2.2 G’arbiy Yevropada boshqaruv tushunchalarining shakllanishi Menejmentning jismoniy tarbiya va sportga keng tatbiq etilishi ayni muddaodir, chunki biz yuqorida keltirlgan menejmentning har bir elementlari sportchilar, murabbiylar, sport jamolari va ularning rahbarlari, turli boshqa jismoniy tarbiya va sport jamolari orasida o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etishda har doim, har soat va har daqiqada uchrab turishi, mavjudligi, ularni o‘z vaqtida to‘g‘ri hal etish lozimligi hech kimda shubha tug‘dirmaydi.
Shuning uchun menejment qoidalarining jismoniy tarbiya va sportga ilmiy asosda joriy etilishidan juda katta samara kutilishi aniq.
Shu borada “Rahbar” va “Menejer” tushunchalariga aniqlik kiritish ham maqsadga muvofiqdir. Boshqaruv va menejment soha, faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi, rahbar (boshqaruvchi) va menejer esa personal lavozimlarini bildiradi. Rahbar tashkilot yoki tashkilotning yuridik boshlig‘i (prezident, bosh direktor, rektor, direktor va hokazo) bo‘lib, u tashkilotning barcha funksional yo‘nalishdagi (ishlab chiqarish, texnika va texnologiya ta’minoti, iqtisod, moddiy-texnika ta’minoti, logistika, energetika, tijorat, personal (xodim) va boshqalar faoliyatiga javobgardir va ularni boshqaradi. Eng asosiysi, u moliya va uning taqsimotiga javobgar, moliyaviy xarajatni boshqarib boradi, bank tizimida faqat uning imzosi inobatga olinadi. Rahbar o‘z faoliyatini amalga oshirishda yozma (og‘zaki) buyruq va boshqa ko‘rsatmalar orqali ish yuritadi, faqatgina rahbar yuqoridagi hujjatlarga imzo chekish huquqiga ega.
Menejer esa yuqorida keltirilgan funksional yo‘nalishlar faoliyatini amalga oshirishda personal (xodimlar) ishtirokini ta’minlaydi. Personal ishtiroki muhim masala bo‘lib, u xodimlarning malakasi va boshqa ko‘rsatkichlari (parametrlari) bo‘yicha tanlash, rasmiy ishchi guruhlari tuzish, ish bilan ta’minlash, xodimlarning tashkiliy faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, qayta o‘qitish, malakasini oshirish, xizmat pog‘onasida ularni yuqoriga ko‘tarish, pastga tushirish yoki ishdan chetlatish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi. Menejer moliya-bank hujjatlari, buyruqqa imzo chekish huquqiga ega emas, shuning uchun uning faoliyati tashkilot ishining provard samarasi uchun o‘ta muhim bo‘lishiga qaramay, rahbar uchun tayyorlangan tavsiya bilan cheklanadi. Menejerning har qanday tavsiyasi rahbariyat tomonidan o‘rganilib, asosli axborot (informatsiya)ga tayangan holda tegishli qaror qabul qilinib, rahbar tomonidan buyruqqa imzo cheqilgach, kuchga kiradi.
Jahon boshqaruv nazariyasi va amalyotida rahbar shaxsining bilim va malakasi, ish tajribasi, tadbirkorlik xususiyatlari va boshqa xislatlariga nisbatan qanchalik yuksak talablar qo‘yilgan bo‘lsa, menejerlarga ham ulardan kam mas’uliyat yuklatilmagan. Mavjud standart va talablarga ko‘ra menejer birinchidan, jismoniy va aqlan sog‘lom, ikkinchidan, o‘z sohasi va unga yaqin ilmlarni puxta egallagan, uchinchidan, mustaqil fikrlay oladigan, o‘z fikrlarini yozma, og‘zaki va boshqa ko‘rinishlarda ifodalay oladigan, murakkab holatlarda to‘g‘ri yechimlarni topa oladigan personal (shaxs) bo‘lishi lozim.
