1-modda Mulkiy huquq 1. O‘zbekiston Respublikasida mulkiy huquq tan olinadi va qonun bilan muhofaza etiladi.
2. Mulkdor o‘ziga tegishli mol-mulkka o‘z ixtiyoriga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Mulkdor o‘z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo‘lmagan har qanday xatti-harakatlarni qilishga haqlidir. U mulkdan qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday xo‘jalik yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishda foydalanishi mumkin.
3. Mulkdor o‘ziga qarashli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf qilish huquqini boshqa shaxslarga berishga faqat o‘zi haqlidir. O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan hollarda, mulkdorning zimmasiga boshqa shaxslarning uning mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yish vazifasi yuklanishi mumkin.
4. Mulkdor O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan shartlar va doira chegarasida o‘ziga tegishli mulkiy huquqni amalga oshirish paytida fuqarolarning mehnatidan foydalanish to‘g‘risida ular bilan shartnoma tuzishga haqlidir.
Fuqaroning mehnatidan foydalanishga asos bo‘lgan mulkning qay shaklda ekanligidan qatiy nazar, fuqaro O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar va kafolatlar bilan ta’minlanadi.
5. Mulkiy huquqning amalga oshirilishi atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, jismoniy, yuridik shaxslarning va davlatning huquqlarini buzmasligi hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlariga putur yetkazmasligi kerak.
2-modda. Mulkchilik to‘g‘risidagi qonunchilik 1. O‘zbekiston Respublikasida mulkchilikka doir munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solib turiladi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasida mulkka doir munosabatlar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan ham tartibga solib turiladi.
4-modda. Mulkiy huquq subyektlari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, jamoalar, ularning birlashmalari, jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar, fuqarolarning oilaviy va o‘zga birlashmalari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari, xalq deputatlarining barcha bo‘g‘indagi Kengashlari hamda ular vakolat bergan davlat boshqaruvi idoralari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar, boshqa davlatlarning yuridik shaxslari va fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mulkiy huquq subyektlaridir. Turli yuridik shaxslar va fuqarolar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar aynan bitta mulkning subyektlari bo‘lishi mumkin.
[OKOZ: