Samarqand iqtisodiyot va servis instituti marketing kafedrasi
2-mavzu. B2B bozori va talab Reja: 2.1. Ishlab chiqarish-texnik maqsadlarga mo’ljallangan mahsulotlar bozori
2.2. Biznes bozori tushunchalari. Bozor tuzilmasidagi farqlar
2.3. Biznes marketingida talabni o’rganish
2.1. Ishlab chiqarish-texnik maqsadlarga mo’ljallangan mahsulotlar bozori Ishlab chiqarish-texnik maqsadlarga mo’ljallangan mahsulotlar (ishlab chiqarish vositalari) bozori – ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan barcha turdagi mehnat qurollari, xom ashyo, yoqilg’i materiallar soldi-sotdi qiladigan bozor. Unga tovar birjasi, savdo uylari, savdo-vositachilik firmalari, tijorat kompaniyalari va markazlari, lizing kompaniyalari, auksionlar, yarmarkalar, davlat zaxiralari va sug’urta fondlari, standartlar va narxlar bo’yicha davlat inspeksiyalari, monopoliyadan chiqarish qo’mitalari va boshqalar kiradi.
Erkin bozor munosabatlari ishlab chiqarish vositalarini barcha iste’molchi korxonalarga, korxona egalariga va aholiga erkin narxlarda sotish imkoniyatlarini yaratishni taqozo etadi. Bu esa, o’z navbatida, zamonaviy asbob-uskunalar, texnika vositalarini ishlab chiqarish, ularning sifatini yaxshilash hamda sotish infratuzilmasi (axborot, reklama, marketing xizmati)ni yaratish bilan bog’liq. Ishlab chiqarish-texnik maqsadlarga mo’ljallangan mahsulot bozorida ulgurji savdo amal qiladi. Resurslar xaridorlari resurs yetkazib beruvchilar bilan shartnoma asosida ish yuritadi. B2B bozorining bosh bo’g’ini tovar birjasi hisoblanadi. Ishlab chiqarish-texnik maqsadlarga mo’ljallangan mahsulotlarini xarid qiluvchilarga sanoat tarmoqlari korxonalari, tog’-kon, oziq-ovqat, kimyo sanoatlari, qurilish, mebelsozlik, transport, aloqa, kommunal xo’jaligi, maishiy xizmat va boshqa soha korxonalari kiradi.
Umuman bozor (market) - keng ma’noda muomala sohasi bo’lib, tovar ayirboshlash munosabatlari va jarayonlari majmuidir. Bunda tovar bilan oldi-sotdi munosabatlari tovar ishlab chiqarish, tovar ayirboshlash va pul muomalasi qonunlari asosida amalga oshadi. Ko’pincha, marketingda bozor deganda ma’lum tarmoq tovarlariga ehtiyoj sezuvchi va uni qondirish imkoniyatiga ega bo’lgan potensial iste’molchilarning majmui tushuniladi.
Bozor ma’lum bir qiymatga ega bo’lgan turli xil obektlar bo’yicha tashkil etilishi mumkin. Masalan, iste’mol tovarlari bozori, qimmatli qog’ozlar bozori, mehnat bozori, kapital bozori va boshqalar shular jumlasidandir. Iste’molchilarning turiga qarab bozorlar iste’mol bozori va korxonalar (tashkilotlar) bozoriga bo’linadi.
Iste’mol bozori - bu tovarlarni va xizmatlarni o’zining shaxsiy ehtiyoji uchun sotib oladigan yakka shaxslar va oilalar majmuidan iborat bo’lib, ommaviy iste’molchilarga egaligi, raqobatning xilma-xilligi va markazlashmagan strukturaga ega ekanligi bilan xarakterlanadi.
Korxonalar (tashkilotlar) bozori esa o’z navbatida ishlab chiqarish - texnik maqsadlarda foydalaniladigan mahsulotlar bozori va davlat tashkilotlari bozoriga bo’linadi.
Ishlab chiqarish - texnik maqsadlarda foydalaniladigan mahsulotlar bozori deganda boshqa tovarlar ishlab chiqarishda qo’llaniladigan tovarlar va xizmatlarni sotib oluvchi korxonalar va shaxslarning majmui tushuniladi.
Davlat tashkilotlari bozori deganda esa o’z faoliyatlarini yuritish uchun tovarlar va xizmatlarni sotib oluvchi yoki ijaraga oluvchi hamma bo’g’indagi davlat tashkilotlari tushuniladi.
Ishlab chiqarish - texnik maqsadlarda foydalaniladigan mahsulotlar bozori kam sonli xaridorlarga egaligi, lekin tovarlarning katta miqdorda sotilishi bilan xarakterlanadi.
Bozorda kim yetakchilik qilishiga qarab bozorlar “sotuvchi bozori” va “xaridor bozori”ga bo’linadi.
“Sotuvchi bozori” - unda tovarga bo’lgan talab taklifdan oshib ketadi. Bunday bozorda sotuvchi hukmronlik qiladi, xaridorning esa faol ishtirokchi bo’lishiga to’g’ri keladi. Bunday holatda “pul tovar orqasidan yuguradi”.
“Xaridor bozori” - bunday bozorda taklif talabdan ko’p, shuning uchun xaridorlar (iste’molchilar) taklif etilayotgan tovarlar va xaizmatlar orasidan hohlaganini tanlash imkoniyatiga ega. Bunday bozorda xaridorlar ustunlikka ega bo’lib, ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar bozorning eng faol ishtirokchilariga aylanadilar. Bunday holatda “tovar pul orqasidan yuguradi”.
Talab va taklifning miqdori va tarkibi jihatidan bir-biriga muvofiq kelishini “muvozanatli bozor” deb yuritiladi. Muvozanatli bozorni ta’minlashning asosiy yo’llari quyidagilar hisoblanadi: ishlab chiqarishni talab darajasiga yetkazish orqali bozorni to’yintirish; yetarli darajada mahsulotlar zahirasini barpo etish; xaridorgir mahsulotlar narxini oshirish va aksincha, talab uncha mavjud bo’lmagan mahsulotlar narxini pasaytirish va boshqalar.