Samarqand davlat chet tillar instituti


-Mavzu: MUSTAQILLIK YILLARIDA QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI



Yüklə 2,66 Mb.
səhifə63/139
tarix28.11.2023
ölçüsü2,66 Mb.
#167183
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   139
Majmua 2023 yangi

10-Mavzu: MUSTAQILLIK YILLARIDA QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI
Reja:

  1. Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida amalga oshirilgan islohotlar. Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyotining rivojlanish tendensiyalari.

  2. Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zgarishlar.

  3. Qoraqalpog‘istonda ma’naviy-madaniy sohadagi yangilanishlar.

  4. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik ahvol. Orol fojiasi. Ekologik holatni yaxshilash borasidagi davlat siyosati.

Tayanch atamalar:
Davlat suvereniteti, konstitutsiya, muxtor respublika, partiya, Kamolot, parlament, boshqaruv, davlat bayrog‘i, Fanlar Akademiyasi, ta’lim, fan, madaniyat, islohotlar, ekologik ahvol, Orol fojiasi, davlat siyosati, qishloq xo‘jaligi, Orol va Amudaryoni himoya qilish uyushmasi», «EKOSAN», «Apansos», «Sog‘lom avlod uchun», iqtisodiy taraqqiyot, milliy ravnaq, «Kateks» to‘qimachilik uyushmasi, «Qo‘ng‘irot» suv taqsimlash uyushmasi.


  1. Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida amalga oshirilgan islohotlar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismida, Amudaryoning quyi qismi, Orol dengizining janubiy sohilida joylashgan. Respublika janubi-g‘arb tomondan Qoraqum sahrosiga tutashgan. Uning shimolig‘arbida Ustyurt pasttekisligi, shimoli-sharqiy tomonida esa Qizilqum sahrosi yastanib yotibdi. Orol dengizining janubiy hududi qoraqalpoq zaminida joylashgan. Qoraqalpog‘iston umumiy yer maydoni 166,6 ming kvadrat kilometrdan iborat bo‘lib, u hududining kattaligi jihatdan O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari o‘rtasida birinchi o‘rinda turadi. Respublikaning aholisi 1 881,9 ming kishidan ziyoddir.
Respublikaning ma’muriy-hududiy tuzilmasi 16 ta tuman va 1 ta shahardan iborat: Amudaryo, Beruniy, Bozatov, Ellikqal’a, To‘rtko‘l, Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Sho‘manoy, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq, Xo‘jayli, Taxiatosh, Nukus tumanlari va poytaxt – Nukus shahridir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi parlament boshqaruv shakliga ega bo‘lgan suveren Respublikadir. Qoraqalpog‘iston o‘z Konstitutsiyasi, bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Qoraqalpog‘istonning Konstitutsiyasi va qonunlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan va ular shu asosda amal qiladi.
Respublikada umumiy rahbarlik Jo‘qorg‘i Kengesh Raisi - Qoraqalpog‘iston Respublikasi parlamenti tomonidan amalga oshiriladi. Respublikaning oliy ijroiya hokimiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengeshi tomonidan tasdiqlangan Vazirlar Kengashi hisoblanadi. Respublika Vazirlar Kengashi tarkibiga Kengash Raisi, Raisning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari, yirik konsern va birlashmalar rahbarlari kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, o‘z vazifasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiradi. O‘zbekiston Respublikasi poytaxti – Toshkent shahrida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining doimiy vakolatxonasi faoliyat yuritadi.
1990-yili 14-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi o‘zining IV sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat suvereniteti to‘g‘risida»gi Deklaratsiya qabul qildi.
Mazkur Deklaratsiya 1991-yil 31-avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunda o‘zining huquqiy asosini topib, 1-17-moddalarida Qoraqalpog‘istonning hududiy yaxlitligi va mustaqilligi e’tirof etildi.
Har ikki respublika o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasida (70-75 moddalar) o‘z aksini topdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi o‘zining XII sessiyasida (1993-yil 9- aprel) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Qoraqalpoq milliy davlatchiligi o‘z taraqqiyoti tarixida birinchi marta insonparvar, adolatli, demokratik imtiyozlarga ega bo‘ldi. Ayni paytda u suveren respublikaning barcha atributlariga ega. «Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i to’g’risida» Qonun 14-dekabr 1992-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yo‘qorgi Sovetining XI sessiyasida qabul qilingan. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasining suveren davlat ekanligini bildiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i moviy rang, sariq va yashil ranglardan iborat bo‘lib, markazida sariq rangni oq va qizil rangli yo‘laklar ajratib turadi. Bayroqning moviy rangi bahor yoshligi – suvning mangu timsoli hisoblanadi. Sariq rang esa, Qoraqalpog‘iston aymog‘ining ulkan qismi sahrolardan iborat ekanligini bildiradi. Yashil rang esa tabiatning yangilanishining, ma’naviy yasharish, ishonchining va quyoshning belgisi. Bayroqdagi endi tug‘ilgan oy musulmonlarnning muhaddas timsoli bo‘lsa, besh yulduzning rasmi Qoraqalpog‘istonining qadimiy va navquron besh shahrining – qoraqalpog‘istonliklarning turmush va ishonch qo‘rg‘onlarining timsoli hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasining rasmiy vakillarining chet el safarlariga, xalqaro anjumanlarda, ko‘rgazmalarda va sport o‘yinlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasini jahonga tanitadi. Qoraqalpog’iston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda boshqa davlatlarning bayroqlari bilan teng turadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining fuqoralari va bu yerda yashaydigan boshqa insonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishi shart. 149 Qoraqalpog‘iston Respublikasining O`zbekiston Respublikasi tarkibiga kirganligi sababli 1992-yil 2-iyuldagi 616-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan davlatimiz gerbini tan oladi. Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun ham amal qiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 10-dekabrdagi 768-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. Parlament - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgi Kengeshi hisoblanadi. 86 deputatdan iborat. Quyidagi davlat arboblari Parlament raislari bo‘lib ishladi: Dauletbay Shamshetov (1991-1992), Ubbiniyaz Ashirbekov (1992-1997), Timur Kamalov (1997-2002), Musa Tajetdinovich Erniyazov (2002-2020), 2020-yil 2- oktyabr kuni bu lavozimga Murat Kallibekovich Kamalov saylandi.
Mustaqillik yillarida boshqa mintaqalarimiz qatori Qoraqalpog‘istonning rivojlanishiga ham ulkan e’tibor qaratildi. Aynan ana shunday e’tibor tufayli bugungi kunda respublika poytaxti – Nukus shahridan boshlab, tumanlar va qishloqlar, hatto, eng chekka ovullar ham har tomonlama o‘zgarib, rivojlanib bormoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston markaziy byudjetidan Qoraqalpog‘istonga berilayotgan subvensiya, ya’ni moliyaviy yordam miqdori butun Qoraqalpog‘iston byudjeti xarajatlarining 75 foizini tashkil etmoqda.
Sanoatda bir qator ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, 1995-yilda Xo‘jayli shahrida shisha idishlar zavodi qurilib foydalanishga topshirildi. 1996- yilda Qo‘ng‘irotda «Urga» gaz sanoati korxonasida gaz kondensati va tabiiy gaz qazib chiqarilishi boshlab yuborildi. Aholini gaz bilan ta’minlash darajasi 83 foizga yetdi.
«Qoraqalpoqqurilish» aksionerlik jamiyatida Italiya firmalarining yuqori sifatli jihozlari bilan jihozlangan, yiliga 60 ming kv.m. marmar bloklari va plitalari ishlab chiqaradigan yangi marmar sexi ochildi. «Nukusun» zavodida esa spirt ishlab chiqaradigan yangi sex qurildi.
Yengil sanoat ishlab chiqarishning bazasi kengaya bordi. 1993- yili Nukusda «Kateks» to‘qimachilik majmuasi, 1995-yili Ellikqal’a tumanida «Elteks» to‘qimachilik majmuasi foydalanishga topshirildi.
Nukus va Qo‘ng‘irot un kombinatlari, To‘rtko‘lda 3 mln shartli banka konserva mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod, Ellikqal’a tumanida esa shunday quvvatga ega konserva sexi foydalanishga topshirildi.
Qo‘ng‘irot tumanida Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan yiliga 190 ming tonna kalsiyli soda ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi. Zavod tarkibida kimyoviy yo‘l bilan ekologik toza va energiya sarflanmaydigan kaustik soda ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilgan. Qo‘ng‘irot-Beyneu avtomobil trassasi, NavoiUchquduk-Nukus temir yo‘li qurildi.
Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston Respublikasida institutsional va tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda ma’lum ijobiy siljishlarga erishildi. Noqulay ekologik sharoitga qaramasdan mintaqada makroiqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida islohotlarni amalga oshirish o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining tarmoqlararo tarkibida 2005-2017 - yillarda bir qator ijobiy siljishlar yuz berdi. Jumladan, yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 14,2 foizdan 26,7 foizga oshgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligining ulushi 30,1 foizdan 19,2 foizga kamaygan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan ichki hududiy mahsulotning tarkibiy o‘zgarishida ushbu tendensiyani kuzatish mumkin. Bunda sanoatning ulushi keskin oshgan (9,5 foizdan 32,7 foizga), qishloq xo‘jaligining ulushi esa kamaygan (21,3 foizdan 15,2 foizga). Ushbu vaziyatni mintaqa iqtisodiyoti tarkibini shakllantirishda yuz bergan ma’lum sifat o‘zgarishlar bilan izohlash mumkin. Agarda Qo‘ng‘irot soda zavodi va Ustyurt gazkimyo majmuasi hisobga olinmasa, sanoatning ulushi kamaygan va xizmatlar sohasining rivojlanish darajasi talablarga javob bermasligi, ekologik vaziyatning (Orol dengizi inqirozi, suv va erning sifat ko‘rsatkichlari tushib ketganligi) salbiy natijalar ekanligini qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ular to‘la amalga oshirildi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, sanoatni rivojlantirish borasida umumiy qiymati 160 milliard so‘mga yaqin 242 loyiha bajarildi. Bu qariyb 4 ming ish o‘rni yaratish imkonini berdi. Masalan, Qorao‘zak tumanidagi «Qoraqalpoq sement» korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement, Nukus shahridagi «Texnik global» korxonasida «Samsung» brendi ostida yiliga 150 ming televizor, «Nukus polimer» korxonasida yiliga 8 ming tonna polietilen quvurlar va xo‘jalik buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. To‘rtko‘l tumanidagi «Vegateks global» korxonasida yiliga 5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda o‘tgan qisqa vaqt mobaynida bir qator yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Qorao‘zak tumanidagi «Qoraqalpoq sement», «Titan sement», Taxiatosh tumanidagi metal-konstruksiya ishlab chiqarish zavodi, Ellikqal’a tumanidagi «Bo‘ston mega-teksil», To‘rtko‘l tumanidagi «Vegateks global», Chimboy tumanidagi «Lanextrakt» korxonalarida ham ishlab chiqarish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Nukus shahrida «Nukus Med Tex» MCHJ, Kegeyli tumanida «Kegeyli qog‘oz» MCHJ, «Lanko-miya» korxonasi, Amudaryo tumanida «Amu Shoxjahon» MCHJ, Chimboy tumanida «Pintok» korxonasi tomonidan tibbiyot klinikasi ishga tushirildi.
Mo‘ynoq tumanida Amfiteatr, «Mo‘ynoq porloq tekstil» tikuvchilik korxonasi, davlat xizmatlari markazi yangidan qurildi hamda futbol o‘yingohi va Madaniyat markazi rekonstruksiyasi to‘liq yakunlandi. Hududda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish yo‘nalishida 2018-2019-yillarda qiymati 27 million dollarga teng 17 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida 37 turdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi va ularning bir qismi eksport qilinadi.
Qoraqalpoq xalqi qadimiy va boy tarixga ega. Uning milliy madaniyati, jozibali san’ati, mumtoz adabiyoti, qadriyatlari, udum va an’analari olamga mashhurdir. Mustaqillik tufayli qoraqalpoq xalqi juda ko’p qadriyatlarini qayta tiklash imkoniyatiga ega bo’ldi. Adolat va tenglik, ozodlik va erk uchun kurashgan Ernazar Olako’z, Ollayor Do’stnazarov singari xalq qahramonlarining- jasoratli, o’t yurakli qoraqalpoq farzandlarining orzu-armonlari amalga oshdi. Milliy madaniyat va ma’naviyatning qaror topishiga, qoraqalpoq xalqining klassik shoirlari Berdaq, Ajiniyoz bobolar ijodiy meroslarining to’la tiklanishiga, aziz xotiralarining ulug’lanishiga yo’l ochib berdi. Bugungi qunda Ibroyim Yusupov, Tulepbergen Qaipbergenov, Tilovbergen Jumamuratov qabi qoraqalpoq yozuvchi va shoirlarining asarlari xalqlarimiz ma’naviy xazinasidan munosib joy oldi. Sobir Kamolov, rahmatli Charjau Abdirov kabi yirik olimlar O‘zbekiston fani rivojiga juda katta hissa qo‘shdilar.
Respublikada yangi tipdagi o‘rta umumta’lim muassasalari – litseylar, gimnaziyalar va alohida fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladigan maktablar tez rivojlanmoqda. 1996-yil oxirida Respublikada 743 ta umumta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatdi, Shu jumladan, ayrim fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘’qitiladigan maktablar 1991-yilda 31 ta bo‘lgan bo‘lsa, 1997- yilda 169 taga yetdi, litsey va gimnaziyalar 19 taga yetdi. O‘tgan yilning o‘zida o‘quvchilar soni 1743 nafarga ko’paydi. Barcha kasb hunar-texnika bilim yurtlarida traktorchi-mashinistlar tayyorlash chegaralanib, o‘rniga turli mintaqalar uchun zarur bo‘lgan kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytirildi. Milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga, gilam to‘qish, keramik buyumlar tayyorlash, ranchkorlar va boshqa shu kabi hunar egalarini tayyorlashga ahamiyat berila boshlandi.
Respublikadagi 22 ta maxsus o‘quv yurtlarida, shu jumladan, kunduzgi bo‘limda 11,8 ming o‘quvchi ta’lim olmoqda. Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat Universitetida hamda Ajiniyoz nomli Nukus Davlat pedagogika oliygohlarida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bu o‘quv yurtlarining kunduzgi bo’limlarida 9 ming nafar talaba o‘qimoqda. Universitetda qishloq xo‘jaligi va tibbiyot ixtisosligi bo‘yicha fakultetlar mavjud.
1991- 1996 -yillardan fan sohasida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. 1992- yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Qoraqalpoq filialiga Qoraqalpoq bo‘limi maqomi berildi. Uning tarkibida ilgari 3 ta institut mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yana ikkita institut qo‘shildi. Tarix, arxeologiya va etnografiya hamda bioekologiya institutlari ham shu bo‘lim tarkibiga kirdi. Botanika bosh bo‘linmasiga esa bo‘lim maqomi berildi. 1994-yilda esa Fanlar Akademiyasi tarkibiga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli tajriba instituti va tibbiyot klinikasi ham kiritildi. Fanlar Akademiyasida tashkil etilgan bunday tadbirlar olimlarga tabiiy va ijtimoiy fanlarni yanada rivojlantirish, xalq xo‘jaligi va madaniyatni yuksaltirishda muayyan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishga yordam berdi. Qoraqalpoq fanida erishilgan yutuqlar hamda to‘rt jildlik «Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati»ni yaratishdagi xizmatlari uchun fanlar akademiyasi bo‘limining 4 nafar ilmiy xodimlari (M. Qalandarov, R. Esemuratova, A. Turaboyev, D. Qozoqboyev) 1996- yilda O‘zbekiston Respublikasining Beruniy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar.
Keyingi yillarda Toshkent olimlari ko’magida katta miqdordagi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi. Respublikadagi 60 nafar fan doktorlari va 600 nafar fan nomzodlaridan deyarli 30 foizi O‘zbekiston mustaqilligi yillarida ilmiy daraja oldilar. Ilgari fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga saylangan Ch.A. Abdirov, S.Q.Kamolov, A.B. Baxiyevlar qatoriga 1994-2000 yillarda T. Eshanov, A. Dauletov, U.Hamidov va J. Bozorboyev ham qabul qilindilar. 1997- yilda esa ikki nafar rassom (J.Izentayev va J.Quttimuratov) O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasining akademikligiga saylandilar
Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston Respublikasining madaniy rivojlanishining ham o‘ziga xos jihatlari mavjud. Ayniqsa madaniy sohadagi rivojlanish Xorazm viloyati bilan mushtarak rivojlandi. 1991- yil Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Toshhovuz yoshlarining uchrashuvi o‘tkazilgan bo‘lib, unda do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, birgalikda bayramlar, tanlovlar va festivallar, sport musobaqalari va turli uchrashuvlarni o‘tkazish muammolari muhokama qilindi. 1992- yil boshida Qoraqalpog‘iston Joqarg‘i Kengesi, Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati hokimliklari mintaqa xalqlari orasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks tadbirlarni belgiladilar. 1998 - yili qoraqalpoq adabiyoti klassigi Berdaqning 170 yilligini, keyingi yilda Ajiniyozning 175 yilligi nishonlandi. Shu yili O‘zbekiston Qahramonlari –I.Yusupov va T.Kaipbergenovlarning 70 yillik yubileylari o‘tkazildi. 1999-yilda O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Tatariston xalq artisti, «ikki qirg‘oq bulbuli» nomini olgan O.Xudoyshukurov xotirasiga bag‘ishlangan respublika tanlovi o‘tkazildi. U nafaqat o‘zbekcha qo‘shiqlarni, balki mintaqadagi boshqa xalqlarqoraqalpoqlar, qozoqlar, turkmanlarning qo‘shiqlarini ham kuylagan. U hamma uchun umumiy o‘rtoq, qadimiy madaniyat vakili, millatlararo kelishuv va birdamlik siymosi edi.
Qoraqalpog‘iston san’atida erishilgan muvaffaqiyatlarni keng targ‘ib etishda rassomlar uyushmasi, I.V. Saviskiy nomidagi san’at muzeyi, tarix-o‘lkashunoslik muzeyi katta ishlarni olib bormoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchi vakillari bilan uchrashuvda:- «Nukus shahridagi Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi o‘zining bebaho tasviriy san’at asarlari bilan nafaqat mamlakatimizda, balki jahonda ham katta shuhrat qozongan, bu нerda 90 mingga yaqin nodir eksponatlar jamlangan bo‘lib, ularning orasida o‘zbek va rus rassomlarining asarlari, qoraqalpoq xalq amaliy san’ati namunalari, qadimiy Xorazm davlatiga mansub yodgorliklarni ko‘rish mumkin» degan edilar45 . Haqiqatan ushbu muzey qoraqalpoq xalqining faxriga aylangan.
I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi-respublikadagi yirik muzeylardan; Nukus shahrida 1966-yilda tashkil topgan, 1984-yildan N.V.Savitskiy nomi bilan ataladi. Muzeyga I.Savitskiyning sa’yharakati va u to‘plagan qoraqalpoq xalq amaliy san’ati asarlari negizida asos solingan. Muzeyning umumiy maydoni 6,9 ming kv.m. Muzey xalq amaliy san’ati, qadimiy va o‘rta asrlar Xorazm san’ati, 1920-30-yillar o‘zbek va rus tasviriy san’ati, qoraqalpoq zamonaviy rang-tasviri va haykaltaroshligi, ilmiy-ma’rifiy bo‘limlar, kutubxona (10 ming dona asar), fond hamda ta’mirlash usta-xonasiga ega. Fondida 85 mingdan ortiq eksponat mavjud. Yaqinda muzeyda yangi galereyalar ishga tushirildi va endi 100 000ga yaqin san’at asarlari va artefaktlardan iborat muzey kolleksiyalarining katta qismi galereyaga tashrif buyuruvchilar uchun namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2017-yilda galereya kolleksiyalaridan 223 ta durdona asarlar Moskva shahridagi Pushkin muzeyida «Nukus durdonalari» ko‘rgazmasida namoyish etildi. Ilk bor mazkur asarlar O‘zbekiston hududidan tashqarida 1960-yilda namoyish etilgan bo‘lsa-da, xalqaro hamkorlikni kengaytirish muzeyni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Yüklə 2,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   139




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin