Bankrotlik taomillari va kreditorlar talablarini qanoatlantirish navbati O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunining 1998 yilgi tahriri bilan ilk bor ishda qo‘llaniladigan taomillar aniq belgilandi, yangi taomil – tashqi boshqaruv qo‘shildi, alohida turdagi qarzdorlarning bankrotligi bilan bog‘liq qoidalar kiritildi, qonunchilikda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarning mazmuni yoritildi, bankrotlik alomatlari alohida ajratib ko‘rsatildi.
Amaldagi 2002-yil 24-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning yutug‘i shundaki, unda ishda qo‘llaniladigan taomillar to‘liq shakllantirildi. 192 moddadan iborat bo‘lgan qonun to‘lovga qobiliyatsiz qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashga qaratilgan yangi qoidalarni o‘zida mujassamlashtirdi. Qonunga ikkita yangi bob kiritildi: kuzatuv va sud sanatsiyasi, shuningdek barcha taomillar sud boshqaruvchilari tomonidan amalga oshirilishi, sud boshqaruvchilari iqtisodiy sudi tomonidan iqtisodiy sudi tomonidan tayinlanishi va nazorat qilinishi belgilandi.
Sudgacha sanatsiya qilish qarzdorga nisbatan bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilguniga qadar qo‘llaniladi va uning to‘lov qobiliyatini tiklashni maqsad qilib qo‘yadi, ya’ni tiklash tusidagi taomillar singari maqsadga ega. Lekin sudgacha sanatsiya qilishda sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillaridan farqli o‘laroq, ushbu taomilda sud ishtirok etmaydi.
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organning qarori asosida amalga oshiriladi.
Sudgacha sanatsiya qilish muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi sababli uning muddatini kreditorlar yoki vakolatli davlat organlari iltimosiga ko‘ra ushbu muddatni yanada uzaytirish maqsadga muvofiq.
Sudgacha sanatsiya qilish taomilida boshqa chora-tadbirlar ham bo‘lishi mumkin.
Kuzatuv qarzdor mol-mulkining saqlanishni ta’minlash, shuningdek uning moliyaviy ahvolini tahlil qilish maqsadida joriy etiladi. Kuzatuvning ma’nosi qarzdorga uni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza qabul qilingandan e’tiboran bankrotlikning keyingi taomili joriy etilgunga qadar o‘z mol-mulkini boshqarishni taqiqlash va kreditorlar tomonidan mustaqil talablar qo‘yishni cheklash hamda bunday imkoniyatni faqat bankrotlik to‘g‘risidagi ish doirasida yaratishdan iborat.
Kuzatuv – iqtisodiy sud tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning mol-mulki but saqlanishini ta’minlash, qarzdorning moliyaviy ahvoli tahlilini o‘tkazish maqsadida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza qabul qilingan paytdan e’tiboran keyingi taomilga qadar qo‘llaniladigan bankrotlik taomilidir.
Ushbu qoidadan ko‘rinib turganidek, kuzatuv qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza sud tomonidan ish yuritishga qabul qilinishi bilan bir vaqtning o‘zida majburiy joriy qilinadigan bankrotlik taomili hisoblanadi.
Kuzatuv joriy etish to‘g‘risidagi masala sudya tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab o‘n kun ichida hal etiladi.
Kuzatuv bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilganda iqtisodiy sud qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani ish yuritishiga qabul qilingan sanadan e’tiboran joriy etiladi va bu haqda sud ajrimida ko‘rsatiladi.
Kuzatuvni joriy etish masalasi alohida protsessual hujjat – ajrim yoki qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish to‘g‘risida va ishni sudda ko‘rishga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatilishi mumkin.
Kuzatuv joriy etilgan paytdan boshlab:
· mulkiy undiruvlar bo‘yicha ijro hujjatlarini ijro etish qonunda belgilangan tartibda to‘xtatib turiladi;
· qarzdor yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) uning tarkibidan chiqib ketishi munosabati bilan qarzdorning mol-mulkidan ulushni (payni) ajratish haqidagi talablarini qondirish va emissiya qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha dividendlar va boshqa to‘lovlar to‘lash taqiqlanadi;
· muqobil bir xildagi talabni hisobga olish yo‘li bilan qarzdorning pul majburiyatlarini tugatishga, basharti bunda kreditorlarning talablarini qondirish navbati buzilsa, yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunda sudda bankrotlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish masalalari, shuningdek bankrotlikning har bir taomilining mohiyati, xususiyati va tabiatini tartibga soladigan yuridik ko‘rsatmalar o‘ziga xos huquqiy konstruksiya asosida iqtisodiy sudlarning bu toifadagi ishlarni ko‘rish tartibini takomillashtirdi. Shu bilan birga, ishlarni ko‘rish paytida ayrim taomillarni amalda qo‘llash, ularda ba’zi huquqiy xususiyatlarning muammoliligi bilan bog‘liq qiyinchiliklar yuzaga keldi.
Kuzatuv taomili jarayonida qarzdorning rahbari va boshqaruv organining faoliyati ustidan nazoratni hamda qonunchilik talablariga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradigan muvaqqat boshqaruvchi tayinlanadi.
Qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat qilinganda, arizachi (kreditor) unda muvaqqat boshqaruvchining nomzodini ko‘rsatadi. Arizada muvaqqat boshqaruvchining nomzodi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u holda iqtisodiy sud arizachidan yoki bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organidan tegishli nomzodni taqdim etishni talab qiladi (OXS Plenumining 2006-yil 27-yanvardagi 142-son qarorining 8-bandi).
Kreditorlarning birinchi yig‘ilishi o‘tkaziladigan sanani muvaqqat boshqaruvchi belgilaydi va bu haqda barcha aniqlangan kreditorlarni, qarzdor xodimlarining vakilini, shuningdek kreditorlarning birinchi yig‘ilishida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxslarni xabardor qiladi. Kreditorlarning birinchi yig‘ilishi qarzdorni bankrot deb topish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g‘risida iqtisodiy sud chiqargan ajrimda iqtisodiy sud majlisini o‘tkazishning belgilangan sanasiga kamida besh kun muddat qolganida o‘tkazilishi kerak.
Kreditorlar birinchi yig‘ilishining ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan ishtirokchilari talablari “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun 70-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda taqdim etilgan va kreditorlarning talablari reestriga kiritilgan kreditorlardir.
Kreditorlarning birinchi yig‘ilishida qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili va qarzdorning xodimlari vakili maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etish huquqiga ega. Kreditorlar yig‘ilishida mazkur shaxslarning yo‘qligi yig‘ilishni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘lmaydi.
Sanatsiya – klearing up (finanses) – finansial assistanse – qarzdor korxonani sog‘lomlashtirish. Qarzdor mulkdori, kreditorlari yoki boshqa shaxslar tomonidan to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida amalga oshiriladigan qayta tiklash taomili .
Sanatsiya – bankrotlikni oldini olish yoki korxona raqobatbardoshligini oshirish maqsadida o‘tkaziladigan chora-tadbirlar tizimi .
Sud sanatsiyasi taomil sifatida iqtisodiy sud tomonidan qarzdorning to‘lash imkoniyatlarini tiklash hamda kreditorlar oldidagi qarzni qoplash maqsadida joriy etiladi. Sud sanatsiyasini amalga oshirish orqali qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlashning oldini olish mumkin.
Sud sanatsiyasi – iqtisodiy sud tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning to‘lov qobiliyatini tiklash hamda kreditorlar oldidagi qarzini uzish maqsadida qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga o‘tkazmagan holda qo‘llaniladigan bankrotlik taomilidir.
“Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning 76-moddasi yuqoridagi shaxslar tomonidan sud sanatsiyasini joriy etilishining ikki usulini belgilaydi:
sud sanatsiyasini joriy etish haqida iqtisodiy sudga murojaat qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan kreditorlarning birinchi yig‘ilishiga murojaat qilish;
sud sanatsiyasini joriy etish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan bevosita o‘zlari iqtisodiy sudga murojaat qilish.
