DTSga asoslangan ona tili o‘quv dasturi va darsliklarida ham o‘zbek tili qurilishi talqinida qator yangiliklar ko‘zga tashlanadi:
Olmoshning nafaqat ot, sifat, son, balki fe’l, ravish, taqlidiy so‘z, undov gap va, hatto, matnni almashtira olish, ularga ishora etish xususiyati hisobga olingan holda ularni o‘rganish fe’l, ravish, taqlidiy so‘zlardan keyinga ko‘chirilgan va ular ishora so‘zlar sifatida izohlanilgan.
Dasturda bir so‘z turkumidan ikkinchi bir so‘z turkumiga o‘tish talqini rus tili grammatikasidan ko‘chirilgan hodisa sifatida baholanadi (“Yaxshi bola yaxshi o‘qiydi”; “Mardona yigit mardona gapiradi” kabi gaplarda yaxshi va mardona so‘zlari birinchi birikmada sifat deb, ikkinchi birikmada esa ravish deb bahslanadi). Darslikda ravish so‘z turkumining xususiyatlari o‘rganilar ekan, uning morfologik kategoriyalarni, so‘z o‘zgartiruvchi qo‘shimchalarni qabul qila olmasligi asosiy belgisi qilib ko‘rsatilgan. Ravishlarning morfologik jihatdan o‘zgarmas ekanligi qator misollarda (tasodifan, birga, qasddan, o‘zbekona, haqiqatan) aniqlab berilgan. Ravishlarning sintaktik vazifasi ularning aniqlovchi bo‘lib kela olishi bilan kengaytirilgan.
Egalik, kelishik qo‘shimchalari faqat otlar va otlarni almashtirishga xizmat qiladigan olmoshlar bilan birikadi, degan g‘ayriilmiy talqin dasturdan o‘rin olmagan. Grammatikadagi otlashuv hodisasi "ma’no torayishi" mavzusi doirasida izohlangan.
So‘z turkumlarini o‘rganishda ularning asosiy ma’noviy, morfologik, sintaktik xususiyatlari hisobga olingan holda, amaldagi dastur va darsliklarimizdan farqli o‘laroq quyidagicha joylashtirilgan:
Maktab darsligida so‘z-gaplar, ularning ko‘rinishlari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Tasdiq-inkor ma’nosini ifodalaydigan so‘zlar (asosan, ha, yo‘q, xo‘p, xo‘sh) tilshunosligimizda, ko‘pincha, modallar tarkibida o‘rganilib kelingan. Hozirgi tilshunoslikda esa ularning ma’noviy xususiyatlari hisobga olingan holda alohida guruhga ajratilgan. Taklif so‘z-gaplar guruhiga qo‘llanilishi tana a’zolarining maxsus harakatlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan Ma, Mang, Qani, Xo‘sh?, Marhamat kabi so‘zlar kiritilgan. So‘z-gaplarning asosiy xususiyati, ya’ni ularning kesimlik shakli qo‘shimchalarini mutlaqo qabul qila olmasligi izohlab berilgan.
So‘z turkumlarning miqdori, ularning belgilari tarixiy o‘zgaruvchan bo‘lib, turli sistemalardagi tillardagina emas, qarindosh tillarda ham turlichadir. Shunga qaramay bir tildagi so‘z turkumlarning miqdori bo‘yicha ham olimlar orasida turli qarashlar, tasniflar mavjud. Masalan, hozirgi rus tilidagi so‘z turkumlarining miqdori haqida shunday tasnif mavjud: ko‘pchilik olimlar so‘z turkumini o‘nta deb hisoblaydilar. Bular:
ot (имя существительное), fe’l (глаголы), sifat (имя прилагательное), ravish (наречие), son (имя числительное), bog‘lovchi (союзы), predloglar, undov (междометные слова), yuklama (частицы).
Hozirgi ingliz tilidagi so‘z turkumlarining soni ham turli olimlar tomonidan turlicha talqin qilinadi: ba’zilari o‘nta deb ko‘rsatsa (ot(noun), sifat (adjectives), son (numeratives), olmosh (pronouns), fe’l (verbs), ravish (adverbs), predlog, artikl va yuklama (conjunctions)), ba’zilari o‘n to‘rtta deydilar: yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda modal so‘zlar, holat kategoriyasi, undovlar, javob so‘zlar kiritiladi.
Hind-yevropa tillariga kiruvchi tojik tilida ham so‘z turkumlari quyidagicha tasniflanadi: ot: дафтар, духтар, хона; sifat: нав, калон, калонтар, сурх, сурхтар; son: як, даҳ, бист; olmoshlar: ман мо, ту, шумо, ў, онҳо, ин; fe’l: кардан, рафтан, истодан; ravishlar: муваққатан, ҳоло, тозон-тозон; predloglar: ба, дар, аз, барои; bog‘lovchilar: ва, ҳам, чунки, зеро, бо ин ки; yuklamalar: - ми, - а, - ку, не; undov so‘zlar: оҳ! офарин! вой! э вой! Xulosa qilib aytish mumkinki, keyingi yillardagi ona tili tizimidagi qator yangiliklar, tajribalar, ilmiy xulosalar umumiy o‘rta ta’lim dastur va darsliklarida ham o‘z ifodasini topgan.