Samarqand davlat universiteti pedagogika kafedrasi
Eshitish nuqsonlari bor bolalar. Nutq murakkab ruhiy faoliyatdir. U ruhiy jarayonlarning tarkib topishiga va bolaning umuman barkamol bo‘lib o‘sishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Nutq eshituv organlari vositasi bilan idrok etishga asoslangan bo‘lib, atrofdagilarga taqlid etish yo‘li bilan rivojlanib boradi. Og‘zaki nutqning shakllanishida eshituv analizatori, nutqni harakatga keltiruvchi analizator eshituv analizatori bilan mahkam bog‘langan holda ishlaydi. Eshituv analizatorining rivojlanishi esa ko‘p jihatdan talaffuzga bog‘liq. Bola nutqining o‘sib borishi tovushlar talaffuzi, fiziologik va fonematik eshitishning kamol topib borish darajasi bilangina xarakterlanib qolmay, balki eng muhimi o‘z nutqi va atrofdagilar nutqidagi so‘zlarning tuzilishi, tovush tarkibini farqlay bilish qobiliyati bilan ham xarakterlanadi. So‘z tarkibini anglab olishdan iborat bu qobiliyat grammatik va leksik komponentlarning rivojlanishida ham muhim ahamiyatga ega.
Ikkala signal sistemasi, shuningdek idrok va so‘zning o‘zaro aloqada bo‘lishi aqliy rivojlanishning negizini tashkil etadi.
Defektologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, eshitishida nuqsonlari bor bolalarning rivojlanish darajasi shu nuqsonning bola hayotining qaysi davrida paydo bo‘lganligi va og‘ir-yengilligiga bog‘liq. Surdopedagogikada eshitishida nuqsonlari bor bolalar soqov, zaif eshituvchi, keyinchalik zaif eshituvchi bolalar guruhiga bo‘linib o‘rganiladi. Tug‘ma yoki hali tili chiqmagan, go‘daklik davrida ikkala quloqning mutlaqo eshitmasligi kar-soqovlikka olib keladi. Eshitish qobiliyatining qisman buzilishi natijasida nutqiy nuqsonga uchragan bolalar zaif eshituvchi bolalar guruhiga kiritiladi. Nutqi rivojlanib, shakllanib olgandan so‘ng yaxshi eshitmaydigan bo‘lib qolgan bolalar keyinchalik zaif eshituvchilar guruhiga kiradi. Bu nuqson nutq tarkib topgandan so‘ng vujudga kelsa ham, nuqson tufayli eshitishda xos kamchiliklar bo‘laveradi.
Turg‘un eshitish nuqsonlari kelib chiqish sabablariga ko‘ra tug‘ma va orttirilgan bo‘lishi mumkin.
Kar - soqov bolalarning 25-30 foizida eshitish nuqsonlari tug‘ma bo‘ladi.