KONFUTSIY, Kun Futszi, Kun-szu,Kun Syu, Kun Chjunni (mil. av. taxm. 552 — Syuyfu sh., Xitoyning Shan`dun viloyati — 479) — qad. Xitoy faylasufi, konfutsiychilik asoschisi, siyosiy arbob. Kambag’allashib qolgan aristokrat va harbiylar oilasida tug’ilgan. 22 yoshida ta’lim berish b-n shug’ullanib, Xitoyning eng mashhur o’qituvchisi sifatida shuhrat qozongan. Konfutsiy o’zi ochgan maktabida 4 ta fan: axloq, til, siyosat va adabiyot o’qitilgan. 50 yoshida Konfutsiy siyosiy faoliyatini boshlab, Lu davlatida yuqori amaldor bo’lib xizmat qiladi. Fitnalar natijasida xizmatidan ketadi, 13 y. mobaynida Xitoyning turli o’lkalariga boradi, biroq u joylarda o’z g’oyalarini qo’llay olmagach, mil. av. 484 y. Luga qaytib keladi. Ta’lim berishdan tashqari qadimiy Xitoyning 5 ta mumtoz asari — «Shuts- zin», «Shitszin», «Itszin», «Yuetszin» va «Litszi»ni to’plash, tahrir qilish, tarqatish b-n shug’ullanadi. Konfutsiy ta’limoti uning «Lun` yuy» («Suhbatlar va mulohazalar») kitobida bayon etilgan. Bu kitob aslida Konfutsiyning fikrlari va suhbatlari asosida shogirdlari va izdoshlari tomonidan yaratilgan. Konfutsiy o’zi uchun, avlodlari, yaqin shogirdlari uchun alohida ajratilgan kabristonga dafn etilgan; uning uyi Konfutsiy ibodatxonasiga aylantirilgan, bu joy ziyoratgoh bo’lib qolgan.