Sаnоаt kоrхоnаlаri ishlаb chiqаrishidа аylаnmа mаblаg`lаrdаn sаmаrаli fоydаlаnish yo`nаlishlаri
Korxonalarning asosiy belgisi ularning o’zlariga tegishli mulkning mavjudligidir. Aynan shu narsa korxonalarning moddiy- texnik imkoniyatlarini belgilab beradi hamda ularning iqtisodiy erkinligi va kelajagini taminlaydi. Muayyan mulkdan foydalanmasdan hech bir korxona o’zining xo’jalik faoliyatini amalga oshira olmaydi.
Korxonalar egalik qiladigan mulk ko’chmas va ko’chirib bo’ladigan mulklarga ajraladi. Ko’chmas mulkka er uchastkalari, er osti boyliklari, maxsus suv ob’ektlari va umuman er bilan bog’liq bo’lgan buzilmas narsalar, shu jumladan o’rmonlar, ko’p yillik daraxtlar, inshootlar, binolar kiradi. Ko’chirib bo’ladigan mulkka ko’chmas mulkka kirmaydigan narsalar hamda pul mablag’lari va qimmatli qog’ozlar kiradi.
Korxona mulkini aylanma aktivlar va uzoq muddatli aktivlarga ham ajratish mumkin. Bunda korxona mulkining nafaqat ijtimoiy ko’rinishi balki ishlab chiqarish jarayonidagi roli, ahamiyati va korxona iqtisodiyotiga tasiri ham hisobga olinadi.
Uzoq muddatli aktivlar yirik va o’rta korxonalar mulkining 65-85% ini tashkil qiladi. Uning tuzilishi 3.1-chizmada keltirilgan.
Uzoq muddatli aktivlar korxona xo’jalik faoliyatida uzoq muddat mobaynida qatnashadi. Bu amortizatsiya jarayonining davomiyligi va aylanma tezligining sekinligi bilan bog’liq. Shuning uchun ular uzoq muddatli yoki sekin aylanadigan aktivlar yoki immobilizatsiya fondlari deb ataladi.
Korxonalarda uzoq muddatli aktivlarning tuzilishi va tarkibi bir-biridan jiddiy farq qiladi. Biroq, barcha korxonalar uzoq muddatli aktivlari tarkibida asosiy fondlar salmoqli hissani tashkil etadi.
Asosiy fondlar - bu moddiy (ashyoviy) boylik bo’lib, o’zining tabiiy ko’rinishi, uzoq vaqt mobaynida o’zgartirmaydi hamda qiymatini ishlab chiqarilayotgan mahsulot qiymatiga qismlab o’tkazadi.
Asosiy ishlab chiqarish fondlari umumiy ishlab chiqarishning moddiy-texnika bazasi hisoblanadi. Korxonaning ishlab chiqarish quvvati, mehnatning qurollanganlik darajasi asosiy ishlab chiqarish fondlarining hajmiga bog’liq. Asosiy fondlarning va mehnatning qurollanganlik darajasining oshishi mehnatga ijodiy xarakter bag’ishlaydi va jamoaning madaniy – texnik darajasini oshiradi.
Iqtisodiyotning erkinlashtirilishi sharoitida asosiy fondlar ishlab chiqarish samaradorligini oshiruvchi, iqtisodiy o’sishni taminlovchi barcha omillar ichida asosiy o’rinni egalaydi.
Asosiy fondlar jamiyat moddiy resurslarining asosiy qismini tashkil etadi. Ularning 65% dan ko’prog’i asosiy ishlab chiqarish fondlariga to’g’ri keladi.
Asosiy fondlar kengaytirilgan takror ishlab chiqarishdagi ishtirokiga ko’ra ishlab chiqarish va noishlab chiqarish asosiy fondlariga bo’linadi.
Ishlab chiqarish asosiy fondlari moddiy ishlab chiqarish sohasida qatnashadi. U o’zining amal qilish tsikli davomida ishlab chiqarish jarayonida bir necha marta ishlatiladi. Ishlab chiqarish asosiy fondlari bosqichma – bosqich eskirib, o’z qiymatini ishlab chiqarilayotgan mahsulotga qismlab o’tkazib boradi. Ular amortizatsiya ajratmalari hisobiga qoplanadi.
Noishlab chiqarish asosiy fondlariga korxona balansida turgan, xodimlarga xizmat qiladigan turar joylar, bog’cha, sport muassasalari va boshqa madaniy-maishiy xizmat ko’rsatuvchi ob’ektlar kiradi.