Sud sanatsiyasini joriy etish haqida iqtisodiy sudga murojaat etish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan kreditorlar yig‘ilishiga murojaat qilgan shaxslar mazkur iltimosnomani va unga ilova qilinadigan hujjatlarni kreditorlarga bu hujjatlar bilan tanishish imkoniyatini berish maqsadida kreditorlar yig‘ilishi o‘tkaziladigan sanaga kamida ikki hafta qolganida muvaqqat boshqaruvchiga taqdim etishlari lozim.
Qarzdorning rahbari, qarzdor muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi tomonidan tayyorlangan sud sanatsiyasi rejasida qarzni uzish jadvaliga muvofiq kreditorlarning talablarini qondirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni sud sanatsiyasi jarayonida qarzdor tomonidan olish usullari nazarda tutilishi lozim. Sud sanatsiyasi rejasi kreditorlar yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Tashqi boshqaruv iqtisodiy sud tomonidan yuridik shaxsga nisbatan uning to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini tashqi boshqaruvchiga o‘tkazgan holda qo‘llaniladigan bankrotlik taomilidir.
Agarda qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashning haqiqiy imkoniyati aniqlangan bo‘lsa, tashqi boshqaruv kreditorlar yig‘ilishining iltimosnomasi, mol-mulkida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar bo‘yicha esa bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining arizasi asosida iqtisodiy sud tomonidan joriy etiladi. Amaliyotda ushbu qo‘llaniladigan bankrotlik taomili o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Masalan, bankrotlikning muhim taomili hisoblangan tashqi boshqaruv qo‘llanilishi natijasida 2005-yil mobaynida 20 ta korxona iqtisodiy inqirozdan chiqib ketgan.
Tashqi boshqaruv agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha muddatga joriy etiladi. Sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruvning jami muddati o‘ttiz olti oydan oshmasligi lozim.
· tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan boshlab qarzdorning rahbari o‘z vazifalarini bajarishdan chetlashtiriladi;
· qarzdorning ishlarini boshqarish tashqi boshqaruvchining zimmasiga yuklatiladi;
· qarzdorning boshqaruv organlari vakolatlari tugatiladi;
· kreditorlarning talablarini ta’minlash yuzasidan ilgari ko‘rilgan chora-tadbirlar bekor qilinadi;
· qarzdorning mol-mulkini xatlash va qarzdorga nisbatan uning o‘ziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish borasidagi vakolatlarini boshqacha tarzda cheklovlar faqat bankrotlik taomili doirasida qo‘llaniladi;
· qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar yuzasidan kreditorlar talablarining qondirilishiga nisbatan moratoriy joriy qilinadi.
Moratoriy – bu qarzdor yuridik shaxs tomonidan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar majburiyati bajarilishini to‘xtatib turishdir.
Iqtisodiy sud kreditorlar yig‘ilishining tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilinib, unda belgilangan tashqi boshqaruv muddati dastlabki muddatdan ortiq bo‘lganda agar tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish yoki tashqi boshqaruvning tasdiqlangan rejasini amalga oshirish qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanishiga olib kelishiga yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda tashqi boshqaruv muddatini uzaytirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi tugatishga doir ish yuritishning boshlanishiga sabab bo‘ladi. Tugatishga doir ish yuritish muddati bir yildan oshishi mumkin emas. Zarurat bo‘lganda bu muddat iqtisodiy sudning ajrimi bilan uzaytirilishi mumkin.
Tugatishga doir ish yuritish muddati bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga binoan yoki iqtisodiy sudning tashabbusi bilan uzaytirilishi mumkin.
Iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran qarzdorning boshqaruv organlari qarzdorning mol-mulkini boshqarish va tasarruf etish vazifalarini bajarishdan, ilgari chetlashtirilmagan bo‘lsa, chetlashtiriladi, qarzdor rahbarining vakolatlari tugatiladi (qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi), qarzdorning ishlarini boshqarish tugatish boshqaruvchisiga yuklatiladi, shuningdek qarzdorning mol-mulkini boshqarish va tasarruf etish bo‘yicha mulkdorning vakolatlari tugatiladi. Tugatish boshqaruvchisi qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki mazkur rahbarni boshqa ishga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
Qonun hujjatlarida belgilanganidek tugatilayotgan sub’ektga nisbatan kreditorlarning talablarini qondirish navbati o‘rnatilgan.
Kreditorlar talablarini qondirishda ularning garov bilan ta’minlangan talablari muhim o‘ringa ega bo‘lib, uni qondirish alohida tartibda amalga oshiriladi. Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qondirish qarzdorning garovga qo‘yilgan mol-mulki (garov narsasi) sotilganidan keyin tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Bu mablag‘lar ortib qolganda, qoldig‘i boshqa kreditorlarning talablarini qonunning 134-moddasida belgilangan navbat tartibida qondirishga mo‘ljallanadi.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni (garov narsasini) sotishdan tushgan summa kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini to‘la qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, unda talablarning qolgan qismi Qonunning 134-moddasida belgilangan navbat tartibida qondirilis-hi kerak.
Sud xarajatlarini, sud boshqaruvchilariga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni, joriy kommunal to‘lovlarni va foydalanish to‘lovlarni, qarzdorning mol-mulkini sug‘urta qilish xarajatlarni qoplash, shuningdek qarzdorning bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilganidan keyin yuzaga kelgan majburiyatlar bo‘yicha talablarni hamda qarzdor qaysi fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘lsa, shu fuqaroning talablarini qondirish navbatdan tashqari tarzda amalga oshiriladi.
Ish haqi to‘lash uchun pul mablag‘lari berilishini nazarda tutuvchi to‘lov (ijro) hujjatlari bo‘yicha alimentlarni undirish to‘g‘risidagi talablarni qondirish uchun hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘tkazishni yoki berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha mualliflik shartnomalari yuzasidan haq to‘lash bo‘yicha qarzdorning mehnatga oid munosabatlardan va ularga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi to‘lovlar hamda talablar bo‘yicha majburiyatlari teng darajada bajarilishini ta’minlaydigan talablar, shuningdek fuqarolarning jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida o‘z mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashga doir talablari birinchi navbatda qondiriladi.
Majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiy sug‘urta bo‘yicha banklarning kreditlari va bank kreditlari sug‘urtasi bo‘yicha talablar, shuningdek kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarining garovga qo‘yilgan mol-mulkni (garov narsasini) sotishdan tushgan summa yetarli bo‘lmaganligi oqibatida qoplanmay qolgan qarzdorlikka taalluqli qismi hamda kreditorlarning garov bilan ta’minlanmagan talablari ikkinchi navbatda qondiriladi.
Aksiyalar egalarining hisoblangan dividendlar bo‘yicha talablari uchinchi navbatda qondiriladi.
Qolgan barcha talablar to‘rtinchi navbatda qondiriladi.
Har qaysi keyingi navbat bo‘yicha talablar oldingi navbat talablari to‘la qanoatlantirilganidan keyin qondiriladi. Undirib olinayotgan summa bir navbatning barcha talablarini to‘la qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, bu talablar har bir undiruvchi olishi lozim bo‘lgan summaga mutanosib ravishda qondiriladi.
Mol-mulk yetmaganligi uchun qondirilmagan qarz majburiyatlari qanoatlantirilgan deb hisoblanadi.
Yuridik shaxsni tugatishga doir ish yuritish taomilini o‘tkazish natijalari to‘g‘risida tugatish boshqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan hisobot ko‘rib chiqilganidan keyin iqtisodiy sud tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi haqida ajrim chiqaradi va tugatish boshqaruvchisi zimmasiga mazkur ajrimni yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga o‘n kun ichida taqdim etish majburiyatini yuklaydi.