Tarjimonlar: dilfuza vohidova maftuna mahmudjonova



Yüklə 5,04 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə1/22
tarix01.12.2023
ölçüsü5,04 Kb.
#170821
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   22
Faqat ahmoqlargina sakkiz soat uxlaydi




ERDAL DEMİRKIRAN 
FAQAT AHMOQLARGINA 
SAKKIZ SOAT UXLAYDI
TARJIMONLAR: 
DILFUZA VOHIDOVA 
MAFTUNA MAHMUDJONOVA



Sendagi oʻzimga bagʻishlovimdir... 



Muvaffaqiyatli insonlar kam 
uxlamaydilar, kam uxlagan insonlar 
muvaffaqiyatga erishadilar. 



“Muqaddima oʻqilmaydi!” deb kim aytdi? 
 
Ignaning teshigidan bir tuyani oʻtkazdilar. 
Ignaning teshigi oʻsha oʻzimiz bilgan 
ignaning teshigi edi, ammo tuyaning 
beshta oʻrkachi bor edi... 



1-bob
 
UYG’ONISH
 
Kendinning yuziga kutilmagan tarsaki kelib tushganida 
quyoshning chiqishiga hali bir soat bor edi. Jin chalgandek 
yotogʻidan sapchib turdi. Yotogʻi oldida katta, ajoyib bir odam 
Kendinga qarab kulimsirab turardi. Sochlari oʻta gʻayritabiiy 
bo’lib, har bir tolasi goʻyo kamondan uchib chiqishga shay 
turgan oʻqqa oʻxshardi. Kiyimi esa toshbaqaning kosasini esga 
solardi. Oyoqlari yoʻq deydigan darajada kichik, qoʻllari esa 
aksincha, nihoyatda katta edi. Goʻyoki, biroz avval Kendinning 
yuziga tushgan shapaloq ayni shu gʻalati odam jimjilogʻining ishi 
edi. Nima bo’lganini anglay olmagan Kendin oʻziga kelgach, 
tarsaki taʼsiri ostida qoʻrqqancha ikkilangan koʻyi soʻradi: 
- Menga nima boʻldi? 
- Qoʻrqma, xavotirli narsa emas, seni shunchaki jin chaldi!, - dedi 
bahaybat qoʻlli, mitti oyoqli odam. Insonni dahshatga soladigan 
bu javobdan Kendin o’zini yo’qotib qo’ydi.
- Jin?! Qanaqa jin?, - dedi Kendin asabiy, hayron va qo’rqqan 
holatda. 
U gʻalati odam mitti oyoqlarini xuddi bir baleron kabi mohirlik 
bilan oʻynatar, havoda goʻyo pichoqning ustida aylanayotgandek 
aylanar, soʻngra birdan toʻxtab, soʻzlashda davom etardi: 
- Men jinman. Haligi bor ediku, “Mendan nima tilasang, 
tilagingni bajo keltiraman” deydigan jin. Hah, mana oʻsha 
menman!
Kendin dovdirab qoldi. Jin ekanini aytgan bu gʻayritabiiy maxluq 
soʻzlashda davom etdi: 



