Ta’lim sohasi 110000 – Pedagogika Ta’lim yo`nalishi
Jadidlar 1906 yildayoq «Taraqqiy» deb nomlangan gazeta nashr ettirib, o’z g’oyalarini tarqata boshladilar, oradan ko’p o’tmay, «Xurshid», «SHuhrat» singari yangi gazetalar dunyo yuzini ko’rdi. Markaziy Osiyoning turli shaharlarida jadid maktablari bodroqdek ochilib, ularda diniy ilmlar bilan birgalikda dunyoviy bilimlar ham keng targ’ib qilindi. «Jadidlar nima haqida gapirishmasin, hammasi yangi nafas, yangi g’oya edi, proletar mafkurasi ham, ishchilar sinfi ham yo’q edi, tabiat birlamchi deguvchilarning mafkurasini deyarli hech kim tushunmas, biladiganlar esa juda ozchilikni tashkil qilar edi. SHuning uchun jadidchilikning yangi g’oyalar bilan paydo bo’lib, ruhoniylarga, hukmron sinflarga qarshi turishi, madaniyatni yaratishi, bir so’z bilan aytganda, yangilik edi, «jadid» jumlasining ma’nosi ham «yangi» demakdir».
Agar lo’nda qilib aytsak, jadidlarning harakat dasturi quyidagi masalalarni hal qilishga qaratilgan:
Diniy taassuf va fanatizmga qarshi kurash.
Diniy aqidalarga asoslangan o’rta asr maktablari o’rniga Ovro’po qabiladagi dunyoviy ilmlarni ona tilida o’qitishga moslangan yangi usuldagi maktablarni tashkil etish, feodal davri maorif tizimini isloh qilish.
Jadidchilik g’oyalarini keng xalq ommasiga yetkazish niyatida yangi o’zbek adabiy tilini ishlab chiqish, matbuot hurligi uchun kurash, xalq ommasiga tushunarli adabiyot va teatrni yaratish.
Xotin-qizlarni paranjidan chiqarish va jadid maktablariga qatnashlarini ta’minlash yo’li bilan ular taqdirini o’zgartirish va oilada islohot o’tkazish.
Mahalliy boylar va savdogar ahlining siyosiy va iqtisodiy jihatdan rus burjuaziyasi bilan bir huquqda bo’lishi, mahalliy amaldorlarning chor hukmdorlari tomonidan siquvga olishiga qarshi kurash. SHu yo’l bilan mustamlakachilik siyosatini isloh qilish.
Asosiy talabalari ana shundan iborat bo’lgan jadidlar uchun ilm va ma’rifat yagona qurol bo’lib, ular shu qurol yordami bilan o’lkada ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyot uchun kurashmoqchi bo’ldilar.