II. Mustaqil ta’limning bajarilishi
Mustaqil ta’limni bajarilishi jarayonida turli manbalardan axborotlar yig‘ish va ularni jamlash, yozma ravishda o‘zining fikrini bayon etish, auditoriya oldida o‘zining ravon nutqi bilan chiqishda talabaning malakasi shakllanadi va oshadi. Talaba kutubxonalarda faqat adabiyotlar bilan ishlashda cheklanmasdan, balki davlat tashkilotlari, statistika boshqarmasi, jurnal, ro‘znoma va internet saytlari ma’lumotlaridan foydalanishni ham bilishi lozim. Shuningdek, har bir talaba olingan zaruriy ma’lumot va axborotlarni to‘g‘ri va aniq tahlil qilishi muhimdir.
Mustaqil ta’limni tashkil etishda talabaning akademik o‘zlashtirish darajasi va qobiliyatini hisobga olgan holda quyidagi shakllardan foydalanish mumkin:
fanning ayrim mavzularini o‘quv adabiyotlari yordamida mustaqil o‘zlashtirish, o‘quv manbalari bilan ishlash;
amaliy, seminar va laboratoriya mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rib kelish;
ma’lum mavzu bo‘yicha referat tayyorlash;
kurs ishini bajarish;
bitiruv malakaviy ishi uchun materiallar to‘plash;
hisob-kitob va grafik ishlarini bajarish;
maket, model va badiiy asarlar ustida ishlash;
amaliyotdagi mavjud muammoning yechimini topish, test, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash;
ilmiy maqola, tezislar va ma’ruza tayyorlash;
amaliy mazmundagi nostandart masalalarni yechish va ijodiy ishlash;
uy vazifalarini bajarish va boshqalar.
Fan hususiyatidan kelib chiqqan holda talabalarga mustaqil ish uchun boshqa shakllardagi vazifalar ham topshirilishi mumkin. Talabalarga qaysi turdagi topshiriqlarni berish lozimligi kafedra tomonidan belgilanadi. Topshiriqlar puxta o‘ylab ishlab chiqilgan va ma’lum maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lib, talabalarning auditoriya mashg‘ulotlarida olgan bilimlarini mustahkamlash, chuqurlashtirish, kengaytirish va to‘ldirishga xizmat qilishi kerak.
Mavzuni mustaqil o‘zlashtirish. Fanning xususiyati, talabalarning bilim darajasi va qobiliyatiga qarab ishchi o‘quv dasturiga kiritilgan alohida mavzular talabalarga mustaqil ravishda o‘zlashtirish uchun topshiriladi. Bunda mavzuning asosiy mazmunini ifodalash va ochib berishga hizmat qiladigan tayanch iboralar, mavzuni tizimli bayon qilishga xizmat qiladigan savollarga e’tibor qaratish, asosiy adabiyotlar va axborot manbalarini ko‘rsatish lozim.
Topshiriqni bajarish jarayonida talabalar mustaqil ravishda o‘quv adabiyotlaridan foydalanib ushbu mavzuni konspektlashtiradilar, tayanch iboralarning mohiyatini anglagan holda mavzuga taalluqli savollarga javob tayyorlaydilar. Zarur hollarda (o‘zlashtirish qiyin bo‘lsa, savollar paydo bo‘lsa, adabiyotlar yetishmasa, mavzuni tizimli bayon eta olmasa va h.k.) o‘qituvchidan maslahatlar oladilar.
Mustaqil o‘zlashtirilgan mavzu bo‘yicha tayyorlangan matn kafedrada himoya qilinadi.
Referat tayyorlash. Talabaga qiyinchilik darajasi uning shaxsiy imkoniyatlari, qobiliyati va bilim darajasiga muvofiq bo‘lgan biror mavzu bo‘yicha referat tayyorlash topshiriladi. Bunda talaba asosiy adabiyotlardan tashqari qo‘shimcha adabiyotlardan (monografiyalar, ilmiy, uslubiy maqolalar, Internetdan olingan ma’lumotlar, elektron kutubxona materiallari va h.k.) foydalanib materiallar yig‘adi, tahlil qiladi, tizimga soladi va mavzu bo‘yicha imkon darajasida to‘liq, keng ma’lumot berishga harakat qiladi. Zarur hollarda o‘qituvchidan maslahat va ko‘rsatmalar oladi.
Yakunlangan referat kafedrada ekspertlar ishtirokida himoya qilinadi.
Ko‘rgazmali vositalar tayyorlash. Talabaga muayyan mavzuni bayon qilish va yaxshiroq o‘zlashtirish uchun yordam beradigan ko‘rgazmali materiallar (jadvallar, chizmalar, rasmlar, xaritalar, maketlar, modellar, grafiklar, namunalar, kichik badiiy asar va h.k.) tayyorlash topshiriladi. Mavzu o‘qituvchi tomonidan aniqlanib, talabaga ma’lum ko‘rsatmalar, yo‘l-yo‘riqlar beriladi. Ko‘rgazmali vositalarning miqdori, shakli va mazmuni talaba tomonidan mustaqil tanlanadi. Bunday vazifani bir mavzu bo‘yicha bir necha talabaga topshirish ham mumkin.
Talaba ko‘rgazmali materiallardan foydalanish bo‘yicha yozma ravishda tavsiyalar tayyorlaydi va kafedrada himoya qiladi.
Mavzu bo‘yicha testlar, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash. Talabaga muayyan mavzu bo‘yicha testlar, qiyinchilik darajasi har xil bo‘lgan masalalar va topshiriqlar, munozaraga asos bo‘ladigan savollar tuzish topshiriladi.
Bunda o‘qituvchi tomonidan talabaga testga qo‘yiladigan talablar va uni tuzish qonun-qoidalari, qanday maqsad ko‘zda tutilayotganligi, muammoli savollar tuzishda mavzuning munozarali momentlarini qanday ajratish lozimligi, topshiriqlarni tuzish usullari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq beriladi. Konsultatsiya paytlarida bajarilgan ishlarning qo‘yilgan vazifa va talablarga javob berish darajasi nazorat qilinadi (qayta ishlab kelish, aniqlashtirish yoki to‘ldirish taklif etilishi mumkin).
Test, savol va topshiriqlar majmuasi kafedrada eskpertlar ishtirokida himoya qilinadi.
Ilmiy maqola, tezislar va ma’ruzalar tayyorlash. Talabaga biron bir mavzu bo‘yicha (mavzuni talabaning o‘zi tanlashi ham mumkin) ilmiy (referativ) harakterda maqola, tezis yoki ma’ruza tayyorlash topshirilishi mumkin. Bunda talaba o‘quv adabiyotlari, ilmiy-tadqiqot ishlari, dissertatsiyalar, maqola va monografiyalar hamda boshqa axborot manbalaridan mavzuga tegishli materiallar to‘playdi, tahlil qiladi, zarurlarini ajratib olib, tartibga soladi, shaxsiy tajribasi va bilimi, ilmiy natijalariga asoslangan holda qo‘shimchalar, izohlar kiritadi, o‘z nuqtai-nazarini bayon etadi va asoslaydi. Bunda talaba o‘qituvchi bilan hamkorlikda ishlaydi.
Mustaqil ta’limni bajarishning keng tarqalgan shakli taqdimotdir.Talabalar taqdimotni seminar darslariga tayyorlab kelishlari mumkin. Taqdimotni adabiyotlarni o‘rganib, tanlangan mavzuga chuqur yondashib, o‘z kuzatishlarini ham ishlata bilgan holda tayyorlashlari kerak.
Taqdimot tayyorlash jarayonida talaba adabiyotlar bilan ishlash, turli manbalardan olgan materiallarini umumlashtirish va xulosa qilishga o‘rganadi. Taqdimot tayyorlash uchun talaba, avvalo, fanni nazariy jihatdan puxta o‘zlashtirishi kerak. Tanlab olingan mavzuni yoritish uchun kirish, 3-4 reja tuziladi va shu reja asosida mavzu yoritiladi.
Mustaqil ta’lim taqdimot ko‘rinishida bo‘lsa, u Power Point dasturida tayyorlanadi va unda titul varog‘i, mavzu, reja va slaydlardan iborat bo‘lishi kerak.
Shunday qilib, taqdimot, referat tayyorlash va amaliy materiallardan foydalanish bir tomondan ilmiy ishlar yakuni sifatida o‘z ustida ishlashlari, izlanishlariga yakun yasasa, ikkinchi tomondan, ularni yanada yangi ishlarga rag‘batlantiradi, dunyoqarashining rivojlanishi, o‘z faoliyatini aniq maqsadga yo‘naltirishga, yanada chuqurroq bilim olish, o‘z ustida ishlashga, iqtisodiy fikrlash, ilmiy izlanishga, fikrini mantiqiy izchillikda ham og‘zaki, ham yozma ravishda bayon qilishga o‘rgatadi. Mustaqil ta’lim bajarilishida talaba bu ishga ijodiy yondoshmog‘i kerak. Talabalarga fanini mustaqil o‘zlashtirishlari uchun quyidagi talablar qo‘yilgan:
bir mavzuni yoritishda talaba faqatgina ilmiy adabiyotlardan emas, balki ham ilmiy maqolalar, ham axborot vositalari, ham internet tarmoqlaridan birgalikda foydalanishi lozim;
o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribalari qay darajada ekanligiga e’tibor berilishi lozim;
Referat reja asosida va talab darajasida tayyorlangan bo‘lib, har bir reja bo‘yicha talaba o‘z fikr mulohazalarini bayon etishi shart;
mavzuni yoritishda keltirilgan statistik ma’lumotlar aniq va to‘g‘riligiga ishonch hosil qilish uchun manbasi ko‘rsatilishi shart;
Referat tarzda (kompyuterda) yoziladigan bo‘lsa (A4 format qog‘oz, chap-3 sm, yuqori-2 sm, past-2,5 sm, o‘ng-1,5 sm va 14 shriftda, 1 intervalda yozilishi kerak) 14-15 betdan va taqdimot ko‘rinishida 10-15 slayddan iborat bo‘lishi kerak, tarqatma materiallar esa 8-10 tadan kam bo‘lmasligi lozim.
Dostları ilə paylaş: |