Bolalar jamoasining shakllanish bosqichlari. Jamoaning vujudga kelish uchun to‘rt bosqich zarur. Jamoaning shakllanish bosqichlarida dastlab o‘qituvchi butun guruhga talab qo‘yadi hamda mazkur jarayonda jamoa faollarining shakllanishiga alohida e’tibor qaratadi. Navbatdagi bosqichda muayyan darajada shakllangan jamoa faollari (aktivi) jamoa a’zolari oldiga ma’lum talablarni qo‘yadi. Uchinchi bosqichda esa jamoa umumiy holda jamoaning har a’zosidan muayyan tarzdagi faoliyatni olib borishni talab qiladi. So‘nggi (to‘rtinchi) bosqichda esa jamoaning har bir a’zosi o‘z oldiga mustaqil ravishda jamoa manfaatlarini ifoda etuvchi talabni qo‘yish layoqatiga ega bo‘ladi. Ushbu jarayon mohiyatini qo‘yidagicha bayon etish mumkin:
Jamoaga qo‘yilayotgan talablar mazmunidagi farq jamoa rivojlanishi bosqichini aniqlovchi yorqin tashkiliy ko‘rsatkich sanaladi. Jamoaning amaliy faoliyati mazmuni, jamoa a’zolarining jamoa oldidagi javobgarligi, ular o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik, shuningdek, ularning xulq-atvori axloqiy kamolot darajalarini ko‘rsatuvchi muhim belgilar sifatida namoyon bo‘ladi. Jamoani shakllantirishda uning hayotini belgilovchi ichki jarayonining mohiyatini inobatga olish zarur.
Jamoaning shakllanish bosqichlarini belgilash shartli hisoblanadi, zero, jamoaning shakllanishi muayyan chegara yoki oraliqqa ega emas. SHunga qaramay o‘qituvchiik nuqtai nazardan jamoaning shakllanishini muayyan bosqichlarga ajratish juda muhimdir. Bolalar jamoasini ma’lum rivojlanish bosqichlarga ajratish alohida ahamiyat kasb etadi. Bolalar jamoasi rivojlanishining har bir bosqichi jamoa a’zolariga nisbatan samarali o‘qituvchiik ta’sir ko‘rsatishning maqbul shakl va metodlarini tanlash imkonini beradi.
Jamoa rivojlanishining birinchi bosqichi. Mazkur bosqichda talab faqat o‘qituvchilar tomonidan qo‘yiladi. Bu jamoa rivojlanishining boshlang‘ich nuqtasidir. Ushbu davrdagi jammoa hali tarbiyalovchi jamoa bo‘lmay, balki «tashkil etuvchi birlik» (sinf yoki guruh) hisoblanadi. Ushbu bosqichda o‘quvchilar o‘qituvchi tomonidan talablarning qo‘yilishiga e’tiborsiz qaraydilar. Jamoa a’zolarining uzluksiz ijodiy faoliyatini tashkil qilish va ularni muayyan (yagona) maqsad atrofida birlashtirishga erishish orqaligina jamoa qaror topadi. O‘quvchilarning jamoa faoliyatida ishtirok etishi tufayli asta sekin boyib boradigan tajriba, faoliyat natijasini birgalikda muhokama qilish, qilinajak ishlarni rejalashtirish jamoa a’zolarida mas’uliyat, javobgarlik, faoliyat biriligi, shuningdek, ishchanlik munosabatining paydo bo‘lishi, shuningdek, o‘quvchilarda jamoa faoliyatiga nisbatan qiziqishni paydo bo‘lishiga olib keladi. Bolalarning jamoa faoliyatini tashkil etish borasdagi tajribaga ega emasliklari bois so‘z yuritilayotgan bosqichda o‘qituvchining asosiy maqsadi jamoa a’zolarini oddiy tarzda uyushtirishdan iborat bo‘ladi.
Ushbu bosqichda o‘qituvchining talabchanligi, jamoaning barcha a’zolariga birday talabni qo‘ya olishi, u tomonidan qo‘yilayotgan talabning qat’iyligi, izchilligi hamda murosasizligi muhim omil hisoblanadi. Bu vaziyatda o‘qituvchining «hukmdorlik» davri uzoq davom etishi mumkin emasligi, bir qarashda intizomning vujudga kelganligi ma’lum bo‘lsada, ayni vaqtda guruh a’zolarining faolliklarini rivojlantirish uchun zarur bo‘luvchi sharoitning hali mavjud bo‘la olmaganligini hisobga olish zarur.
Jamoa hayotining birinchi bosqichida jamoa faolining paydo bo‘lishi ushbu davr uchun xarakterli hodisadir. Jamoa faoli (aktivi) muayyan guruhning shunday a’zolaridirki, ular jamoa manfaatiga muvofiq tarzda harakat qiladilar, o‘qituvchi faoliyati va talabiga nisbatan xayrixohlik bilan munosabatda bo‘ladilar. Faollar o‘qituvchining yaqin yordamchilari sifatida ish olib boradilar.
Jamoa rivojlanishining ikkinchi bosqichi. Ushbu bosqich jamoa faolining o‘qituvchi talabini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘z navbatida uning o‘zi bu talablarni jamoa a’zolari zimmasiga qo‘yishi bilan tafsiflanadi. Endilikda o‘qituvchi jamoada paydo bo‘lgan va u bilan bog‘liq muammo, masalalarni yolg‘iz o‘zi hal qilmaydi. Jamoa faoli bilan maxsus tarbiyaviy ish olib borish orqali bu ishga uni jalb etadi. Ushbu bosqichda jamoa hayotini tashkil qilish usuli murakkablashib boradi, ya’ni, jamoa o‘z-o‘zini boshqarishga o‘tadi.
O‘quvchilar amaliy faoliyatining doimiy ravishda murakkablashib borishi mazkur davrining muhim xususiyati sanaladi. Ikkinchi bosqichda jamoaning muhim ishlarini o‘quvchilar tomonidan mustaqil rejalashtirilishi, tadbirlarni o‘tkazishga tiyyorgarlik, uni o‘tkazish hamda faoliyat natijalarini muhokama qilish jamoa faoliyatining ijodiy xususyat kasb etishini ko‘rsatuvchi omillar sanaladi.
Jamoaning ijobiy rivojlanishi uning a’zolarida motiv (rag‘bat)larning paydo bo‘lishi, ijodiy hamkorlik va o‘zaro yordam munosabatlarining tez sur’atlar bilan rivojlanishiga olib keladi.
Jamoada mustaqil faoliyatning yuzaga kelshida jamoa faolining roli beqiyosdir. Ammo jamoa faolining jamoa a’zolari orasida hurmat qozona olishi, ularga namuna bo‘lishi, o‘z burchlarini aniq va puxta bajarishi hamda o‘z mavqelaridan noo‘rin foydalanmasliklari juda muhimdir. Bu o‘rinda A.S.Makarenkoning jamoa faoliga nisbatan «jamoa vijdoni» deya bergan ta’rifini eslab o‘tish joizdir. Jamoa faoli birmuncha imtiyozlar (huquqlar)ga ega bo‘lsada, ayni paytda uning o‘ziga ham oshirilgan talablarning qo‘yilishi maqsadga muvofiqdir.
Jamoaning rivojlanishi bu bosqichda to‘xtab qolishi mumkin emas, chunki faoliyat ko‘rsatayotgan kuch jamoaning bir qismigina xolos. Bordi-yu, jamoaning rivojlanishi ushbu bosqichda to‘xtatib qolinsa, jamoa faolining guruhning boshqa a’zolari bilan qarama-qarshi qo‘yish xavfli tug‘ilishi mumkin. Bu bosqichda jamoaning barcha a’zolarining alohida faollik ko‘rsatishga erishishlari zarur sanaladi.
Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichi. Jamoa faliyatida bu bosqich anchagina sermahsul hisoblanadi. A.S.Makarenkoning aniqlashiga ko‘ra, bu davrda butun jamoa «ayrim o‘zini chetga olib qoluvchi, injiq shaxs»larga talab qo‘ya boshlaydi.
