05-02. Tarbiyachining oylik ish rejasi (Ish jurnali) Jurnalning titul varagʻidan keyingi betga tavsiyalar joylashtirilgan boʻlib, tarbiyachi bu tavsiyalardan faoliyati davomida foydalanishi mumkin. Keyingi sahifada tarbiyachining joriy oʻquv yilida oʻz oldiga qoʻygan asosiy vazifalariyoritiladi. Asosiy vazifalar tashkilotning dolzarb vazifalaridan kelib chiqqan holda olinadi. Unda tarbiyachi oʻzining pedagogik salohiyatini oshirish uchun amalga oshirmoqchi boʻlgan, markazlar faoliyatini boyitishga qaratilgan, zamonaviy jihozlash, rejalashtirilgan tadbirlar, ota-onalar, pedagoglar bilan hamkorlikdagi ishlarni yoritadi.
MTTning ish vaqti va guruh yoshiga qarab kun tartibi va mashgʻulotlar jadvali taʼlim tashkilotining 1-sonli pedagogik kengash qarori bilan tasdiqlanadi.
Bir oy uchun ikki xil tartibda ertalabki badantarbiya mashqlari rejalashtirilib, 1-15 sanagacha predmetsiz mashqlar, 16-31 sanalarda predmetlar (guruhdagi tarbiyalanuvchilar soniga yetarli boʻlishi lozim) bilan ertalabki badantarbiya mashqlari rejalashtiriladi. Ertalabki badantarbiya mashqlarini rejalashtirishda tarbiyalanuvchilar yoshini inobatga olgan holda oldindan kartotekalar tayyorlab olish lozim (bolakadem.uz elektron platformasidan tayyor kartotekadan foydalanish mumkin).
Ertalabki qabul — tarbiyachining ish jurnalida berilgan ushbu qismda bolalarni birlamchi tibbiy koʻrikdan (filtr) oʻtkazish, bolaning holati haqidagi maʼlumotlarni ota-onalardan olish, davomatga belgilab qabulni yakunlash va bolalarning hoxishlariga qarab mehnat turlariga jalb etish tadbirlari amalga oshiriladi.
Oʻyinlar – Tarbiyalanuvchilarning hoxish-istaklariga koʻra, hafta mavzusi boʻyicha taʼlimiy, rivojlantiruvchi, syujetli-rolli, sahnalashtirish oʻyinlarining nomi qayd etiladi;
Bolalar bilan suhbat - tarbiyachining ish jurnalida taʼlim-tarbiya faoliyati aks ettirilib, unda oy mavzusi, sanasi, hafta mavzusi, hafta mavzusining maqsadi yoritiladi. Ertalabki qabul jarayonida tarbiyalanuvchilar bilan quyidagi 5 ta mavzuda suhbat olib borishlari tavsiya etiladi:
1. Dushanba – “Madaniy-gigiyenik koʻnikmalar” (bolalar orqali ota-onalar bilan hamkorlik ishlarini oʻrnatish maqsadida hamda haftaning birinchi kunini inobat olib, bolalarda shaxsiy gigiyenani shakllantirish, tozalikka, toʻgʻri ovqatlanishga, atrof-muhitga toʻgʻri munosabatda boʻlishga oʻrgatish maqsadida suhbatlar tashkil etiladi). 2. Seshanba – “Odob axloq qoidalari” (bolalarda milliy qadriyat, urf-odatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish,salomlashish, doʻstlashish, sogʻlom hayot faoliyatiga oʻrgatish, mehnatsevarlik, toʻgʻri soʻzlik, kamtarlik va b.q.);
3. Chorshanba – “Huquqiy savodxonlik” (bolalarda men konsepsiyasini shakllantirish maqsadida, ularni Vatan, ota-ona oldidagi burchlari va huquqlari mavzusida suhbatlar oʻtkaziladi).
4. Payshanba – “Yoʻl harakati qoidalari” (bolalar ishtirokidagi yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish maqsadida “Xavfsiz piyoda”, “Odobli yoʻlovchi”, “Svetofor” kabi mavzularda suhbat olib boriladi). 5. Juma – “Bola xayoti xavfsizligi asoslari” mavzularida (haftaning shanba va yakshanba kuni dam olish kunlari boʻlganligi sababli, bolalar uyda yolgʻiz qolishlari yoki ota-onalar bilan koʻngil ochar maskanlariga borishlari, suv havzalarida choʻmilishlari va boshqa holatlarni inobatga olib, bolalarga begona shaxslar bilan muloqat qilganda, adashib qolganda qanday harakat qilish lozimligi toʻgʻrisida suhbat oʻtkiziladi).