Abu Rayhon Beruniy mantiq ilmini o`rganmasdan uni malomat qiladiganlarga achinib shunday yozadi: “Agar u dangasalikni tashlab oromga berilmasdan gap bilan bog’lanib keladigan nahv (grammatika), aruz (she`r o`lchovi) va mantiq (logika) ni mutolaa qilganda edi, so`z (nutq) zotan, nasr va nazmga ajralishini bilgan bo`lardi”. Beruniy nutqning nazm va nasr ko`rinishlari borligini ko`rsatadi.
Abu Rayhon Beruniy mantiq ilmini o`rganmasdan uni malomat qiladiganlarga achinib shunday yozadi: “Agar u dangasalikni tashlab oromga berilmasdan gap bilan bog’lanib keladigan nahv (grammatika), aruz (she`r o`lchovi) va mantiq (logika) ni mutolaa qilganda edi, so`z (nutq) zotan, nasr va nazmga ajralishini bilgan bo`lardi”. Beruniy nutqning nazm va nasr ko`rinishlari borligini ko`rsatadi.
Nutqning bu turlari ma`lum qoidalar asosida shakllanadi. Nasr nahv (grammatika) qonun-qoidalari asosida, nazm aruz talabiga binoan tuziladi.
Aytilgan so`zning me`yorini o`lchovi va xatosini tuzatuvchi aniq ikkita mezon-nahv nasrda va aruz nazmda bo`lib qoldi, grammatika umumiyroq bo`lib, u nazmni ham, nasrni ham o`z ichiga qamrab oladi.
Sharqda, ayniqsa Movarounnahrda va`zxonlik “Qur`on”ni targ’ib qilish bilan mushtarak holda olib borilgani barchaga ma`lum. Shuning uchun ham so`zning ahamiyati, ma`nosi va undan maqsadga muvofiq foydalanish borasida qadimdan ko`p yaxshi fikrlar bayon etilgan.
Abu Rayhon Beruniy ham bu sohada samarali ijod etgan. 152 asarning muallifi bo`lgan Beruniydan bizgacha o’ttizga yaqin asar saqlanib qolgan.
“Geodeziya” asarida olim shakl va mazmun birligiga ham katta ahamiyat beradi. Shakl mazmunga xizmat qilishi kerak deb hisoblaydi mutafakkir. Mazmunsiz har qanday shakl ham el orasinda e`tibor qozonmaydi. Shuning uchun ham nutqning ikkala shaklida-ham nasriy, ham nazmiy shaklida mazmun bosh mezon hisoblanadi. Nutq o`zining har ikki shaklida ham so`zlovchi o`z oldiga qo`ygan ma`noni (fikrni) ifodalashi shart. Olim yozadi: “So`ngra so`z mana shu ikki qismda (nasr va nazmda) ham so`zlovchi maqsad qilgan ma`nodan iborat bo`lib qoladi”. Nasriy yoki nazmiy nutqda mazmun bor yoki yo`qligini bilish tuzilgan gaplarni bir-biri bilan qiyoslash orqali aniqlanadi. Bu vazifani esa mantiq fani o`z bo`yniga oladi:” ... agar (biror) ma`noga ega (jumlalar) tuzilib, ular (bir-biri) bilan qiyos qilinsa ularda (ma`lum) ma`no topiladi yoki u inkor qilinadi”.
“Xullas, yaxshi nutq tuzish uchun nahv, aruz mantiq fanlari hamkorligidan foydalinishi zarur bo`ladi. Ularning birortasiga ahamiyat bermaslik, bulardan birining qoidasining buzilishi, qolgan ikkitasiga ta`sir qilmay iloji yo`q”.
Olim o`z fikrlarini davom ettirib, har qanday tilning o`z grammatik qurilishi, grammatikasi, o`z tartib-qoidalari bo`lishi, bu qoidalarning shu tilda tuzilgan nutq uchun ahamiyati beqiyosligi aytib, bu qoidalar boshqa tillar uchun nozarur bo`lishi mumkin deydi. Ammo olim har bir tilning afzalligi o`sha tilda so`zlovchilar uchun zarurdir deb hisoblaydi.
Beruniy balog’a san`atini arab tiliga xosligi haqida gapirib, bunday nutq texnikasi arablar uchun fazilat ekanligini bayon etadi. Chunki arab tilida balog’a (notiqlik) ning mavjudligi Qur`on targ’ibotida arab nutqining ziynati sanaladi. Notiqlik san`atidan foydalangan kishining yuqori mansabga erishuvi va boshqa bir kishining kambag’allikka yashashiga balog’a aybdor emas deb aytadi. Boshqa tillarda balog’ani egallaganlarning obru topmasliklariga sabab, balki balog’aning arablar tilidan boshqa tillarga ko`chirishda bozor yurishmaganidir, ya`ni notiqlik ilmini har tomonlama chuqur o`rganmaganligidir deydi. Shuningdek, Beruniy “Hindiston” asarida hindlarda Voyakarona deb ataladigan til ilmi borligini, bu ilm-ular so`zlarini tuzatadigan nahv, xat yozishda balog’atli, nutq so`zlashda fasohatli, yetuk va usta qiladigan ishtiqoq ilmidan iboratdir deb ma`lumot beradi.
Sharq allomalari axloqiy-tarbiyaviy asarlarining asosini Qur`oni karim suralari, Muhammad payg’ambar faoliyati va ko`rsatmalarini ifodalovchi hadislar, hikmatli hikoyatlar tashkil etadi. “Qobusnoma” ham bundan mustasno emas.
Yana bir vatandoshimiz Abu Nasr Farobiy to`g’ri so`zlash, to`g’ri mantiqiy xulosalar chiqorish, mazmundor va go`zal nutq tuzishda leksikologiya, grammatika va mantiqning naqadar ahamiyati zo’rligi haqida shunday deydi: “Qanday qilib ta`lim berish va ta`lim olish, fikrni qanday ifodalash, bayon etish” qanday so`rash va qanday javob berish (masalasi) ga kelganimizda bu haqidagi bilimlarning eng birinchisi jismlarga (substansiya-narsalar) va aksidensiya (hodisalar) ga ism beruvchi til haqidagi ilmlar deb tasdiqlayman.
Ikkinchi ilm grammatikadir: u jismlarga berilgan ism (nom) larni qanday tartibga solishni hamda substansiya va aksidensiyaning joylashishini va bundan chiqadigan natijalarni ifodalovchi hikmatli so`zlarni va nutqni qanday tuzishni o`rgatadi.
Uchinchi ilm mantiqdir: ma`lum xulosalar keltirib chiqarish uchun logik figuralarga binoan qanday qilib darak gaplarni joylashtirishni o`rgatadi, bu xulosalar yordamida biz bilmagan narsalarni bilib olamiz hamda nima to`g’ri, nima yolg’on ekanligi haqida hukm chiqaramiz .
Yuqorida ko`rsatilganlardan ko`rinadiki, grammatika va mantiq fanlarining nutq tuzishdagi ahamiyatini ikki buyuk olim ham yuksak darajada anglaganlar va ularga katta ahamiyat berganlar.
Nutq madaniyati masalalari Beruniy zamondoshi bo`lgan Abu Abdulloh al Xorazmiy asarlarida ham o`z aksini topgan. Olimning to`liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiydir. Xorazmiyning bizgacha yetib kelgan yagona ma`lum asari- “Mafotih ul-ulum” (“Ilmlar kalitlari”) dir. Bu asarning uch nusxasi Buyuk Britaniya muzeyida, bir nusxasi Berlin kutubxonasida saqlanadi. Amerikalik olim K.Bosvort asrimizning 60- yillarida ushbu asarni olti nusxasini Turkiya kutubxonalarida borligini (Istambulda) aniqladi. Asarda nutq madaniyatining ba`zi bir masalalari-devonxona ish qog’ozlari, ularning shakllari, ishlatiladigan islohatlar; shuningdek adabiyotshunoslik fani islohatlari, ularning ta`rifi haqida ma`lumot beradi. Asarning beshinchi bobida aruz va qofiya ilmi hamda she`riyatda ishlatiladigan badiiy tasvir vositalari, ularning fazilatlari va nuqsonlari haqida so`zlaydi.
Asarning beshinchi bobi besh bo`limdan tashkil topgan. Beshinchi bo`lim X asr O`rta Osiyo she`riyatiga bag’ishlanadi. Bu shuni ko`rsatadiki, X asrdayoq o`lkamizda badiiy nutq yuksak darajada rivojlangan, uning nazariyasi mukammal ishlangan. “Mafotih ul-ulum” asarining “arab ilmlari qismidagi yetti kalom, o`n ikki bobdan grammatika (sarf va nahv), sakkiz bobdan ish yurgizish, besh bob she`r va aruz ilmlariga bag’ishlangan. Kitob arab tilida yozilganligi sababli ham arab adabiy tili grammatikasi, uning qonun-qoidalari bayon etiladi. Shu o`rinda olim arab she`riyati va uning tarkibiy qismlaridan bo`lgan aruz haqida ham mufassal ma`lumotlar berishga harakat qiladi”.
Alisher Navoiy, Sa`diy Sheroziy, Husayn Voiz Koshifiy kabi Sharq allomalari ijodida ham nutq odobi qoidalari mufassal bayon etilgan.
Husayn Voiz Koshifiy Navoiyning zamondoshi bo`lib, nutq odobiga doir “Futuvvatnomayi sultoniy” asarini yozadi. Bu asarda nutq madaniyatiga oid fikrlar bildiriladi, so`z qudrati batafsil ochib beriladi.
“Agar so`z senikimi yoki sen so`znikimi, deb so`rasalar, aytgil: men so`zniki va so`z menikidir, chunki so`z insonlik daraxtining mevasidir, daraxtni mevadan va mevani daraxtdan ajratib bo`lmaydi”, deb yozadi olim. Aytilgan so`z odam uchun farzandi jigarbandiday, ota-ona farzandidan topolmagani singari, inson ham o`z so`zidan tonolmaydi. Farzand ham ota-onadan tonolmagani singari, so`z ham notiqniki hisoblanadi. Shuning uchun ham deydi olim, aytiladigan so`zga mas`ullik ota-onaning farzandga va farzandning ota-onaga mas`ulligi darajasida bo`lmog’i lozim. Xalqqa naf`i tegadigan farzand qobil, zarari tegadigan noqobil sanalsa, so`z ham shunga o`xshash bo`ladi. Yaxshi so`z egasiga sharaf keltirib, yomon so`z o`z egasini badnom etadi.
O`zbek adabiyoti tarixida Bobur lirikasi, “Boburnoma” asari nutqning go`zal namunalaridir. “Boburnoma” nihoyatda ravon va go`zal tilda yaratilgan. Shoir ham ommabop yozishni ma`qul ko`rgan va o`g’li Xumoyunga yozgan xatida birovga yozgan maktubni bir necha bor o`qish, uning ravonligiga, so`zlarning ko`zda tutilgan ma`nosi to`g’ri aks ettirayotganligiga ishonch hosil qilgandan so`ng jo`natishga chaqirdi. Chunki, so`zlarning xato yozilishi aytilmoqchi bo`lgan fikrni xiralashtiradi, o`quvchini qiynaydi. Bu haqda “Boburnoma” da shunday fikrlar bayon etiladi: “...Yana men degandek, bu xatlaringni bitibsen va o`qumaysen, ne uchunkim, agar o`qur xayol qilsang edi, o`quyolmas eding. O`quyolmagandan so`ng albatta tag’yir bo`lur eding. Xatingni xud tashvish bila o`qusa bo`ladur, vale asru mug’laqdur. Nasri muammoni hech kishi ko`rgan emas. Imlong yomon emas. Agarchi xili rost emas, iltifotni to bila bitibsen.
Qulunjni yo bilan bitibsen. Xatingni har tavr qilib o`qusa bo`ladur, vale bu mug’laq alfozingdin maqsad tamom lafhum bo`lmaydur. G’olibo xat bitirda kohilliging ham ushbu jihattindur. Takalluf qilmay deysan, ul jihatdin mug’laq bo`ladur. Bundin nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila biti; ham senga tashvish ozroq bo`lur va ham o`qig’uvchig’a” Bobur o`zbek harbiy notiqlarining zabardast vakili bo`lgan.
Tarixnavis shoir Muhammad Solih bu haqda shunday deb yozadi: “Mavlono Bobur Mirzo nutq so`zlaganda so`z bilan tog’ni narm aylardi”.
O`zbek mutafakkirlari nutq ma`nosida “nutq”, “til”, “so`z” atamalarini ishlatganlar. Eng ko`p uchragani “so`z” atamasidir. Vaziyatga qarab til, so`z, nutq o`rnida qo`llana bergan.
Mavzuni xulosalar ekanmiz, Sharq mutafakkirlari notiq oldiga tilni chuqur o`rganish, uning lug’aviy boyligi va garammatikasini puxta egallash, mantiqli so`zlashni o`rganish, nutqning ichki va tashqi ko`rinishiga (shakl va mazmuniga) birday e`tibor berish, ravon va ta`sirchan nutq tuza bilish, til boyliklarini o`rinli va maqsadga muvofiq ishlatish vazifalarini qo`yadilar. Sharq mutafakkirlari avvalo o`zlari madaniyatli shaxs sifatida notiqlik ilmini o`rganganlar, so`z qudrati haqida ibratli fikrlar bildirganlar va bu notiqlik qoidalariga rioya qilganlar. Nutqiy madaniyatimizni rivojlantirishimiz uchun ham Sharq mutafakkirlarining nutq odobi haqidagi qarashlarini o`rganmoq lozim.
Adabiyotlar: