqalgan yurtlarda imon keltirgan kishi musulmon hisoblanadi, ammo amal qilmagani uchun gunohkor bo‘ladi, deb yuritiladi.
O‘rni kelganda aytib o‘tish lozimki, manbalarda «moturidiya mazhabi», «ash’ariya mazhabi» degan atamalar uchrab turadi. Bundan imom Moturidiy imom Abu Hanifaning aqidaga doir ta’limotini rivojlantirgan bo‘lsa, Imom Ash’ariy imom Shofeiyning e’tiqodiy qarashlarini takomillashtirdi, degan fikrga kelish mumkin. Hozirgi kunda moturidiylikka hanafiy mazhabi yo‘lini tutganlar ergashsa, ash’ariylikka molikiy, hanbaliy, shofeiy mazhabidagilar amal qiladilar.

Yüklə 1,37 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   70   71   72   73   74   75   76   77   ...   171




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin