10. 4. Muammoli ta‘limning maqsad va mohiyati Muammoli ta‘lim deganda o’quv materialini o’quvchi-talabalar ongida ilmiy izlanishga o’xshash bilish vazifalari va muammolarini vujudga keltiradigan yusinda o’rgatish tushuniladi. Ta‘limda muammoli yondoshishni joriy etishdan maqsad hozirgi ta‘lim jarayonini o’quvchi-talabalarning ijodiy fikrlashini faol rivojlantiradigan usullar bilan to’ldirishdan iborat.
Ta‘limda muammoli yondoshish o’quv dasturlarida ham, o’qituvchi bilimlarini bayon etishda ham, o’quvchilarning mustaqil ishi va hokazolarda ham o’zining ifodasini topishi lozim. O’quvchilarning fikrlash faoliyatida muammoli vaziyatlarning shakllanishi ularning shaxsida qiziquvchanlik, o’tkir zehnlilik, mustaqillik, o’qishga qiziqish va ijodga intilish kabi fazilatlarni tarbiyalaydi. Har qanday ta‘lim o’quvchi uchun muammolidir, chunki ta‘lim o’quvchini unga hozirgacha noma‘lum bo’lgan narsa bilan tanishtiradi: o’quvchi yangi materialni o’zlashtirishi, o’qituvchi va ta‘lim muassasasining hamma talablarini bajarishi kerak. O’qituvchi o’quvchilar oldiga har qanday o’quv muammosini emas, balki faqat ular tushuna oladigan va sub‘ektiv muammo sifatida qabul qilishi mumkin bo’lgan muammolarni qo’yishi kerak.
O’quvchi ongida muammoli vaziyatlarni vujudga keltirish, o’quvchining faol fikrlash faoliyati, o’quv materialini puxta o’zlashtirib olishlari haqida Sharq pedagoglari ham o’zlarining qimmatli fikrlarini aytib o’tganlar.
Ulug’ mutafakkir Abu Rayhon Beruniy (973-1048) o’zining pedagogik va didaktik qarashlarida, o’quvchilarni o’qitish hamda tarbiyalash jarayonida birinchidan, turli mavzularda mulohazalar yuritishni, shuningdek, o’quvchining zerikmasligini, xotirasiga malol keltirmaslikni ta‘kidlab, «Bizning maqsadimiz o’quvchini toliqtirib qo’ymaslikdir, ha deb bir narsani o’qiyberish zerikarli bo’ladi va toqatni toq qiladi. Agar o’quvchi bir masaladan boshqa masalaga o’tib tursa, u xuddi turli-tuman bog’-rog’larda sayr qilgandek bo’ladi, bir bog’dan o’tar-o’tmas, boshqa bog’ boshlanadi. Kishi ularning hammasini ko’rgisi va tomosha qilgisi keladi. Har bir yangi voqea – narsa kishiga rohat bag’ishlaydi», degan edi.
Muammoli bayon qilish jarayonida izlanishni o’qituvchi olib boradi, o’quvchilarga ilmiy isbotlash bo’yicha fikrlash namunasini ko’rsatadi, o’quvchi-talabalar faqat uning mulohazasini kuzatadilar, muammoni hal qilishga qaratilgan qiziqishni o’rganadilar. Muammo – mohiyatiga ko’ra, zudlik bilan hal etilishi lozim bo’lgan masaladir. O’qituvchi o’quvchi oldiga muammo qo’yar ekan, muammoni hal qilish yo’lidagi harakat davomida o’quvchi izlanadi, ijod qilishga intiladi, muammo ustida avvalgi tajriba va bilimga tayangan holda fikr yuritadi.
SHu o’rinda shuni aytish joizki, ta‘lim jarayonining samarali bo’lishida muammoli vaziyatlar yaratilgan vaqtda o’quvchi-talabalar ham faol qatnashishi hamda o’rtaga tashlangan muammolarni o’zlari ham hal qilishga erishishi mumkin. Bunday hollarda dars qiziqarli bo’ladi va o’quvchilar shu mavzuni yaxshi o’zlashtiradi, shuningdek yetarli bilim-ko’nimalarga ega bo’lishadi.
O’qitish jarayonida o’quvchilarni bilishga havas, izlash-qidirishga undaydigan masalalarni hal qilish jarayoni bilan bog’liq intellektual hislar va ruhiy kechinmalar hosil qiladigan muammoli vaziyatlar yaratish mumkin. Bu kabi muammoli vaziyatlar yaratishda mahoratli pedagoglar ilg’or pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda darsni tashkil etishi ham maqsadga muvofiqdir.
Hozirgi oliy maktabdagi samarali o’qitish usullaridan bo’lgan muammoli o’qitishning mohiyatini o’qituvchi tomonidan talabalarning o’quv ishlarida muammoli vaziyatni vujudga keltirish va o’quv vazifalarini, muammolarini va savollarini hal qilish orqali yangi bilimlarni o’zlashtirish bo’yicha ularning bilish faoliyatini boshqarash tashkil etadi. Ta‘lim jarayonida muammoli vaziyatni vujudga keltirish, undan foydalanish usullarini yaratish, ta‘lim tizimining har bir bosqichida o’rganiladigan fanlarga xosdir. Muammoli vaziyat fanning mazmuni, o’ziga xos xarakter xususiyatlari, uni o’rganish usullarini hisobga olgan holda yaratiladi. Fikrimizcha, muammoli ta‘lim o’quvchilar oldiga muammoli savol yoki topshiriqlar qo’yish, muammoli vaziyat yaratish, muammolarni mustaqil hal etish, izlanishga o’quvchilarni jalb etish, yakuniy xulosalar chiqarish kabi jarayonlarni o’z ichiga oladi.
Muammoli ta‘lim muammoli vaziyat, o’quv muammosi, muammoli savol, muammoli topshiriq kabi kategoriyalarni o’z ichiga oladi. Muammoli ta‘limni amalga oshirishda o’qituvchi to’g’ri savol qo’ya bilishi lozim. Demak, muammoli ta‘lim – o’quvchi (talaba)ni mustaqil fikrlashi va izlanishga o’rgatishi, noma‘lum narsalarni yoritishga erishishni tarbiyalaydi hamda ilmiy bilishni rivojlantirishga asosiy kumak beradi. Shuningdek, muammoli o’qitish bilimlarni ongli va mustaqil o’zlashtirish, atrof-muhitga o’zining faol munosabatini belgilab olishda, talabalar bilish faoliyatini jonlantirishda katta imkoniyatlarga ega.
ADABIYOTLAR.
1. Qurbоnniyozоv R. “O’zbеkistоn gеоgrаfiyasi” qiziqаrli sаvоl vа tоpshiriqlаr. Tоshkеnt. O’qituvchi, 1997 y.
2. Qurbоnniyozоv R. Eshchоnоv G. “Gеоgаfik mаdаniyatni shаkllаntirish” Urgаnch, 1998 y
3. Qurbоnniyozоv R. “Gеоgrаfiya o’qitish mеtоdikаsi” Urgаnch. 2001
4. Bаrоtаliеv U. “Gеоgrаfiya o’qitish mеtоdikаsi” (mа’ruzа mаtni). Tеrmiz, 2003 y
5. Vаhоbоv H., Zаynutdinоv А. “Gеоgrаfiya o’qitish mеtоdikаsi”. Tоshkеnt. 2000 y
6. Gеоgrаfiya dаrsliklаri. Tоshkеnt. O’qituvchi. 2005 – 2006 y
Internet saytlar:
www.referat.arxiv.uz www.kelajakovozi.uz