Isrof nima? Isrof – har bir ishda haddan oshishdir. Isrof ne'matning zavolidir. Islom shariatida isrof haromdir. Qur'oni karimda va Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida isrof qattiq qoralangan va undan qaytarilgan, unga yo'l qo'ymaslikka buyurilgan.
Isrofgarchilikning zararlari xususida Alloh taolo Qur'oni karimning “A'rof” surasi, 31-oyatda: “Eb-ichinglar va lekin isrof qilmanglar. Chunki U isrof qilguvchilarni sevmas”, - degan.
Payg'ambarimiz (s.a.v.) ham yeb-ichish va ehson qilishda isrofdan yiroq bo'lishimizga buyurib, bunday marhamat qilganlar: “Allohning nozu ne'matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo'l qo'ymangizlar!” (Imom Ahmad va Ibn Mojja rivoyati).
Payg'ambarimiz (s.a.v.) yana bir hadislarida: “Har qanday isrof haromdir” deb isrof qilishdan qat'iy qaytarganlar.
Tejamkorlik nima? Tejamkorlik farovon turmush garovidir. Tejamkorlik – oilalar farovonligi kafolatidir. Bir so'z bilan aytganda, tejamkorlik – haddan oshmaslik va shukronalik alomatidir.
Tejamkorlik bilan kambag'al oila boy badavlat oilaga aylanadi. Isrof bilan esa boy oila o'ziga faqirlik va xorlik eshigini ochadi.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu o'g'illari Abdullohning oldilariga kirdilar. Uning huzurida bir parcha go'shtni ko'rib: “Bu nima?” dedilar. O'g'illari: “Shuni ishtaham tortdi-yegim keldi” dedilar.
Shunda Umar roziyallohu anhu: “Ishtahang nimani tortsa yeyaverasan mi? Ishtahasi tortgan narsaning hammasini yeyish kishining isrofgar bo'lishiga kifoya qiladi” dedilar.
Demak, haddan oshish, nafsga erk berish, uni o'z vaqtida jilovlab qo'ymaslik, mamanmanlik va dabdababozlikka berilish isrofgarchilikka olib boradigan katta sababdir.
Agar yoshlarning baxti qo'sha-qo'sha sarpolar, tog'ora-tog'ora ovqatu pishiriqlar, qimmat baho to'y mashinalari, oxiri yo'q orzu havas, xullas, moddiy to'kislik bilan ro'yobga chiqqanida hozirgi kunimizda biz ko'plab buzilayotgan oilalarni eshitmagan bo'lar edik. Chunki, kelin kuyov yashashi uchun tayyorlangan xonalar, to'y oqshomi o'tayotgan go'zal koshonalar avvalgi zamonlardagi shoxlarda ham bo'lmagan. Ammo, qalblari faqat moddiy hayot bilan band bo'lgan insonlarning barcha orzu havaslari to'y o'tgach ma'lum muddatdan keyin sarobga aylanmoqda. Ba'zilarining ko'zlaridan oqayotgan yosh xursandchilik tomchilarimi yoki alam tomchilarimi? Buning asosiy sabablaridan biri faqat moddiy hayot bilan band bo'lib qolgani emasmikan!
Agar hayotning ma'naviy, ruhiy jihatiga ko'proq e'tibor berilsa, quda andalarning dunyoqarashi, e'tiqodi bir bo'lsa, ko'p muammolar o'z o'zidan hal bo'lardi. Ikkala tomon ham unisi kam ekan, buni qilish kerak deyishdan chetlanib, farzandlariga kelajak hayotida zarur bo'ladigan chiroyli ta'lim-tarbiyani berib, baxt saodat so'rasalar albatta buning mevasini ko'radilar.
Saodat asrida bo'lib o'tgan to'ylarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, butun insoniyatga go'zal namuna bo'lgan, jannat bashorati berilgan, ming yillardan beri tillarda doston bo'lib kelayotgan Ali va Fotima roziyallohu anhumoning nikoh to'ylarida dasturxonga mayiz bilan xurmo qo'yildi. Hazrati Alining amakilari Xamza roziyallohu anhu bir qo'y so'yib ziyofat berdi. Sahobalar ulardan tanovul qildilar.
Ha, chinakam baxt qasrining ikki sohiblari to'yida tortiq qilingan narsalar ana shunday oddiy va sanoqli ne'matlardan iborat edi. Kelajakda ular Imom Hasan va Imom Husayn roziyallohu anhumodek ulug'larning ota-onalari bo'lish baxtiga muyassar bo'ldilar.
Yana shunday misollardan biri, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam madinalik ansoriya ayollardan biriga o'ylangan Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhuga: “Bir qo'y so'yib bo'lsa ham ziyofat ber” dedilar.
(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan)
Vaholainki, bu sahobiy juda boy edilar. Unga ko'p narsani buyurmadilar. Vafot etganlarida har bir ayolining merosdagi ulushi yuz ming dinor (tilla tanga)ni tashkil qilgan.
Aytish joizki, to'y kishilar o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlovchi, uzoq vaqtlardan buyon ko'risha olmay yurgan qarindosh-urug'lar, yoru-do'stlarni diydor ko'rishishlariga muyassar qiluvchi vositadir.
Shunday ekan, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, to'ylarimizni milliy urf-odatlarimizga moslab, ixcham, isrofgarchilikdan xoli bo'lgan tarzda o'tkazish, yoshlarning baxtu saodati uchun harakat qilishimiz har tomonlama maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita xodimi
M.Haydarov