- Hozir, mendan nima tilasang, tila. Birgina imkoning bor; ammo 
shunday bir narsa soʻraginki, oʻzing aslo qila olmaydigan ish 
boʻlsin! 
Kendin quvonib ketdi, chunki, bu koʻplab insonlar kutadigan, 
ammo nodir holatlardagina taqdim qilinadigan shohona taklif edi. 
Ammo kutilmaganda uning butun ezgu tuygʻulari haqlik daʼvosi 
va hirs sezilib turgan bir munosabatga aylandi va Jinga shunday 
dedi: 
- Bilishimcha, bunday holatda uchta imkon berilardi. Bu 
adolatsizlik emasmi? 
Jinning ko’z qarashlari oʻzgardi.
- Biroz avval yoʻq edim, endi esa borman. Shu onda qarshingda 
hayotingni oʻzgartirish imkoniyati turibdi. Sen esa men bilan 
savdolashib oʻtiribsan. Sen qanday ajoyib maxluqotsan o’zi? 
Yana takrorlayman: Birgina imkoniyating bor. Sen bilan tortishib 
oʻtirmayman. Agar istagan narsang oʻzing bajara oladigan bir 
narsa boʻlsa, bilib qoʻy, bajarmayman. Uy, mashina, pul-mul 
tilash yoʻq, bilasan! 
Kendin hijolat tortdi. Jinning bu soʻzlari qarshisida hijolat tortgan 
ko’yi oʻzini himoya qila boshladi: 
- Menga ham adolat qil, axir! Sen kelding, meni shirin uyqudan 
uygʻotding, yetmaganiga uni soʻrama, buni soʻrama deb bir 
dunyo shart qoʻyayapsan.
Jin menga nima degandek bir harakat bilan: 
- Oʻzing bilasan. U holda ketaman!, - dedi. 
Kendin shoshilgancha oʻrnidan sakrab turdi.
- Toʻxta, toʻxta!.. Bu men uchun ulkan imkoniyat. Dovdirab 
qoldim. Biroz oʻylab koʻrishimga imkon ber, iltimos!, - deya 



insonga xos mohirona bir hiyla qoʻlladi. Soʻngra Jin yana ortiga 
qaytdi. 
Kendin oʻylarkan, Jin ham insonning nafsi aslo toʻymasligi, 
doimo eng afzalini talab qilsa-da, hijolat chekmasligi haqida 
xayol surardi. Kendin ovozini chiqarib oʻylashni afzal koʻrdi. 
Maqsadi Jinning munosabatini bilish va xatoga yo’l qo’ymaslik 
edi.
- Uy boʻlmaydi, mashina ham, pul ham... Kuch desam ishonchim 
komilki, u ham boʻlmaydi. Nima soʻrasam ekan? 
Jinning nimagadir ishora berish niyati yoʻq edi. Biroq goʻyo 
asrlar davomida ichida saqlagan bir dardi boru, uni oldidan 
chiqqan ilk insonga toʻkib solishga tayyordek bir kayfiyatda edi.
- Har safar sizlar bilan yuzlashganimda ayni shunday narsalarni 
istaysiz. Doim koʻp pulim boʻlsin, deysiz. "Bunchalik katta pulni 
nima qilasan?" desam, javob bera olmaysiz. Hech biringizda 
muayyan bir maqsad yoʻq. Hozir "100 million dollaring boʻlsa, 
nima qilarding?" deb soʻrasam, aniqki, javob berolmaysan. 
Shunga qaramay, negadir har safar xayolingizga ilk keladigan 
narsa yana "pul" boʻladi.
Kendin moddiy bir narsa soʻray olmasligini anglab yetgandi. 
Quvonchdan baland ovozda hayqirib yubordi: 
- Topdim. Umrimni uzaytir! 
Jin vaqtni boy bermay qaytib soʻradi: 
- Senga yana bir umr bersam yetadimi? 
Yoʻl-yoʻl moviy pijama kiygan, quvonchdan koʻzlari porlab 
oʻrnidan sakrab turgan Kendinning sevinchi koʻrishga arzigulik 
edi, rosti! 
- Albatta! Ortigʻi bilan yetadi, - dedi. 



Jin xonada uyoqdan buyoqqa yurarkan: 
- Ishonching komilmi?, - deb soʻradi. 
Kendinning qarori qatʼiy edi. 
- Ha, albatta... 
Jin: 
- Afsusdaman! Imkoniyatingni boy berding. Yodingda boʻlsa, 
"Sen oʻzing uddasidan chiqa olmaydigan bir narsani soʻra!", 
degandim, - dedi. 
Kendin nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi. 
- Hoy, bir daqiqa! Bu men aslo uddasidan chiqa olmaydigan ish. 
Yaxshi tushunmading shekilli, umrimni uzaytirishing haqida 
gapiryapman, - dedi. Jin xotirjamlik bilan soʻradi: 
- Yoshing nechada? 
- 30 da, - dedi Kendin.
- Yaʼni 5, - Kendinning jumlasini toʻgʻriladi Jin. "Koʻramiz, 
ikkinchi savolimga qanday boʻlmagʻur javob berar ekansan?" deb 
oʻylayotgandek bir qiyofada bosh chayqadi, soʻngra ikkinchi 
savolga oʻtdi: 
- Insonlar oʻrtacha necha yil yashaydilar? 
- 60, - javob berdi Kendin. 
- Yaʼni 10, - yana toʻgʻriladi Jin. Kendin goʻyo matematika 
oʻqituvchisi oʻquvchisiga tanbeh berganidek Jinni malomat qila 
boshladi: 
- Sen qanaqa Jinsan oʻzi? Yoki karmisan? 30 desam, 5 deysan; 
60 desam yana 10 deysan... 



Jin esa ustozidan eshitgan taʼnalarga eʼtibor bermagan isyonkor 
oʻquvchi misoli "Menga sening keraging yoʻq!" degandek 
maʼnoni yuzida ifoda etarkan, Kendinga bir taklif berdi: 
- Men aslida, kar emasman, shunchaki, sen hisoblashni 
bilmaysan. Xohlasang, birga hisoblaymiz. 
Kendin oʻzining haq ekaniga aslo shubha qilmasdan jimgina 
Jinni tinglardi. Jin davom etdi: 
- Bolalik chogʻing 15 yil. Hozir soʻrasam, bir narsani 
eslolmaysan. Yolgʻonmi?
- Toʻgʻri, - dedi Kendin, bu hisobni qayerga ketganini taxminan 
chamalab. 
- 15 yilni mayda-chuyda, kerak boʻlmagan ishlarga sarflaysan, - 
soʻzlarida davom etdi Jin. Kendin Jindan bu mayda-chuyda ishlar 
deganda nimani nazarda tutayotganini soʻradi. Jin toʻxtagan 
joyidan oʻsha tezlikda soʻzlashda davom etdi:
- Yaʼni, ahmoqona teledasturlar, virtual olamdagi hayot, 
boʻlmagʻur oʻyinlar, befoyda suhbatlar, samarasiz tortishuvlarni 
nazarda tutyapman. Umumiy 30 boʻldi.
- Xoʻsh?, - dedi Kendin. 
- Har kunning 8 soatini esa uyquda oʻtkazasan, yaʼni, kunning 
uchdan bir qismini... Bundan kelib chiqadiki, sen yashagan 60 
yilning 20 yili uyquda oʻtadi. Biroz avvalgi yashamagan yoki 
yashadim deb taxmin qilgan 15 yilingni bunga qoʻshsak, 50 
boʻladi. Umumiy 60 edi. Xoʻsh, 60 dan 50 ni ayirginchi, qancha 
qoladi? 
Kendin javob bermadi. Jinning oʻzi natijani aytishini kutdi. Jin 
ham kuttirmay savoliga oʻzi javob berdi: 
- 10... Aytmoqchimanki, sen 60 yillik umringning bor-yo’g’i 10 
yilinigina yashaysan. 30 ga 5, 60 ga 10 deyishimning sababi ham 


10 
shu edi. Bundan kelib chiqadiki, men kar emasman, sen 
hisoblashni bilmaysan.
Ammo Kendin Jinning bu soʻzlari bilan oʻzi istagan narsa 
oʻrtasida biror bogʻliqlikni koʻrmadi.
- Yaxshiku-ya, ammo bularni mening umrimni uzayishi bilan 
nima aloqasi bor?, - deya sodda qishloq bolasidek soʻradi. Jin 
xuddi shu savolni kutgandek, izoh bera boshladi: 
- Hozir tushuntiraman: Hozir sen barcha oddiy insonlar kabi 8 
soat emas, balki 4 soat uxlasang, har kun uchun 4 soat 
qoʻshimcha vaqt yutasan. Bu yigʻilib 60 yillik umringning yana 
10 yilini tashkil etadi. Shunday qilib, 60 yil ichida yashagan 10 
yilingga buni qoʻshsang, 20 yil boʻladi. Yaʼni, ikki insonning 
umri. Sen mendan shu narsani, ikki inson umrini berishimni 
soʻraganding. Koʻrdingmi? Bu oʻzingning qoʻlingdan keladigan 
ish. Mayli, men ketdim.
Kendin bor-yoʻgʻini qimorda boy bergan omadsiz oʻyinchi 
singari: 
- Shoshma, ketma. Men 4 soat uxlasam, oʻlib qolaman. Oʻzi 8 
soatda zoʻrgʻa oʻzimga kelaman, - dedi.
Jin toʻxtamadi. Gʻoyib boʻlish uchun katta tezlikda aylana 
boshladi. 
Kendin goʻyo Jin oʻzining ogʻriqli bir yeriga tegib ketgandek 
siniq ovozda: 
- Toʻxta, dedim. Bunday ketib qola olmaysan. Sen meni aldading, 
bergan soʻzingda turmading. Kelishuvimizni esla! Agar istagan 
narsam oʻzim uddalay oladigan bir ish boʻlsagina, uni bajarmas 
eding... Soʻragan narsamni aslo uddasidan chiqa olmayman. Sen 
esa ketmoqchisan!, - dedi. Jin tutun ustida turgancha: 


11 
- Buni har bir odam qiloladi... Sen ham bir insonsan!, - dedi. 
Kendin Jinni qaytarish maqsadiga qisman boʻlsa-da, erishgandi.
- Ha, balki boshqalarning qoʻlidan kelar, lekin gap men haqimda 
ketyapti. Men aslo uddalay olmaydigan ish bu! Har bir inson yura 
oladi; ammo ikki oyogʻi yoʻq inson har qancha istasa ham 
boshqalardek yura olmaydi. Agar sen mening oʻrnimga oʻsha 
insonni uchratsang va u senga "Yurishni xohlayman!" desa, 
"Barcha insonda oyoq bor. Qani, yur oʻzing!" deb aytarmiding? 
Shumi sening adolating, Jin janoblari? 
Jin uy ichida, shiftda, polda, har qayerda aylana yasab, pirildoq 
singari tez aylanar, Kendin esa goʻyo eng tezkor stol tennisi 
matchini tomosha qilayotgandek uni kuzatardi. Jin boʻyin 
mushaklarini kuydiradigan darajada boshini tez harakatlantirardi. 
Kendin qattiq qoʻrqib ketdi. Hayotida ilk bor jin bilan yuzlashgan 
edi. "Uni shunchalik yomon jahlini chiqardimmi?" deb oʻylardi. 
Balki, birozdan soʻng ulkan bir falokatga uchrar?! Butun 
jasoratini toʻplab: 
- Bas, yetar, toʻxta! Yolgʻonchi!, - deb baqirdi. Jin toʻxtadi: 
- Nega baqirasan? Sening aytganlaring haqida oʻylayapman. Men 
sendek shiftga qaragan koʻyi oʻylamayman, harakatlanib 
oʻylayman!
Kendin qoʻrqadigan narsa yoʻqligini bilib xotirjam tortdi. Ammo 
uni qiziqtirayotgan narsa Jinning hozir aytadigan soʻzlari edi.
- Oʻylab koʻrdim va seni haqli deb topdim. Faqat ortiqcha umid 
qilma, sen oʻylagandek boʻlmaydi! Men faqat senga buni qanday 
qilishni oʻrgataman. Uyogʻi oʻzingga havola!
Kendin yengil tortgan, nihoyatda mamnun edi. Faqat Jin fikrini 
oʻzgartirib qolmasidan burun taklifni qabul qilishi kerak: 
- Mayli, mayli, sen aytgandek boʻlsin... 


12 
Jin turgan yerida 247 marta aylandi. Toʻxtaganida esa qoʻlida 
dunyodagi eng kichik va shohona bankacha bor edi. Ichidagi 
suyuqlik "Oltin suvi boʻlsa kerak!" deya gumon qilinadigan bu 
ajoyib koʻrinishdagi bankaning qopqogʻini ochgan Jin uni 
Kendinga uzatdi va dedi: 
- Qani, buni ich! 
- Nima bu? Nega ichishim kerak?, - dedi Kendin.
- Koʻrinmaslik eliksiri. Kichik safarga chiqamiz. 
Kendin nima boʻlayotganini tushunmadi. Xayoliga bugun qilishi 
kerak boʻlgan ishlari keldi. Kendin kardiolog edi. Qoʻl ostida 
boshqarishi kerak boʻlgan kasalxonasi, koʻrikdan oʻtkazadigan 
bemorlari, amalga oshiradigan toʻlovlari, hisob-kitoblari va yana 
oʻnlab ishlari bor edi. Shuncha yumushning orasida bittasi kelib 
"Men Jinman!" deya unga koʻrinmaslik taklif qilayotgandi. Biroq 
uning bu taklifni qabul qilishi, yaʼni, yoʻq boʻlib qolishi imkonsiz 
edi. Goʻyo boshini kundaga qoʻyishini taklif etayotgan jallodga 
eʼtiroz bildirayotgandek: 
- Yoʻoʻq, aslo bunday qilolmayman! 
- Oʻzing kabi oʻylama, Kendin, menga aslo bahona qilma!, - dedi 
Jin. Kendin Jinning soʻzini kesdi: 
- Bir daqiqa! Sen nega men bilan bu ohangda gaplashyapsan? 
Meni "xoʻjayin" deb chaqirishing kerak.
Jinning xayolidan "Bu avvallari edi" degan fikr oʻtgani kundek 
ravshan edi.
- Toʻgʻri. Eski zamonlar boʻlsa edi, senga "Xoʻjayin" deb xitob 
qilardim. Ammo hozir koʻrib turibmanki, sen oʻzingga ham 
xoʻjayinlik qilolmaysan. Ertalablari koʻrpaga oʻranib olib, zoʻrgʻa 
koʻzlaringni ochasan, kechqurunlari uxlashdan boshqa hech bir 
ish qilmaysan, oʻzingni ham hurmat qilmaydigan bir bechorasan. 


13 
Men 5226 yoshdaman, nimalarni boshimdan kechirmadim! 
Mayli, gapni choʻzma-da, ich shuni... 
Jinning bilgani bor edi. Koʻrinmas boʻlish uning uchun muammo 
keltirib chiqarmaydigandek edi. Kendin oʻz boshligʻiga ishongan 
xodim singari Jinning koʻrimsiz qoʻllarida turgan mitti 
bankachaga kibor qoʻlini uzatdi. 
- Mayli, hech qo’ymading-qo’ymading, ichaman u holda!, - dedi 
va oltin suviga oʻxshash nomaʼlum suyuqlikni ichdi. 
Koʻzi yotoqning qarshisidagi ko’zguga tushdi. Kendinning aksi 
sekin-astalik bilan yo’qolib borardi. Yuz berayotganlarni hayajon 
ichra kuzatib turdi. Gʻalati bir tuygʻu edi bu. Bir necha soniya 
ichida Kendinga qoʻshilib pijamasi ham koʻrinmay qoldi. 
- Xoʻsh, pijamam qanaqasiga koʻrinmas boʻldi?, - soʻradi 
Kendin. Jin javob berdi: 
- Bu xonadan chiqquningga qadar tanangga tegib turgan har narsa 
koʻrinmas boʻladi. Safarimiz davomida esa hech kim oʻzimiz 
istamagunimizcha bizni na koʻroladi va na eshitoladi. Yorugʻlik 
tezligidan deyarli 2.5 marta tezroq harakatlanamiz. Ammo bu 
tezlikni senga aloqasi yoʻq. Bu mening karomatim. 
Aytmoqchimanki, men yoʻgʻimda aslo oʻzingcha tajribalar qilma. 
Shuni unutma, sen hamon oddiy bir insonsan. Professional 
darajada yolgʻon gapira oladigan, muttasil oʻzining haqligini 
isbotlashga urinadigan, keraksiz joyda mahmadonalik qiladigan, 
hamma narsani yanglish tushunadigan bechora bir insonsan. 
Koʻrinmas boʻlishingga qaramay, bu odatlaring yoʻqolmaydi. 
Savollaringni faqatgina oʻzimdan soʻra. Aytgancha, men 
yoningdan ayrilgan ondayoq koʻrinmasliging poyoniga yetadi, 
bilib qoʻy!


14 
Endi butun nazorat Jinning qoʻl ostida edi. Kendin ishtirokchisiga 
aylangan bu holat goʻyo bir oʻyinga oʻxshardi. Jin gapida davom 
etdi: 
- Oʻzing kabi bir narsaga qiziqib, uni bilishga urinadigan, 
bilgandan soʻng esa bu narsani inkor etadigan tirik jonni koʻrsata 
olmaysan. Shu sabab hech kimga va hech narsaga tegishga 
urinma. Hamma narsani barbod qilasan. Haa, yana safarimiz 
davomida istasang ham uxlay olmaysan.
Kendin bu holatdan mamnun boʻldi. Nima boʻlsa ham tezroq 
boʻlishini istardi.
- Qani, endi menga tushuntir-chi! Bu ish qanday boʻladi? Men 
qanday qilib kam uxlayman? Bu sayohat qayergacha davom 
etadi, qachon tugaydi? Yoki "koʻp yashayman" deb umrimni 
yoʻlda oʻtkazib yuboramanmi?, - deb soʻradi. Jin esa bularni hech 
eshitmagandek oʻz soʻzida davom etdi: 
- Va sabrli boʻlasan! 
Kendinning xayoliga kasalxonada yordamchisi boʻlib ishlaydigan 
sevgilisi Ohista keldi.
- Yaxshi, hech boʻlmasa kasalxonada toʻxtab oʻtaylik.
Jinning achchigʻi chiqdi: 
- Nega? Bitirishing kerak boʻlgan ishing bormi?, - deb soʻradi. 
Shiftning oʻrtasida yana aylanishni boshladi. Soʻngra oynaning 
yon tarafida toʻxtab:
- Yoki tayyorlashing kerak boʻlgan biror hujjat bormi?, - dedi. 
Har gapidan soʻng xonaning boshqa-boshqa joylarida turli 
harakatlar qilgan Jin Kendinga ketma-ket savollar yogʻdirardi: 
- Xodimlarning ish haqlari, befoyda majlislar, aksiyalar, ijara 
haqlari, kreditlar, goʻzal yordamchining jingalak sochlari, yana 


15 
umringni behisob sarf etadigan boshqa-boshqa narsalar... Oʻz 
haqiqatingni topishingga toʻsiq boʻlgan minglab narsalar... 
Stol ustidagi pechenyelardan birini olib yeyayotgan Kendin Jinni 
tushunayotgandek kulimsirab qoʻyardi. Jin biroz toʻxtadi:
- Nega sendan soʻrab oʻtiribman oʻzi, qani yur!, - dedi va ulkan 
qoʻllari bilan Kendinni tutdi. Aylanishni boshladilar va bir zumda 
yoʻqoldilar. Pechenye shu oradan oʻtib ketayotgan bir 
chumolining oldiga tushdi, lekin chumoli uni na koʻrdi va na 
eshitdi.

Yüklə 5,04 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   22




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin