"Partiya" so'zi lotincha "part" so'zidan kelib chiqqan bo'lib, "ish", "qism" degan ma'nolarni anglatadi. Siyosiy partiya - fuqarolarning eng faol, mushtarak mafkura asosida bog'langan, davlat hokimiyatini qo'lga kiritish, uni saqlab qolish va amalga oshirishga intiluvchi qismi, ixtiyoriy ittifoqi.
Siyosiy partiya - bu jamiyatdagi ma'lum bir guruhlar, toifalar, qatlamlarning qiziqishlarini aks ettiradigan hamda davlat hokimiyatini tashkil etish va davlat ishlarida qatnashish orqali ularni amalga oshirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'yadigan kishilar birligini ifodalaydi. Boshqacha aytganda, siyosiy partiyalar mamlakatdagi muayyan aholining yoki guruhlarning manfaatlarini, maqsadlarini va intilishlarini ifodalaydigan hamda qonuniy vositalar yordamida ularni davlat siyosti darajasiga ko'tara oladigan jamiyatdagi yagona kuch hisoblanadi. Aynan mana shu jihati, ya'niy siyosiy hayotdagi bevosita ishtiroki bilan o'z manfaatlarini ifodalashi orqali siyosiy partiyalar boshqa jamoat tashkilotlaridan farqlanadi.
Siyosiy partiyalar zamonaviy demokratik jamiyatlar siyosiy tizimining muhim ajralmas qismidir. Davlat va huquq nazariyasidan bizga ma'lumki, siyosiy tizim - bu xalq irodasiga muvofiq davlatda siyosiy hokimiyatni amalga oshirishga xizmat qiluvchi siyosiy institutlar, siyosiy normalar, prinsplar, jarayonlarning o'zaro aloqadorligi va mushtarak yig'indisi. Ramziy ma'noda aytganda, siyosiy tizim davlat hokimiyatini amalga oshiruvchi siyosiy muassasalar yoki tashkilotlarning harakatlanish maydonidir, ushbu siyosiy maydonning barqarorligini mustahkamlovchi siyosiy poydevor - siyosiy partiyalardir. Zero, siyosiy partiyalar hokimiyat konstitutsiyaviy-huquqiy tuzilishining barcha bo'g'inlariga singib ketgan holda nafaqat uni shakllantirishda, balki faoliyat yuritishida ham hal qiluvchi rol o'ynaydilar.
Jamiyatda turli xil patriyalarning mavjud bo'lishi natijasida siyosiy fikr , qarashlarning xilma-xilligi vujudga keladi. "Plyuralizm, ya'ni fikrlar xilma-xilligi va qarashlarning rang-barangligi ma'rifiy jamiyatga xos bo'lib, muayyan haqiqatni turlicha izohlash, tushunish va talqin etish tamoyiliga asoslanadi"
Davlat va siyosiy partiyalar o'zaro munosabatlarining asosiy yo'nalishlari ular faoliyatini normativ tartibga solish, davlat va jamoatchilik nazorati, davlat va siyosiy partiyalarning masalalarni bahamjihat hal qilish bo'yicha o'zaro hamkorligi, siyosiy partiyalar faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash hisoblanadi.
Hozirgi kunda respublikamizda Xalq Demokratik partiyasi, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O'zbekiston ekologik partiyalari faoliyat yuritib kelmoqdalar. Barcha siyosiy partiyalar o'z faoliyatlarini Konstitutsiya va O'zbekiston Respublikasi Qonunlari asosida amalga oshiradilar. Shu boisdan, siyosiy partiyalar qonun asosida tashkil etilishi va faoliyat olib borishi, bir maqsadli shaxslarni birlashtirishi, muayyan dasturi va yo'nalishiga ega bo'lishi, boshqa jamoat tashkilotlari orasida o'zining rasmiyligi va muhimligi bilan ajralib turishini ta'kidlash lozim
Partiyalar faoliyatini harakatga keltiruvchi kuchlar - bu xalq va turli guruhlarning maqsad va manfaatlari, qadriyatlari, orzu-istaklari va g'oyalaridir. Partiya o'z faoliyati orqali a'zolarining manfaat va ehtiyojlarini davlat boshqaruvi organlariga yetkazib turadi.
Ko'p partiyaviylik, avvalo, jamiyatimizda o'z manfaat va qarashlariga ega bo'lgan har qaysi ijtimoiy qatlam va guruhning maqsad va intilishlarini to'liq aks ettirish uchun kerak. Chunki hayot bor ekan, inson bor ekan, har qaysi toifa o'zining mafaatlarini qandaydir yo'llar bilan amalga oshirishga harakat qiladi, bu hayotni qanday tashkil qilish lozim, inson, oila qanday sharoitda tinch va baxtli yashashi mumkin, degan masalalar atrofida fikr yuritadi, kerak bo'lsa, qonuniy yo'llar bilan o'z maqsadlariga erishishga intiladi.
Jamiyatimizning turli sohalarida islohotlar natijasida erishilgan marralar va yutuqlarni e'tirof etgan holda, jamiyatni yanada demokratlashtirish, boshqaruvni takomillashtirish masalalarida ba'zi muhim masalalarning ahvoli va rivojlanish sur'atlarini mamlakatimiz oldida turgan ulug'vor vazifalaridan kelib chiqadigan talablar darajasiga ko'tarish masalasi dolzarb bo'lmoqda