Organik kislotalar. Ularga atsetit, olma, uzum, oksalat va limon kislotalarini misol qilish mumkin. Organik kislotalar o'simliklarda moddalar almashinuvida, xususan nafas olishda muhim rol o'ynaydi. Ularning hujayra shirasida ko'proq to'planishi nordon ta'mni beradi.
Oshlovchi moddalar. Murakkab birikmalar bo'lib, asosan oqsillar bilan bog'langan bo'ladi. Oshlovchi moddalar fermentativ parchalanganda qand moddalari hosil bo'ladi. Oshlovchi moddalar asosan mikroblardan himoya vazifasini bajaradi shuningdek, nafas olish jarayonidagi oksidlanish reaksiyalarida ishtirok etadi.
Pigmentlar. Hujayra shirasida ko'pincha erigan holda bo'yovchi moddalar pigmentlar uchraydi. Bulardan anchagina keng tarqalgani antosian hisoblanadi. Antosian kislotali muhitda qizil rangda bo'lsa, ishqoriy muhitda ko'k rangda bo'ladi. O'simliklarning gullash davrida gullarning o'z rangini o'zgartirishi antotsian moddasining miqdoriga bog'liq.
Alkaloidlar. Ular azot tutuvchi zaharli moddalarga kiradi. Alkaloidlarga moddalar almashinuvining mahsulotlari deb qaraladi. Bularga morfin, atropin, gossipol va boshqalar kiradi.
Kristallar. O'simlik barglarida hosil bo'ladi, bularga kalsiy oksalat, kalsiy karbonat va boshqalar kiradi va ular vakuolalarda uchraydi. Asosiy vazifasi o'simliklardagi ortiqcha kalsiyni neytrallashdan iborat. Chunki, ortiqcha kalsiy ionlari ta'sirida sitoplazma qovushqoqligi ortib zichlashadi va moddalar almashinuvi pasayadi.