Asosiy qism. Vatan tushunchasi keng ma’noda va tor ma’noda ham qo‘llaniladi. Keng ma’noda xalq vakillari yashab turgan, ularning avlodlari azaldan yashab kelgan hududlari nazarda tutilsa, tor ma’noda odamning tug’ilib o‘sgan joyi, mahalla ovul tushuniladi [3]. Vatan tushunchasi asrlar davomida siyosiy-iqtisodiy rivojlanish munosabatlari bilan o‘zgarib, kengayib, rivojlanib, boyib boradi.
Qadimgi zaman donishmandi, hamma belgili notiq Tsitseron «Mehr-muxabbat to‘g’risida barcha tushunchalarimiz «Vatan» degan bitta so‘zga birikkan» desa, buyuk shoir Shiller «Vatandan sevimli hesh narsa bo‘lishi mumkin emas» deb Vatanning buyukligini ulug’laydi. Taniqli Venger shoiri Sh.Betefi «Umr men uchun baridan qimmat, muxabbat umrdan ham qimmat, lekin yurtning erkinligi va ozodligi uchun ikkisini qurbon etishga tayyor turaman» [4] – deb aytgan fikri Vatanning juda muqaddas ekanligini tasdiqlaydi.
Hadisi sharifda aytilganidek, «Vatanni sevmoq iymandandur», «Ota makonim», «Ota yurtim», «Kindik qonim tomgan makon», kabi tarixiy tushinchalar hayotda o‘z o‘rnini egallab, ahamiyatini tiklamakda. Biroq Vatanning haqiqiy farzandi bo‘lish uchun uni sevishing, qadirlashing va shu bilan maqtanishning o‘zi etmaydi. O’zini Vatan farzandi deb hisoblagan har bir inson uning iqtisodiy, ma’naviy boyliklarini abaylab-asrash, yanada ko‘payttirish, Vatan qudratini mustahkamlash, uning xalqlar orasida abru-e’tiborini oshirish ishiga munasib hissa qo‘shishi darkor. [5]
Ota-bobolarimiz farzandlarini yosh davridan kindik qoni tomgan Ona vatanini sevishga, tug’ilgan erini asrashga, halol mehnat qilishga, ota-onalarni, yoshi ulug’larni hurmat qilishga, kichiklarga mehribon bo‘lishga tarbiyalab, «El qadrini mard bilar», «Mard yigit el uchun tug’iladi, eli uchun o‘ladi», «Boshqa elda sulton bo‘lgancha, o‘z elingda ulton bo‘l» deb nasihatlar berishadi.
Ta’lim muassasalarida talaba-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dars jarayoni, darsdan tashqari turli-tuman faoliyat orqali amalga oshiriladi. O’quvchi-yoshlarga bilim, malaka va ko‘nikma beriladi. Ularga ahloqiy, estetik, mehnatsevarlik tarbiya turlari orqali vatanparvarlik g’oyalari singdirilib boriladi. Shu bilan birgalikda ular vatanparvarlik tushunchalarini hayotdan, muhitdan, badiiy va ilmiy adabiyotlar, kinofil’m va spektakllar orqali ham anglab boradilar.
Vatanparvarlik g’oyalarini maktablarda birinchi sinfdan boshlab shakllantirib borish lozim. Bola maktab yoshiga kelgan paytlaridan boshlab o‘z oilasi haqida yaxshi fikrlarning aytilishini, o‘z uka-singillarini himoya qilishni, ota-onasiga mehribon bo‘lishni va shunga o‘xshash narsalarni hohlaydi. Bu undagi dastlabki vatanparvarlikning shakllanishidan dalolat beradi.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlarga mehnatni sevish, mulkni ehtiyot qilish, hurmat, rostgo‘ylik, sofdillik, vijdon, kamtarlikning ma’nolarini tushuntirib borish lozim. Maktablarda bolalarning yoshi, saviyasi va sinfiga qarab «Vatan nima?», «Vatanparvarlik nima?», «Mardlik va qo‘rqoqlik?», «Ona yurt?», «Vatan sajdagoh kabi muqaddasdur», «Inson go‘zalligi nimada?» «Vatan ostonadan boshlanadi» kabi mavzularda suhbatlar o‘tkazib borish bolalarda Vatanga degan tuyg’uni shakllantiradi va ularda maqsadga intiluvchanlik, o‘qish va ishda matonatlik, qat’iyat, tashabbuskorlik, uyushqoqlik, qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik kabi xarakter hususiyatlarni tarkib toptiradi.
O’quvchi-yoshlarga vatanparvarlik ruhida tarbiyalash xarakter hususiyatlarni tarkib toptiradi. Ularga maqsadga intiluvchanlik, o‘qish va ishda matonatlik, qat’iyat, tashabbuskorlik, uyushqoqlik, qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik kiradi.
Vatanparvarlik tarbiya o‘quvchi-yoshlarga jamiyat tomonidan qabul etilgan normalar bilan qoidalarga muvofiq jamiyatga, tabiatga, mehnatga odamlarga va o‘z-o‘ziga ijobiy munosabat qilishga o‘rgatishni nazarda tutadi.
Vatanparvarlik tarbiyaning vazifalariga quyidagilar kiradi.
1. Yosh avlodda milliy istiqlol g’oyasini, vatanni sevishni, yuqori insoniylik fazilatni tarbiyalash, aql-zakovatli bo‘lishga intiltirish.
2. O’zligini anglashga va qadrlashga va uni maqtonch etishga tarbiyalash.
3. Vatan tushunchasini, ishonch, e’tiqod va munosabatni shakllantirish.
4. A’lo xulq-atvor, ko‘nikma, odat va ongli tartibni tarbiyalash.
5. Xarakter xususiyatlarini, iroda sifatlarini (maqsadga intilish, faollik, boshlovchilik, barqarorlik) rivojlantirish.
Vatanparvarlik tarbiya berishda xilma-xil usullar tavsiya etiladi.
1. Vatanparvarlik tarbiya o‘qitish jarayoni bilan qo‘shib olib boriladi. Buyuk nemis pedagogi A.V. Distervet aytganidek, yaxshi ta’lim-tarbiya bera oladigan o‘qituvchi o‘kuvchilarga barcha tarbiya turlarining shakllanishiga imkon yaratadi.
2. Vatanparvarlik tarbiya jarayonining muvaffaqiyati o‘quvchilar va o‘qituvchilar jamoasining saviyasiga bog’liq. Buning uchun jamoa ahil va inoq, intizomli bo‘lishlari kerak.
3. Tarbiyaviy ishlarning rejali bo‘lishi va hamjihatlik bilan amalga oshirilishi vatanparvarlik tarbiyaning muvaffaqiyatini ta’minlaydi.
4. Ta’lim muassasalarida ijobiy emotsional sharoit yaratish vatanparvarlik tarbiya jarayoniga ta’sir etadi. Masalan, O’zbekiston Respublikasining mustaqillik kuni, Navro‘z bayrami, o‘kituvchilar va murabbiylar bayrami, til bayrami va hokazo.
5. Barcha o‘quvchi-yoshlarning ia’lim muassasalarida umumiy va yagona tartib-qoidagi rioya qilishlariga yo‘lga qo‘yish.
6. Vatanparvarlik tarbiyada ongni, tushunchalarni shakllantirishda tushuntirish, uqtirish, suhbat, munozara, rag’batlantirish usullaridan foydalanish.
7. Vatanparvarlik tarbiyani shakllantirshda o‘quvchi-yoshlarning turli faoliyatini uyushtirish.
8. Tarbiyaviy soatlar, «Odobnoma» darslari saviyasini oshirish.
9. Mehnat ilg’orlari, ilm-fan xodimlari, mehnat va urush fahriylari bilan uchrashuvlar uyushtirib borish.
10. Ta’lim muassasalarida turli-tuman tadbirlar, adabiy kechalar, bayram tantanalari, musobaqalar, o‘tkazish.
11. Dars jarayoni, darsdan tashqari vaqtlarda sharq qadriyatlari va milliy an’analar aks etgan «Xadis», «Hikmatnoma», Kaykavusning «Qobusnoma», Yusuf Has Hajibning «Kutadgu bilig», Baburning «Boburnoma», Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud ahloq» [6], Kunxoja, Ajiniyaz, Berdaq, A.Oripov, T.Qayipbergenov, I.Yusupov asarlarini o‘qib o‘rganish lozim. Bu asarlarni o‘qib o‘rgangan har bir o‘quvchi-yosh o‘zida vatanparvarlik tuyg’usining shakllanib borayotganligini his etadi.
Bu usullar orqali vatanparvarlik tarbiya negizini tashkil etadi.
Vatanimizning istiqlol va taraqqiyoti kelgusi yosh avlodning har tomonlama etuk, bilimli, ongli, tadbirkor, yuksak axloqli bo‘lishiga bog’liqdir.
Vatanparvarlik millat g’ururi, fidoyilik, o‘z xalqi tarixi, uning madaniyati bilan faxrlanish, insonga hurmat-ehtirom – shularning hammasi inson ma’naviyatiga borib taqaladi. Ma’naviyat esa bugungi kunda erishgan mustaqilligimizning poydevori, tayanchi hisoblanadi.
Buyuk ajdodlarimiz Abu Rayxan Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Axmad Yassaviy, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jiyen jirov, Kunxoja, Ajiniyoz, Berdaq va boshqa o‘nlab o‘tgan allomalarimiz ham ana shunday tuyg’u bilan yashaganlar. Vatan, xalq manfaatlari, uning mustaqilligini saqlash, uni yanada ravnaq toptirish yo‘lida o‘zlarini fido qilganlar, har qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirishga, uni engib o‘tishga bor imkoniyat va iste’dodlarini safarbar qila olganlar. O’z el-yurtini jahonga mashhur qilgan buyuk sarkarda Amir Temur «Davlat lashkaru-fuqoralarning sadoqati va fidoyiligi bilan qudratlidir» - deb bejizga aytib ketmagan. Ana shunday fidoyi odamlar qancha ko‘p bo‘lsa, davlat shunchalik kudratli bo‘ladi.
O’quvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ta’lim tarbiya jarayonining murakkab muammolardan biri hisoblanadi. Chunki, u milliy tarbiya muammolari, ayniqsa milliy tafakkurning shakllanishi hususiyatlari, milliy va madaniy qadriyatlarga munosabat tushunchalari bilan bog’liq.
Milliylik va zamonaviylikning uyg’unligini ta’minlamay turib, yuqorida ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Milliy tarbiya millatchilik tarbiyasi emas, aksincha milliy madaniyat xalqimizning hayotning barcha jabhalarida erishgan o‘ziga xos yutuqlarini tiklash, rivojlantirishni davom ettirishning ma’rifiy vositasi bo‘ldi. Faqat milliy tarbiyagina o‘quvchi-yoshlarda milliy qadriyatlarini, or-nomusini va sof vijdonni, mehnatsevarlikni, ilmga chanqoqlikni, mehr-oqibatni, tashabbuskorlikni mustaqil fikr yuritish qobiliyatlarini boyitib, keyingi avlodlarga etkazishga xizmat qiladi.
Demak yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishi avvalo ularda milliy qadriyatlarimizni hurmat qilishga, o‘zligimizni, kimligimizni anglashni o‘rgatishdan boshlash kerak.
Darsda va darsdan tashqaridagi tarbiyaviy ishlar jarayonida Alpomish, Tumaris, Shiroq, Gulayim, Qoblan kabi xalq qahromanlari, Amir Temur, Bobur, Mirzo Ulug’bek singari davlat arboblari va sarkardalarimiz, Ibn Sino, Beruniy singari olimu-donishmandlarimizning umr yo‘liga, qarashlariga tez-tez murojaat qilishimiz yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishining asosini tashkil etadi.
Ma’lumki, ta’lim-tarbiya oldiga qo‘yilgan eng muhim maqsad -umuminsoniy va milliy qadriyatlarga tayangan holda ta’lim-tarbiyaning mazmunida vatanparvarlik g’oyasini kuchaytirish, xalqchillashtirish va shular asosida yoshlarda ma’naviy madaniyatni shakllantirishdan iborat.
Mamlakatimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar demokratik ta’lim tizimiga asoslangan bo‘lib, unda olg’a surilayotgan g’oyalar quyidagilardan iborat:
1. Shaxsning ma’naviy madaniyatini hozirgi davrda insoniyat erishgan barcha yutuqlar asosida ko‘rish;
2. Ma’naviy madaniyatni shaklantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ustuvor bo‘lishiga erishish;
3. Ma’naviy madaniyatni shakllantirishda milliylikdan yiroq va unga zid unsurlardan voz kechish.
Ta’lim-tarbiya murakkab ijtimoiy jarayon bo‘lib, uni amalga oshirishning an’anaviy, zamonaviy uslub va vositalari mavjuddir. Bu borada ta’lim-tarbiyaning turlari ham talaygina bo‘lib, ularni bir-biridan ajratilgan holatda olib borib bo‘lmaydi.
Ta’lim-tarbiya tizimida vatanparvarlik g’oyasini keng qamrovda qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Vatanparvarlik bu tug’ma, irsiy xususiyat bo‘lmasdan, balki muayyan ma’rifiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy vaziyatda, ta’lim-tarbiya natijasida shakllanadigan xususiyatdir. Shu sababli, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ta’lim-tarbiya ishi bo‘yicha mas’ul bo‘lgan ota-ona, tarbiyachi pedagoglarlar oldida turgan ulug’vor, mas’uliyatli vazifa bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda, yoshlarda vatanparvarlik tarbiyasini amalga oshirish uchun ularda ilmiy izlanish, huquqiy savodxonlik, burch va mas’uliyatni chuqur his qilish, poklik, halollik, fidoyilik, mehnatsevarlik, ijodiy tashabbuskorlik, ishbilarmonlik, iymon, insof, diyonat, insonparvarlik, haqiqatgo‘ylik, sadoqatlilik, shijoat, botirlik singari fazilatlarni shakllantirish lozim.
Vatanparvarlik shaxsning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, unga yoshlikdan asos solinishi kerak. Vatanparvarlikni turli usul va vositalar yordamida shakllantiriladi. Bunga badiiy asarlar, san’at, ma’rifiy-madaniy tadbirlar misol bo‘la olishi mumkin. Shu bilan birga, vatanparvarlik e’tiqodini shakllantirish muayyan ilmiy-nazariy muammolarni o‘rganishga bog’liq ekanligini ham unutmaslik kerak. Binobarin, bu muammolar tizimini bilish, ular o‘rtasidagi ilmiy-uslubiy birlik va bog’liqlikni aniqlash tarbiyaviy tadbirlarni samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda milliy-ma’naviy merosning ham o‘rni muhimligini yana bir bor ta’kidlash lozim.
Chunki o‘quvchi-yoshlarda vatanparvarlik tarbiyasini shakllantirishda ajdodlarimizning Ona-Vataniga bo‘lgan muhabbat tuyg’ularini, vatan manfaatlari yo‘lida ko‘rsatgan fidoiylik va qahramonliklarini misol va o‘rnak sifatida keltirish mumkin. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda, yoshlarda vatanparvarlik tarbiyasini amalga oshirish uchun umumta’lim maktablarida o‘tkaziladigan tadbirlarni quyidagicha ko‘rsatib o‘tish mumkin:
- Yoshlar bilan o‘tkaziladigan tadbirlarni Vatan va vatanparvarlik haqidagi suhbatdan boshlash. Bunda tarixiy manbalar, hayotiy misollardan foydalanish tavsiya etiladi;
- Umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari bilan harbiy qismlar orasida aloqalarni o‘rnatish. Chunki, bu bevosita yoshlar ongida harbiy xizmat, Vatanni himoya qilish kabi tushuncha shakllantiradi;
- 9 may “Xotira va qadrlash kuni ” munosabati bilan o‘quvchi-yoshlarning urush qatnashchilari va harbiy soha mutaxassislari bilan uchrashuvlarini tashkil etish;
- ta’lim muassasalarida vatanparvarlik mavzularidagi targ’ibot-tashviqot ko‘rgazmali burchaklarini tashkil etish;
- Kutubxonalarni vatanparvarlikni targ’ib qiluvchi, mardlik va jasurlikka ilhomlantiruvchi, bugungi taraqqiyotini aks ettiruvchi adabiyotlar bilan boyitib borish;
-“Vatan ostonadan boshlanadi”, “O’zbekiston-yagona Vatan”, “Vatanni mardlar qo‘riqlaydi”, “Vatan obodligi, xalq ozodligi yigitlar qo‘lida” kabi mavzularda davra suhbatlari, ma’ruzalar tashkil etish.
Ta’kidlash zarurki, tarbiya vositasi sifati ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan ham foydalanib yoshlarga individual va jamoaviy ta’sir o‘tkazish samarali natija beradi. Eng muhimi, bu ko‘rsatilgan uslublar, birlashtirilgan holda qo‘llanilib, olingan xulosalar umumiylashtirilib, tahlil etilsa, ularning aniqlik darajasi juda ham yuqori bo‘ladi. Birinchi uslubda olingan ma’lumot, ikkinchi uslub yordami bilan to‘ldiriladi, bu mantiqiy bir-biri bilan bog’langan uslublar asosida pedagog-tarbiyachi xulosa chiqaradi va yosh avlodda vatanparvarlik tarbiyasini to‘g’ri yo‘lga qo‘yish ta’minlanadi. Shu bilan birga, tarbiyaviy ishlarni olib borishda jamoaning ma’naviy-psixologik xususiyatlarini bilgan pedagog-tarbiyachigina samarali natijalarga erisha oladi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga zamin hozirlash, xususan, yoshlarni insonparvarlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, axloqiy-estetik jihatdan barkamol insonlar bo‘lib etishishlarining ilmiy asoslangan tarbiyaviy tizimini ishlab chiqishdan iborat.
Mustaqillikning ilk kunlaridanoq yangi ta’lim-tarbiya tizimini joriy etish kun tartibidagi muhim masalalardan biri sifatida qaraldi, hukumatimiz tomonidan bu borada alohida chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Yoshlarga vatanparlik tarbiyasini singdirishda ta’lim-tarbiya oldida bir qancha psixologik-pedagogik masalalar ko‘ndalang turibdiki, ularni quyidagicha tasniflab ko‘rsatishimiz mumkin:
- birinchidan, ta’lim-tarbiyaning metodologik asosini, milliy tarbiya g’oyasini ilmiy jihatdan mukammalashtirish;
- ikkinchidan, ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ta’lim-tarbiya jarayonining ilmiy psixologik-pedagogik asosini yanada mustahkamlash. Chunki ta’lim-tarbiya ijtimoiyligi bilan xarakterlanib, doimiy tarzda takomillashtirishni talab etadi. [7]
Yoshlarga bugungi zamon ruhida ta’lim-tarbiya berish davr talablaridan hisoblanib, mamlakatimizning mustaqil siyosati maqsad va mazmunini tushunadigan, ijtimoiy jihatdan etakchi o‘rinlarni egallaydigan mutaxassislarni kamol toptirish lozim. Shu maqsad sari yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib, ularning tezkor hamda ijtimoiy-siyosiy tayyorgarliklarining yuqori darajada bo‘lishini ta’minlash zarur.
Xalqimiz «Vatan uchun jon berish mumkin» deb, Vatan uchun o‘tga tushgan mardlarini, elining or-nomusini himoya qilgan, uning obodonligi, ma’naviy rivojlanishi uchun jon ayamagan farzandlarning ismlarining mangulashtirilayotganligi Prezidentimizning ko‘raganlik siyosatidan dalolat beradi.
Har qanday holatda bo‘lsa ham etishmovchilik, kamchilik bo‘lsa ham Vatanni yomonlash tuqqan onani yomonlash bilan barobardir. Agar elda qancha kamchilik bo‘lsa u Vatanning emas, farzandlarining kamchiligi. Uni tuzatish, yaxshilash Vatan oldida hammaning farzi va qarzidur.
Vatanga muxabbat – vatanparvarlikning ilk natijasi. Vatanni yurakdan avaylab va sevish kerak. Vatanni cheksiz sevish, undagi barcha xolatlari bilan yutuqlari, kamchiliklari bilan ko‘sha sevish bo‘lib topiladi. Jiyrenshe chechan «O’z uyim – o‘lan to‘shagim» desa, Ajiniyoz «Qurboqa bulbulim, jekanim – bog’im» deb o‘z Vataniga yuqori baho beradi. Vatanni cheksiz sevish, ardoqlash bilan birga uni yovlardan jon ayamay himoya qilish har bir farzandning burchidir. Tuqqan onasini boshqaning yovuzligidan himoya qilmagan bolani farzandim demaganidek, Vatanni himoya qilishmagan, uning istiqboli uchun kurashmagan bolani farzandim deb bo‘lmaydi.
O’z qoni to‘kilgan, ota-bobolari yashab o‘tgan ona yurtini dunyoda tengsiz, muqaddas Vatan deb biladigan odamning maqsad-murodlari aniq, maqtanishi yuqori bo‘ladi. [8]
Hadisi sharifda aytilganidek, «Vatanni sevmoq iymondandur», «Ota makonim», «Ota yurtim», «Kindik qonim tomgan makon», kabi tarixiy tushunchalar hayotda o‘z o‘rnini egallab, ahamiyatini tiklamoqda. Vatanning haqiqiy farzandi bo‘lish uchun uni sevish, qadirlash va u bilan maqtanishning o‘zi etmaydi. O’zini Vatan farzandi deb hisoblagan har bir inson uning iqtisodiy, ma’naviy boyliklarini avaylab-asrash, yanada ko‘paytirish, Vatan qudratini mustahkamlash, uning xalqlar orasida obro‘-e’tiborini oshirish ishiga munosib hissa qo‘shishi darkor. [9]
Xulosa qilib aytganda, Vatanni sig’inish maskani kabi muqaddas sanash, Vatanni har kanday dushmanlardan himoya qilish, millat, xalq ozodligi yo‘lida kerak bo‘lsa jonini fido qilish, halol va fidokor mehnatning asosida elning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga hissa qo‘shish, Vatanning tarixi, tili, adabiyoti, iskusstvosi, madaniyatini, ota-bobolarining meroslarini etuk bilish va ularni xalqaro muhitga ko‘rsatishda faol ishtirok etish, davlat ramzlarining ahamiyatini etuk bilish va ular bilan maqtanish ham vatanparvarlikning negizi hisoblanadi.