Sobiq Ittifoq tizimida markazlashgan boshqaruvning kuchli bo‘lishi va boshqa siyosiy sabablarga ko‘ra menejment tanqid qilib kelingan, amaliyotga joriy etilmagan va mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, rivojlantirilmagan. Menejmentni eslash lozim bo‘lgan hollarda, unga tanqidiy munosabat bildirilishi talab qilinardi, shuning uchun “Kapitalizm sistemesida ishchilarning bilagidagi kuchi va oxirgi suvini siqib olishga mo‘ljallangan mexanizm” - deb tanqid qilingan.
Amerikalik olim Abraham Maslou, boshqa olimlar tomonidan yaratilgan inson ehtiyojlarini aks ettiruvchi ko‘pgina modellarni inkor etmagan holda, o‘zining “Inson ehtiyojlarini iyerarxik model”ini tavsiya etgan.
Ushbu modelning xususiyatlari shundan iboratki, u birinchidan, juda oddiy, ikkinchidan, insonlarning cheksiz hisoblangan ehtiyojlarini besh guruhlarga bo‘lib, zaruriyatlik darajasiga qarab, iyerarxik pog‘onalarga joylashtirilan. Ehtiyojlarning joylanish tartibi pastdan yuqoriga yo‘naltirilgan bo‘lib, hayot uchun eng zaruri pastdan birinchi pog‘onalardan boshlab joylashtirilgan. Yuqoridagi piramidaga e’tibor qiladigan bo‘lsak, pastdagi eng birinchi va ikkinchi pog‘onalarga oziqlanish va himoyalanish ehtiyojlari joylashtirilagan, ushbu ikki ehtiyoj insonlarning fiziologik-moddiy ehtiyojlari hisoblanadi. Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi pog‘onalardagi muloqot, hurmat va o‘z imkoniyatlariini namoyish qilish ehtiyojlari esa ijtimoiy hisoblanadi.
Menejment ( management ) so‘zi o‘zbek tiliga ingliz tilidan to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjima qilinmaydi, lekin Oksford talqiniy lug‘atida quyidagi talqindagi ma’nolarni anglatilishini va o‘zbek tiliga mos kelishi haqida aytiladi:
Boshqaruv san’ati;
Odamlar bilan suhbatlashish uslubi;
Boshqaruv organi va uni tashkil qiluvchi shaxslar.
insonlarning har qanday faoliyatidagi, shu jumladan, jismoniy tarbiya va sport faoliyatidagi boshqaruv hokimiyati va san’ati;
har qanday tashkilot, tashkilotlarda, shu jumladan, jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarida resurslarni boshqarish bo‘yicha alohida mohirlik va ma’muriy ko‘nikmalar tushuniladi.
Pedagogika fanlari doktori I.I.Pereverzinning ta’kidlashiga ko‘ra, “sport menedjmenti” – bu jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini bozor iqtisodiyoti sharoitida samarali boshqarishning nazariyasi va amaliyotidir. Boshqacha qilib aytganda, sport menedjmenti – alohida mehnat turi bo‘lib, u jismoniy tarbiya va sportning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi maqsadlariga erishishga qaratilib, moddiy mehnat va ma’lumotlar resurslarini samarali sarflash demakdir.
Sport menedjmenti quyidagilardan tashkil topgan:
Rejalashtirish;
Rag‘batlantirish;
Boshqarish;
Nazorat;
Aloqa;
Izlanish.
Umumiy va sport menedjmenti yana bir o‘ziga xos sifatga ega bo‘lib, bu sifat – professional boshqaruvchilar (menejerlar) ning mavjudligi bilan ifodalanadi.
Sport menejeri – jismoniy tarbiya va sport tashkilotida boshqaruvchi mansabida ishlovchi, ilmiy boshqaruv sanatini egallagan va qaror qabul qilish huquqiga ega mutaxassisdir.
Menejment nima degan savolga aksariyat hollarda, bu boshqaruv degan javobni olamiz. Boshqaruv nimani bildiradi degan savolga esa, bu ish yuritish, tashkilotlarning ishini tashkil qilish va boshqa shunga o‘xshash javoblarni olamiz. Menejment va boshqaruv haqiqatdan ham yagona bitta ma’noni bildiradigan tushunchalarga o‘xshaydi. Aslida “menejment” va “boshqaruv” tushunchalari bir-biriga o‘xshash bo‘lsada, lekin bir-biridan tubdan farq qiladigan tushuncha va sohalardir.
