Raqs: “Kalin”
O‘quvchi: Bog‘imizda atirgul,
Сhaman bo‘lib ochildi.
Uning xushbo‘y hidlari,
Har tomonga sochildi.
Gulga oshiq bulbullar,
Shu bog‘ uzra jamlandi.
Bir - biriga yoqimli,
Ajib kuylar boshlandi.
O‘quvchi: Kuylang jajji bulbullar,
Ochilsin barcha gullar.
Ozodlik kuyin chaling,
Bahra olsin ko‘ngillar.
Ona diyor sizniki,
Gulshan diyor sizniki.
Ketmang sira bulbullar,
O‘zbekiston bizniki.
O‘quvchi: Yuksak tog‘lar bizniki,
Tog‘larga yo‘l olaylik.
Chaman bog‘lar bizniki,
Bog‘larga yo‘l olaylik.
Buloqlar ko‘zin ochib,
Gulzorlar yarataylik.
Vatanning har bir qarich,
Yerini yashnataylik.
Qo‘ shiq: “Ko’k dalam”
O‘quvchi: Bolalar bo‘lsa, topqir bo‘lsalar,
Chaqqon-u epchil, chopqir bo‘lsalar.
Ilm-u hunarga, kuchga to‘lsalar,
Sog‘lom, barkamol avlod bo‘lsalar.
O‘quvchi: Vatanga aziz dilbandlar kerak,
Sheryurak, asl farzandlar kerak.
Shunday avlod bizning o‘zimiz,
Aytib turadi har bir so‘zimiz.
O‘quvchi: Vatan oldidagi burchni hammamiz,
Anglab olib, unga amal qilamiz.
Yurak to‘rida ushbu so‘zlarni,
Takror-takror aytib olg‘a yuramiz.
O‘quvchi: Vatanim jismida,
Men ham bir bo‘lak.
Vatanim menga-yu,
Men unga kerak.
Qo‘shiq: “Prezidentga va’da“
1991-yil 18-noyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 8-sessiyasida O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i to’g’risidagi qonun qabul qilindi. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Buyuk ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ardoqlaganlar, ko‘z qorachig‘idek asraganlar. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan. Vatanimiz mustaqillikka erishgach, Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan 1991-yilning 18-noyabrida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjatda ta’kidlanganidek, milliy bayrog‘imiz davlat suvereniteti ramzlaridan biridir. U yillar mobaynida mamlakatimiz Prezidenti Devoni, Oliy Majlis palatalari, hukumat binosi, mahalliy boshqaruv idoralari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, yurtimizning o‘nlab xorijiy davlatlaridagi diplomatiya va savdo vakolatxonalari, konsullik muassasalarida hilpirab turibdi. Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat va albatta har bir davlatning o‘z ramzlari, bayrog‘i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog‘imiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi. Prezidentimizning xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrog‘imiz o‘sha yurt ko‘chalarini bezaydi. Turli bayram tantanalarida, yurtimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘urur va iftixorini yorqin aks ettiradi. Yurtimizdagi bayram shodiyonalari, tantanalari chog‘ida ko‘chalarimizga ko‘rk bag‘ishlab turgan bayrog‘imiz har birimizda shukronalik hislarini uyg‘otadi. Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasi o‘laroq, xalqaro miqyosda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, turli sport musobaqalarida g‘oliblikka erishgan yigit-qizlarimiz sharafiga yurt bayrog‘i baland ko‘tarilmoqda. Ana shunday lahzalarda qalblarimizda Vatan tuyg‘usi yanada kuchliroq jo‘sh uradi, xalqimizning salohiyati, kelajagimizga ishonch yanada mustahkamlanadi. Davlatimiz bayrog‘idagi har bir rang, har bir belgi chuqur ramziy ma’noga ega. Undagi moviy rang — tiriklik manbai bo‘lgan obihayotni, musaffo osmonimizni, kuch-qudratimizni, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni aks ettiradi. Oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo`lib, u kun charog`onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg`unlashib ketadi. Oq rang — poklik, beguborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go`zallikka intilishning timsoli. Yashil – yasharish va yangilanish, navqironlik va shodumonlik ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz timsolidir. Qizil chiziqlar-tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni – hayotiy qudrat va davomiylik nishonasidir. Shuningdek, bunda Istiqlol, ozodlik uchun qon to‘kkan erksevar ota-bobolarimizning orzu-armonlari mujassam. Bayrog‘imizdagi yarim oy va yulduzlar — tarixiy qadriyatlarimiz, umrboqiy an’analarimiz, ma’naviy kuch-qudratimiz bilan bog‘liq. Hilol qo‘lga kiritilgan mustaqillik, ozodlikni ifodalaydi. Davlatimiz bayrog‘i – o‘tmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsoli. Qonunda belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrog‘imizni hurmat qilishlari shart. Zero, unda ruhiyatimiz, g‘urur va iftixorimiz, Vatanimiz va xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonchimiz mujassamdir.
Dostları ilə paylaş: |