Statistik jadvallar deb o’rganilayotgan hodisa va voqealar to’g’risidagi ma’lumotlarni tartibli, ko’rgazmali ifodalashga aytiladi.
Tashqi ko’rinishidan statistik jadval gorizontal va vertikal chiziqlarning kesishmasidan iborat bo’lgan tuzilmada ifodalanadi. Gorizontal chiziqlar qatorlar, vertikal – ustunlar deyiladi.
Tuzilgan, lekin raqamlar bilan to’ldirilmagan jadvalni, statistik jadvalni maketi deyiladi.
Statistik jadvallar o’z egasi va kesimiga ega bo’lishadi. Jadvalda gap nima ustida borayotgan bo’lsa, o’sha hodisa jadvalning egasi deyiladi. Egani tavsiflovchi ko’rsatkichlar esa jadvalning kesimi deyiladi. Odatda ega jadvalning chap tomonida, ya’ni yotiqqatorlarda, kesim esa jadvalning o’ng tomonida, ya’ni ustunlarda joylashtiriladi. Tekshirish maqsadi va mavjud ma’lumotlarning xarakteriga qarab buning teskarisi ham bo’lishi mumkin, ya’ni ega o’ng tomonda, kesim esa chap tomonda joylashtiriladi.
Har qanday tuzilgan va to’ldirilgan jadval umumiy nomga ega bo’lishi kerak. Jadvalning umumiy nomi uni ustida keltirilib, uning mazmunini o’zida ifoda etishi kerak. Jadvaldagi qatorlar va ustunlar ham nomlanadi va iloji boricha nomerlanadi.
Statistik jadvallar, ega xarakteriga qarab: oddiy; guruhiy (gruppali); kombinatsion jadvallarga; kesim xarakteriga qarab: kesimi oddiy ishlab chiqilgan; kesim kombinatsiya ishlab chiqilgan; guruhlash maqsadi bo’yicha: informatsiya tavsifli; analitik; tipologik; maxsus tayinlangan (balans, matritsa va h.k.) jadvallarga bo’linadi.
Oddiy jadvallardeb egasi faqat hodisalar, yillar, ob’ektlar ro’yxatidan tashkil topgan jadvallarga aytiladi.
Oddiy jadvallar, ma’lumotlarni berilishiga qarab sanoqli, territorial va xronologik jadvallarga bo’linadi. Jadval egasida hodisalar sanog’i berilishi mumkin.
Guruhiy (gruppali) jadvallar deganda jadval egasi biron-bir belgi bo’yicha guruhlarga ajratib berilgan jadvalga aytiladi.
Yunusobod tumanida 30 ta oziq-ovqat do’koni mavjud. Shu do’konlarda tovar oborotining hajmi va muomala xarajatlari nisbiy darajasi o’rtasidagi bog’liqlikni o’rganish uchun analitik guruhlash metodini qo’lladik. Olingan natijalar 2-jadval keltirilgan.
Kombinatsion jadval deganda, bir marta guruhlangan jadval egasi yana guruhlarga, ular yana guruhcha osti guruhlariga ajratilgan, jadval kesimi ham guruhlangan ko’rinish olgan jadvallar tushuniladi.
Jadval kesimini ishlab chiqish muhim masalalardan biridir. Kesim birinchidan ega bilan uzviy bog’liqlikda o’rganiladi. Jadval o’rganish ob’ekti kesim bo’lib hisoblanmaydi. Kesimni to’g’ri va aniq tanlash bilan, uning ko’rsatkichlari yordamida ajratilgan guruhlarning xarakterini va ajratib turuvchi eng muhim belgilarini ifodalash mumkin.
Mavjud informatsiya va tekshirishning vazifasi va maqsadiga bog’liq holda kesim oddiy va murakkb kesimlarga bo’linishi mumkin. Ko’rsatkichlar birin-ketinlik bilan oddiydan murakkabga qarab joylashtirilsa, bu oddiy kesim deyiladi, agarda ular guruhlarga va guruhchalarga ajratilsa, murakkab kesim deyiladi. Maqsad va vazifasiga muvofiq u yoki bu kesimni qo’llash mumkin.
Statistik jadvallarni tuzish va rasmiylashtirish bo’yicha quyidagi qoidalarga amalqilinadi:
Jadval uncha katta bo’lmasligi kerak. Agar o’rganilayotgan to’plam juda murakkab bo’lsa, u holda uni bitta jadval yordamida emas, balki bir-biri bilan bog’langan bir nechta jadvalda ifodalash zarur.
Jadvalning umumiy sarlavhasi uning mazmunining qisqa ifodasi bo’lishi kerak. Unda vaqt, hudud, o’lchov birligi (agar ham ko’rsatkichlar bitta o’lchov birligida o’lchansa) ko’rsatiladi. Ustun va qatorlardagi nomlar ham aniq, qisqa va tushunarli bo’lishi lozim. Jadvallarda so’z qisqartirishsiz yoziladi. Agar umumiy o’lchov birligi bo’lmasa har bir qator va ustun uchun o’zining o’lchov birligi keltiriladi.
Eganing qatorlari va kesimning ustunlari qo’shiladigan bo’laklar tamoyilida joylashtiriladi va oxirida jami chiqariladi. Agarda hamma bo’laklar to’g’risida ma’lumot bo’lmasa yoki ularni hammasini ko’rsatishga zaruriyat bo’lmasa oldin jami berilib, undan keyin shu jumladan degan so’z yozilib eng asosiy yoki kerakli bo’laklar sanab o’tiladi.
Agarda jadval katta bo’lsa, qulaylik tug’dirish uchun jadvalning ustunlariga tartib nomeri beriladi, qatorlari bir, ikki va h.k yoki A, B, V harflari bilan belgilanishi mumkin. Jadvalda o’zaro bog’liq ma’lumotlar yonma-yon keltiriladi.
Jadvalda ko’rsatkichlar bir-birini tekshira oladigan “soddadan murakkabga” tamoyilida joylashtirilishi kerak, bu esa ularni tekshirish imkonini beradi.
Jadvallarni to’ldirishda quyidagi shartli belgilarni to’g’ri qo’llash lozim: agarda ma’lumotlar yo’q bo’lsa, uchta nuqta (. . .) qo’yiladi yoki “ma’lumot yo’q” deb yoziladi. Hodisa umuman sodir bo’lmagan bo’lsa, tire (-) qo’yiladi. Hisoblanishi lozim bo’lmagan katakka iks (x) qo’yiladi. Masalan, jadval qatorida aholining yoshi guruhlari kesimida esa ajralgan oilalar soni (har ming kishiga) berilgan. Qatorda birinchi guruh 5-7 yoshgacha bo’lsa, bu qatorni kesim bilan kesishgan katagida “x” qo’yiladi. Bu hammaga tushunarli. O’rganilayotgan yil bo’yicha ma’lumoti bo’lmasa, uning tepasiga yulduzcha (*) qo’yib, qaysi yilga taaluqli bo’lsa, o’sha yilni ko’rsatish kerak.
Jadval ma’lumotlarining hammasi bir xil aniqlikda bo’lishi kerak (0,1; 0,01; 0,001 va h.k). Foizlar berilayotganda, ayniqsa, ularni dinamikasi, quyidagi qoidaga amal qilishi kerak. Masalan, 650% emas, 6,5 marta deb yozgan ma’qul. Keyin, mutloq raqamlarni ham o’qish oson bo’lishi uchun o’lchov birliklari kattaroq yozilgani ma’qul. Masalan, qatorda so’m yozib, ustunda quyidagi raqam berilsa 8769618534. Bunday raqamlar jadvalda 10 ta bo’lsa, uni hech kim o’qimaydi. Shuning uchun, qatorda so’m emas, mlrd.so’m deb berib, ustunda esa 8,8 raqami berilsa jadval ixcham va o’qiydigan bo’ladi.
Agarda jadvalda hisobot ma’lumotlari bilan bir qatorda tekshiruvchining hisob-kitob usuli bilan olgan ma’lumotlari keltirilsa, bu haqida eslatma berish kerak.
Jadvallarda keltirilgan ma’lumotlar manbai ko’rsatilishi kerak. Agar tekshiruvchining o’zi hisoblagan bo’lsa, qaysi ma’lumotlar asosida hisoblanganligi ko’rsatiladi.
Jadval har tomonlama yakunlangan, ya’ni barcha guruh, guruhchalar va umumiy to’plam bo’yicha yakunlar chiqarilgan, o’rtachalar hisoblangan bo’lishi kerak.
Bu qoidalarga rioya qilib tuzilgan jadvalni tahlil qilish va uning ma’lumotlari asosida kerakli xulosalar chiqarish mumkin. Jadval ma’lumotlarini tahlil qilishni umumiy jamlar yoki o’rtachalardan boshlash yaxshi, chunki oldin to’plam bo’yicha umumiy ifodani olib, keyin, uning bo’laklari, ya’ni qator va ustunlarini o’rganishga o’tiladi. Bu bilan, birinchi navbatda, jadvalning eng muhim elementlari tahlil qilinadi, keyin esa qolganlari.