Boshqaruv tushunchasi turli manbalarda turlicha talqin etiladi, lekin ularning umumiy ma’nosi tabiatda, jamiyatda, xalq xo‘jaligida, tashkilotlarda, iqtisodiy-texnikaviy sistemalarda, qo‘yingki hayotimizda uchraydigan barcha taraddudlarni amalga oshirishda “tashkilot faoliyatida, shu jumladan jismoniy tarbiya va sport faoliyatida natijaga samarali erishish uchun undagi barcha jarayonlarga maqsadli ta’sir ko‘rsatib borishni bildiradi.
Menejment ham yuqorida keltirilgan jarayonlarni amalga oshirishda maqsadli ta’sir ko‘rsatib boradi, lekin uning boshqaruvdan tubdan farqi shundaki: “Menejment jamoadagi har bir personal (shaxs)ning jismonan va aqlan sog‘lomligi, bilim, madaniyat, tajriba darajalarini, tashkiliy xulqining qay darajada rivojlanganini, qaysi shijoat (temperament)ga mansub ekanligini, insonga taalluqli barcha individual, psixologik, tashkilotchilik, jamoada o‘zini tuta olish, o‘z-o‘rnini topa olish va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda, unga nisbatan faoliyat turlarini belgilaydi, rasmiy va norasmiy ishchi guruhlarini shakllantirishda uning bo‘lajak a’zolarining barcha yutuq va kamchiliklaridan samarali foydalanish masalalarini hal etadi. Menejment har qanday jamoada uning a’zolari orasidagi o‘zaro munosabatlar, jamoa bilan boshqa jamoalar orasidagi munosabatlar, jamoa bilan rahbar o‘rtasidagi munosabatlar, boshqa tashkilotlar, hattoki xorijdagi hamkasblar orasida bo‘ladigan ishchi munosabatlarni qanday bo‘lishini ilmiy asoslab beradi”.
Jismoniy tarbiya va sport menejmentini jamiyatning iqtisodiy negizi bilan bog‘lab, shu bilan birga boshqaruvning ikki: tashkiliy-texnikaviy va ijtimoiy-iqtisodiy tomonlarini hisobga olgan holda o‘rganish lozim.
Tashkiliy-texnikaviy boshqaruv aniq iste’mol qiymatini olish uchun mahsulot (sport tovarlari yoki xizmati) tayyorlashda mehnat taqsimoti va kooperatsiyasi bilan ajralib turadi. Ijtimoiy-iqtisodiy boshqaruv mavjud jismoniy tarbiya va sportda ishlab chiqarish munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lib, menejment maqsadlarini belgilaydi. Tashkiliy-texnikaviy boshqaruv jismoniy tarbiya va sportda mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshishi uchun sharoit yaratishga imkon beruvchi faoliyat turidan iboratdir. Jismoniy tarbiya va sportda ijtimoiy-iqtisodiy boshqaruvning maqsadi personal samarali mehnat qilishi uchun sharoit yaratish, ularni ijtimoiy himoya qilishning ishonchli umumdavlat tizimini shakllantirish uchun, bandlikni ta’minlash va aholini kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
Mamalakatimiz birinchi Prezidenti I.A.Karimov o‘zining “O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarini chuqurlashtirish yo‘lida” asarida “Kuchli ijtimoiy siyosat, avvalo, sermahsul mehnat qilish uchun yaxshiroq rag‘bat va imkoniyatlar yaratishdan, iqtisodiy yo‘l tanlash va faoliyat ko‘rsatish erkinligiga bo‘lgan kafolatli huquqni qaror toptirishdan, aholining mehnat va ijtimoiy faolligini oshirishdan ham iboratdir”, deb ta’kidlagan edi. Ushbu masalalarni amalga oshirishda jismonan va aqlan sog‘lom, barkamol avlodga tayanmasdan iloj yo‘q, shuning uchun yurtimizda mustaqilligimizning birinchi yillaridan boshlab jismoniy tarbiya va sportga katta e’tibor berib kelinyapti.