10-mavzu: Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig’i
Reja:
1.Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig’i to‘lovchilar. 2. Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig’i ob‘ekti, bazasi va soliq stavkalari. 3. Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig’i bo‘yicha imtiyozlar. 4. Yer solig‘ini hisoblab chiqarish va budjetga to‘lash muddatlari.
Tayanch so’z va iboralar: jismoniy shaxs, rezident yuridik shaxs, yer, soliq to’lovchilar, soliq ob’ekti, soliq to’lovchilar, soliq sub’ekti, soliq stavkasi, soliq imtiyozlari, soliqni hisoblash tartibi, soliqni to’lash muddatlari
1. Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig’i to‘lovchilar. Mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo’lgan jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklari yer solig’ini to’lovchilardir.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun to’lanadigan ijara haqi yer solig’iga tenglashtiriladi.
Yer uchastkalarini ijaraga olgan jismoniy shaxslarga yer solig’ini to’lovchilar uchun belgilangan imtiyozlar, soliqni hisoblab chiqarish va soliqni to’lash tartibi tatbiq etiladi.
Uy-joy, yashash uchun mo’ljallanmagan imorat va inshootlar meros bo’yicha o’tishi bilan birgalikda mulk huquqi, egalik qilish huquqi va foydalanish huquqi o’tgan yer uchastkalari uchun yer solig’i meros qoldiruvchining soliq majburiyatlari hisobga olingan holda merosxo’rlardan undiriladi.
2. Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig’i ob‘ekti, bazasi va soliq stavkalari. Jismoniy shaxslar uchun quyidagi yer uchastkalari soliq solish ob’ektidir:
1) dehqon xo’jaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari;
2) yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun meros qilib qoldiriladigan, umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari;
3) jamoa bog’dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun berilgan, shuningdek yakka tartibdagi garajlar egallagan yer uchastkalari;
4) xizmat yuzasidan berilgan chek yerlar;
5) meros bo’yicha, hadya qilinishi yoki olinishi natijasida uy-joy va imoratlar bilan birgalikda mulk huquqi, egalik qilish va foydalanish huquqi ham o’tgan yer uchastkalari;
6) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulk qilib olingan yer uchastkalari;
7) tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkalari.
Ko’p kvartirali uylar egallagan yer uchastkalari soliq solish ob’ekti bo’lmaydi, yuqoridagi 7-bandida ko’rsatilganlari bundan mustasno.
Ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazishni amalga oshiruvchi organning yer uchastkalarining maydoniga doir ma’lumotlari soliq solinadigan bazadir.
Jamoa bog’dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun fuqarolarga berilgan, shuningdek yakka tartibdagi garajlar egallagan yer uchastkalarining maydonlari bo’yicha soliq solinadigan baza ushbu yer uchastkalarini bergan tashkilotlar boshqaruv organlarining ma’lumotlari bo’yicha aniqlanadi.
Xizmat yuzasidan berilgan chek yerlarning maydonlari bo’yicha soliq solinadigan baza o’z xodimlariga yer uchastkalari bergan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ma’lumotlari bo’yicha aniqlanadi.
Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezident qarori bilan belgilanadi va soliq to‘lovchilarga Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va uning quyi organlari tomonidan belgilangan tartibda xabar qilinadi.
Berilgan yerlardan ikki yil davomida foydalanmagan jismoniy shaxslardan yer solig‘i uch baravar miqdorida undiriladi.
Jismoniy shaxslar foydalanadigan (shu jumladan, yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilgan), davlat hokimiyati organlari tomonidan ajratilgan maydonlardan ortiqcha yer uchastkalari uchun yer solig‘i jismoniy shaxslar uchun 3,0 koeffitsientini qo‘llagan holda to‘lanadi. Davlat hokimiyati organlari tomonidan ajratilgan maydonlardan ortiqcha foydalaniladigan yerlar uchun yuqorida ko‘rsatilgan koeffitsientni qo‘llagan holda yer solig‘i to‘lanmagan taqdirda soliq to‘lovchilarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy jazo choralari qo‘llanadi.
Davlat hokimiyati organlari tomonidan ajratilgan yer uchastkalari maydoni yer berish to‘g‘risida davlat hokimiyati organlarining qarori, yerga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqi uchun davlat dalolatnomasi, yerni ijaraga olish shartnomasi, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnoma va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlaydigan boshqa hujjatlarga ko‘ra belgilanadi.
Yer uchastkasiga nisbatan mulk, egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, soliq butun maydon uchun yuqorida ko‘rsatilgan oshirish koeffitsientlarini qo‘llagan holda to‘lanadi.
Jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalaridan soliq korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun tasdiqlangan stavkalar bo‘yicha undiriladi. Jismoniy shaxslar uchun yer solig‘ini hisoblab chiqarish do‘konlar, oshxonalar, ustaxonalar va tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan boshqa ob‘ektlar uchun foydalaniladigan yer uchastkalari uchun amalga oshiriladi.