Statistik kuzatish - bu o‘rganilayotgan ommaviy hodisalar haqida boshlang‘ich ma’lumotlarni to‘plash jarayonidir
Ommaviy jarayonlarni statistika jihatidan o‘rganish, ya’ni bir turli hodisalar va ularning belgilari orasidagi bog‘lanishlarni miqdoriy ifodalab ularning to‘plarida namoyon bo‘ladigan statistik qonuniyatlarni aniqlash uchun dastlab ular haqida, o‘rganilayotgan obyektlar to‘g‘risida boshlang‘ich ma’lumotlar yoki boshqa so‘z bilan aytganda xom statistik materiallarni to‘plash kerak. Mana shu jarayon statistik kuzatish deb ataladi.
Kuzatish so‘zi quyidagi lug‘aviy ma’noga ega:
biror narsa (predmet, obyekt)ni bilish, aniqlash maqsadida sinchiklab ko‘zdan kechirish;
biror narsa yoki kimsani zimdan qarab tekshirib turish, ta’qib qilish;
voqealarni o‘rganish, tekshirish, biror narsa yoki maqsadni nazarda tutish.
Statistik kuzatish ommaviy hodisalarni, jarayonlarni sinchiklab tekshirish uchun ular haqida boshlang‘ich materiallarni to‘plashdir.
U o‘rganilayotgan obyektlarni va ularning unsurlarini hisobga olish bilan bog‘liq.
Hisob – bu biror predmet miqdorini sanab yoki o‘lchab aniqlash, biror kimsa yoki narsa mavjud miqdorini belgilash uchun maxsus hujjatda u haqidagi ma’lumotlarni qayd qilish.
Statistik kuzatish ho‘jalik va turmush voqealarining hisobiga asoslanadi.
Turli shakldagi korxonalar va ularning uyushmalarida ho‘jalik voqealari buxgalteriya va operativ texnika hisoblarida qayd qilinadi.
Statistik kuzatish ko‘pincha ana shu hisob turlari ma’lumotlariga tayanadi. Shu bilan birga ayrim iqtisodiy,ishlab chiqarish masalalarini o‘rganish uchun bevosita kuzatish ham amalga oshiriladi.
Statistik kuzatishga talablar: aniqlik, to‘lalik, taqqoslamalik
Statistik kuzatish va uning natijasida to‘planadigan ma’lumotlar uchta talabga javob berishi kerak, ya’ni: 1) aniqlik va to‘g‘rilik; 2) to‘lalik va har taraflamalik; 3) taqqoslamalik, solishtirmalik.
Aniqlik – bu ma’lumotlarni real hayotiyligi, haqiqatga to‘la mos kelishi. Butun statistik kuzatish uslubi, uni tashkil etish va amalga oshirish yo‘li ma’lumotlarning aniqligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Ma’lumotlarni haqqoniyligi avvalambor kuzatuvchi statistikning qobiliyatiga-uning malakasiga, mahoratiga, tajribasiga, masalaning tushuna bilishiga bog‘liq.
Ikkinchidan kuzatish jarayonida foydalaniladigan qurollar sifatiga – kuzatish dasturi, statistik formulyarlar, savolnomalar, ularni to‘ldirish uchun yo‘riqnoma (instruktsiyalar)larning mavjudligi, ular to‘liq sodda va tushunarli qilib tuzilishi, jumla va so‘zlarning yagona mazmunga ega bo‘lishiga bog‘liq.
Uchinchidan, ma’lumotlarni aniq va haqqoniy bo‘lishiga kuzatilayotgan obyektning tayyorgarlik darajasi ham ta’sir etadi. Masalan, turmush voqealarini kuzatishda aholiga ommaviy axborot vositalari orqali o‘tkaziladigan tekshirishning maqsadi, vazifalarini tushuntirish muhim ahamiyatga ega.
To‘rtinchidan, ma’lumotlarni aniqligi, haqqoniyligi kuzatish uslubiga, uslubiy masalalarning to‘g‘ri yechilishiga bog‘liq.
Beshinchidan, ma’lumotlarni aniqlik darajasiga ko‘rsatkichning sotsial funksiyasi ta’sir etadi. Masalan, chaqaloqlar o‘limi darajasi haqidagi ma’lumotlar noaniqligi bu voqealarni ataylab noto‘g‘ri hisobga olinishidan kelib chiqadi.
Chaqaloq tug‘ilganidan so‘ng bir oz o‘tganda o‘lib qolishini ko‘pincha o‘lik tug‘ildi deb qayd qilinadi.
O‘lik tug‘ilgan bola hodisalarini esa chala tug‘ilgan bola deb hisobga oladilar. Jinoyatlar soni haqidagi ma’lumotlar ham ishonchsizlik tug‘diradi, chunki ular tartibni saqlash va huquqiy tashkilotlar tomonidan qayd etilgan jinoyatlarnigina aks ettiradi.
Ma’lumotlarni to‘liqligi, demak, kuzatish jarayonida hamma obyektlarni, birliklarni qamrab olish, har biri haqida barcha ko‘zlangan ma’lumotlarni to‘plashdir.
O‘rganish uchun belgilangan obyektlarning ayrimlari kuzatishdan tushib qolsa, yoki ayrim belgi qayd qilinmay qolsa, ma’lumotlar ham to‘liq bo‘lmaydi va ishonchsizlik tug‘diradi. Iqtisodiy nazariya va statistikada yashirin iqtisodiyot degan tushuncha bor.
U ma’lum maqsadni ko‘zlab iqtisodiy faoliyat natijalarini hisobdan yashirish, faoliyatning o‘zini ham yashirincha amalga oshirishni anglatadi.
Demak, bu holda statistik kuzatish barcha ho‘jalik yurituvchi subyektlarni, hamma iqtisodiy faoliyat turlari va birliklarini, ularning natijalarini qamrab olmaydi. Oqibatda ma’lumotlar to‘liq bo‘lmaydi.
Milliy standart - muayyan mamlakat miqyosida, xalqaro standart esa-butun jahon yoki mamlakatlar birlashmasi miqyosida hodisalarni tasniflash, ko‘rsatkichlarni tuzish va hisoblash, ma’lumotlarni qayd qilishda qo‘llanadigan umumiy talab, tartib va kontseptsiyalar majmuasidir
Ayrim hodisalar haqidagi ma’lumotlar bir-birlari bilan taqqoslama, ya’ni vaqt, joy, hudud va uslub jihatidan yagonaviylikka, tuzilish o‘xshashligiga ega bo‘lishi, bir vaqtda va ma’lum makon chegarasida hamda yagona metodikada to‘planishi kerak. Bundan tashqari, boshqa va oldin bajarilgan tekshirishlar bilan solishtirmaligi ta’minlanishi lozim, aks holda hodisa dinamizmi haqida to‘g‘ri xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
Shuning uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni to‘liqligini ta’minlash maqsadida statistika tashkilotlari kuzatish ma’lumotlarining kamini to‘ldirishga oid baholash ishlarini amalga oshiradi, ularni hisob to‘ldirmalarini baholash deb atash mumkin.
Iqtisodiy ma’lumotlarning taqqoslamaligini ta’minlash uchun milliy va xalqaro standartlarni (andozalarni) ishlab chiqish va ularga to‘la amal qilish muhim rol o‘ynaydi.
Milliy standartlar mamlakat miqyosida obyektlarni tasniflash, ko‘rsatkichlarni tuzish va hisoblash, ma’lumotlarni qayd qilish jarayonida rioya qilinishi zarur bo‘lgan talablar, tartib qoidalar, kontseptsiyalar majmuasidir.
Ular odatda xalqaro standartlarga asoslanadi. Xalqaro andozalar deganda o‘rganilayotgan hodisalarni tasniflashda, statistik ko‘rsatkichlarni tuzish va hisoblashda, ma’lumotlarni qayd qilish va hisobga olish jarayonida butun dunyo miqyosida yoki ma’lum mamlakatlar birlashmasi chegarasida qo‘llash uchun tavsiya etiladigan umumiy tartib qoidalar, talablar konsepsiyalar majmuasi tushuniladi.
Milliy standartlarga rioya qilish majburiydir. Xalqaro andozalar esa odatda tavsiyaviy xarakterga ega, ammo ularni hisobga olinishi ustidan xalqaro tashkilotlar nazorat olib boradi.
Statistik kuzatishda nima uchun? degan savolga kuzatish maqsadi va vazifalari, nima? degan savolga esa kuzatish obyekti, uning birligi va dasturi, statistik formulyarlar va ularni tuzish uchun yo‘riqnomalar javob beradi.
Kim? kuzatish subyekti, qachon? deganda kuzatish vaqti, qaerda? deganda kuzatish joyi, qanday qilib? deganda kuzatish usullari va turlari, qancha? deganda kuzatish belgilarining miqdoriy ifodalanishi nazarda tutiladi. Bular statistik kuzatishning dasturiy-uslubiy va tashkiliy unsurlarini tashkil etadi
Kuzatish maqsadi va vazifalarini to‘g‘ri belgilash tekshirishni to‘g‘ri va aniq tashkil etish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Chunki maqsad va vazifalariga qarab barcha dasturiy-uslubiy va tashkiliy masalalar yechiladi.
Maqsad va vazifalarni mujmal belgilash kuzatish jarayonida keraksiz ma’lumotlar to‘planishiga, zarurlarini esa tushib qolishiga olib keladi. Pirovard natijada ortiqcha mehnat va mablag‘lar sarflanadi.
Kuzatish obyekti - bu ma’lumotlari to‘planishi lozim bo‘lgan korxona va boshqa ho‘jalik yurituvchi seb’ektlar to‘plamidir.
Kuzatish obyektining aniq miqyosini, ko‘lamini belgilayotganda vaqt, fazo, moddiy tuzilish va o‘lchov birligi jihatidan o‘lchamlarini aniqlash lozim.
Ularning muhim belgilari haqida ma’lumotlar to‘planadi va ular asosida to‘plamni ta’riflaydigan umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlar hisoblanadi.
Kuzatish obyekti - bu o‘rganilayotgan hodisalar va jarayonlar, ya’ni korxonalar va tashkilotlar, ho‘jaliklar, kishilar, oilalar, uy ho‘jaliklari, va hokazolarni ularning faoliyati jihatidan qaralgan to‘plami.
Bu jarayon kuzatish obyektini chegaralash deb ataladi. Buning uchun uni aniqlovchi belgilar: me’yorlar to‘plami belgilanadi.
Senz – bu kuzatish obyektini aniqlovchi me’yor, belgilar to‘plamidir.
Kuzatish obyektini chegaralash maqsadida senzlardan foydalaniladi. Senz so‘zi ikki ma’noga ega bo‘lib, birinchi holda ro‘yxatlarni anglatadi, masalan, AQShdagi agromelirativ senzlar, ikkinchi holda esa belgi me’yorni bildiradi. Kuzatish obyektini belgilashda bu tushuncha ikkinchi ma’noda qo‘llanadi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 31.08.2003 yil Farmoniga binoan, 1 yanvar 2004 yildan boshlab kichik tadbirkorlik kategoriyasi uchun quyidagi senz belgilangan:
Mikrofirmalar – o‘rtacha yillik xodimlar soni quyidagi chegaradan oshiq bo‘lmagan yuridik shaxs:
ishlab chiqarish tarmoqlarida – 20 kishi;
xizmat sohasi va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida – 10 kishi;
ulgurji, chakana savdo va umumiy ovqatlanishda – 5 kishi.
Kichik korxona – o‘rtacha yillik xodimlar soni mikrofirmalarga belgilangan chegaradan ortiq ammo quyidagi songacha bo‘lgan yuridik shaxs:
engil va oziq-ovqat, metalga ishlov berish va asbobsizlik, yog‘ochga ishlov berish, mebel sanoati va qurilish materiallari sanoati – 100 kishi;
mashinasizlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlov berish, qurilish va boshqa sanoat ishlab chiqarish sohasida – 50 kishi;
fan, ilm-fanga xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa xizmatlar sohasi (sug‘urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa noishlab-chiqarish sohalarida – 25 kishi.
E’tiboringiz uchun rahmat!