XULOSA VA TAVSIYALAR Statistik kuzatish statistik tekshirishning birinchi bosqichidir. U tasviriy statistikaning asosi, ommaviy hodisa va jarayonlarni o‘rganishning eng muhim va mas’uliyatli davri hisoblanadi, chunki tekshirishning pirovard natijasi avvalom bor kuzatish jarayonida to‘plangan ma’lumotlarga bog‘liq. Aniqlik, to‘lalik va taqqoslamalik statistik kuzatishning asosiy ilmiy prinsiplari va qonunidir. Statistik kuzatish hisobdan, oddiy bir predmetli kuzatishdan ko‘p jihatlari bilan farq qiladi. Statistik kuzatish har doim ommaviy xarakterga ega, uning obyekti bo‘lib ommaviy hodisa va jarayonlar xizmat qiladi. Hisob esa har bir hodisani qayd etadi, u yakkalantirish, yolg‘izlantirish xarakteriga ega. Yolg‘iz hodisa hisob va bir predmetli kuzatishning obyekti hisoblanadi. Statistik kuzatish hisobni, oddiy bevosita kuzatishni o‘z ichiga oladi, chunki ayrim hodisalarni qayd qilish yo‘li bilan ularning to‘plami haqida ma’lumotlar olinadi. Bu holda ayrim hodisa statistik kuzatish obyektining birligi hisoblanadi. Statistik kuzatish qator dasturiy-uslubiy va tashkiliy masalalarni ilmiy asosda yechishni talab qiladi. U haqqoniy ma’lumotlar yetkazib berishi uchun kuzatish obyekti va birligi to‘g‘ri aniqlanishi, chegaralanishi, uning dasturi, hujjati (statistik formulyari) va yo‘riqnomasi to‘g‘ri tuzilishi, vaqti va joyi to‘g‘ri belgilanishi kerak. Boshqa masalalar, chunonchi kuzatish usuli va turi, shakli, yo‘llari va hokazolar ham ilmiy asosda yechilishi lozim. To‘g‘ri, ilmiy asosda deganda zikr etilgan masalalarni yechish jarayonida kuzatilayotgan hodisalarning mohiyatiga ichki bog‘lanishlariga, rivojlanish qonun va qonuniyatlariga tayanish zarurligi nazarda tutiladi. Ma’lumki, ular tegishli nazariy fanlar predmeti hisoblanadi, masalan iqtisodiy hodisalar mohiyatini, ularning muhim xususiyatlarini, ichki bog‘lanishlarini, rivojlanish qonuniyatlarini yoritish iqtisodiy nazariya va boshqa iqtisodiy fanlar predmetidir. Tarixiy manbalar asosida u yoki bu davrga tegishli buyumlar, ularning xususiyatlari va o‘zaro bog‘lanishlarini aniqlash, turli joylarda izlanishlar o‘tkazib, har xil buyumlar yoki ularning parchalarini topish, topilmalarning xususiyatlarini aniqlash va modullar yasash va hokazolar - bularning hammasi arxeologiya fanining predmeti hisoblanadi. Bunday nazariy ta’limotlarni bilmasdan, ularga tayanmasdan statistik kuzatish obyekti va birligi, uning dasturini muvaffaqiyatli aniqlash va boshqa uslubiy va tashkiliy masalalarni salgina bo‘lsada to‘g‘ri yechish mumkin emas.
Statistik kuzatish uch bosqichga ega: 1) kuzatishni tayyorlash; 2) uni amalga oshirish; 3) kuzatish materiallarini qabul qilish. Ular o‘zaro bog‘langan bo‘lib, ma’lum masalalarni yechadi. Hamma bosqichlarda kuzatish natijasida to‘planadigan ma’lumotlarning haqqoniyligini ta’minlovchi tadbir-choralar amalga oshirilishi kerak. Agarda birinchi bosqichda yechimlar qabul qilish jarayonida nazariy adekvatlikni ta’minlash tadbir-choralari ko‘rilsa, ikkinchi bosqichda ularga qat’iy rioya qilish ustidan uzluksiz nazorat olib boriladi, uchinchi bosqichda esa kuzatish materiallarini har taraflama tekshirish yo‘li bilan ulardagi xatolar aniqlanadi va bartaraf etish tadbir - choralari amalga oshiriladi.