Boshqaruvni tashkil etish
Zamonaviy menejment fan va amaliyot sohasi sifatlaridan ko’ra odamlarni boshqarish san’ati sifatida ko’proq namoyon bo’ladi. Korxonaning tashkiliy rejasida ko’zda tutilgan barcha tadbirlar, amaliyotning ko’rsatishicha, ishlab chiqarishni rivojlantirish vazifasi korxona rahbariyatidan tashqari xodimlar jamoasining ham zimmasida bo’lsa muvaffaqiyatli tuzilishi, kelgusida esa o’z vaqtida va samarali amalga oshirilishi mumkin. Xodimlar iqtisodiyotda boshqaruvning aktsiyadorlik shakllari etakchilik qilayotgan, biznes va tadbirkorlik faqatgina biznes uchun tug’ilgan, tanlangan shaxslarning emas, balki har bir shaxs shug’ullanishi mumkin bo’lgan hozirgi sharoitlarda ko’plab xo’jalik subyektlarining xulq-atvori uchun qoidaga, deyarli zaruratga aylanib bormoqda.
Biroq, korxona muvaffaqiyati yo’lidagi butun jamoaning, kollektivning harakatlari ilmiy menejment tamoyillari va talablariga zid kelmasligi kerak. Birinchidan, jamoaning har bir a’zosi – oddiy ishchidan to birinchi rahbargacha korxonada belgilangan qonun-qoidalarga asosan o’z vazifa va majburiyatlarini bajarishi, ikkinchidan, mansabdor shaxslar, bo’linma va xizmatlar o’rtasidagi o’zaro bo’ysinishning ta’minlanishi, uchinchidan esa, boshqaruvni tashkil qilishda chuqur bilimga ega xodimlarni tanlash va samaradorlik ta’minlanishi lozim.
Ma’lumki, har bir shaxs o’ziga yarasha alohida hususiyatlarga ega bo’ladi. Agar rahbar xodim, mutaxassis o’z salohiyatini to’liq ochib berishini istasa boshqaruv jarayonida har bir shaxsga o’ziga xos yondashishi zarur. Inson tabiatini yaxshi bilmagan rahbar muvaffaqiyatga umid qilishi qiyin, tashkiliy reja esa qog’ozda qolib ketadi. Tajribalarning ko’rsatishicha, ko’plab qo’l ostidagi xodimlar faoliyati ko’p jihatdan rahbariyat bilan munosabatlar xarakteriga bog’liq bo’ladi. Aynan rahbariyat kimning nima ish qilishi va kim nima uchun javobgar bo’lishini belgilab beradi.
Boshqaruv san’atidan yaxshi xabardor bo’lish rahbariyatning turli xil ichki va tashqi vaziyat omillarini oldindan ko’ra bilish qobiliyatini anglatadi. Bu jarayonning asosini rejada kutilayotgan natijalarni beradigan darajada odamlar faoliyati va ishni tashkil qilish hisoblanadi. Bu esa ko’p jihatdan to’plangan ish tajribasidan tashqari, boshqaruv usullariga, asosiy vazifalarni ikkinchi darajali vazifalardan ajrata olish, jamoaning va har bir shaxsning hatti-harakatlarini baholash va rag’batlantirish qobiliyatiga bog’liq bo’ladi.
Ko’rinib turganidek, boshqaruvni tashkil qilish ko’p qirrali jarayon bo’lib, o’z mazmuniga ko’ra oddiy boshqaruvdan ko’proq ma’noni anglatadi. U odatda, avvalo, korxona rahbariyati tomonidan boshqaruv tuzilmasi va kommunikatsiya tizimini shakllantirish, ishlab chiqarishning borishini nazorat qilish bo’yicha belgilangan boshqaruv qarorlarining qabul qilinishi bilan bog’liq bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, boshqaruvni tashkil qilish ikki xil jihatga ega: ishlab chiqarishni tashkil qilish va ishlab chiqarishni boshqarishni tashkil qilish (10.1-rasm).
Tashkil qilish jarayonida korxonaning tanlangan rivojlanish strategiyasi bilan uning boshqaruvi tashkiliy tuzilmasi o’rtasidagi munosabat muhim ahamiyat kasb etadi. Ko’plab olim va mutaxassislar fikriga ko’ra boshqaruv tuzilmasining rivojlanish strategiyasiga mos kelishi eng yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishishdan tashqari, ortiqcha boshqaruv xarajatlarini kamaytirish, boshqaruvning tizim sifatida moslashuvchanligi hamda korxonaning raqobatli muhitda yashovchanligi va uning o’sishida ham katta ahamiyatga ega. Bunday mutanosiblikka erishi korxonada boshqaruvni tashkil qilishning asosiy vazifalaridan biridir.
Biroq bu erda ko’p narsa korxona hajmi, mulkchilik shakli, ish faoliyati va boshqa belgilariga ham bog’liq bo’ladi. Masalan, korxona hajmi o’sishi bilan uning tuzilmasi ham o’zgaradi, u yanada standartlashgan va formallashgan bo’ladi. Korxona hajmining kengayishi yoki kichrayishi mos ravishda boshqaruv bo’g’inlari soniga ta’sir ko’rsatadi, boshqaruv faoliyati bilan mashg’ul bo’lgan xodimlar soniga o’zgartirish kiritadi, boshqaruv xarajatlarining o’sishi yoki kamayishiga olib keladi.
Ayrim korxonalar o’z tuzilmasini maxsus tashkiliy axborotnomalar chiqarish yo’li bilan formallashtiradi. Bu axborotnomalarda odatda korxonaning tarixi va uning tashkiliy tuzilmasi, ishlab chiqarish maqsadi va turlari, rahbariyat faoliyatining yoritilishi, kadrlar siyosati, bandlik sharoitlari, eng kam va eng yuqori ish haqi kabi ma’lumotlar o’rin oladi. Bunday axborotlar shuningdek, ko’p hollarda korxona faoliyatini reklama qilish va bozordagi imidjini oshirishga xizmat qiladi.
10.1-rasm. Tashkiliy qarorlar va boshqaruv
Biznes-reja va uning bo’limlari hayotiyligini ta’minlash maqsadida boshqaruv tizimi – menejmentni marketing bilan bog’lashi muhim. Ular u yoki bu darajada tashkiliy reja bilan bog’liq bo’lib, korxonaning ishlab chiqarish muvaffaqiyati va kutilayotgan foyda darajasiga erishishiga xizmat qiladi. Aynan shunday bog’liqlik boshqaruvni tashkil qilishni nafaqat o’z iste’molchisi va bozoriga, balki barcha bozorlar va iste’molchilarga hamda qabul qilingan va amalga oshirilayotgan tadbirlarning maqsadga muvofiqligiga yo’naltirilgan mukammal tizim shaklida ifodalashga imkon beradi. Masalan, korxonada boshqaruvni tashkil etishning hamda biznes samaradorligi nuqtai nazaridan kimlar va nima sababdan korxona mahsulotini sotib olmayotganligi befarq qoldirmasligi kerak. Korxona xaridorlari (yoki korxona xaridori bo’lmaganlar) boshqalardan nima sotib oladi? Ular uchun ushbu xaridlar qanday qiymatga ega? Biznesni jonlantirish va iste’molchilik talabining o’sishi uchun qanday tashkiliy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish zarur? Korxonada boshqaruvni tashkil qilish yagona maqsad emasligi sababli shu va shu kabi boshqa savollarning javobi har bir ishlab chiqarish korxonasi rahbariyatining boshqaruv hatti-harakatlari asosida yotishi lozim.
Yangi tashkil etilayotgan korxona uchun yuqorida aytib o’tilgan vazifalardan tashqari biznes miqyosiga mos keluvchi tashkiliy tuzilmani shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Uni tavsiflab berishda odatda quyidagi masalalar yoritiladi:
asosiy boshqaruv lavozimlari va boshqaruv xodimlarining umumiy soni;
boshqaruv tizimining ierarxiya bosqichlari soni;
u yoki bu lavozimlarga mutaxassislar rezyumesini to’plash va boshqaruv komandasini shakllantirish;
boshqaruv komandasi a’zolari o’rtasida rollarni taqsimlash va har bir komanda a’zosining funktsiyalarini belgilab olish;
boshqaruv komandasining har bir a’zosi uchun oylik ish haqi miqdorini belgilash;
boshqaruv komandasi a’zolarini yollash shartlari.
Korxonaning optimal tashkiliy tuzilmasini shakllantirish bir vaqtning o’zida amalga oshiriladigan narsa emas. Uning echimi ko’p hollarda nafaqat ko’p vaqt, balki katta tashkilotchilik ishlarini, qobiliyatini ham talab qiladi. Ayniqsa boshqaruv komandasini tuzish og’ir va murakkab ish hisoblanadi. Bunda quyidagi tamoyillarga rioya qilish zarur:
komanda a’zolarining psixologik jihatdan bir-biriga mos kelishini ta’minlash;
komandaning yagona organizm kabi faoliyat ko’rsatishini ta’minlash;
har bir komanda a’zosi jamoa oldiga qo’yilgan maqsadni to’liq tushuna olishi lozim;
komanda a’zosi o’z malakasini muntazam oshirib borishi kerak;
qonuniy asosda korxona nufuzini oshirish va foydasini o’stirish uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirish.
Tashkiliy tuzilmaning asosiy tavsifi (xarakteristikasi) quyidagilardan kelib chiqadi:
boshqarish funktsiyalari bo’yicha boshqaruv xodimlari soni;
chiziqli boshqaruv xodimlari soni;
korxona boshqaruv tizimining bo’ychunish pog’onalari soni;
har bir boshqaruv darajasida tuzilmaviy bo’g’inlarning miqdori;
boshqaruvning markazlashmaganlik darajasi;
Yuqoridagi tavsiflarga ta’sir ko’rsatuvchi asosiy omil korxonani boshqarish bo’yicha ishlar xajmi hisoblanadi. Bu esa o’z navbatida boshqarish fnktsiyalarining mazmuni va tarkibiga boshqaruv vazifalarining mehnat talabligi va davriyligiga bog’liq bo’ladi.
Dostları ilə paylaş: |