Tarjimon: Shahnoza Qahhorova



Yüklə 1,69 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə37/65
tarix22.09.2023
ölçüsü1,69 Mb.
#146901
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   65
Ishqqa oid qirq qoida [@kitoblar pdf]

1244 yil, 31 oktyabr, Konьya.
Shams Tabriziyni uchratgan kunimga 
shukronalar bo'lsin! Bu Aqrab oyining so'nggi 
kuni bo'lib, kuz o'tib ketayotganini bildiruvchi 
salqinlik tushgan va shamol odatdagidan 
kuchliroq esa boshlagan edi. 
Masjidda, odatdagidek, ko'p odam to'plangan. 
Ko'pchilik oldida xutba o'qiganimda, 
odamlarning yuzlariga uncha e'tibor 
bermaslikka harakat qilaman. Qarshimdagi 


tinglovchilarni turli qiyofalarda gavdalangan 
omma deb emas, yaxlit bitta odam deb 
tasavvur etaman. Har hafta meni tinglash 
uchun yuzlab odamlar keladi, lekin men faqat 
bitta odam bilan so'zlashaman - qalbi 
so'zlarimga aks sado berayotgan va meni 
hammadan yaxshi biladigan bitta odam bilan. 
Masjiddan qaytishda meni otim kutib turadi. 
Uning yollari taralgan, tilla va kumush 
qo'ng'iroqchalar qo'shib o'rilgan. Ot yurganda 
ularning jiringlashi menga yoqadi. Lekin 
atrofimda odamlar ko'pligidan juda sekin 
yurishga to'g'ri keladi. Otim somon tomli 
kulbalarni ortda qoldirib, bir maromda qadam 
tashlayapti. Arz qiluvchilarning chaqiriqlari 
bolalarning baqir-chaqirlari va tilanchilarning 
nolayu fig'onlari bilan aralashib ketgan. 
Ularning ko'pchiligi duotalablar, boshqalari esa 
shunchaki birga yurishni istovchilar. Lekin 
menga juda katta umid bilan kelganlar ham 
bor. Ular meni shifo baxsh eta oladi yoki 
yomon nazarlardan xalos etadi, deb o'ylashadi. 


Ularni ko'rish menga azob beradi. Axir men 
payg'ambar emasman va donishmand ham 
emasman, nahot tushunishmasa? Mo''jiza 
ko'rsatishga kuchim etmasligini nega 
tushunishmaydi? 
Muyulishga yetgach va «Shirinliklar savdosi» 
mehmonxonasiga yaqin kelib qolganimizda 
menga ko'zlarini tikkancha, omma orasini 
yorib, men tomon kelayotgan darbadar 
darvishga ko'zim tushdi. Uning harakatlari 
chaqqon va aniq edi, nazarimda, undan o'ziga 
bo'lgan ishonch yog'ilib turardi. Sochlari yo'q. 
Soqoli yo'q. Qoshi yo'q. Ammo garchi chehrasi 
ochiq esa-da, yuzidan hech nimani o'qib 
bo'lmas edi. 
Uning tashqi ko'rinishi meni qiziqtirib qo'ydi. 
Uzoq yillar mobaynida men Konьyada Xudo 
izlab yurgan turli darvishlardan ko'pini 
ko'rganman. Ba'zilari badanlariga rasm 
chizgan, ko'pchiligi quloqlari, burunlariga 
sirg'a taqqan bo'ladi; ular badanlariga «g'alati» 
yozuvlar yozishni yoqtirishardi. Ba'zilari soch 


o'stirishardi, ba'zilari esa taqir qilib qirishardi. 
Ba'zilari hatto tillari va ko'kraklarini teshgan 
bo'lishadi. Bu darvishni ko'rganimda uning 
tashqi ko'rinishidan hayron bo'lmadim. Meni 
uning tim qora ko'zlari hayratga soldi. 
U butun borlig'imga singib kirayotgan nigohini 
mendan uzmagan holda, yo'l o'rtasiga turib oldi 
va nafaqat bizning yurishimizni, balki vaqtning 
o'zini ham to'xtatishni istaganday, qo'llarini 
baland ko'tardi. Meni kimdir bir turtganday 
bo'ldi. Minib turgan otim bezovtalandi va goh 
boshini ko'tarib, goh tushirib kishnay boshladi. 
Men uni tinchlantirishga harakat qildim, lekin 
ot o'zimning ham asablanayotganimni his 
qilayotganday edi. 
Darvish sakrab irg'ishlayotgan ot yoniga keldi 
va qulog'iga nimalarnidir sekin pichirladi. Ot 
og'ir nafas ola boshladi, lekin darvish bir qo'l 
siltagan edi, o'sha zahoti tinchlandi. Olomon 
hayajonda to'lqinlandi va men kimdir «Afsun!» 
deganini eshitdim. 
Darvish hech kimga e'tibor bermasdan, 


qiziqsinib meni kuzatar edi. 
- Ey, Mashriqu Mag'ribga taniqli buyuk olim, 
men ta'rifingizni ko'p eshitaman, shuning 
uchun bugun qoshingizga keldim, agar ruxsat 
etsangiz sizdan so'raydigan bir savolim bor edi. 
- So'rang, - dedim men sekingina. 
- Ammo siz avval otdan tushsangiz va men 
turganday yerda tursangiz yaxshi bo'lardi. 
Darvishning bu gapi meni shunchalar 
taajjublantirdiki, hatto bir necha daqiqa unga 
biron so'z ham ayta olmadim. Yon atrofdagi 
odamlar esa orqaga tislanganday bo'lishdi. 
Hech kim menga bunday iltimos bilan 
murojaat qilishga jur'at eta olmagan edi. 
Yuzim qizarib ketdi va zo'riqishdan ichimda 
hamma narsa tarang tortildi, ammo o'zimni 
tutib olishga va otdan tushishga kuchim yetdi. 
Bu vaqt ichida darvish orqasini o'girdi va nari 
keta boshladi. 
- Hoy, iltimos, shoshmang! - chaqirdim men 
uning orqasidan yetib olarkanman. - Men 
savolingizni eshitishni istayman. 


Darvish to'xtadi va menga burilib, ilk bora 
tabassum qildi. 
- Yaxshi. Unda ayting, kim ustun deb o'ylaysiz, 
Muhammad payg'ambarmi yoki so'fiy 
Bistomiymi? 
- Bu ne savol bo'ldi! - xitob qildim men. - 
Qanday qilib Payg'ambar (s.a.v.)ni allaqanday 
so'fiy bilan solishtirish mumkin? 
Yaqinimizga qiziquvchilar zichroq to'plandi, 
lekin darvish ularni umuman parvoyiga ilmadi. 
U mening qiyofamni yanada e'tiborliroq 
o'rgana turib, boyagi savolini takrorladi: 
- Iltimos, yaxshiroq o'ylab ko'ring. Axir nima 
uchun Muhammad (s.a.v.) «Yuragimni zang 
bosib, egamning oldida har kuni yetmish karra 
tavba qilaman», deydi-yu, Boyazid esa: «Men 
o'zimdagi har nechuk qusurlardan xalos 
topdim. Jismimda Xudodan bo'lak hech narsa 
qolmadi», - deb bong uradi? 
Mening yuragim hapqirib ketdi. Bu notanish 
kimsa dag'allikka dag'al edi-yu, ammo 
anoyilardan emas edi. Aftidan, u ham men 


bosh qotirgan masalada, ya'ni haqiqatning 
mustaqilligiyu, bilimlarning nisbiyligi xususida 
bosh qotirgan ko'rinadi. 
- Siz nima demoqchi ekaningizni tushundim, - 
dedim men, - ovozimdagi titroqni 
yashirmasdan. - Nima uchunligini men sizga 
aytaman, zero garchi Bistomiyning so'zlarida 
iftixor bor esa-da, ularda beqiyos buyuklik 
yo'q. 
- Davom eting. 
- Gap shundaki, Xudoning mehru muhabbati - 
bepoyon ummon va har bir inson undan iloji 
boricha ko'p suv olishga intiladi. Ammo kun 
nihoyasida olingan suv idishning sig'imiga 
bog'liqligi ma'lum bo'ladi. Kimdir suvni 
doshqozonga soladi, kimdir chelakka, kimdir 
esa piyolasiga. 
Bularni gapirayotganimda darvishning yuzida 
sodir bo'layotgan o'zgarishlar mendan pinhon 
qolmadi: avval sezilar-sezilmas istehzo, undan 
mening haqligimni tan olish, suhbatdoshi 
so'zlarida o'z fikrlarini tanish ifodasi bo'lgan 


mayin tabassumga o'tishga qadar. 
- Bistomiyning idishi nisbatan uncha katta 
bo'lmagan va bu uning chanqovi qonishi uchun 
yetarli bo'lgan, 
- davom etdim men. - U o'zicha baxtli bo'lgan. 
Va uning o'z muqaddasligini anglagani juda 
soz, lekin shunda ham u bilan Xudo orasida u 
bosib o'tilmagan katta maso-fa bor. Xudo 
saylagan Payg'ambar (s.a.v.)ning idishlari esa 
beqiyos katta hajmli bo'lgan. Shuning uchun 
ham Xudo u zotdan: «Biz sening qalbingni 
ochmadikmi?» deb so'ragan. Ul zotning 
qalblari kengaytirilgan, idishlari katta bo'lgan, 
chanqovlari tobora ortib boravergan. Va «Biz 
Seni bilishimiz kerak bo'lganchalik bila 
olmaymiz» deb bejiz aytmaganlar. Garchi ul 
zot U haqida hech kim bilmaganlarni bilgan 
bo'lsalar ham. 
Darvishning yuzi tabassumdan yorishib ketdi. 
U bosh irg'itdi va menga tashakkur bildirdi. 
Keyin chuqur minnatdorlik belgisi o'laroq 
qo'lini ko'ksiga qo'ydi va birmuncha vaqt shu 


holatda turdi. Ko'zlarimiz yana uchrashganda, 
men uning ko'zlaridagi mehrni payqadim. 
Men olis atrofga qaradim. Shahar, yilning 
odatdagi shu fasliga muvofiq ravishda kumush-
dur rangida edi. Oyoqlarimiz ostida qurigan 
yaproqlar aylanardi. Darvish menga qiziqsinib 
qarab turardi, botayotgan kuyosh nurida bir 
daqiqagina uning asalrang aurasi ko'rinib 
ketganday bo'ldi menga. 
U menga odob bilan ta'zim qildi. Men ham 
unga ta'zim qildim. Biz bir-birimiz bilan 
yuzma-yuz qancha turib qolganimizni 
bilmayman. Osmon binafsharang tusga kirdi. 
Oxiri bizni kuzatib turgan olomon bezovtalana 
boshladi. Hamshaharlarim mening kimgadir 
ta'zim qilganimni shu choqqacha ko'rishmagan 
edi, qayoqdagi oddiy darbadar darvishga ta'zim 
qilganim esa eng yaqin do'stlarimdan tortib 
xiylagina ko'pchilikning jig'iga tegdi chog'i. 
Darvish muhitdagi taranglashuvni payqadi 
chog'i. 
- Sizni muxlislaringiz bilan birga qoldirib, 


ketar vaqtim bo'lgan ko'rinadi, - dedi u ipakdek 
mayin ovozda va deyarli shivirlab. 
- Shoshmang, - iltimos qildim men. - Iltimos, 
ketmang. Qoling! 
Uning yuzidan lip etib xayolchanlik ifodasi 
o'tdi, lablari nimanidir aytishni istaganday 
juftlandi, lekin ayta olmadi yoki aytishi 
mumkin emas edi, shekilli. Va men shu daqiqa 
qaerdandir uning menga bermoqchi bo'lgan 
savolini ilg'adim: «Buyuk xotib, Siz- dan 
so'rasak-chi? Sizning idishingiz sig'imi 
qanchalik katta?» 
Boshqa aytiladigan gap qolmagan edi. So'zga 
o'rin yo'q edi. Men darvish sari bir qadam 
yurdim, keyin unga shunchalik yaqin keldimki, 
hatto tim qora ko'zlaridagi tillarang tomchilarni 
ham ko'rdim. Meni to'satdan g'alati tuyg'u 
chulg'ab oldi: nazarimda, bu onlarni birinchi 
marta boshdan kechirmayotgan edim. Bu 
nafaqat birinchi, balki hatto o'ninchi marta ham 
emas edi. Men xotiramni titkilay boshladim. 
Yuzi yopiq, baland bo'yli, ozg'in, barmoqlari 


yonadigan kishi. Va nihoyat angladim. 
Ro'paramda turgan darvish, o'sha men o'z 
tushlarimda ko'rgan odamning o'zi edi. 
Va men o'zimga kerakli odamni topganimni 
tushundim. Lekin baxtdan quvonish o'rniga 
qo'rquvdan titra ketdim. 
Ella

Yüklə 1,69 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   65




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin