Tabiiy fanlar fakulteti geografiya va iqtisodiy bilim asoslari kafedrasi tuproqlar geografiyasi


Och – kashtan, qо‘ng‘ir chala chо‘l va sur – qо‘ng‘ir chо‘l tuproq oblasti



Yüklə 0,67 Mb.
səhifə45/154
tarix07.01.2024
ölçüsü0,67 Mb.
#209223
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   154
Tabiiy fanlar fakulteti geografiya va iqtisodiy bilim asoslari k-hozir.org

4. Och – kashtan, qо‘ng‘ir chala chо‘l va sur – qо‘ng‘ir chо‘l tuproq oblasti
Subboreal chala chо‘l va chо‘l oblasti mintaqaning 1/3 qismidan ortig‘ini egallagan hamda О‘rta va Markaziy Osiyoning katta hududlarida, shuningdek Shimoliy va Janubiy Amerikaning eng arid maydonlarida keng tarqalgan.
О‘ta qurg‘oqchilik mintaqa iqlimining о‘ziga xos xususiyatidir. Yillik yog‘in miqdori 100-300 mm, bug‘lanish esa undan 4-5 marta ortiq (700-900 mm). Yog‘inning asosiy qismi yozda yog‘adi, qish qisqa, sovuq, kam qorli va kuchli bо‘ronli bо‘ladi.
Atmosfera yog‘inlarining nihoyatda kamligi tuproqda nurash mahsulotlarining tо‘planishiga hamda tuz yig‘ilish jarayoni va tuproq shо‘rlanishining rivojlanishiga olib keladi.
Och – kashtan va qо‘ng‘ir tuproqli chala chо‘l zonasi oblastning shimolida joylashgan. Uning janubiy chegarasi Kasbiy dengizining sharqiy sohillaridan boshlanib, Orol dengizining shimoliy qirg‘oqlaridan о‘tib, Balxash kо‘lining shimoliy sohillarigacha davom etadi.
О‘simlik qoplami tur tarkibiga kо‘ra kambag‘al va juda siyrak. Zonaning shimoliy qismi о‘simliklari shuvoq – kovil – tipchoq va shuvoq – tipchoqli, janubga tomon qurg‘oqchilikning ortishi tufayli ular tipchoq – shuvoq va shuvoq – shо‘ralarga almashinadi; tuproq yuzasida ba’zan lishayniklar va kо‘k – yashil suvо‘tlari ham uchraydi.
Chala chо‘l (chо‘l-dasht) zonasining avtomorf sharoitida och – kashtan va qо‘ng‘ir chala chо‘l tuproqlari tarqalgan. Och – kashtan tuproqlar kashtan tuproqlarning kichik tipi hisoblanadi, xossalari va xо‘jalikda foydalanish imkoniyatlari bо‘yicha chala chо‘lning qо‘ng‘ir tuproqlariga yaqin turadi. Qо‘riq – о‘zlashtirilmagan loyli va loyqali och – kashtan tuproqlarda gumus miqdori 2,5 %, yengil loyqali hamda qumoqlilarda 2 %, haydaladiganlarda mos ravishda 1,5-2,2 % va 1,0-1,5 % ni tashkil etadi.
Qо‘ng‘ir chala chо‘l tuproqlari och – kashtan tuproqlardan gumus qatlamining yupqaligi va gumus miqdori bо‘yicha farqlanadi, iqlimda qurg‘oqchilik ortgan sharoitda organik moddalarning minerallashishi tezlashadi. Chо‘l – dasht zonasi qо‘ng‘ir tuproqlarida gumus miqdori 1-1,5 %, gumus kashtan tuproqqa qaraganda kesma bо‘yicha bir xilda taqsimlanganligini kо‘rish mumkin.
Shimoliy Amerikada qumli va mayda toshli kam karbonatli hamda kam gipsli qо‘ng‘ir chala chо‘l tuproqlar keng tarqalgan bо‘lib, ular Markaziy Mongoliyaning analogik tuproqlariga о‘xshashdir. Katta hududlar toshloq va mayda toshlardagi yaxshi rivojlanmagan tuproqlar bilan band. Kо‘llar atrofidagi relyefning pastqamliklarida shо‘rxok va shо‘rtoblar tarqalgan. Janubiy Amerikaning Patagoniya yassi tog‘ligining toshloq, kо‘pincha vulqonik jinslarida asosan och – kashtan va qо‘ng‘ir chala chо‘l tuproqlari uchraydi.
Chо‘l sur – qо‘ng‘ir tuproqlar zonasi chala chо‘lning janubida joylashgan bо‘lib, g‘arbda Kasbiy dengizidan, sharqda Tyanshanning tog‘oldi hududlarigacha bо‘lgan maydonlarni egallaydi. Janubiy chegarasi Kasbiy dengizidagi Qorabо‘g‘izgо‘l qо‘ltig‘i – Orol dengizining janubiy qirg‘og‘i – Qoratov tizmasi chizig‘idan о‘tadi. Shimoliy va Janubiy Amerikada unchalik katta hududlarni qamramagan.
Iqlimi juda quruq, yillik yog‘in miqdori 80-200 mm, bug‘lanish 750-1050 mm. Yoz uzoq davomli va jazirama issiq, qish qisqa, kam qorli (shimolda), janubda esa deyarli qorsiz. Eng issiq oyning о‘rtacha harorati 22,5-27 0C, eng sovuq oyniki g‘arbda –2 –5 0C, sharqda –5 –15 0C, foydali harorat yig‘indisi 3000-42000, vegetatsiya davri 164-205 kun, qishda tuproq muzlaydi.
Chо‘l zonasi litologik qoplamining о‘ziga xosligi, avvalo elyuvial, prolyuvial va delyuvial yotqiziqlarning asosan skeletli qumli va qumoqli granulometrik tarkibi bilan bog‘liqligidir.
О‘simliklar qoplamining umumiy jihatlari – siyrak hamda namni sarf bо‘lishini oldini olishga mо‘ljallangan shakllarga ega ekanligidir. Ekologik sharoit bilan bog‘liq holda о‘simliklar xarakteri bо‘yicha chо‘llar: toshloq, qumli, loyli va shо‘rxokli guruhlarga ajratiladi.
Iqlimning keskin qurg‘oqchilligi, о‘simliklar mahsuldorligining pastligi va о‘simlik qoldiqlarining tezkor minerallashuvi, tuz tо‘planishi kabilar chо‘l tuproqlari hosil bо‘lishining umumiy jihatlarini belgilaydi. Bular: kesmaning unchalik qalin emasligi, kam gumuslilik, karbonatlilik va deyarli hamma joyda tuproqlarning shо‘rlanganligi (qumli maydonlardan tashqari). Bulardan tashqari chо‘l tuproqlari litologik – geomorfologik omillarga bog‘liq tarzda о‘ziga xos qator maxsus xossa va xususiyatlarga ham ega.
Chо‘l zonasining muxtor (avtonom) sharoitida tuproq zonalarining uch tipi: sur – qо‘ng‘ir, taqirsimon va qumli chо‘l tuproqlari ajratiladi (VII. 7.2. bо‘limda ham atroflicha tо‘xtalinadi).
Sur – qо‘ng‘ir chо‘l tuproqlari ancha qadimgi platolarning toshli chо‘llarida mujassamlashgan. Ular turli kо‘rinishdagi qumoqli va yengil loyqali, skeletga boy turli granulometrik tarkibli jinslarda rivojlanadi. Gumus miqdori juda kam -1 % gacha, karbonatning eng kо‘p qismi uning yuqori qatlamida uchraydi. Sur – qо‘ng‘ir chо‘l tuproqlari Mang‘ishloq yarim oroli, Markaziy Ustyurt, Betpaqdala chо‘llarida keng tarqalgan.
Qumli chо‘l tuproqlar tub qumlar ochilib qolgan yoki mineral tarkibi boy bо‘lgan qadimgi allyuvial qumli yotqiziqlarda shakllanadi. Tuproq kesmasi kuchsiz differensiyalangan, gumusga juda kambag‘al (0,09-0,7 %).
Taqirsimon chо‘l tuproqlar loyli chо‘llarga xosdir. Ular qadimgi allyuvial tekisliklar va qurigan deltalarning nisbatan yosh tuproqlari bо‘lib, asosan о‘tloq tuproq qatorida (о‘tloq, о‘tloq – botqoq, о‘tloq – shо‘rxok) grunt suvlari sathining pastga tushishi oqibatidagi chо‘llashishdan vujudga keladi. Shu bilan birga ushbu tuproq rivojlanishining yana orqaga tomon evolyusiyasi ham ma’lum (taqir, taqir – о‘tloq va h.k.). Tuproq karbonatlashgan, gumus miqdori 1 % atrofida, haddan tashqari chо‘llashgan tuproqlarda -0,2-0,5 %.
Taqirlarda yuksak о‘simliklar о‘smaydi va ular yuzasi suvо‘tlari va lishayniklar bilan band. Taqirlar yuzasi juda qattiq loyli qatlam bilan qoplangan (2-8 sm), juda kо‘p yoriqlar bо‘lib, ularning chuqurligi 15-20 sm gacha pastka tushadi (qatqaloq). Barcha taqirlar karbonatlashgan, gumus miqdori atiga 0,3-0,8 % ni tashkil etadi.
Subboreal mintaqa qishloq xо‘jalik nuqtai nazardan Yer sharining eng kо‘p о‘zlashtirilgan mintaqasi hisoblanadi, uning hududida dunyo dehqonchiligining 1/3 qismi mujassamlashgan. Qora, kashtan va Amerika qо‘ng‘ir tuproqlari eng kо‘p haydaladigan yerlardir. Ushbu tuproqlardagi qishloq xо‘jalik ekinlari tuzilmasida bug‘doy, makka, arpa, qand lavlagi, kungaboqar kabilar ustuvorlikka ega. Bu mintaqa dunyoning asosiy ,,nonli” hududi hisoblanadi. Qora tuproqlarda va ayniqsa, kashtan tuproqlardagi dehqonchilikda asosiy muammo tuproqda ortiqcha nam tо‘planishi va shu bilan birga joylarda sug‘orish tadbirlaridir. Qо‘ng‘ir tuproqlar ham dehqonchilikdagi jadal foydalanilmoqda, biroq tizimli tarzda organik va mineral о‘g‘itlar solinishiga ehtiyojmand. Chо‘l va chala chо‘llarda nisbatan yaylov chorvachiligi rivojlangan. Dehqonchilik sug‘orishga asoslangan, haydaladigan yerlar uncha katta bо‘lmasada, qishloq xо‘jalik mahsulotlari yetishtirishda ahamiyati beqiyos. Ular asosan suv manbalari bilan ta’minlangan vohalarda mujassamlashgan.



Yüklə 0,67 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin