Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari


I BO‘LIM. IJTIMOIY ISHDAGI ETIK QADRIYATLARNING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI



Yüklə 1,06 Mb.
səhifə4/193
tarix20.09.2023
ölçüsü1,06 Mb.
#146084
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   193
I BO‘LIM. IJTIMOIY ISHDAGI ETIK QADRIYATLARNING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI
1-bob. IJTIMOIY ISHDA ETIKANING AHAMIYATI. FANNING MAQSAD VA VAZIFALARI
Reja:
1. Ijtimoiy ishchining etik-professional qadriyatlari
2. Ijtimoiy xizmatchilar faoliyatining ma’naviy roli
3. Ijtimoiy ishchining etik-professional qadriyatlarining asosiy maqsad va vazifalari
Tayanch so‘z va iboralar: ijtimoiy ish, etik qadriyatlar, ma’naviy rol, kasbiy qadriyatlar, maqsad, axloq.
1. Ijtimoiy ishchining etik-professional qadriyatlari
Jahonning rivojlangan mamlakatlarida ijtimoiy ish tizimi borasida ulkan amaliy tajriba to‘plashga erishildi. Ijtimoiy ish tizimi rivoji ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va huquqiy omillar hamda jamiyat hayotida mavjud realliklar bilan bog‘liq bo‘lgan turli ko‘rinishdagi qiyinchiliklar, iqtisodiy muammolar hamda jismoniy sog‘liqning yo‘qolishi natijasida dolzarblashib boradi. Shu sababli bo‘lsa kerak, ijtimoiy ish sohasi bevosita amaliy faoliyat bilan bog‘liq ekanligiga e’tibor qaratilib, dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan ham keng miqyosda o‘rganilib kelinmoqda.
Jahon miqyosidagi tadqiqotlarda ijtimoiy ish jamiyatdagi moddiy-madaniy va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga bog‘lanib, uni funksional-strukturaviy, tasnifiy, davlatlararo va mintaqaviy-hududiy munosabatlarga ham e’tibor qaratish lozimligi nuqtayi nazaridan o‘rganilgan. Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish jarayoni insoniyatga xos harakat turi sifatida uning xalqaro tajribasi va amal qilishini ta’minlashda salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan turli ijtimoiy omillar, jumladan, mas’uliyatsizlik, kasbiy layoqatsizlik, bilimsizlik, nomutaxassislik, faoliyat jarayonini rejalashtirish va boshqarish texnologiyasining eskiligi kabi omillar, ijtimoiy ish sohasining nazariyasi va amaliyotini takomillashtirish, bu borada chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borishni taqozo etadi.
Mustaqillik yillarda ijtimoiy ish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvafaqqiyati ‒ fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida ijtimoiy institutlar vazifalarining kengayishi va ular faoliyatining institutsionallashuvi zamirida aholining turli qatlamlariga yoshi, jinsi, jismoniy salohiyatini inobatga olgan holda amaliy yordam ko‘rsatish tizimi joriy qilinishi, tibbiy, huquqiy, axborot, madaniy, iqtisodiy kabi sohalarda keng namoyon bo‘lmoqda. Mazkur omillar ijtimoiy ishning shakllanishi va rivojlanishiga boshqa omillar qatori to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi nafaqat geosiyosiy joylashuvi, balki ijtimoiy-madaniy jihatlari bilan mintaqa davlatlari orasida ajralib turadi. U ijtimoiy-iqtisodiy, demografik, madaniy, ma’naviy, ma’rifiy kabi ko‘plab jihatlarni o‘zida mujassamlashtirib, mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlashda akkumilyativ funksiyani bajaradi. Shu sababli, “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”7da, jumladan, “Ijtimoiy sohani rivoj-lantirishning ustuvor yo‘nalishlari”ga katta e’tibor qaratilgan.
Ijtimoiy ishchining etik-professional qadriyatlari muammosini G‘arbiy Yevropa va AQSh olim va tadqiqotchilardan R.Lynn John Chandler, Linda Bell, Elisabeth Berg, Jim Barry, H.Sonya, Hu Jierong Yenching, Annie J. Keeney, Amy M.Smart, Regina Richards, Shannon Harrison, Manuel Carrillo va Deborah Valentine, T.Mafile’o, Paul Force-Emery Mackie8 va Osiyo mamlakatlarining olim va tadqiqotchilaridan T.Akimoto, A.Mishima, B.Vijayalakshmi, A.Albrithen9 kabilar tomonidan ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning yo‘nalishlari, rivojlanishi, jamiyat hayotidagi ahamiyatli jihatlari, olib borilgan ilmiy izlanishlar, o‘tkazilgan tadqiqot va tahlillar asosida tadqiq etganlar.
MDH olimlarining ilmiy ishlarida ijtimoiy ish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy yordam, ijtimoiy xizmatdan foydalanishga ehtiyoj kabi masalalar turli ilmiy yo‘nalishlar asosida o‘rganilgan. Bunda, P.Aytbayeva, V.Antropov, N.Markova, N.Musayeva, I.Xarisov, T.Karayev, A.Abduvapova, E.Orozaliyev, T.Kozlova, N.Tarusina, N.SHvedova, G.P.Medvedeva, N.M.Gopishna10 va boshqalarning ilmiy ishlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Mamlakatimiz olimlaridan M.Bekmurodov, A.Xolbekov, M.G‘aniyeva, R.S.Samarov va D.Raxmonov, R.Ubaydullayeva, O.B.Ota-Mirzayev va boshqalar11 tomonidan mavzuga aloqador masalalar o‘rganilgan. Aholining turli guruhlarini ijtimoiy himoyalash hamda ijtimoiy muhofaza bilan bog‘liq ayrim masalalar S.Alibekova, L.Xalikova, J.Isakov12 kabi olimlarning ishlarida milliy madaniyatni inobatga olgan holda xizmat ko‘rsatish va uning tarmoqlashuvning iqtisodiy samaradorligi va ijtimoiy ish xodimining kasbiy axloqi, huquqiy jabhasi, ijtimoiy yordam ko‘rsatishning siyosiy va iqtisodiy jihatlari o‘rganilgan.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish masalasi xalqaro munosabatlar tizimida rivojlanishi jarayonlarida uning huquqiy va axloqiy asoslari ham korreksiyalanishi talab etiladi. Annie J.Keeney, Amy M.Smart, Regina Richards, Shannon Harrison, Manuel Carrillo va Deborah Valentinelarni tadqiqotlarida yigirmata millat misolida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish namunalari o‘rganiladi va “Ijtimoiy ish huquqi, insonning barcha e’tirof etilgan huquqlarida, ijtimoiy ish axloqi esa umuminsoniy madaniyatga tayangan holda barcha qadriyatlarda ifodalanishi lozim”ligi ta’kidlanadi13. Shuningdek, ushbu tadqiqotlarda o‘rganilgan manbalarning 75% da axloq me’yorlariga urg‘u berilganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu tadqiqotda yordam oluvchilarga qadriyatli yondashuv masalasini dolzarblashtirib, ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish shart ekanligiga e’tibor qaratilgan.
Paul Force-Emery Mackie “Your Philosophy of Social Work: Developing a Personaland Professional Definition to Guide Thought and Practice” (Ijtimoiy ish falsafasi: asosiy boshlang‘ich fikr va amaliyot uchun shaxsiy hamda kasbiy atamani shakllantirish) nomli maqolasida ijtimoiy ish falsafasining talqini va uning tuzilishi, ijtimoiy ish xodimining kasbiy sifatlarini shakllantirish masalalari, shuningdek, ijtimoiy ishning inson hayotdan qoniqishini ta’minlashdagi ahamiyatli jihatlari, mavjud muammolarni o‘rganish va samarali bartaraf etishda madaniy me’yorlariga amal qilish lozimligini ko‘rsatadi14. Madaniy me’yorlar, yordam oluvchi va yordam ko‘rsatuvchilarning munosabat tarzini ta’minlab, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish jarayonining mo‘tadil kechishiga xizmat qiladi.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni tizim sifatida idrok etish va uning tarkibiy qismlarini belgilash uchun ijtimoiy falsafaning qonuniyatlariga tayanishi lozim15. Ijtimoiy ishni tizim tarzida o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy manbalarning nazariy tahlillariga ko‘ra16, ijtimoiy xizmat tushunchasiga uch xil tarzda yondashish holati kuzatiladi. Tadqiqotlarning birinchi guruhida ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga ijtimoiy faoliyatning zamonaviy paradigmasi, ikkinchi guruhida – murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashning samarali ijtimoiy texnologiyasi, uchinchi guruhida esa, ijtimoiy sohaning prinsipial muhim sektori sifatida qaraladi.
Ijtimoiy ish tarixini o‘rganish shundan dalolat beradiki, bu xayrli amaliy faoliyat, ijtimoiy munosabatlarda ma’naviy komponentlarning amaliy ko‘rinishini belgilash imkonini beradi. Ijtimoiy xizmat faoliyat turi sifatida dunyoning barcha mamlakatlarida tobora rivojlanib bormoqda. Masalan, Akiko Mishimaning ta’kidlashicha, Yaponiyada ijtimoiy xizmatning diniy omil va milliy qadriyatlarga tayangan turlari amal qilib kelmoqda17. Hindistonda ijtimoiy xizmat nogironlar tabaqalari, boshpanasizlar hamda mehnat davomida jarohat olganlarga amaliy yordam berishga yo‘naltirilgan bo‘lib, B.Vijayalakshmining ma’lumotlariga ko‘ra, ijtimoiy xizmat ko‘rsatgichlari yil davomida ortib bormoqda. Shuning uchun mutaxassislarni tayyorlashga institutsional yondashuvni rivojlantirish zarurati ortmoqda18. Muallif amaliy ijtimoiy yordam ko‘rsatishda milliy va umuminsoniy madaniyatga tayanishni taklif etadi.
Insoniyatning uzoq o‘tmishida ijtimoiy ish yoki xizmat deb ataluvchi muayyan tizim bo‘lmagan bo‘lsa-da, biroq bu faoliyatning elementlari qadimdan mavjud bo‘lgan. Misol uchun, qadimgi Misr ibodatxonalarida ochlarga tekin non va boshqa oziq-ovqat turlari, qadimgi Yunoniston va Rimda amal qilgan filantropik harakatlar, ya’ni kambag‘allashgan aholi qatlamlariga non, kiyim-kechak hamda pul tarqatilishi, Qadimgi Xitoyda hamdard bo‘lish va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish19 kabilarda kuzatish mumkin20. Filantropiya21 beg‘araz axloqni ifodalab, xayr-ehsonni targ‘ib etishga yo‘naltirilgandir. Qadimgi Rimda imperatorlar bu ishni faoliyat turi sifatida targ‘ib etib, S.V.Teterskiyning ta’biri bilan aytganda uni “xalq an’anasiga aylantirgan”22.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, diniy ta’limotlarda madad berish bilan ifodalanadi. Uning ma’naviy-kognitiv tushunchalari tahlili quyidagi yondashuvlar mavjudligini qayd etadi:
buddizmda dana tushunchasi;
iudaizmda idaki tushunchasi;
xristianlikda rahm-shafqat tushunchasi;
islomda sadaqa va zakot tushunchasi.
Saxovatga amal qilish va chorlash Markaziy Osiyo mintaqasida, jumladan, “qo‘li kalta” aholi guruhiga jamoaviy shaklda, ya’ni hashar orqali uy qurib berish, to‘y, ta’ziya va boshqa tadbirlarni o‘tkazishda ko‘maklashish kabi o‘ziga xos shakllarda ko‘rinadi. O‘zaro yordam ko‘rsatishni islom dini bilan bog‘liq amallarda, jumladan, sadaqa, zakot, fitr, bechoralarga ko‘mak berish singari ijtimoiy xizmat faoliyatining nokasbiy turi sifatidagi tarixiy ildizlarida ham ko‘rish mumkin. Buni ikki sabab bilan izohlash mumkin. Avvalo, hech bir ijtimoiy tizim bo‘shliqdan paydo bo‘lib qolmaydi, ya’ni, mavjud resurslarning hisobidan yaratiladi. Birinchidan, dastlabki shart-sharoitlar asosida u yoki bu sohadagi ijtimoiy tuzilmalar tizimlashtiriladi, ikkinchidan, ma’lum bir tarixiy bosqichlarda aholining turli guruhlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish amaliyoti turli shakllarda umumlashtirilib, institutsional mazmun kasb etadi. Masalan, Amir Temur davrida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish davlat darajasida amal qilgan bo‘lib, “Faqir-u miskin, biron kasb qilishga ojiz shol-ko‘rlarga nafaqa belgilansinlar”23 – deb ta’kidlaganligi bundan dalolat beradi. Natijada, ijtimoiy xizmat tizimi ma’lum vaqt o‘tishi bilan jamiyat ijtimoiy taraqqiyotida muhim hisoblangan alohida mustaqil sohaga, hatto mustaqil ilm va fanga aylanadi. “Insoniyat taraqqiyoti jarayonida vujudga keladigan har qanday fan o‘z predmeti va tadqiqot usullariga ega”24 bo‘lishi lozimligiga e’tibor qaratsak, ijtimoiy xizmat o‘z predmeti, nazariy va amaliy usullariga ma’lum tarixiy davr mobaynida erishdi.
XVIII asr, ayniqsa, XIX asrdayoq G‘arbda ijtimoiy himoyaga muhtojlarga yordam ko‘rsatishning turli shakllarini ilmiy-nazariy jihatdan anglashga urinishlar, jumladan, uning xususiyatlarini o‘rganish harakatlari amalga oshirildi va Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish assotsiatsiyalari tashkil etildi (National Association of Social Workers)25. Bu harakat maishiy va ijtimoiy muammolarga taalluqli tadqiqotlarni o‘tkazishda turtki bo‘lib, yaratilgan asarlarda erkinlik, tenglik, adolat asosida yashashni ta’minlash o‘z ifodasini topdi. Shu tariqa ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning tarixi va nazariyasi shakllana bordi26.
Amaliyotning maqsadli, tahlili hamda nazariy izlanishlar27 ijtimoiy himoyaga muhtojlarga yordam berish bilan shug‘ullanuvchi kishilar maxsus tayyorgarlikdan o‘tishlari zarur, degan xulosaga olib keldi. Ijtimoiy farovonlikni ta’minlashda zaruriy faoliyat turi hisoblanadigan ijtimoiy xizmatning institutlashuvi katta madaniy mazmunga ega bo‘lgan yutuq edi. Asta-sekin u amaliy, ilmiy va o‘quv faoliyatini birlashtirgan tizimga aylandi. U bugun barcha mamlakatlar ijtimoiy siyosatini amaliy ta’minlashda ishtirok etadigan vosita hisoblanadi.
Ijtimoiy xizmat tushunchasiga O‘zbekiston Respublikasining “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasida “Ijtimoiy xizmatlar shaxsning turmushi sifatini oshirishga, unga jamiyat hayotida ishtirok etishning boshqa fuqarolar bilan teng bo‘lgan imkoniyatlarini yaratishga va o‘zining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga, xizmatga muhtoj shaxslarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha huquqiy, iqtisodiy, psixologik, ta’limga oid, tibbiy, reabilitatsiya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar majmuyidir”28, ‒ deb ko‘rsatilgan. Agarda ijtimoiy xizmat huquqiy, iqtisodiy, psixologik, ta’limga oid, tibbiy, reabilitatsiya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar majmuyidan tarkib topgan bo‘lsa, kasbiy faoliyat sifatida bir qancha sohalardagi faoliyat turlarini o‘zida mujassam etadi. Masalan, huquqiy chora-tadbirlar29 o‘zida fuqarolik huquqi, konstitutsiyaviy huquq, mehnat huquqi, oila huquqi va boshqalarni qamrab olib, o‘zi mustaqil faoliyat turi hisoblanadi. Iqtisodiy chora-tadbirlar30 esa moddiy ishlab chiqarish, nomoddiy ishlab chiqarish hamda ishlab chiqarishda yaratilgan iqtisodiy ne’matlarni individual tarzda uzatish, ulardan foydalanish kabilarni qamrab oladi. Psixologik chora-tadbirlar31 insonni ijtimoiy-lashuvidan to individual salohiyatini namoyon etish hamda ish davomida orttirilgan jarohatni bartaraf etishni ta’minlaydi. Ta’limiy chora-tadbirlar32 esa turli sabablar tufayli mehnat layoqatiga ega bo‘lmaganlarni (layoqatini yo‘qotganlarni ham) jami-yatning to‘loqonli a’zosi bo‘lishi uchun biron-bir kasbga o‘qitish yoki muayyan masalalarda bilimini oshirishni taqozo etadi. Tibbiy chora-tadbirlar33 esa insonni me’yoriy jismoniy sog‘ligini saqlash, mustahkamlash va organizmining funksional holatini ta’minlash uchun xizmat qiladi va tug‘ma nuqsonli yoki jismoniy jarohat olganlarni me’yoriy hayot tarziga qaytarish uchun olib boriladigan tadbirlardan tarkib topgan. Bu borada professor I.Ergashev xizmat ko‘rsatish hududiy rivojlan-tirishning amaliy ahamiyati xususida to‘xtalib, “xizmat ko‘rsatish tarmoqlariga yo‘l ochish juda katta ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan, har bir viloyat ehtiyojlari aniq hisobga olingan dasturga ega bo‘lishi va uni muntazam hayotga tatbiq etishi maqsadga muvofiqdir”34, ‒ deya ta’kidlaydi.
Agarda, ijtimoiy ishga kasb tariqasida yondashsak, bunda quyidagi ijtimoiy majmua namoyon bo‘ladi:
- “ehtiyoj+maqsad+motiv+harakat+joriy etilgan kasbiy me’yor = mehnat natijasi (ehtiyoj/talabning amaliy qondirilishi)”. Har qanday faoliyatning amaliyotda mavjudligi quyidagi kabi bir qator omillarga bog‘liqdir: motivatsiya; mutaxasislar (kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishning huquqiy35, ilmiy va uslubiy jihatlari); moddiy-texnikaviy; ilmiy-uslubiy; moliyaviy; tashkiliy; me’yoriy-axloqiy; huquqiy-siyosiy; jamiyatda ijtimoiy buyurtma sifatida ijtimoiy yordam olishni namoyon bo‘lishi; axborot; jamiyat hayotini moddiy farovonligi va ma’naviy madaniyati.
Faoliyat esa odamga xos bo‘lgan, ong tomonidan boshqariladigan, ehtiyojlarni qondirishda yuzaga keladigan, tashqi olam va insonni bilish, shuningdek, ularni o‘zgartirishga qaratilgan faollik sifatida ta’riflanadi.
M.Basovning ko‘rsatishicha, bunda reaksiya (inson xotirasida saqlanadigan ma’lumotlar) va stimulning rivojlanishi alohida mazmun kasb etadi36. Masalaga strukturaviy-funksional yondashgan holda quyidagicha munosabat bildirish mumkin: “Ijtimoiy ish deganda, insonning fundamental ehtiyojlarini qondirish hamda maishiy va ijtimoiy hayot davomida vujudga keladigan ijtimoiy mazmunga ega bo‘lgan turli muammolarni bartaraf etish uchun amalga oshiriladigan maqsadli amallarning majmuasini tushunish lozim”37.
Ijtimoiy ish rivojlanishining institutsional bosqichgacha bo‘lgan davrida har bir mintaqaning o‘z amaliyoti bo‘lib, ushbu amaliyot etnomadaniy, milliy-diniy qadriyatlar va me’yorlar tarkibida amal qilgan. O‘z navbatida etnomadaniyatning amal qilishida hamkorlik, birdamlik, o‘zaro aloqalarni yarata olish muhim hisoblanib, bunda streotipli munosabatlar tarzi alohida o‘rin tutgan. Chunki u kasbiy faoliyat hamda maishiy va ijtimoiy hayotda katta ahamiyat kasb etgan. Bular bevosita etnomadaniyatning tarkibiy elementlari hisoblanmish an’analar, qadriyatlar, me’yorlar, marosimlar, udumlar, arxetiplar kabilarda mujassamlanib, sotsiumda hamkorlikni ta’minlash funksiyasini bajaradiki, bu xususda Y.A.Eroxina alohida to‘xtalib o‘tgan38. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bizning mintaqada ijtimoiy munosabatlar jarayonida etnomadaniyatning asosiy tushunchalari o‘z mohiyatini yo‘qotmagan. Bunga misol tariqasida “savob”, “gunoh”, “xayr”, “sharr”, “ehson”, “sadaqa”, “rahm”, “shafqat”, “harom”, “halol”, “insof” kabi tushunchalarni keltirishimiz mumkin.
Fikrimizcha, ijtimoiy muammolarni samarali hal qilish va ularni ilmiy nuqtayi nazardan tadqiq etishda uchta texnologik bosqichga amal qilish lozim. Bular ‒ nazariy, uslubiy va amaliyot bosqichlaridir.

Yüklə 1,06 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   193




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin