76
SOTSIOLINGVISTIKANING TILSHUNOSLIKDAGI O’RNI VA FAN SIFATIDA
OLIMLAR TOMONIDAN O’RGANILISHI
Dilzoda Sultonova,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti
1-bosqich magistratura talabasi
e-mail:
dilzodasultonova2000@gmail.com
Ilmiy rahbar:
Aziza Sherboboyevna Xolboboyeva,
Filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori(PhD)
https://doi.org/10.5281/zenodo.7966335
Annotatsiya:
Ushbu maqola sotsiolingvistika fanining chet el va o’zbek olimlari talqinida
o’rganilishi, fanning kelib chiqishi, obyekti, predmeti va xususiyatlari to’g’risidagi
ma’lumotlarni o’z ichiga oladi.
Kalit so’zlar:
sotsiolingvistika, tilshunoslik, sotsiologiya, jamiyat, til, fan, ijtimoiy kelib
chiqish, nutq, madaniyat, termin.
Til va jamiyat munosabatlari uzviy bog’liq. Jamiyat rivojlanib borgani sari til ham taraqqiy
etaveradi. Tilning paydo bo’lish tarixi insoniyatning shakllanish tarixi kabi qadim zamonlarga
borib taqaladi. Til va jamiyat o’rtasidagi o’zaro uzviy munosabatini
sotsiolingvistika fani
o’rganadi.[1,22] . Tilning boshqa sohalar bilan bog’liq, jumladan, falsafa, etnografiya,
psixologiya kabi jihatlarini o’rganishda ham sotsiolingvistika fani qo’llaniladi.
Sotsiolingvistika quyidagi masalalarni o‘rganadi:
1) jamiyat va til o‘zaro bog‘liq, mutanosib tarixiy jarayon, hodisadir.
2) jamiyat taraqqiy eta borgan sari tilning ijtimoiy vazifalari ham takomillashib boradi.
3) adabiy tilning, shevalarning lug‘at boyligi kengayadi, ortib boradi.
4) yashash muhiti yaqin, turmush tarzi o‘xshash hamda o‘zaro iqtisodiy munosabatlari
shakllangan xalqlarning tillari bir-biriga ta’sir ko‘satadi. [1,23].
Sotsiolingvistika jamiyatdagi ijtimoiy sharoitlarda til faoliyat olib boradigan va rivojlanadigan
jabhalarni o’rganadi. Ijtimoiy sharoitlarga jamiyatdagi odamlarning ijtimoiy kelib chiqishi,
tuzilishi, yoshi,
ijtimoiy mavqe, madaniyat va ta’limni bilish darajasi, yashash joyi va
so’zlayotgan nutqi misol bo’la oladi. Xususan, ushbu fan tadqiqotchisi so'zlovchilar o'z nutqida
u yoki bu variantni qanchalik ko'p ishlatishini va bu qanday ijtimoiy parametrlarga (ijtimoiy
sinf, ma'lumot, jins, yosh, aloqa holati) bog'liqligini aniqlashi kerak [3,8]. Ijtimoiy tilshunoslik,
bizning fikrimizcha, til va uning ijtimoiy hamda madaniy kontekstlaridagi munosabatlarida
vujudga keladigan masalalarni o’rganadigan fandir. Buning uchun u ma’lum bir jamiyat
a’zolarining turli xil kodlar va iboralar almashinuvini hamda og’zaki nutqda qanday
suhbatlashishlarini
analiz qilib, ushbu real vaziyatlarni o’rganadi. Sotsiolingvistika, ya’ni
ijtimoiy tilshunoslikning boshqa fanlardan farqli jihatlari va o’ziga xos xususiyatlarini anglash
uchun ushbu fanning kelib chiqishi, obyekti, predmeti va olimlarning bu fan to’g’risidagi turli
xil qarashlarini ko’rib chiqishimiz kerak.
"Sotsiolingvistika" atamasini birinchi marta 1952 yilda amerikalik jamiyatshunos German
Karri qo’llagan. Biroq, bu tilning ijtimoiy tabiati haqidagi fan 1950-yillarning boshlarida paydo
bo'lgan degani emas. Sotsiolingvistikaning tarixi yana ham uzoqqa borib taqaladi. XX asrning
birinchi yarmidagi taniqli rus olimlari I. A. Boduen de Kurtene, E. D. Polivanov, L. P.
Yakubinskiy, V. M. Jirmunskiy, B. A. Larin, A. M. Selischev, G. O. Vinokur, fransuz olimlari F.
Bruno, A. Meye, P. Lafarg, M. Koen, shveytsariyalik olimlar Sh. Balli va A. Seshe, belgiyalik J.
77
Vandries, chexoslovak B. Gavranek, A. Matesius va boshqalarga
hozirgi sotsiolingvistika
borasida bir qator g'oyalar tegishli. [ 2,7].
Tilshunoslikda o'rganilayotgan davrda sotsiolingvistika yo'nalishi bir necha xil nomlarga ega
edi: til sotsiologiyasi, sotsiologik lingvistika, sotsiologik tilshunoslik, lingvistik sotsiologiya,
lingvososiologiya, sotsiolingvistika, ijtimoiy lingvistika. [2,7]. Bundan kelib chiqadigan asosiy
tushuncha quyidagicha: sotsiolingvistika fanining obyekti – til, predmeti esa tilning vazifalari
va nutq omillarini aniqlash hisoblanadi. Ijtimoiy tilshunoslik o’zining obyektini o’rganishda
bir qator mezonlarga amal qiladi: tarixiylik, hayotiylik, me’yoriylik, hududiylik kabi [1,24].
Shuni ta’kidlash joizki, sotsiolingvistika fanlararo ilm kesimida tilning ijtimoiy psixologiyasi,
kognitiv tilshunoslik, lingvopragmatika va tanqidiy tilshunoslik fanlari bilan uzviy bog’liq.
Turli mamlakatlardagi olimlarning sotsiolingvistika haqida bergan ta’riflari, bizningcha,
ko’pchilikning diqqatiga sazovor.
Jumladan, chet el olimlaridan biri Devid Kristel [5,121]
quyidagicha ta’riflaydi: “Sotsiolingvistika til va jamiyat o'rtasidagi munosabatni o'rganadi. U
ijtimoiy guruhlarning lingvistik o'ziga xosligini, tilga bo'lgan ijtimoiy munosabatni, tilning
standart va nostandart shakllarini, milliy tildan foydalanish qonuniyatlari va ehtiyojlarini,
tilning ijtimoiy turlari va darajalarini, ikki tilli va ko'p tillilikning ijtimoiy asoslarini o'rganadi”.
Yana bir manbada esa shunday izohlanadi: “Sotsiolingvistika empirik fandir,
chunki u
kundalik hayotda ko'rish mumkin bo'lgan faktlarga asoslanadi. Alomatlarni to'plash va
shakllantirishda bu nazariy fan deb ham aytiladi. Sotsiolingvistika insonning turli vaziyatlarda
til qoidalaridan to'g'ri foydalanish qobiliyatini tushuntirishga harakat qiladi.” [6]. Rus
manbalaridan birida “sotsiolingvistika inson suhbatlashayotgan vaqtda tilning vazifalarini
aniqlash bilan shug’ullanadi. Bir qator ijtimoiy guruhlarda turmush o’rtoqning ismini
qo’llamaslik, Yaponiyada suhbatdoshlar suhbat vaqtida bir-birining ijtimoiy sinfini qo’llash
shartligi, rus va ingliz suhbatida bunday holatning uchramasligi sotsiolingvistika doirasiga
kiradi.” [7, 9] Boshqa rus olimlari [2,3] sotsiolingvistika insonlarning yoshi, jinsi, ijtimoiy
mavqei, ta’lim olish darajasi va xarakteri, madaniyat
darajasidan kelib chiqib, so’zlovchi til
belgilaridan qay tarzda foydalanishiga – bir xillilikmi yoki har xillilikmi – urg’u beradi, - deb
ta’kidlaydi.
Xuddi shu fikrni zamonaviy sotsiolingvistikaning asoschilaridan biri bo’lgan amerikalik
tadqiqotchi Uilyam Labov ham ilgari suradi. U. Labov sotsiolingvistikani "tilni o'zining ijtimoiy
kontekstida"o'rganadigan fan sifatida belgilaydi. [3,10]. Yevropalik olim Ispaniyaning
Salamanka universiteti o'qituvchisi Gonsalo De Korreas tilning ijtimoiy turlarini aniq ajratib
ko'rsatgan: "shuni ta'kidlash kerakki, tilda viloyatlarda mavjud bo'lgan dialektlardan tashqari,
ushbu viloyatlarning yoshi, mavqei va mol-mulki bilan bog'liq ba'zi turlar mavjud; qishloq
aholisi, oddiy odamlar,
shahar aholisi, olijanob janoblar va saroy ahli, olim va tarixchi,
oqsoqol, voiz, ayollar, erkaklar va hatto kichik bolalarning o'z tillari bor"[2,6].
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash joizki, sotsiolingvistika jamiyat va til munosabatlarida muhim
o’rin tutadi. Fanning maqsadi til funksiyalarining bajarilishini, har xil qatlam doirasida
ijtimoiy guruhning kelib chiqishi, yoshi, mavqei va ta’lim darajasiga qarab nutqda qanday
variantlarni qo’llash va bularning barchasini boshqa fanlar bilan uzviy bog’liq
holda
o’rganishni nazarda tutadi.