Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti pedagogika ka
3. Qadimgi turkiy xalqlar yodgorliklarida tarbiyaga doir fikrlar Turkiy xalqlarning yozma ma’rifiy yodgorliklari o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, pedagogika tarixi, xususan, yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Bular “Urxun-Enisey yodgorliklari”, “Irq yozuvlari” (“Ta’birnoma”) kabi manbalar bo‘lib, ulardan yangi davr kishisini tarbiyalashda foydalanish muhim vazifalardan sanaladi.
Eng qadimgi turkiy tilda yaratilgan va turk-rumiy yozuvida bitilgan Urxun-Enisey bitiklarini “toshlarga bitilgan kitoblar” ham deb ataydilar. O‘ziga xos xat (yozuv)da bitilgan bu bitiklar eramizning VI-VIII asrlarda yozib qoldirilgan. Toshlarga bitilgan mazkur yodgorliklar ta’lim-tarbiyaga oid qimmatli ma’lumotlarni beradi.
Urxun-Enisey yodgorliklari S.E.Malov hamda I.V.Steblevalar tomonidan rus tiliga tarjima qilindi. O‘zbekistonda Oybek, O.SHarafuddinov, N.Mallaev, Aziz Qayumov va N.Rahmonovlar Urxun-Enisey bitiklari ustida tadqiqot ishlarini olib bordilar va ushbu manbaning ta’lim va tarbiya ishlarini yo‘lga qo‘yishdagi ahamiyatini yoritib berdilar.
Ma’lumki, eramizning VI asri o‘rtalariga kelib, Oltoy, Ettisuv va Markaziy Osiyo hududlarida yashovchi turk qabilalaridan iborat Turk hoqonligi davlati tarkib topdi. Bu hoqonlik g‘arbdan Vizantiya, janubdan Eron va Hindiston, Sharqdan Xitoy bilan chegaradosh bo‘lgan. Turk hoqonligi Turkyut davlati deb ham atalgan. Hoqonlik 604 yilda Sharqiy va G‘arbiy hoqonlikka ajralgan. Eramizning 745 yiliga kelib esa Turk hoqonligi barham topgan.
Bitiktoshlarda turk hoqonlarining yurishlari, yurishlar davrida alp kishilar, sarkardalar tomonidan ko‘rsatgan jasoratlar, ularning bilimli, mard, xalqparvar ekanliklari bayon etiladi. o‘z vatanining mustaqilligi uchun kurashish, xalqni asoratdan olib chiqish, ularning birdamligini ta’minlash hoqonlar Bo‘min, Istami, Eltarish, Eltarishning o‘g‘illari - Bilga hoqon, lashkarboshi Kultegin, ma’naviy otalari Tunyukuklarning zimmasiga tushgani hikoya qilinadi. Masalan, Kultegin bitigida uning ta’rifi berilgan. Kultegin xalqparvar, tadbirkor, xalqning kelgusi taqdirini ham o‘ylaydigan jonkuyar sarkarda sifatida ta’riflanadi. U o‘z jonidan vatan taqdiri, xalq manfaatini yuqori qo‘ygan shaxs. Kultegin Eltarish hoqonining kichik o‘g‘li. U 713 yil 27 fevralda qirq etti yoshida vafot etadi. Bitiktosh 732 yilda o‘rnatilgan. Ushbu bitiktoshda barcha voqealar Kulteginning akasi Bilga hoqon tilidan hikoya qilinadi. Uning asli ismi Mug‘iliyon bo‘lgan. Bitigni Kulteginning jiyani Yo‘llug‘ tegin yozgan. Demak, bitigning muallifi ham ma’lum.
Kultegin bitigida Bilga hoqonning og‘a-inilari va qarindosh-urug‘lariga murojaat qilib, ularning xatolari tufayli turk elida ko‘p falokatlar yuz berganini bayon etganligi ifodalanadi. Turkiylarning harbiy yurishlari, ularga qo‘shni bo‘lgan tabg‘achlarning bosqinchiligi tufayli xalq boshiga tushgan kulfatlar haqida so‘z yuritiladi, shuningdek, xalqning yolg‘onchilik, firibgarlik qurboni bo‘lganligi ta’kidlanadi: “Oltin, kumush, ichkilik, ipakni shuncha hisobsiz berayotgan Tabg‘ach xalqi so‘zi shirin, ipak kiyimi nafis ekan. SHirin so‘zi, ipak kiyimi bilan aldab, yiroq xalqni shu xilda yaqinlashtirar ekan. YAxshi qo‘shni bo‘lgandan keyin yovuz ilmni u erda o‘rganar ekan..
Ikkinchi bitiktosh - Bilga hoqon bitigidir. Bu bitiktosh Eltarish hoqoninng katta o‘g‘li - Kulteginning akasi Bilga hoqon sharafiga 735 yilda o‘rnatilgan. Bilga hoqon 734 yilda ellik yoshida o‘z yaqinlari tomonidan zaharlab o‘ldirilgan. Bu bitig ham Yo‘llig‘ tegin tomonidan yozilgan.
Bilga hoqon turk eli o‘rtasida elparvar hoqon deb tanilgan edi. “Bilga” so‘zining o‘zi ham “dono” degan ma’noni anglatadi. U turk xalqining vatani abadiy bo‘lishi uchun kurashadi. Xalqqa qarata shunday o‘git qilar edi: “Vatanni saqlab qolmoq, faqat hoqonga emas, xalqqa ham bog‘liq. Ajdodlarimizning xato va yutuqlari buning dalilidir. Xalq o‘z hoqonining yo‘l-yo‘riqlarini amalga oshirmasa, boshiga ko‘p kulfatlar tushadi. Hoqon o‘ta ishonuvchan bo‘lmasligi, boshqalarning gapini o‘ylab, mulohaza qilib amalga oshirishi lozim. Samimiy so‘z bilan yolg‘onni farqlay olishi kerak. qattiqqo‘l hoqon o‘z xalqiga yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Ishonuvchan bo‘lsa, yaxshi-yomonni ajrata olmasa, fojiaga yo‘l ochiladi, mamlakatda tartibsizlik yuzaga keladi”.
Bilga hoqon tarqoq xalqni birlashtiradi, oyoqqa turg‘izdi, yurtda farovon hayot qaror topadi. U xalq farovonligini ta’minlash davlat boshlig‘ining burchi, mamlakatning ozodligi, xalqning osoyishtaligi uning moddiy farovonligiga bog‘liq deb biladi. Bitiklarda yurtboshining boylikka hirs qo‘yishi xalqning nochor hayot kechirishiga olib keluvchi sabab ekanligi qayg‘u bilan ifodalanadi. U o‘z xalqiga shunday murojaat etadi: “Men yashadim, turk beklari, turk xalqim. Bu hoqoningdan, bu beklaringdan, eringdan, suvingdan ayrilmasang, turk xalqi, o‘zing ezgulik ko‘rajaksan, betashvish bo‘lajaksan”.