Kishilik jamiyati boshidan kechirgan iqtisodiy jarayonlarda ta’minot, ishlab chiqarish, sotish alohida o’rin egallab kelgan va iqtisodiy o’sishga o’z hissasini qo’shgan, takror ishlab chiqarishning uzluksiz olib borilishini ta’minlashga qaratilgan.
Ishlab chiqarishning bir me’yorda olib borilishi o’z navbatida boshqarishning qanday tashkil qilinishiga bog’liq bo’lmasin, har bir bo’g’inda iqtisodiy jarayonlar sodir bo’ladi.
Iqtisodiy jarayonlarni kuzatish, tashkil qilish tegishli manbalarning o’zgarishiga olib kelish bilan birga ularga bo’lgan talabni o’rganish imkonini beradi. Bu imkoniyatni faqat hisob yuritish yo’li bilan amalga oshirish mumkin. Ishlab chiqarishning o’sib borishi tovar ayirboshlashning kuchayishiga olib keladi. Tovar ayirboshlashning takomillashib borishi hisobning tashkil topishi hamda takomillashib borishida alohida o’rin tutadi.
Iqtisodiy o’zgarishlarni o’rganishda, mulkiy munosabatlarni tartibga solishda hisobning o’rni alohida bo’lib, uning yordamida boshqaruv tizimini takomillashtirish, hisob ko’rsatkichlaridan to’g’ri foydalanish korxona mablag’larining to’liqligini nazorat qilish, korxona sarf-xarajatlarini kamaytirishga, mablag’lardan samarali foydalanishga olib keladi.
Hisobning takomillashib borishiga birinchidan ishlab chiqarishning o’sib borishi o’z ta’sirini o’tkazib borsa, ikkinchidan boshqaruv tizimidagi o’zgarishlar ham hisobning rivojlanib borishiga asos yaratadi.
Hisob yordamida turli mulkchilikka asoslangan korxona va xo’jalik sub’ektlarda amalga oshirilgan iqtisodiy jarayonlar (o’zgarishlar) kuzatiladi.
Xo’jalik sub’ektlarida amalga oshirilgan iqtisodiy o’zgarishlar turli o’lchov birliklarida, turli vaqtlarda amalga oshirilgan bo’lishiga qaramay hisob ko’rsatkichlarida bir turli o’lchov birliklarida ifoda qilinadi. Hisob ishlarini bir me’yorda olib borishda amalga oshirilgan xo’jalik operatsiyalarini hujjatlar bilan rasmiylashtirish alohida ahamiyatlidir. Har bir hujjatda amalga oshirilgan xo’jalik jarayoni o’z vaqtida rasmiylashtirilishiga alohida ahamiyat berilishi kerak, chunki to’g’ri tuzilgan hujjat hisobni o’z vaqtida, to’g’ri va sifatli yuritish uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Hisob ko’rsatkichlari yordamida biznes reja ko’rsatkichlarini tartibga solish, biznes reja ko’rsatkichlarining bajarilishini nazorat qilish imkoniyati yaratiladi.
Hisob deganda-olingan ma’lumotlardan ma’lum bir amaliy yoki ilmiy maqsadlarda keyinchalik foydalanish uchun yoki boshqa voqealar, harakatlar, dalillarni qayd etishni tushunmoq kerak.