Statistik ko‘rsatkichlarning turlari va tasnifi Ommaviy hodisa va jarayonlar, ularning xossa va munosabatlari turli-tumandir. Shuning uchun son-sanoqsiz statistik ko‘rsatkichlar mavjud. O‘z-o‘zidan ravshanki, ularni birma-bir qarab chiqib bo‘lmaydi. Shu sababli statistik ko‘rsatkichlarni umumlashtirish, ma’lum tartibga solish, muhim tomonlariga qarab tasniflash zaruriyati tug‘iladi.
Statistik ko‘rsatkichlarni tasniflash murakkab masaladir. Unga turli tomondan yondashish mumkin. Bu yerda statistik ko‘rsatkichlarning eng muhim tasniflari ustida so‘z boradi. Ularning aniq turlari va shakllari kitobning boshqa boblarida, ijtimoiy, iqtisodiy, tarmoq va boshqa statistika fanlarida bayon etiladi.
Avvalombor tub xarakteri, ichki hissiyoti, umuman hodisalarni bilishda tutgan o‘rni va roliga qarab statistik ko‘rsatkichlarni ikki katta turkumga ajratish mumkin. Birinchi turkum ommaviy hodisa va jarayonlarning mohiyati va beligilarini ta’riflovchi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi, masalan, o‘rtacha jon boshiga yaratilgan milliy daromad, yalpi ishlab chiqarilgan ichki mahsulot, 1 ga ekin maydonidan o‘rtacha olingan hosil, 1 sigirdan o‘rtacha sog‘ib olingan sut, mamlakat va viloyatlarda tug‘ilish va o‘lish ko‘rsatkichlari, milliy boylik hajmi, bozorlarda iste’mol buyumlariga baholarning o‘rtacha darajasi va h.k. Mazkur turkum ko‘rsatkichlari uchun xos xususiyat - ularni tuzishda statistika bilan bir qatorda boshqa fanlar ham qatnashadi, aniqrog‘i ularning ilmiy tushuncha va ta’limotlariga statistika tayanadi. Ular o‘z navbatida o‘rganilayotgan jarayondagi roli va vazifalariga qarab guruhlarga, sinflarga va h.k. turlarga bo‘linadi. Masalan, ijtimoiyiqtisodiy statistika ko‘rsatkichlari-makroiqtisodiyot, mikroiqtisodiyot, milliy boylik, sotsial statistika, aholi statistikasi va h.k. ko‘rsatkichlarga ajraladi.
Birinchi turkumdagi ko‘rsatkichlar bir-biri bilan bog‘lanishiga qarab yakkamayakka ko‘rsatkichlar va ko‘rsatkichlar tizimidan tashkil topadi. Ularni tuzish va hisoblash tartibiga qarab tarkibiy unsurlarini (qismlar) jamg‘arish natijasida, hodisalarni agregatlashtirish yo‘li bilan ularni modellashtirish asosida olinadigan ko‘rsatkichlarga bo‘linadi.
Ikkinchi turkum ko‘rsatkichlari, ommaviy hodisa va jarayonlar statistika o‘rganish obyekti sifatida qaralganda, ularda namoyon bo‘ladigan umumiy xususiyatlarni ta’riflaydilar. Bu yerda ularning ichki tuzilishi va tashqi qiyofasidagi o‘xshashlik va farqlar, ichki va tashqi munosabatlari hamda bog‘lanishlari, rivojlanish intensivligi dinamizmiga xos xususiyatlar nazarda tutilmoqda. Shu sababli ushbu turkum ko‘rsatkichlarini tuzish, o‘lchash va hisoblash usullari va yo‘llari ham har xil.