2. Zamonaviy professional ijtimoiy ishda qadriyatlar iyerarxiyasi
Ijtimoiy ish etikasidagi qadriyatlarning subyekti hamisha inson bo‘lgan. Ijtimoiy ish etikasida qadriyatlarning anglanishi, qadr topishi va amal qilishi ong va tafakkur bilan bog‘liq. Insonning boshqa jonzotlardan farqi ham ongi va tafakkurida bo‘lgani bois, qadriyat subyekti sifatida shaxs, insonlarning muayyan birligi yoki jamligi, insonlar faoliyati va munosabatlaridan tashkil topgan jamiyat, yoki sotsium darajasida maydonga chiqsa ham, bularning barchasida inson va uning manfaati turgani bois, u asosiy subyekt bo‘lib qolaveradi.
Inson dastavval anglaydi, fikr yuritib tahlil qiladi, baho beradi. Baholash va tahlil qilish jarayonida ma’lum bir obyektlarning zaruriylik va keraklilik mezonlari o‘lchanadi va inson tafakkurida qadr topadi, uning ruhiyatiga singadi, ya’ni hissiy munosabat shakllanadi hamda shu bilan qadrlash tuyg‘usi yaraladi. Shu bois mijozlar bilan ijtimoiy ish olib borishda, ularga samarali xizmat ko‘rsatishda mazkur mezon nuqtayi nazaridan yondashsak, o‘rinli hisoblanadi. “Qadriyatlar, motivatsiyaviy-ehtiyojli sathni shakllantiruvchi tarzida ishtirok etib, ijtimoiy xulqni tartibga keltiradi. Bu o‘z navbatida shaxs tomonidan qabul qilinadigan qarorlarda, u uchun muhim hisoblangan qarorlarning ta’siri asosida qabul qilishini ko‘rsatadi”71. Bunda ko‘pchilik oilasi va farzandlarini, vatanini, ishq-muhabbatini, imon-e’tiqo-dini, kasb-korini eng muhim qadriyatlar deb biladi. Ular ushbu insoniy sifatlari bilan yon-atrofdagi kishilarda hurmat, ehtirom uyg‘otadi. Bu xususida falsafa fanlari doktori S.S.Agzamxodjayeva “avval oila a’zolaringga, keyin qarindoshlaringga, undan keyin esa boshqalarga sarfla, oila qurib, farzandlar tarbiyalashni unutma, yomonlikni xayolingga ham keltirma, bilim olishga mehr qo‘y va farzandlaringni ham bilim olishga o‘rgat, boshqalar bilan inoq, totuv yashash kabi qoidalardan iboratdir. Bir qarashda didaktik xususiyatga ega ushbu fikrlar uzoq asrlik tajribalardan o‘tgan, insoniyatning unutilmas qadriyatlariga va taraqqiyot shartiga aylangan”ligini72 ta’kidlaydi.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, rivojlanishining institutsional bosqichgacha bo‘lgan davrida har bir mintaqaning o‘z amaliyoti bo‘lib, etnomadaniy, milliy, diniy qadriyatlar va me’yorlar tarkibida amal qilgan. O‘z navbatida etnomadaniyatning amal qilishida hamkorlik, birdamlik, o‘zaro aloqalarni yarata olish muhim hisoblanib, bunda streotipli munosabatlar tarzi alohida o‘rin tutgan. Chunki u kasbiy faoliyat, maishiy va ijtimoiy hayotda katta ahamiyat kasb etgan. Bular bevosita etnomadaniyatning tarkibiy elementlari hisoblanmish an’analar, qadriyatlar, me’yorlar, marosimlar, udumlar, arxetiplar kabilarda mujassamlanib, oilada o‘zaro hamkorlik, barqarorlikni ta’minlash funksiyasini bajaradiki, bu xususda Y.Yeroxina alohida to‘xtalib o‘tgan73. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bizning mintaqada ijtimoiy munosabatlar jarayonida etnopsixologiyaning asosiy konseptlari o‘z mohiyatini yo‘qotmagan. Masalan, “oilapavarlik”, “bolajonlik”, “mehr-muruvatlilik”, “farzandlik burchini ado etishlik”, “ota-ona haqqini oqlashlik”, “keksalarga g‘amxo‘rlik” kabi tushunchalarni ko‘rsatishimiz mumkin.
Ijtimoiy ishda qadriyatlar iyerarxiyasi zaruriylik darajasi va yondashuv nuqtayi nazaridan yiriklashib borishi mumkin va natijada shaxsiy qadriyatlardan oilaviy, kasbiy, milliy, ma’lum jamiyatga xos ijtimoiy va umuminsoniy qadriyatlar vujudga keladi. Ayrim qadriyatlarni insonning o‘zi qadriyat sifatida anglashi yetarli emas. Individ qadrlaydigan obyektining o‘zi uchun muhim jihatlarini his etish barobarida uning ijtimoiy ahamiyatini ham anglashi lozim. Ana shunda u ushbu qadriyat mohiyatini bilish doirasini kengaytiradi va unga munosatida ijtimoiylik ahamiyati kasb eta boradi. Bu yondashuv jamiyat uchun muhimdir. Masalan, salomatlik, avvalo, shaxsiy qadriyatdir. Ammo, millatning ravnaqida aholi salomatligi muhim ahamiyatga ega bo‘lgani bois, u ham ijtimoiy, ham milliy tus oladi. Bunda ijtimoiy ish muhim o‘rin egallaydi. Negaki, ijtimoiy ish xodimi tomonidan olib borilgan targ‘ib va targ‘ibot ishi natijasida salomatlik shaxsiy qadriyat darajasidan milliy darajaga ko‘tarilishi mumkin. Shu boisdan ham bu o‘rinda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish dolzarblashuvini kuzatish mumkin. Aytaylik, har bir ayol farzandini dunyoga keltirar ekan, albatta, o‘zining ham, farzandining ham sog‘lom bo‘lishini istaydi. Ammo, istakning o‘zi yetarli emas. Bu salomatlik faqat shaxsiy emas, ijtimoiy-milliy ahamiyatga ega ekanligini ayol anglay bilgandagina, uning mazkur qadriyatga nisbatan munosabatida nafaqat o‘zi va farzandi, balki jamiyat oldidagi mas’uliyati aks etadi. Bu mas’uliyat esa salomatlik qadriyatini asrashga oid bilim va faoliyatni kuchaytirishni taqozo etishi bilan birga, ularga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatiga ham bog‘liq bo‘ladi. Ona va bola salomatligining ijtimoiy-milliy ahamiyatini anglatish borasidagi chora-tadbirlarni ijtimoiy siyosat amalga oshiradi. Bunda esa ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muhim omil sanaladi. Aholi salomatligini asrashga oid, xususan, millat genofondini asrash maqsadida onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlarining qabul qilinishi orqali bu qadriyatning siyosiy ahamiyati yuzaga chiqadi. Butunjahon Salomatlik Fondi kabi turli xalqaro fond va uyushma, tashkilotlarning tashkil topishi qadriyatni umuminsoniy darajaga ko‘taradi. Demak, ijtimoiy ishdagi kasbiy qadriyatlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular tufayli shaxsiy qadriyatlar – etnik, milliy va umuminsoniy darajaga ko‘tarilishi uchun samarali xizmat qiladi.
D.Raxmonovning ta’kidlashicha, agarda, ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga kasb tariqasida yondashsak, bunda quyidagi ijtimoiy-falsafiy majmua namoyon bo‘ladi:
- “ehtiyoj+maqsad+motiv+harakat+joriy etilgan kasbiy me’yor = mehnat natijasi (ehtiyoj/talabning amaliy qondirilishi)”. Har qanday faoliyatning amaliyotda mavjudligi quyidagi omillarga bog‘liqdir: motivatsiya; mutaxassislar (kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishning huquqiy74, ilmiy va uslubiy jihatlari); moddiy-texnikaviy; ilmiy-uslubiy; moliyaviy; tashkiliy; me’yoriy-axloqiy; huquqiy-siyosiy; jamiyatda ijtimoiy buyurtma sifatida ijtimoiy yordam olishning namoyon bo‘lishi; axborot; jamiyat hayotining moddiy farovonligi va ma’naviy madaniyati75.
Ijtimoiy xizmat tizimida kasbiy qadriyatlar madaniy elementlar va tuzilmalar tarzida ishtirok etib, bir qator funksiyalarni bajaradi va bu funksiyalar xizmat ko‘rsatish jarayonida namoyon bo‘ladi. Bular:
- instrumental funksiya (muhitni shakllantirish va qayta tuzish);
- inkulturatsiyaviy funksiya (madaniylashtirish va qayta madaniylashtirish);
- me’yoriy funksiya (jamoaviy tarzda hayot kechirish va faoliyat yuritish tizimini shakllantirish);
- signifikativ funksiya (belgilarni tanlash va ularni qo‘llash);
- bilish funksiyasi (jarayon va hodisalarning vujudga kelishi va kechishining sabab va oqibat aloqadorligini belgilash);
- kommunikativ funksiya (muloqot jarayonida namoyon bo‘luvchi).
Ijtimoiy xizmat tizimida kasbiy qadriyatlarni qaror toptirish va ularni yanada takomillashtirish borasida yurtimizda Prezident Sh.Mirziyoyevning tashabbuslari bilan bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari degan ulug‘ maqsad bosh g‘oya sifatida maydonga chiqib, unda: “yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, yuqori malakali, halol va sadoqatli kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratish”76 kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan. Bu esa ijtimoiy ish sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassis kadrlarga ham bir qator majburiyat va kasbiy qadriyatlarga sodiqlik hamda talabchanlikni oshirish lozimligini ko‘rsatadi.
Qadriyatlar yillar mobaynida o‘zgarib, uyg‘unlashib, shakllanib borishi mumkin. Bu, albatta, insonlarning ehtiyoji, urf-odatlari, dunyoqarashi, yashash tarzining o‘zgarishi, qolaversa turli millatlar, elatlar o‘rtasidagi munosabatlarga bog‘liq. Lekin shunday qadriyatlar ham borki, ular yillar mobaynida ham o‘z mazmun-mohiyatini, qiymatini yo‘qotmaydi. Aytaylik, tinchlik ‒ insoniyat yaralibdiki, u hamisha intiladigan, asrab-avaylaydigan muqaddas qadriyat hisoblanadi. Uning qadr-qiymati ma’lum bir millat uchungina xos, ya’ni milliy xarakterda emas, u tili, dini, irqi va millatidan qat’iy nazar har bir shaxs va jamoa uchun lozim va qadrli bo‘lgan umuminsoniy qadriyatdir.
Umuminsoniy qadriyat degan tushunchaning o‘zi har qanday qadriyat aslida inson uchunligini anglatadi. Chunki, inson qadriyatning asosiy subyekti. Qadriyat shaxsiy, jamoaviy, diniy, milliy, umuminsoniy bo‘lishidan qat’iy nazar, unga baho berib, ushbu baho natijasi o‘laroq uni qadrlaydigan ‒ insondir. Jamoa va jamiyatda qadriyatlarga bo‘lgan yondashuvining ta’siri individda shu qadriyatlarga munosabatida namoyon bo‘lishi mumkin. Inson dunyoqarashiga, uning bilganlari va anglaganlari, o‘ziga xos tushunchalari va shu tushunchalar asosida shakllanadigan fikr doirasiga, tafakkur tarziga ham uning jamoasi (oilasi), millati va o‘zi yashaydigan ijtimoiy muhit ta’sir ko‘rsatadi. Dunyoqarash esa qadriyat obyektlariga bo‘lgan yondashuv darajasini belgilab beradi. Albatta, adolat, tinchlik, tenglik, haqiqat, sog‘lik, baxt-saodat kabi ijtimoiy va umuminsoniy qadriyatlar borki, individ uchun bu obyektlar muhim darajada aks etadi. Ammo, insonning o‘ziga xoslik xususiyati, uning ideallari, maqsadi, intilishlari turlicha bo‘lgani bois, mazkur qadriyatlarga munosabat ham nisbiy va turlichadir. Masalan, adolat mezonining o‘lchovi hammada har xil, ayrim hollarda bir-biriga mutlaqo zid bo‘lishi ham mumkin. Ma’lumki, bu olamni hamisha ikkita qutb nuqtayi nazaridan baholab kelganmiz. Unda har doim ikkita qarama-qarshi kuch kurash olib boradi. Yomonlik va yaxshilik, zulmat va yorug‘lik, ma’rifat va jaholat, adolat va zulm kurashi deb qaraganimiz har ikki qarama-qarshi kuch uchun ham o‘z adolati va haqiqati uchun bo‘lgan kurashi bo‘ladi, ya’ni har kim o‘zi adolat hisoblagan ideali uchun kurashadi va o‘z adolati uning uchun qadriyat sanaladi. Agar u o‘z adolatini qadrlamagan va unga qadriyat darajasida yondashmaganda, kurashmay, ehtimol yon berib qo‘ya qolgan bo‘lardi.
Yuqoridagi fikrlarga tayanib, obyektiv va subyektiv asoslarga ko‘ra, insonga oliy qadriyat sifatida yondashuvning quyidagi shakllarini ko‘rishimiz mumkin:
1. Insonning o‘zi o‘ziga qadriyat ekanligi.
2. Insonning o‘zga insonlarga qadriyat ekanligi.
3. Insonning insonlar jamoasiga va jamiyatga qadriyat ekanligi.
4. Ayrim iqtidor va salohiyat egasi bo‘lgan insonlarning millat va umum-insoniyat uchun qadriyat ekanligi.
Xuddi shuningdek, har kimning o‘z haqiqati bor. Bu kishilarning o‘zaro hamda tabiat va jamiyat voqeliklariga munosabatlarida, faoliyatlarida aks etadi. Haqiqatlar ham nisbiy, shuningdek, subyektning dunyoqarashiga qarab, bir-biriga zid bo‘lishi mumkin. Bu eng kichik jamoadagi ikki subyekt munosabatlaridan tortib, kishilik jamiyatidagi katta guruhlarning ilmiy, mafkuraviy, siyosiy qarashlarida ham namoyon bo‘ladi. Farqi shundaki, bularning biri ko‘proq yoki butunlay xato fikrlaydilar. Ayrim holatlarda har ikkala, yoki undan ko‘p tarafda ham o‘ziga xos xatolar bo‘lishi mumkin. Masalan, “demografik portlash” oqibatida ko‘p mamlakatlarda qashshoqchilikning oldini olish uchun VIII asrning oxiri va IX asrning boshlarida yashab ijod etgan ingliz tadqiqotchisi T.Maltus chora sifatida tug‘ilishni cheklash va yer hosildorligini oshirish yo‘llarini izlash kerak, degan xulosani bersa, neomaltuschilar esa har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, (hatto neytron bomba bilan. X. Shmutser) aholini yo‘q qilish evaziga ekologik inqirozning oldini olish, shuning evaziga insoniyat olamini halokatdan qutqarib qolish g‘oyasini beradilar. Ekologik inqirozning oldini olish g‘oyasi ijobiy baholansa-da, lekin uning taklif etilgan usuli g‘ayriinsoniydir. Bu har ikkala qarashlarning o‘z “haqiqati” edi. Ushbu qarama-qarshilikning natijasi o‘laroq, yangi falsafiy qarashlar, jumladan, ilm-fanni rivojlantirish va uning yutuqlariga tayangan holda Yer aholisini boshqa sayyoralarga ko‘chirib o‘tkazish, (N.F.Fyodorov, K.E.Sialkovskiy), shuningdek, boshqa gumanistik qarashlar yuzaga keldi va shakllanmoqda.
Umuminsoniy xarakterdagi voqelikning amal qilishida insonga oliy qadriyat sifatida yondashuv namoyon bo‘ladi. Insonning oliy qadriyat ekanligini anglay bilish insoniylik tuyg‘ularining shakllanishiga omil bo‘ladi. Mana shu omil insonning inson bo‘lganligi uchun ham sevish, qadrlash va unga yaxshilik qilishga undaydi. Insonni va insonlarni yaxshi ko‘rgan odam insoniyat uchun yaxshilik keltiradigan amallarga yondashadi. Bu, bugungi kunda, ayniqsa, bilvosita va bevosita faoliyat ko‘rsatdigan ijtimoiy xodim shaxsiga xos asosiy fazilat bo‘lishi lozim va bu fazilat jamiyatni adolatli va yaxshilikka yo‘llab boshqarishda muhim ahamiyatga ega.
Dostları ilə paylaş: |