Jamoa ishiga ushbu bosqichda faqat faolgina emas, balki uning butun a’zolari qiziqadi. Jamoa hayotidagi uchinchi bosqich, ijtimoiy fikr mavjudligi bilan ifodalanadi. O‘qituvchi mazkur yo‘nalishda maqsadga muvofiq va izchil ish olib borgan sharoitdagina ijtimoiy fikrni shakllantirishga erishishi mumkin. SHu maqsadda u yoki bu tadbir rejasi, jamoaning birgalikdagi faoliyati va uning a’zolari xatti-harakati jamoa bo‘lib muhokama qilinadi, turli mavzularda suhbatlar va ma’ruzalar uyushtiriladi, o‘quvchilar o‘rtasida samarali axborot vositalari yordamida ijtimoiy-g‘oyaviy, axloqiy, estetik, ekologik, huquqiy, iqtisodiy va hokazo bilimlarning targ‘iboti tashkil etiladi. O‘qituvchi jamoa a’zolarining birgalikdagi faoliyatini tashkil etar ekan, jamoa a’zolarining ijodiy tajribasiga hissa qo‘shish imkonini beradigan o‘zaro munosabatlarini shakllantirishga ta’sir ko‘rsatadigan shakl va metodlardan foydalanadi.
Jamoaning har bir a’zosida, ijtimoiy ahamiyatli faoliyatni maqsadga muvofiq ravishda tashkil etish ko‘nikmasini hosil qila olishi jamoa a’zolari orasida barqaror insoniy munosabatlarning tarkib topishiga yordam beradi.
Jamoada barqaror insoniy munosabatlarning yuzaga kelishining sababi - uning a’zolarini ijobiy, madaniy-ma’rifiy mazmunga ega bo‘lgan ishlarni tashkil etishda faol ishtirok etishlaridir.
Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichda ko‘rsatib o‘tilgan xususiyatlar shundan dalolat beradiki, ushbu bosqichda jamoa faoligina emas, balki jamoaning har bir a’zosi bir-birlariga nisbatan axloqiy mazmundagi talablarni qo‘ya boshlaydilar.
Jamoa rivojlanishining to‘rtinchi bosqichi. Bu bosqich uning barcha a’zolari jamoa oldida turgan vazifalar asosida o‘z-o‘zlariga talablar qo‘ya olishlari bilan tavsiflanadi. SHuni aytish joizki, har bir bosqich jamoa a’zolarining o‘ziga nisbatan muayyan talab qo‘yishi bilan tavsiflanadi, ammo qo‘yilgan har bir talab o‘ziga xos yo‘nalishi (masalan o‘yindan umuminsoniyat baxti yo‘lida kurashishiga intilish o‘rtasidagi farq) bilan ajralib turadi.
To‘rtinchi bosqich jamoa a’zolarining o‘ziga nisbatan yuksak axloqiy talablar qo‘ya olishlari bilan ahamiyatlidir. Jamoaning hayoti va faoliyati mazmuni jamoa a’zolarining har biri uchun shaxsiy ehtiyojga aylanadi. Jamoadagi tarbiya jarayoni o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoniga aylanadi. Biroq bu holat jamoaning muayyan shaxsni yanada rivojlantirishdagi roli va o‘rnini pasaytirmaydi. To‘rtinchi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar ancha murakkab va mas’uliyatlidir. Mazkur bosqichda jamoa oldiga istiqbolli, yuksak va murakkab talablarni qo‘yish uchun mutlaqo qulay sharoit yaratiladi.
Bugungi kunda o‘qituvchi-olimlar (L.I.Nikova va boshqalar) bolalar jamoasining rivojlanish jarayonining mohiyatini tahlil qilar ekanlar, uni qo‘yidagi uch bosqichga bo‘ladilar:
a) jamoani dastlabki jipslashtirish;
b) jamoani shakllantirish asosida uning har bir a’zosini individual rivojlantirish;
v) jamoaning umumiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Jamoa hayotida muhim o‘rin tutuvchi har bir bosqichni ajratib ko‘rsatish yuqorida bayon etilgan fikrlarga zid emas, balki shaxsning rivojlanishida jamoaning etakchi ahamiyatini ta’kidlaydi.
A.S.Makarenko jamoa a’zolari o‘rtasida yuzaga keluvchi munosabatlarining ichki xususiyatlariga katta ahamiyat bergan edi. Pedagog jamoada shakllangan eng muhim quyidagi belgilarni ajratib ko‘rsatgan edi:
1) major - doimiy tetiklik, o‘quvchilarning faoliyat (harakat)ga tayyorliklari;
2) o‘z jamoasining qadriyatlari mohiyatini tushunish, uning uchun g‘ururlanish asosida o‘z qadr-qimmatini anglash;
3) jamoa a’zolari o‘rtasidagi do‘stona birlik;
4) jamoaning har bir a’zosida qaror topgan do‘stona birlik;
5) tarbiyali, ishchan harakatga yo‘llovchi faollik;
6) hissiyotni boshqara olish hamda muloqot odobiga amal qilish ko‘nikmasi.
Jamoani shakllantirishda jamoa a’zolari va ularning faoliyatlariga qo‘yiladigan yagona talablar muhim ahamiyat kasb etadi.
YAgona talab o‘quvchilarning dars jarayonidagi, tanaffus, sinfdan tashqari ishlar vaqtidagi, shuningdek, jamoat joylari hamda oiladagi xulq-atvor qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Puxta o‘ylab qo‘yilgan talablar tizimining muntazam amalga oshirilishi maktabda muayyan tartibning o‘rnatilishini ta’minlaydi.
O‘qituvchilar tomonidan qo‘yilgan talablar quyidagi sharoitlarda ijobiy natija beradi:
1. Qo‘yilayotgan talablar o‘quvchi shaxsini hurmat qilish tuyg‘usi bilan uyg‘unlashgan bo‘lishi kerak.
2. Talablar muayyan maktab yoki sinfdagi mavjud sharoitni hisobga olgan holda qo‘yilishi lozim.
3. Jamoaga nisbatan qo‘yilayotgan talablar aniq bo‘lishi lozim.
4. O‘quvchilarning tashqi qiyofasi, kiyinishi, yurish-turishi hamda muomalasiga nisbatan qo‘yilayotgan talablar, ularda ma’naviy madaniyatni shakllantirishga xizmat qilishi shart.
O‘quvchi qo‘yilayotgan talablar hajmi va tizimini bilibgina qolmasdan, talab qo‘yish metodikasini ham o‘zlashtira olgan bo‘lishi kerak.
O‘quvchilar jamoasiga nisbatan talablarni qo‘yish metodikasi bolalarni talablar mazmuni bilan tanishtirish, talablarning ahamiyatini tushuntirish, tajriba orttirish hamda o‘quvchilar faoliyat, shuningdek, qo‘yilayotgan talablarning bajarilish holatini muntazam suratda nazorat qilib turishdan iborat.
O‘quvchilarni talablar bilan tanishtirish ko‘pincha umumiy majlislarda amalga oshiriladi, bunda ta’lim muassasasining direktori yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktr o‘rinbosari istiqbol rejalari va ularni amalga oshirish jarayonidagi talablar mazmuni bilan o‘quvchilarni tanishtiradi. Batafsil tanishtirish ayrim hollarda amalda ko‘rsatish, keyinroq sinflar bo‘yicha sinf majlislari yoki maxsus suhbatlarni uyushtirish asosida amalga oshiriladi.
Xulq-atvorni tarkib toptirishga yo‘naltirilgan talablar bilan tanishtirish mazkur talablar ustida mashq qildirish bilan qo‘shib olib borilishi kerak. Xulq-atvorni tarbiyalash ongni tarbiyalashga qaraganda ancha murakkab ish. O‘quvchilar talablar mohiyatini yaxshi anglashlari mumkin, biroq aksariyat hollarda ularga rioya qilmaydilar. SHu bois muntazam ravishda mashq qildirish madaniy xulq-atvorni odatga aylantiradi.
Talablarning qo‘yilishi jarayonida ularga o‘quvchilarning amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish lozim. Nazorat qilib borish turli shakllar yordamida amalga oshiriladi, chunonchi, xulq-atvor jurnalini yuritish, sinfdagi navbatchilik uchun stendda baholarni qayd etib borish va boshqalar. Qo‘yilayotgan talablarning bajarilishi yuzasidan olib borilayotgan nazorat muntazam ravishda, izchil olib borilishi va haqqoniy bo‘lishi zarur. Olib borilgan nazorat natijalaridan o‘quvchilarni ogoh etib borish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Jamoani uyushtirish va jipslashtirish unda faol (aktiv)ni tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq. Har bir o‘qituvchining jamoani shakllantirish borasidagi harakti jamoaning tayanch yadrosini tanlashdan boshlanadi.
Jamoa faolini shakllantirish jamoaning u yoki bu faoliyatiga nisbatan ehtiyoji mazmunidan kelib chiqadi.
Ishonchli, ishchan jamoa faolini yaratish uchun o‘qituvchi o‘quvchilar faoliyatini ularning jamoa ishlaridagi ishtiroki, xulq-atvorini kuzatib borishi har bir o‘quvchining ijtimoiy faoliyatni tashkil etish layoqatini aniqlash zarur.
Jamoa faolini shakllantirishda o‘quvchilarning jamoadagi obro‘sini ham inobatga olish lozim. Jamoa faoli tarkibini bolalarning o‘zlari, albatta, o‘qituvchi ishtirokida va rahbarligida tanlasa maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘qituvchi jamoa faoli bilan maslahatlashish asosida tarbiyaviy faoliyatni tashkil etadi.
Jamoa faolining har bir a’zosi zimmasiga muayyan vazifani yuklash, ularning ma’lum davrda ana shu vazifalar yuzasidan hisobot berib borishlariga erishish maqsadga muvofiq. O‘qituvchi aynan faolga oshirilgan talab qo‘yadi. O‘quvchilar jamoasida faol rahbarligida o‘z-o‘zini boshqarish jamoa a’zolaridan ayrimlarining boshqasi ustidan ustun kelishiga olib kelmasligi kerak.
SHu bois o‘qituvchi faolni maqsadga muvofiq faoliyat yuritishini nazorat qilib borishi lozim.
O‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarishi bu o‘qituvchilar tomonidan tashkil qilinadigan jamoa ishini uyushtirish va boshqarishda o‘quvchilarning faol ishtirok etishidir. O‘z-o‘zini boshqarishning shakllari orasida jamoa a’zolarining yig‘ilishi, konferensiyasi hamda turli komissiyalar (masalan, o‘quv komissiyasi yoki tozalik komissiyasi) faoliyati muhim o‘rin tutadi.
O‘quvchilar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim o‘rin tutadi. Jamoa an’analari jamoa a’zolari tomonidan birdek qo‘llab-quvvatlanuvchi barqarorlashgan odatlar bo‘lib, ularning mazmunida munosabatlar xususiyati hamda jamoaning ijtimoiy fikri yorqin ifodalanadi.
Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga bo‘linadi:
a) kundalik faoliyat an’analari;
b) bayram an’analari.
Kundalik faoliyat an’analari o‘quvchilarning o‘quv faoliyati (o‘zaro yordam turlari), va mehnat faoliyati (ko‘chatlar o‘tkazish, hasharlar uyushtirish va boshqalar)ni o‘z ichiga oladi.
Bayram an’analariga ijtimoiy ahamiyatga ega turli voqea hamda hodisalar bilan bog‘liq sanalar (xususan, «Alifbe bayrami», «Mustaqillik bayrami», «Navro‘z bayrami», «Xotira va qadrlash kuni» va boshqalar)ni nishonlash maqsadida tashkil etilgan faoliyat kiradi.
An’anaviy bayramlar o‘quv muassasalarida turlicha o‘tkaziladi. O‘quvchilar an’analar mohiyatini anglasalar, ularga nisbatan ongli munosabatda bo‘lsalargina uning ta’sir kuchi yuqori bo‘ladi.
An’analarning yuzaga kelishida o‘quvchilarning unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Maktab rahbariyati va o‘qituvchilar o‘quvchilar jamoasiga muayyan sanalarga bag‘ishlab haddan ziyod ortiqcha tadbirni uyushtirish talabini qo‘ymasligi zarur.
Tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda o‘qituvchilar jamoasi yoki o‘qituvchi tomonidan ushbu jarayonda o‘quvchilar jamoasi bilan birgalikda ish olib borish, ularni an’analarni davom ettirishga o‘rgatish masalasiga alohida e’tibor qaratishlari pedagogik jihatdan ijobiy natijalarni beradi.
O‘quvchilar jamoasi ijtimoiy-foydali ahamiyat kasb etuvchi umumiy maqsad va birgalikdagi faoliyatga asosan jipslashgan o‘quvchilar birlashmasi, guruhidir. O‘quvchilar
jamoasi (shuningdek, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari jamoasi)ga rasmiy saylangan (tayinlangan) o‘quvchi hamda o‘qituvchilar yo‘lboshchilik qiladi. Ular sirasiga guruh rahbari, guruh faollari (xususan, guruh etakchisi (starosta), «Kamolot» tashkilotining guruh bo‘limi raisi, tozalik komissiyasi raisi, devoriy gazeta muharriri va boshqalar).
Bolalar jamoalarida rasmiy etakchilar bilan birga norasmiy yo‘lboshchilarning mavjudligi ko‘zga tashlanadi. Odatda rasmiy yo‘lboshchilar tarkibini a’lo baholarga o‘qiydigan, jamoa ishlarida faol ishtirok etuvchi o‘quvchilar tashkil etsa, norasmiy liderlar garchi bu kabi sifatlarni namoyon etmasalarda, ayrim sifatlariga ko‘ra tengdoshlarini o‘z ortlaridan ergashtira oladilar. Bunday o‘quvchilar boshqalardan jismonan kuchliligi, qat’iyatliligi, hech narsadan cho‘chimasligi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi bilan ajralib turadilar. Norasmiy liderlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasi boshqa o‘quvchilarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois sinf rahbari hamda maktab pedagogik jamoasi bunday liderlarning faoliyatini bevosita va bilvosita nazorat qilib borishlari zarur.
O‘quvchilar uyushmasiga pedagogik rahbarlik, yuqorida qayd etilganidek, aksariyat holatlarda sinf rahbari tomonidan amalga oshiriladi. SHu sababli sinf rahbari guruhning umumiy hamda har bir a’zosining individual xususiyatlarini bilishi, ularni inobatga olgan holda jamoaga yondashishi zarur. Sinf rahbarining norasmiy liderlar va ularning shaxsi haqida to‘laqonli ma’lumotlarga ega bo‘lishi pedagogik faoliyatni samarali tashkil etishga yordam beradi.
YUqorida bildirilgan fikrlardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin.
1. Jamoa bir necha a’zo (kishi)lardan tashkil topgan muayyan guruh bo‘lib, u ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan umumiy maqsad asosida birlashadi hamda mazkur maqsadni amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan faoliyatni tashkil etadi.
2. Jamoa o‘zida bir necha xususiyat (belgi)larni namoyon etadi.
3. Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadigan uzoq muddatli, murakkab jarayon bo‘lib, u ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlariga ko‘ra to‘rt bosqichdan iborat bo‘ladi.
4. Jamoani shakllantirish o‘ziga xos metodika asosida amalga oshriladi. Ushbu metodika doirasida jamoaga nisbatan talablarning qo‘yilishi, jamoa faoli (aktivi)ni tarbiyalash masalasi alohida ahamiyatga egadir.
5. Jamoaning mustahkam bo‘lishi, uning a’zolari o‘rtasida o‘zaro yordam hamda hamkorlikning qaror topishida jamoa an’analari muhim ahamiyat kasb etadi.
Dostları ilə paylaş: |