Didaktikaning asosiy kategoriyalari. Muayyan fanga xos bo‘lgan tushunchalarda insoniyat tomonidan ijtimoiy taraqqiyot jarayonida to‘plangan bilimlar aks etadi.
Didaktikaning asosiy kategoriyalari quyidagilardan iborat: o‘rgatish, o‘rganish, o‘qitish, ta’lim, bilim, ko‘nikma, malaka, kompetensiya, maqsad, mazmun, tashkil etish, shakl, metod, vosita, natija.
O‘rgatish – o‘qitish maqsadini amalga oshirish bo‘yicha pedagogning tartiblangan faoliyati.
O‘rganish – anglash, mashq qilish, va egallangan tajribalar asosida xulq-atvor va faoliyatning yangi shakllarini egallash jarayoni, oldin egallanganlari o‘zgaradi.
O‘qitish – qo‘yilgan maqsadga erishishga yo‘naltirilgan pedagog bilan o‘quvchilarning tartiblangan o‘zaro harakati.
Ta’lim – o‘qitish jarayonida egallanadigan bilim, ko‘nikma, malakalar, kompetensiya va fikrlash usullari tizimi.
Bilim – ma’lum bir fanni nazariy o‘zlashtirishni aks ettiradigan inson g‘oyalari yig‘indisi;
Ko‘nikma – egallangan bilimlarning aniq xatti-harakatdagi ifodasi, o‘zlashtirilgan bilimlarni amaliyotga qo‘llash usullarini egallash.
Malaka – avtomatlashgan, biror bir usul bilan bexato bajarish, ko‘nikmaning takomillashgan darajasi.
Kompetensiya – egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik va kasbiy faoliyatda qo‘llay olish layoqati.
Maqsad – o‘qitishning nimaga qaratilganligi, uning kuchlari kelgusida qay yo‘sinda safarbar etilishi.
Mazmun – o‘qitish jarayonida egallanishi lozim bo‘lgan ilmiy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalar, faoliyat, fikrlash usullari tizimi.
Tashkil etish – qo‘yilgan maqsadni samarali amalga oshirish uchun unga zaruriy shaklni taqdim etadigan, aniq mezonlar bo‘yicha tartiblangan didaktik jarayon.
Shakl – o‘quv jarayonining tashqi ifodasi, uning ichki mohiyati, mantig‘i, mazmuni uchun qobiq.
Metod – o‘qitishning maqsad va vazifalariga erishish (amalga oshirish) yo‘li.
Vosita – o‘quv jarayonining predmetli qo‘llab-quvvatlanishi, yangi materialni o‘zlashtirish jarayonida o‘qituvchi va talabalar tomonidan foydalaniladigan ob’yekt.
Natija – o‘quv jarayonining so‘nggi mahsuli, belgilangan maqsadlarning amalga oshganlik darajasi.
Zamonaviy ta’lim paradigmalari. Paradigma (grekcha, paradeigma) so‘zining o‘zi keng ma’noda turmush va fikrlashining biror sohasining fundamental asoslarini aniqlab beruvchi o‘ziga xos tuzilishga ega nazariya deb izohlanadi.
Paradigma – aniq vaqt doirasida ilmiy jamoatchilikka muammolarni aniqlash va ularni hal etish modeli sifatida taqdim etiladigan barcha ilmiy yutuqlarga tegishli tadqiqot vazifalarini hal etish namunasi sifatida qabul qilingan nazariya.
Ta’limning yangi paradigmasining paydo bo‘lishi faqat ijtimoiyiqtisodiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lmasdan, u butun madaniy rivojlanish jarayonida yuzaga kelgan. Uning shakllanishida insonparvarlik falsafasi va psixologiyasi asosiy o‘rin egallaydi. Mazkur konsepsiyaning asosiy nuqtai nazari – har bir alohida inson hayotining o‘ziga xosligi, har bir shaxs noyob, individual, shartsiz qadriyat ekanligini e’tirof etish. Insonparvar falsafa va psixologiya o‘z-o‘zini realizatsiyalash, o‘z-o‘zini rivojlantirish ehtiyojini insonning yuksak ehtiyoji deya e’tirof etib, insonning o‘z noyobligini asrash va rivojlantirish, insonning erkinlikka erishish mexanizmi sifatida individual shaxsiy tanlovni amalga oshirishni o‘zida namoyon etish, qilingan tanlov uchun javobgarlikni bo‘yniga olishda ularni amalga oshirishning muhim shartini ko‘radi. Shuning uchun shaxsning rivojlanishi va insonning shakllanishi boshqalar bilan hamjihatlikda, ishonch, oshkoralik, sevgiga asoslangan insonparvar munosabatlarni o‘rnatish jarayonida sodir bo‘ladi.
Asosida ta’limga yangicha yondashuv yotadigan g‘oyalarning rivojlanishida psixologlar ham muhim hisa qo‘shishgan: yaqin zonadan rivojlanish va inson rivojlanishida birgalikdagi faoliyatni roli haqidagi ta’limot, shaxsning hayotiy faoliyatdagi vazifalari, fikriy soha, insonning reflektiv imkoniyatlarining rivojlanishi, o‘quv faoliyati jarayonida uning psixik rivojlanish qonuniyatlari haqidagi tadqiqotlar, shular jumlasidandir.
Zamonaviy pedagogik fanlardagi maqsadiga (ta’limiy, tarbiyaviy), ta’limning bosh maqsadi – madaniyatga yondashuvga, o‘quv-tarbiya jarayoni doirasida hal etiladigan vazifalariga, pedagog va talabalar orasidagi o‘zaro ta’sir etish tavsifiga ko‘ra paradigmalar farqlanadi.