Birinchi – murabbiy yoki ustoz sifatida shakllanish jarayonining optant, ya’ni tanlash fazasi davomida mutaxassis kasb tanlash yoki tanlangan kasbini obyektiv va subyektiv omillari ta’sirida kasbini o‘zgartirish muammosiga duch keladi. Ushbu fazani boshqa fazalar singari aniq bir vaqt bilan chegaralab bo‘lmaydi. Negaki, bu har bir shaxsning individual-psixologik xususiyatlariga, turmush tarziga bog‘liq.
Ikkinchi, ya’ni adept fazasi davomida, inson tanlagan kasbi bilan yashaydi, uni to‘liq o‘zlashtirgan bo‘ladi. Kasb mavqeyiga qarab, ushbu bosqich ko‘p-yillar mobaynida yoki qisqa davrda o‘zlashtirilishi (masalan, shifokorlik yoki haydovchilik kasbi) mumkin.
Uchinchi – moslashuv fazasi davomida o‘quv yurtida ijtimoiy ish mutaxassisni tayyorlash jarayoni qanchalik yaxshi tashkil etilgan bo‘lmasin, u amaliyotga (ishlab chiqarishga) to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos kelavermasligi mumkin. Shuning uchun yosh mutaxassis bu davr oralig‘ida xulqi (maishiy, kasbiy), hayot tarzini yanada barkamollik sari yo‘naltirishi lozim bo‘ladi.
To‘rtinchi – internal fazasi davomida ijtimoiy ish mutaxassisi tajribali bo‘lib, o‘z ishini sevib, kasbiy vazifalarni ishonchli mustaqil bajara oladi. Bu kasbiy muvaffaqiyatning ko‘rsatkichlari uning hamkasblari tomonidan ham e’tirof etilishi lozim, bu, albatta, o‘sha jamoaning ma’naviy muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Beshinchi – mohirlik fazasi davomida ijtimoiy ish mutaxassisi eng oson vazifalarni ham, hamkasblari bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmagan eng murakkab vazifalarni ham bajara oladi. U professionallik, universallik asosida o‘z malakasi, maxsus sifatlari bilan ajralib turadi.
Oltinchi – hurmat fazasi davomida ijtimoiy ish mutaxassisi o‘z ishining ustasi, professional darajada, hattoki, undan ham yuqori (masalan, tarmoq, tarmoqlararo va mamlakat miqyosidA. obro‘ga ega bo‘lgan shaxs bo‘ladi. Bunday mutaxassis o‘z tanlagan kasbi doirasida barcha kasbiy talablarga javob beradi hamda yuqori malakaviy ko‘rsatkichga (unvon, ilmiy daraja, razryad, kategoriyA. ega bo‘ladi. Mutaxassislik sinovidan o‘tgandan so‘ng, hamkasblari o‘rtasida ijtimoiy ish mutaxassisi sifatida uning fikri hisobga olina boshlaydi.
Yettinchi – murabbiylik fazasi davomida faoliyatida erishgan natijalarni shogirdlariga yetkazadi455.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu fazalarni muvaffaqiyatli bosib o‘tgan har bir ijtimoiy ish xodimini ibratli murabbiy (ustoz), ya’ni o‘z kasbining mohir ustasi, deb atash mumkin.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning psixologik sifatlari quyidagilardan iborat:
- sobitlik, sinchkovlik (biror masalaga oid hujjatlar to‘plamini yuritish bilan bog‘liq kundalik ishlar, ma’lumotlar bankini yaratish, to‘ldirish, tahliliy jarayonning zaruriy sharti hisoblanadi);
- ma’lum vaqt tadqiq etilayotgan muammodan chalg‘iy olish;
- ma’lumot tayyorlashda o‘z uslubini ishlab chiqish qobiliyati (bu ko‘p-yillik mehnat samarasi);
- vaziyatni mazmuni bilan bog‘liq ravishda yozish (bayon etish) uslubini o‘zgartira olish (masalan, vaziyat sharhi bayon etishning turli uslublarini talab qiladi);
- “guruh” yoki “jamoa” bilan ishlay olish (jamoaviy tahliliy hujjatlarni yozishda kerak bo‘ladigan tajriba, qobiliyat);
- jamoaviy tarzda faoliyat yuritishda o‘z nuqtayi nazariga ega bo‘lish;
- o‘zini obyektiv tanqid qila olish;
- doimiy tarzda o‘z ustida ishlash, kamolotga intilish;
- vazifalarni to‘g‘ri belgilash va topshiriq qo‘ya olish va b.
Ijtimoiy ish xodimi, metrik usullar vositasida jamlangan ma’lumotlardan o‘z ishining mahsulini yoxud hisobotini ishlab chiqadi. Bunda, tafakkur operatsiyalari amaliy mazmun kasb etadi. Chunki muammoni tahlil etish tafakkurning mantiqiy usuli sifatida maydonga chiqadi. Bu esa mavhum tushunchalar yordamida va bir-biri bilan mustahkam bog‘langan tafakkur operatsiyalari – mavhumlashtirish, umum-lashtirish va shu kabilar yordamida amalga oshiriladi.
Bolalar bilan ishlashda ijtimoiy ishchi quyidagilarning shakllanishi ta’minlanishi lozim:
1) Bilish sohasida: - bolalarda oila, uning vazifalari, oiladagi o‘zaro munosabatlar, bo‘lajak umr yo‘ldoshi, er va xotinning roli, ota va onaning roli, ota-ona va farzandlarning roli, aka-uka va opa-singillarning o‘zaro rollari haqidagi hissiy ijobiy tasavvurlarning shakllanganligi;
- uydagi mehnat, oiladagi xo‘jalik, uning budjeti va hokazolar haqida nazariy bilimlarning darajasi (suhbatlar, so‘rovnomalar, insholar, mulohazalar, hayotiy masalalarni yechish orqali);
- oilaga taaluqli me’yoriy-huquqiy hujjatlardan xabardorlik;
- oilaviy hayotning mohiyati va maqsadini anglash, haqiqiy oilaviy hayot haqida, uning og‘irliklari, mashaqqatlari va quvonchlari haqidagi tasavvurlarning mavjudligi;
- oilaviy hayotda o‘z o‘rnini anglash;
- jinsiy sog‘lom munosabatlar, gigiena va havfsizik haqida tassavvurlarni shakllantirish.
2) Motivatsion-ehtiyoj sohada: - oilaviy hayot bilan bog‘liq qarashlar va qadriyatlarning shakllanganligi, oiladagi alohida ijtimoiy rollardan birini egallagan shaxs sifatidagi shaxsiy hayot rejasining mavjudligi;
- oilani qadriyat sifatida anglash;
- shaxsiy oilasini qurishga va o‘z bolalarini tarbiyalashga va boshqa anglanilgan ehtiyojlarning mavjudligi;
3) Hissiy sohada: - sevgi-muhabbat, g‘amxo‘rlik, ishonch, tushunish, hurmat va boshqa tushunchalarning shakllanganligi;
- boshqa jins vakillari bilan ijobiy shaxslararo munosabatlarning shakl-langanligi;
- sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga, boshqa insonlarga va boshqalarga nisbatan o‘z hislarini o‘z o‘rni va joyida namoyon eta olish ko‘nikmalarining shakllanganligi;
- boshqa inson (farzandi, umr yo‘ldoshi, keksalar va boshqalar) uchun mas’uliyatni o‘ziga olish qobiliyatining shakllanganligi;
- birgalikda orom olishni uddalay olish ko‘nikmalarining shakllanganligi;
- bo‘lajak umr yo‘ldoshining ideallashtirilmagan qiyofasining mavjudligi;
4) Amaliy faoliyat sohasida: - uy xo‘jaligini olib borish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarning shakllanganlik darajasi;
- hayotiy muammolarning mavjudligi va tavsifini haqqoniy baholash malakasi (tengdoshlari, birga yashamaydigan qarindoshlari bilan muloqot orqali, maxsus tuzilgan vaziyatlardagi muammolarni echish orqali);
- oila a’zolari va birga istiqomat qilmaydigan qarindoshlarga nisbatan qondoshlik hislarining paydo bo‘lishi;
- kommunikativ ko‘nikmalarning va shaxslararo ziddiyatlarni hal etish ko‘nikmalarining mavjudligi;
- dam olish, bayramlarni tashkil eta olish, oilaviy an’analarni tashkil etish va ko‘llab-quvvatlash salohiyati;
- oilaviy jamg‘arma va mablag‘larni o‘rinli sarflash ko‘nikmasi;
- shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, o‘zining buyumlarini ozoda tutish ko‘nikmasi;
- bolalar, qariyalar va xasta kishilarga g‘amxo‘rlik qila olish ko‘nikmasi va h.k.