Temuriylar davrida qashqadaryo vohasi



Yüklə 25,73 Kb.
səhifə1/2
tarix15.09.2023
ölçüsü25,73 Kb.
#143811
  1   2
Temuriylar davrida Qashqadaryo vohasi.


TEMURIYLAR DAVRIDA QASHQADARYO VOHASI.
REJA.



  1. Temuriylar davrida Qashqadaryoning ijtimoiy-iqtisоdiy ahvoli.

  2. Mirzo Ulug`bek davrida amalga oshirgan ijtimoiy, iqtisodiy o`zgarishlar.

  3. Тemuriylar davrida Qashqadaryoda madaniy hayot.

Amir Temur vafotidan keyin temuriy shahzodalar o‘rtasida boshlangan kurashlar va harbiy yurishlar mamlakatning ichki hayotiga salbiy ta’sir etsa-da, biroq Shohrux (1405-1447), Ulug‘bek (1409-1449) va Sulton Xusayn (1469-1506) hukmronlik qilgan davrlarda mamlakatda ma’lum darajada qaror topgan tinchlik tufayli ilgaridan davom etib kelayotgan an’analar asosida ilm-fan va madaniyat yanada jonlandi.


Bu davrda Samarqandda ham, Xirotda ham Temur an’analari davom ettirilib, bu poytaxt shaharlarda olimu fuzalolar, shoir-u bastakorlar, me’moru binokorlar va mohir hunarmandlarning kattagina guruhi to‘plangan edi. Movarounnahrda, xususan, Samarqandda ilm-fan va san’atning taraqqiyotida zamonasining madaniy muhitida tarbiyalanib, yoshligidayoq mashhur olim sifatida shuhrat qozongan Ulug‘bekning roli va hissasi nihoyatda buyuk bo‘ldi. Movarounnahr va Xurosonning boy va serqirra madaniyati va islom dunyosining ma’naviy an’analariga suyangan Ulug‘bek mamlakatining ravnaqi, ayniqsa uning kamolotida ilm-fanning naqadar muhimligini yaxshi tushunardi. Manbaalarda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Ulug‘bek buyuk mutafakkirlardan Ahmad Farg‘oniy, Farobiy, Muso Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sinolarni o‘rganadi. Ularning asarlari orqali qadimgi yunon olimlari: Aflotun (Platon), Arastu (Aristotelp), Gippokrat, Ptolemeylarning klassik asarlari bilan ham tanishadi.
Ulug‘bekning farmoni bilan, 1417 yilda Buxoroda, 1417-20 yilarda Samarqandda va 1433 yilda G‘ijduvonda madrasalar qurildi. Bu madrasalarda ilohiyot ilmlari: Qur’on, hadis, tafsir, fikh (din va shariat qonun-qoidalari) bilan birga riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), falak (astronomiya), tibbiyot (meditsina), tarix, geografiya, ilmi aruz (poetika), arab tili va morfologiyasi kabi dunyoviy ilmlar ham o‘qitilardi. Samarqanddagi madrasada Mavlono Shamsuddin Xavofiy yetakchi mudarris bo‘lgan. Mashhur olimlardan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy ham Mirzo Ulug‘bekning o‘zi va uning shogirdi Alouddin Ali Qushchilar turli fanlardan dars berganlar. Madrasada ilmi hayoat (astronomiya) darsini Qozizoda Rumiy o‘tgan. Xatto Abdurahmon Jomiy yoshlik chog‘ida Samarqandga kelib, Qozizoda Rumiydan bir necha marta saboq olganligi ma’lum.
Ulug‘bek 1424-28 yillarda Samarqandda Obirahmat anhori bo‘yida rasadxona qurdirgan. Ulug‘bek rasadxonasi Movarounnahrda o‘z zamonasiga nisbatan mukammal astronomik asbob uskunalar bilan jihozlangan oliy darajadagi ilmgohga aylangan edi. Rasadxonada Ulug‘bek bilan birga mashhur matematik va astronomlardan - zamondoshlari o‘rtasida “Aflotuni zamon” faxriy nomini olgan Salohidin Muso Ibn Muhammad Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, o‘z davrining Ptolemeyi nomi bilan shuhrat qozongan Alouddin Ali ibn Muhammad Ali Qushchi va boshqa olimlar ilmiy kuzatish olib bordilar. Xullas, Ulug‘bek Samarqandda astronomiya maktabini yaratdi. Bu maktabning ko‘zga qo‘ringan namoyondalaridan biri G‘iyosiddin Jamshid bo‘lib, astronomiyaga oid “Ziji xoqoni”, “Bog‘lar sayri” va “Osmon narvoni”, matematikaga oid “Xorda va sinuslar haqida risola”, “Hisob kaliti” va “Doira haqida risola” kabi asarlarni yozdi. Bu borada Qozizoda Rumiyning “Arifmetikaga oid risola”, “Astronomiyaning mohiyatiga izohlar”, “Sinus haqida risola” kabi asarlari jahonga mashhurdir. Ushbu maktabning iste’dodli namoyondasi Ali Qushchi bo‘lib, u ham matematika, astronomiyaga oid 6 ta risolaning avtoridir.
Yuqorida nomlari zikr etilgan asarlarga o‘sha davr olimlaridan Qozizoda Rumiy nabirasi Miram Chalabiy va Abul Ali Birjandiylar tomonidan yozilgan sharhlar muhim ilmiy ahamiyatga egadir. Ayniqsa, sharq klassik astronomiyasining nazariy va amaliy masalalarini o‘zida mujassamlashtirgan shoh asar Ulug‘bekning “Ziji jadidi Kuragoniy” (“Kuragoniyning yangi astronomik jadvali”) nomli kitobidir. Bu asar 1437 yil yozilib tugallangan bo‘lsa ham, unga muallif umrining oxiriga qadar bajargan ilmiy tadqiqot natijasida tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritib bordi. “Ziji Jadidi Kuragoniy”dan tashqari Ulug‘bek “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) nomli tarixiy asar hamda musiqa ilmiga oid 5 ta risola yozgan. Ulug‘bekning ilmiy faoliyatiga G‘iyosiddin Jamshid, Miram Chalabiy, Davlatshoh Samarqandiy, Alisher Navoiylar yuksak baho berganlar. Shuningdek, Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bek tavalludiga bag‘ishlangan tantanali marosimda (1994 yil 15 oktabr) so‘zlagan nutqida quyidagi so‘zlarni iftixor bilan qayd etgan edi: “Taqdir bu ulug‘ zotning zimmasiga behad ulkan va mashaqqatli vazifalar yukladi. Buyuk sarkarda Amir Temur bunyod etgan saltanatning vorisi bo‘lishdek mislsiz sinov aynan unga nasib etdi”2. “Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi, deydi I.A.Karimov, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida nishonlanayotgani biz uchun g‘oyat quvonchlidir. Biz bu voqealarni dunyo afkor ommasining Mirzo Ulug‘bekka va uni voyaga yetkazgan yurtga, xalqqa va uning tarixiga samimiy hurmat deb bilamiz”.
Mirzo Ulug‘bek o‘zining cheksiz aql-idroki, ilmiy salohiyati, odilona siyosati bilan qariyb qirq yil mobaynida Movarounnahrning donishmand hukmdori bo‘lib, xalqimizning azaliy orzusi - tinchlik, totuvlik, har tomonlama taraqqiyotni qaror toptirish yo‘lida mislsiz shijoat va matonat ko‘rsatdi. Uning umumbashariy qadriyatlarga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, bugungi kunda ham ulkan ahamiyat kasb etmoqda va O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirish yo‘lida katta xizmat qilmoqda.
XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asr O‘rta Osiyo xalqlari adabiyoti taraqqiyotida yangi va juda sermahsul davr bo‘ldi. Bu davrda zamonasining iste’dodli va yetuk shoirlari va adiblari Kutb, Sayfi Saroiy, Haydar Xorazmiy, Durbek,. Amiriy, Yaqiniy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy va boshqalar yashab ijod qiladilar. Durbek tomonidan qayta ishlangan “Yusuf va Zulayho” dostoni, toshkentlik shoir Atoiyning devoni, Lutfiyning “Zafarnoma” va “Gul va Navro‘z” asarlari shu davr badiiy adabiyotining durdonalaridir.
Bu davr o‘zbek shoirlari ichida Lutfiy (1366-1465) alohida o‘rin tutadi. Navoiyga qadar o‘zbek she’riyatida Lutfiy darajasiga yetadigan shoir o‘tmagan. U birgina o‘zbek tilida asarlar yaratib, qolmadi, balki tojik tilida ham qasidalar yozdi. Lutfiy ijodida haqiqat va adolatni sevish, shafqat va muruvvatli bo‘lishni targ‘ib qilish, ilm va sanoatni sevish kabi fikrlar katta joy olgan. Bu davr badiiy adabiyoti taraqqiyotida buyuk tojik shoiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492), hamda o‘zbek klassik adabiyotining sardori Alisher Navoiylarning hissasi kattadir. Lirika sohasida Sa’diy, Xofiz va Kamol Xujandiy qatorida turgan Jomiy juda sermahsul olim va iste’dodli adib edi. U 99 ta kitob yozib XV asr adabiyotida mavjud bo‘lgan deyarli barcha janrlarda asarlar yaratdi. Jomiyning eng yirik va mashhur asari yettita katta dostondan iborat. “Haft afrang” “Bahoriston” va “Xirodnomai Iskandar” nomli falsafiy didaktik doston va axloqiy-ta’lim asarlar bo‘lib, “Xirodnomasida” u zulm, ochko‘zlik qizg‘anchilikni qoralaydi. Abdurahmon Jomiy XV asr mutafakkiri bo‘lib, uning ijodiy faoliyati qardosh tojik halqining madaniyati taraqqiyotidagina emas, balki butun O‘rta Sharq madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi.
Ayni paytda, temuriylar, xususan, Xusayn Boyqaro davrida turkga rag‘bat kuchaydi. Bunda shubhasiz, Alisher Navoiyning xizmati buyuk bo‘ldi. Adabiy davrlar, anjumanlar Navoiy ishtirokisiz o‘tmas edi. Nizomiddin Alisher ibn G‘iyosiddin Bahodir Navoiy shoir, mutafakkir, davlat arbobi 1441 yil 9 fevralda Xirot shahrida tug‘ilib, 1501 yil 3 yanvarda vafot etgan. 15 yoshligidayoq shoir sifatida tanilgan. Xirot, Mashhad, Samarqandda o‘qigan Abdurahmon Jomiydan tasavvuf ta’limoti bo‘yicha ta’lim olgan.
Alisher Navoiy (1472-1487 yillarda Xusayn Boyqaroning vaziri) davlatni mustahkamlash, adolat va xalq farovonligi uchun kurashadi, mamlakat obodonchiligiga katta ahamiyat berib, ilm va sanoat ahliga homiylik qiladi. Navoiy til, adabiyot, musiqa, tarix, falsafa, astronomiya, tarbiya negizlari sohasida ko‘plab ilmiy asarlar yozdi. “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Mahbub ul-kulub”, “Lison ut-tayr” shular jumlasidandir. Navoiy tarixni bilishning ahamiyati ayniqsa katta ekanini aytib, odamlarni tarixni o‘rganishga da’vat etdi. Uning fikricha tarix fani shohlar, hukmdorlarning tarjimai holini emas, balki mamlakat tarixini o‘rganish kerak, qanday sabablar mamlakatni halokatga, qanday ishlar xalqqa farog‘at va baxt keltirishini tarix ko‘rsatib berishi lozim deb hisobladi.
Bu borada hozirgi kunda tarix fanini o‘rganishni davlat ahamiyati darajasiga ko‘tarilayotganligi, Vatan tarixini o‘qitish va o‘rganishga Birinchi Birinchi Birinchi Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning g‘oyat katta e’tibor berib, “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” degani bejiz emas, albatta.
XV asrda Movarounnahr va Xurosonda tarix fani ham keng rivoj topdi. Hofizi Abru, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Izfizoriy, Davlatshoh va boshqa ko‘plab tarixchilar temuriylr davlatining ikki poytaxti Samarqand va Xirotda yashab ijod etdilar.
Amur Temurning qisqacha tuzuk va tuzuklar to‘g‘risidagi fikrlari ham muhim ahamiyatga ega. Tuzuk - tarixiy so‘z tushunchasi bo‘lib, to‘ra va tuzuk shaklida ham kelishi mumkin. Ma’nosi qonun-qoida, qonunlar, urf-odatlar to‘plami, Nizom ma’nolarini anglatadi. “Tuzuk” yozish odati qadim zamonlarga borib qadaladi. Masalan, eng qadimda, ya’ni miloddan avalgi 2000 yilning oxirlari 1000 yilning boshlarida Turkiston zaminida yaratilgan “Avesto”, turk xoqonlaridan qolgan “Qonunnoma”, Chingizxondan qolgan “Bitik”. Xondamir (1474-1535) yozgan “Qonuni Xumoyun”, Ro‘zbexon (1438-1621 yoki 1630)ning qalamiga mansub bo‘lgan va shayboniylardan bo‘lgan Ubaydulloxonning topshirig‘i bilan yozilgan “Suluk al-mulk” (Podsholarga yo‘l-yo‘riq) va boshqalar shular jumlasidandir.
Amir Temur “Odam atodan boshlab Hotam un-anbiyogacha, ulardan hozirgi damgacha o‘tgan sultonlarning qonunlari va turish-turmushlarini donolardan so‘rab-surishtirdim. Har qaysilarining yo‘l-yo‘riqlari, turish-turmushlari, qilish-qilmishlari, aytgan gaplarini xotiramda saqlash va yaxshi axloqlari, maoqul sifatlaridan namuna olib, unga amal qildim”, - deb yozadi o‘zining "Tuzuklari"da. Amir Temur yozib qoldirgan Qonunlar to‘plami - “Tuzuklar”i o‘zigacha bo‘lgan qonunlarning eng sarasi, har tomonlama puhta asoslar zaminida yaratilgan qonunlar to‘plami deyish mumkin.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Davlat, saltanat, jamiyat boshqaruviga oid mumtoz asar - “Temur tuzuklar”ini yozgan kim, Umuman, kishilik tarixida ana shunday yo‘nalishda asar bitib qoldirgan boshqa hukmdor bormi o‘zi?”.-degan so‘zlari Amir Temurning davlatchiligimiz tarixida o‘rni buyuk ekanligini ko‘rsatadi.
Haqiqatdan ham, ustivor qonunlarga asoslangan adolatli ijtimoiy tuzum barpo qilish yo‘lida Amir Temur juda ko‘p qonunlar, tartib-qoidalarni o‘qib o‘rganganligi, so‘rab-surishtirganligi qolaversa, o‘zidagi mavjud adolatparvar xislatlar Qonunlar to‘plamida mujassam bo‘lganligini ko‘ramiz. Qudratli davlatchilik boshqaruvini shakllantirish va uni mustahkamlash uchun Amir Temur chuqur siyosiy-ijtimoiy islohotlar qildiki, haqli ravishda jahon tarixi sahifalarida birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganlaridek, “Buyuk strateg, mohir siyosatchi, eskirgan ijtimoiy munosabatlarning qat’iy islohotchisi, savdo-sotiq, hunarmandchilik va madaniyatning homiysi bo‘lgan Amir Temur “Qonunlar va urf-odatlarga asoslangan” davlatni barpo etdi, degan mo‘tabar so‘zlarning sohibi bo‘ldi.
Amir Temur davlat qurilishidagi islohotlarni avvalo harbiy-tashkiliy sohadan boshladi. Qo‘shin tuzilish tarkibini o‘ntalik bo‘linmalardan iborat tuzilgan lashkar tashkil etdi. Lashkar “tuman” - o‘n minglik, “xazora” - minglik, “xo‘shun” - yuzlik va “ayl” - o‘nlik bo‘linmalaridan iborat edi. Tumanlarda askarlarning soni 10 ming, qo‘shinda 100 ming nafardan ortiq lashkar bo‘lgan. O‘n ming kishilik lashkarni boshqargan harbiy mansabdorga “tuman og‘asi”, minglik bo‘linmalari uchun “ amirixazora”, yuzliklar uchun “xo‘shunboshi”, o‘nliklar uchun esa, “aylboshi” kabi harbiy lavozimlar joriy etildi. Oddiy nafar (askar)dan tortib amir ul-umarogacha ularning haq-huquqlari, oylik maoshlari belgilab qo‘yilgan.
Amir Temurning harbiy sohada buyuk strategligini yana shundan bilish mumkinki, har bir harbiy qism turli rangda - qizil yoki oq, ko‘k, jigarrang va hokazo ranglarda bo‘lgan. Qismning rangi qanday bo‘lsa, qurollari-tirkash, kamar, nayza, o‘q uzuvchi qurol-aslaha qinlari va va hokazolarning rangi ham o‘sha xilda bo‘lgan. Qo‘shinning jangovar tayyorgarligini tekshirish va sadoqatini aniqlash maqsadida harbiy parad-ko‘rik o‘tkazilib turilgan. Ko‘rik ko‘proq raqib tomonlarning elchilari kelganda, yurish oldidan va ulkan g‘alabadan so‘ng o‘tkazilgan. Har bir mamlakatga yurish oldidan o‘sha yurtning geografik holati, aholisining kayfiyati, qo‘shinining ahvoli, harbiy sarkardalarning harbiy mahorati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olingan. Buning uchun butun bir hufiya mahkamasi va maktabi ish olib borgan.
Amir Temurning harbiy sohadagi islohotlaridan yana bir eng muhim jihati urush harakatlarini olamon shaklidan farqli o‘laroq tartibli harakat, yetarli zaruriy qo‘shimcha qismlarni saqlab turish va kutilmagan joydan zarba berish yoki to‘satdan paydo bo‘lib dushmanni sarosimaga solib qo‘yish taktikasi kuchli bo‘lgan. U harbiy sanoat ustasi bo‘lgan. Amerikalik olim Richard Nelson Amir Temurning harbiy strategiyasiga yuksak baho berib, “Uning shaxsiy jasorati ham afsonaviydir. Temurning janglarda ko‘rsatgan mardligi uning do‘stlari va dushmanlari orasida ham katta obro‘ qozonishga olib kelgan. Uning kuch-qudrati va chidamliligi ham kishini lol qoldiradi. U amalga oshirgan uzoq muddatli harbiy yurishlar (ayrimlari to‘rt yilgacha cho‘zilgan) bunga yaqqol misol bo‘la oladi”, degan edi. Amir Temurning nomi harbiy qurilishning buyuk nazariyotchisi va amalda ustamonlik bilan qo‘llay biladigan katta strategik sezgiga ega bo‘lgan harbiy sarkarda sifatida tarixda qoldi.
Amir Temurni Movarounnahrda va umuman saltanatda davlat boshqaruv sistemasida tub islohotlarni amalga oshirish, bugungi kun iborasi bilan aytganda demokratik davlat qurilishi darakchisi deyish o‘rinli bo‘lardi. Movarounnahrdan tashqari butun saltanat to‘rt ulusga bo‘lib boshqarilgan. Amir Temurning to‘ng‘ich o‘g‘li Pirmuhammad Jahongirga 12 ming lashkarga ulufa berib Balx viloyati; ikkinchi o‘g‘li Umar Shayxga 10 ming lashkarga ulufa berib Fors viloyati; uchinchi o‘g‘i Mironshohga 9 ming lashkarga ulufa bilan G‘arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston, markazi Tabriz; kenja o‘g‘li Shohruxga 7 ming lashkarga ulufa bilan Xuroson, Jo‘rjon, Mozandaron va Seyiston viloyatlari, markazi Xirot belgilanib, ulus sifatida berildi. Amir Temur davlat boshqaruvi va uning qonunlarini amalga oshirishda quyidagi ijtimoiy toifalarga: 1.Sayidlar, ulamo, shayxlar, fozil kishilar; 2.Donishmand, tajribali odamlar; 3.Duogo‘y kishilar; 4.Amirlar, sarxanglar, sipohsolorlar; 5.Sipoh va raiyat; 6.Aqlli, tajribali, eng ishonchli kishilar; 7.Vazirlar, sarkotiblar; 8.Hakimlar, tabiblar, munajjimlar, muhaddislar; 9.Muxandislar, tafsir va xadischi olimlar; 10.Mashoiyxlar, so‘fiylar, xudojo‘y ma’rifatli, bilimdon olimlar; 11. Kasbu hunar egalari; 12. Sayohatchilar, musofirlar, savdogarlarga tayangan holda ish tutdi. “Tuzuklar”da keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, mamlakat va unga tobe o‘lka va viloyatlar uchun yettita vazirlik boshqaruv tizimining asosi tashkil etilib, bosh devonga bo‘ysundirildi. Shundan to‘rt vazir markaziy hokimiyatda va ayni bir vaqtda barcha tobe o‘lkalarga mas’ul hisoblangan. Eng muhimi shundaki, uch vazirdan iborat tobe o‘lkalar sarhadlari masalalari bilan shug‘ullanib boruvchi davlat hayoati tashkil qilingan. Bularning hammasi davlat siyosiy hayotini takomillashtirish yo‘lidagi islohotlar tufayli yuzaga keldi.
XV asrning ikkinchi yarmidan boshlab esa vorislar o‘rtasida olib borilgan to‘xtovsiz feodal urushlar temuriylar davlatining kuchsizlanishiga olib keldi va XVI asrning boshlariga kelib, Movarounnahr hududi bir necha mustaqil davlatlar va mulklarga ajralib ketdi. Albatta, ular hali bir-birlari bilan iqtisodiy, savdo-sotiq va madaniy aloqalarda mustahkam bog‘liq bo‘lsalar-da, ayrim viloyat va yerlarning, hokimlari ko‘pincha o‘zaro kelisha olmas edi. Movarounnahrning sug‘orma dehqonchilikka asoslangan vohalarining o‘troq aholisi qadim-qadimdan buyon qo‘shni dashtlarning ko‘chmanchi chorvador aholisi bilan iqtisodiy va siyosiy jihatdan muttasil muloqotda bo‘lib kelardi. Vaqti-vaqti bilan kuchli va yirik o‘rdalarga birlasha oladigan ko‘chmanchilar Movarounnahrning dehqonchilik vohalariga hujum qilib turardi. Albatta, bu hujumlardan so‘ng bir qism ko‘chmanchi aholi o‘troqlashish jarayonini boshdan kechirib, o‘troq aholining turmush tarzi va madaniyatini qabul qilardi. Shuningdek, ular o‘zlarining azaliy urf-odat va marosimlarini ham vohalarga olib kirib, yangi etnik guruh sifatida o‘troq aholining jismoniy qiyofasini o‘zgarishiga ta’sir qilardi. Ko‘chib kelib o‘rnashgan aholining tili ba’zan ayrim voha aholisining qadimiy tili va shevalarini siqib chiqarardi.
Ulug‘bekning o‘limidan so‘ng temuriylar saltanatidagi o‘zaro ichki kurashlar mamlakatni tobora inqiroz girdobi tomon yetakladi. O‘z otasining qotili Abdulatifning 1450 yil 8-mayda fitna qurboni bo‘lishi ichki kurashlarning yuqori cho‘qqisi bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan keyingi siyosiy voqealarga nazar tashlasak, Movarounnahr va Xurosonda hokimiyat uchun kurashning yana davom etganligi, tarqoqlikning chuqur ildiz otib borganligini ko‘rish mumkin. Samarqand taxtiga Mirzo Ibroxim Sultonning o‘g‘li Abdulla ega bo‘ldi. U Ulug‘bek kabi siyosiy va madaniy hayotni qayta ravojlantirishga intildi, butun kuch-qudratini sarfladi, turk zodagonlariga tayandi. Biroq nosog‘lom kuchlar Abdullaga ham keskin to‘sqinlik qildilar.
Ko‘chmanchi o‘zbeklar xoni Abulxayrixonning bergan yordami natijasida 1451 yilning yozida Samarqand yaqinidagi SHeroz qishlog‘i yonida bo‘lib o‘tgan asosiy jangdan so‘ng Movarounnahr saltanati Mironshoh nabirasi Sulton Abusaid qo‘liga o‘tdi. Shoxruhning nabirasi Abulqosim Bobur 1452 yilda Xirotni egallab, temuriylar davlatining Xuroson qismini o‘z tasarufiga kiritdi. Tarixchi Xondamirning guvohlik berishicha, Movarounnahr bilan Xuroson o‘rtasida nizolar davom etadi. Xurosonda feodal tarqoqlik avj oladi. Masalan, birgina Xurosonning o‘zi o‘n bir bo‘lakka bo‘linib ketadi.
1469 yilning erta baxorida Abusaid Ozarbayjon, G‘arbiy Eron va Iroqqacha bo‘lgan viloyatlarni egallab turgan Oqquyunli turkmanlarga qarshi yurish qiladi. U bungacha Xirotni ham egallab, qisqa vaqt davlatning har ikki qismini birlashtirishga erishgan edi. Abdusaid Ozarbayjondagi Mug‘on cho‘lida bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Uning vorislari Xurosonga da’vogarlik qilgan Sulton Xusayn bilan to‘qnashishga jur’at eta olmay, Movarounnahrga qaytadilar. Oqibatda saltanat yana ikki qism Sulton Mahmud hukmronlik qilgan Xorazm va Xurosonga hamda Abusaid vorislariga o‘tgan Movarounnahrga bo‘linib ketadi. Movarounnahrda Abusaidning o‘g‘illaridan dastlab Sulton Axmad (1469-1493), keyin Sulton Mahmud (1493-1494) va nihoyat Maxmudning o‘g‘li Sulton Ali (1494-1501) mustaqil hokimlik qiladi. Biroq Movarounnahr hukmdorlari, xususan Sulton Ahmadning uquvsizligi va sustkashligi tufayli mamlakatda feodal tarqoqlik yanada avj oladi. Bu vaqtda Movarounnahr deyarlik mustaqil bo‘lib olib, o‘zaro nizolashayotgan shahzodalar yoki mulkdor feodal zodagonlar boshchilik qilib turgan ko‘pdan-ko‘p viloyatlarga bo‘linib ketgan edi.
Mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida bu davrda so‘fiylik ta’limoti yirik namoyondalarning ta’siri bexad kuchayib, uning siyosiy turmushida ham ular muhim rol o‘ynay boshlagan edilar. Jumladan, mamlakat urush xavfi ostida qolib, el-yurt boshiga katta tashvishlar tushgan paytlarda so‘fiylik tariqatining yirik namoyondalaridan biri Xo‘ja Ubaydullo Ahror (1404-1492) yurt boshiga tushgan musibatlarni daf qilish yo‘lida bir necha bor jonbozlik ko‘rsatgan edi. Prezidentimiz I.Karimov “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” asarida, “Bu mutafakkir zot o‘z davrida 25-30 yil mobaynida Markaziy Osiyodagi halqlarni birlashirish, siyosatchilarning boshini qovushtirish orqali har xil to‘qnashuvlarning oldini olish uchun bor kuch-g‘ayratini sarflagan, uning yuksak obro‘-e’tibori bunda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. “Shayxlar shayxi” deb nom olgan bu ulug‘ zotning gapini biror hukmdor, hokim, shahzoda ikki qilmagan. Nega deganda, xalq uni boshiga ko‘targan. Biz ham bunday aziz ajdodlarimizni boshimizga ko‘tirishga tayyormiz” - degan fikrlari bu zotga berilgan yuksak bahodir. Yirik hukmdorlardan Sulton Xusaynning hukmronlik qilgan vaqtida jahon ma’naviyatining buyuk siymosi Alisher Navoiy qo‘lidan kelgancha adolat o‘rnatib, halqqa g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi, mamlakatning siyosiy hayotida katta rol o‘ynaydi.
Mamlakatning siyosiy hayotida hukm surgan tanglik, ko‘chmanchi o‘zbeklarning Movarounnahrda hokimiyatni qo‘lga olishini, mahalliy xalq ustidan hukmronlik o‘rnatishga erishishini ta’minladi. Ko‘chmanchi chorvadorlarning mavjud davlatlari markazi Dashti Qipchoqda bo‘lib, u urug‘-qabilachilik munosabatlari asosida barpo etilgan edi. Abulxayrhon davlatini qayta tiklashga erishgan uning nabirasi Muhammad Shayboniyhon edi. Bu chorvador turk-mo‘g‘ul qabilalari etnik va til jihatidan Movarounnahr o‘troq aholisi bilan juda yaqin edilar.
Tarix - har bir xalq o‘tmishining ko‘zgusi. Ko‘zgusi yo‘q odam o‘zini qandayligini bilmaganidek, tarixni bilmagan xalq ajdodini ham bilmaydi. Har bir xalq o‘z o‘tmishini chuqur bilishi va moziyga munosib tarixni yaratmog‘i lozim. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimiz tarixchi olimlari bilan o‘tkazgan suhbatlari chog‘ida, “Sovet davrida yozilgan tarixni men tarix sanamayman. O‘zgalar yozib bergan tarixni o‘qitishga mutlaqo qarshiman. Mustamlakachi o‘ziga qaram bo‘lgan xalq haqida qachon holis, adolatli fikr aytgan?”, degan fikrlari bizning o‘zbek sobiq sovet davri tarixchiligiga ham to‘la taalluqlidir. Bizning tariximiz uzoq o‘tmishdan shonli va zavol tafsilotlarga boy, lekin chuqur o‘rganishga muhtoj tarixdir. Sababi mustamlakachilik siyosati oqibatida, sovet davri ideologiyasi “talablari” qaram xalqlar tarixini haqqoniy o‘rganishga yo‘l qo‘ymadi, o‘z xalqi jur’at eta olmadi, jur’at etganlari esa osongina qatag‘onga uchradilar.
Misol uchun, “Temur tuzuklari”ni oladigan bo‘lsak, bu nodir asardan Zahiriddin Muhammad Boburning avlodi Shox Jahon (1628-1657), Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1826-1842) va Buxoro amiri Abdullaxon (1885-1910) kotiblariga buyurib, o‘zlari uchun nusxa ko‘chirtirganlar. 1637-38 yillar Mir Abu Tolib al-Xusayniy at-Turbatiy Shoh Jahonga “Tuzukiy Temuriy”ning forsiyga tarjimasini taqdim etgan. Podsho tarjima bilan tanishib chiqib, uni Dekan favjdori (Qozi kaloni), iste’dodli yozuvchi Muhammad Afzal Buxoriyning (1651 yoki 1652 yili vafot etgan) qo‘liga tutqazib, Sharafuddin Ali Yazdiyning (1454 yil vafot etgan) mashhur “Zafarnoma” asariga solishtirib kamchiliklari bo‘lsa, tuzatib, xattot va muarrihlari o‘zidan qo‘shgan ortiqcha joylari bo‘lsa o‘chirib tashlashni buyurgan. “Temur tuzuklari”ning bizgacha yetib kelgan qo‘lyozma va toshbosma nusxalari o‘sha Mir Abu Tolib al-Xusayniy at-Turbatiy tarjimasi asosida yaratilgan. “Temur tuzuklari”ning matni, tadqiqot va zarur ilmiy izohlar bilan 1783 yilda Angliyada, 1785 va 1891 yida Hindistonda, 1868 yilda Eronda chop etilgan. Asar jahon tillaridan: fransuz (1787), ingliz (1830), urdu (1845), rus (1849,1834) va eski o‘zbek (1835,1857 lekin to‘liq bo‘lmagan holda) tillariga tarjima qilinib nashr qilingan.
“Temur tuzuklari”da mamlakatni adolatli boshqarish vazirlar, hokimlar, amirlar va davlatning katta-kichik barcha mansabdorlari ma’naviy qiyofasi, ish yuritish tartibi halqqa munosabati qanday bo‘lishi kerakligi oynadek qilib belgilab qo‘yilgan. "Tuzuklar"da shunday fikrlar bor: “davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqardim. To‘ra va tuzukka tayanib, saltanatda o‘z martaba va maqomini mustahkam saqlab turdim. Amirlar, vazirlar, sipoh, raiyat har biri o‘z lavozim va martabasidan mamnun holda xizmatimda bo‘lib, undan ortig‘iga davogarlik qila olmadi”.
Yana eng muhim fikr: “Hech kimga g‘azab bilan qattiq muomala qilmadim va hech bir ishda tanglik qilmadim, toki Tangri taoloning g‘azabiga duchor bo‘lmayin va ishimni buzib, holimni tang qilmasin deb”. Har ikkala fikrdan Amir Temur davlati qanday qonunlar asosida idora qilinganligini bilib olish qiyin emas. Amir Temurning davlat idora usuli “Kuch adolatdadir” shiori asosida olib borilgan. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov, “Adolat kuchda emas, kuch adolatdadir”, degan shior Amir Temur saltanatining barcha hududlarida birday amal qilib, ahloqiy ma’naviy mezonga aylandi” - degan edilar. (1996 yil 18 oktabrda) Temuriylar tarixi davlat muzeyining ochilishi marosimida so‘zlagan nutqlarida. Amir Temur o‘zining “Tuzuklari”da, “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim deb yozishining o‘zi naqadar adolat bilan boshqarganligidan dalolat beradi.
“Temur tuzuklari” xususida, uning tadqiq qilinishi haqida qisqacha to‘xtab o‘tdik. Endi uning davlatchiligi tarixi jahon tarixchi olimlari tomonidan qanday o‘rganilganligi to‘g‘risida fikrlarimiz quyidagicha. 1996 yilning “Amir Temur yili” deb e’lon qilinishi, o‘sha yili 23-26 oktabr kunlari xalqaro nufuzli tashkilot YUNESKO tomonidan “Amir Temur va uning jahon tarixidagi o‘rni” mavzuidagi xalqaro konferensiyaning tashkil qilinishi hamda o‘tkazilishi fikrimizning dalilidir. Konferensiya ishiga Amerika, Angliya, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Misr, Pokiston, Eron, Afg‘oniston, Turkiya va yana dunyoning qator mamlakatlaridan olimlar, mehmonlar tashrif buyurishib, bobomiz Amir Temurga o‘z ehtiromlarini izhor etdilar. O‘zbek xalqi qatori butun dunyo xalqlari tomonidan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligini keng nishonlashlari xalqimiz fan va madaniyatiga, tarixiga chuqur ehtiromidir.
Mavzumizni Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning Amir Temur bobomiz haqida aytgan quyidagi ajoyib fikrlari bilan muhtasar qilmoqchimiz: “Davlatchiligimiz asoslarini yaratib ketgan Temur bobomiz g‘ayrat-shijoati, yuksak aql-zakovati, tadbirkorligi, elparvarligi bilan bizga hamisha ibrat namunasi bo‘lib qolgusidir. Biz u zoti oliydan hamisha ruhiy madad olamiz”.


Yüklə 25,73 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin