Mavzu Buxoroda mang’itlar sulolasi hukmronligining o’rnatilishi-fayllar.org
Muhammad Rahimbiy. Buxoroda ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida o’zbek qabilalaridan mang’itlar va qo’ng’irotlarning nufuzi baland edi. Bu ikki qabila haqiqiy hokimiyat ashtarxoniylar qo’lida bo’lib turgan davrlarda ularga sadoqat bilan xizmat qilgan edilar. Biroq, keyinchalik, Buxoroda mang’itlar alohida nufuzga ega bo’lish uchun astoydil kurashdilar. Muhammad Hakimbiy davrida bu maqsadga erishdilar. Muhammad Hakimbiy 1743- yilda vafot etgan edi. Uning o’g’li Muhammad Rahimbiy o’zining muntazam qo’shinga egaligidan foydalanib, hokimiyatda otasi kabi alohida mavqe uchun da'vogarlik qila boshladi. So’nggi ashtarxoniy Abulfayzxon unga Bosh vazirlik lavozimini berishga majbur bo’ldi va oxir-oqibatda markaziy hokimiyat uning qo’lida to’plandi. Nodirshoh 1747- yilda o’ldirilganidan so’ng Eronda boshlangan ichki kurashlar Muhammad Rahimbiyning Buxoro taxtini egallashiga yo’l ochib berdi. Uning buyrug’i bilan Abulfayzxon ham 1747- yili o’ldirildi.Muhammad Rahimbiy taxtga Abulfayzning o’g’li Abdulmo'minni o’tqazdi va uni o’ziga kuyov qilib oldi. Ko’p o’tmay Muhammad Rahimbiy kuyovi Abdulmo’minni ham qatl ettirdi. Tez orada Muhammad Rahimbiy Buxoro aslzodalari va ruhoniylarining qo’llab-quvvatlashi bilan 1756- yilda o’zini xon deb e'lon qildi. Biroq mang’itlar chingiziylar nasliga mansub bo’lmaganligi uchun undan keyingi mang’it hukmdorlari o’zlarini xon deb emas, amir deb ataganlar. Ular Buxoro mintaqasining diniy hukmdori - amir ul-mo 'minin hisoblanganlar. Shunday qilib, 1756- yili Buxoroda hokimiyat tepasiga yangi sulola - mang’itlar sulolasi keldi va davlatni 1920- yilgacha idora qildi. Shundan boshlab Buxoro xonligi endilikda Buxoro amirligi deb ataladigan bo’ldi. Mang’itlar 92 o’zbek qabilasining biri edi. Mang’it hukmdori Muhammad Rahimxon (1756-1758) mamlakatda o’zining mutlaq hukmdorligini o’rnatish hamda ichki boshboshdoqlikni tugatish siyosatini tutdi. Bunday siyosatdan ko’zlangan maqsad - markazlashgan davlatni tiklash edi. Muhammad Rahimxon bu siyosatni ro’yobga chiqarishga qat’iy kirishdi. U barcha mahalliy hukmdorlarni o’z huzuriga chorlab, ularga o’zining asl maqsadini, o’z boshqaruv dasturini ma'lum qildi. Lekin davom etayotgan ichki nizolar, urushlar mamlakatni xonavayron qilayotganligi, xo’jalik, savdo-sotiq ishlarining izdan chiqayotganligi, agar bu jarayonlar bundan buyon ham davom etiladigan bo’lsa, davlat halokati muqarrar ekanligini alohida ta'kidladi. Qaysi mahalliy hukmdor markaziy hokimiyatga bo’ysunmasa, undaylar ayovsiz jazoga tortilishini ogohlantirdi. Muhammad Rahimxon mustaqillikni da'vo etib yurgan Miyonqol, Nurota, Qo’bodiyon, Boysun, Shahrisabz hamda Urgut bekliklarini to’rt yil davomida o’ziga bo’ysundirdi. Ayni paytda u bo’ysunishni ustamagan, markaziy hokimiyatga bo’ysunmaslikka urinayotgan qabilalarni turgan joyidan ko’chirtirib yuborish siyosatini tutdi. Masalan, burqut, qipchoq, yetti urug’, bahrin, yuz, kenagas, saroy va boshqa qabilalarga nisbatan ana shunday siyosat yuritildi. Muhammad Rahimxon yirik yer egalarining davlatni boshqarish ishlarida shu vaqtgacha davom etib kelgan aralashuvlarini keskin kamaytirishga erisha oldi. Shunday bo’lsada, u barcha bekliklarning markaziy hokimiyatni tan olishlariga to’la erisha olmadi.