3. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari.
Strategiyaning «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» bobida xususiy mulk huquqi va kafolatlarini himoya qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesga to‘liq erkinlik berish, ular faoliyatiga davlat idoralarining noqonuniy aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik, davlat mulkini xususiylashtirishni yanada kengaytirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav jamg‘armalarida davlat ishtirokini kamaytirish, davlat mulki xususiylashtirilgan ob’ektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida davlatning ishtirokini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga o‘tish va bozor munosabatlarini chuqurlashtirish jarayonida liberallashtirish, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotning barcha jabhalarini demokratlashtirish, milliy xo‘jalikda tarkibiy o‘zgarishlarni jadallashtirish makroiqtisodiy mutanosiblikning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib kelayotir. Liberallashtirish tamoyillari tufayli qator yillar mobaynida mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish barqaror turibdi. Jumladan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 5,3 foizni tashkil etdi.
O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish, milliy iqtisodiyotning barcha sohalarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng ko‘lamda rivojlantirish orqali amalga oshirilmoqda. Liberallashtirish uzluksiz, doimiy jarayon sifatida bundan keyin takomillashib boraveradi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, oila tadbirkorligini rivojlantirish, «Har bir oila — tadbirkor» Dasturini izchil amalga oshirish uning kafolati bo‘la oladi. Ayrim davrlarda davlat “charchagan” xususiy va jamoa mulki ob’ektlarini “jonlantirib”, keyin ularni xususiy qo‘llarga sotishi mumkin.
Bosqichma-bosqich erkinlashtirib borish o‘tish davrining o‘zidayoq o‘zining ijobiy natijalarini bera boshladi. 90-yillar o‘rtalariga kelib yalpi sanoat mahsuloti, keyin esa yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish bozor islohotlaridan oldingi darajada tiklandi. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi yillarida ham iqtisodiyotda o‘sish davom etdi. Islohotlarni chuqurlashtirish, tarkibiy qayta qurishlar, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash, kichik biznesni rivojlantirish, xususiy mulkning ustuvor rolini ta’minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirib borish hisobiga iqtisodiy samaradorlik ta’minlandi.
Mamlakatimizda har yili 30 mingdan ziyod kichik biznes sub’ektlari barpo etilmoqda. Kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi hissasi 56,9 foizga, sanoat ishlab chiqarishida esa 45 foizga yetkazildi. Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar ulushi 52 foizni tashkil etdi.
Keyingi ikki yilda 378 aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushi savdoga qo‘yildi. Qayd etish lozimki, nisbatan muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan «Navoiyazot», «Farg‘onaazot», «Urganchekskavator», «Qizilqumtsement», «Jizzax akkumulator zavodi», «Qo‘qon yog‘-moy zavodi» kabi aksiyadorlik jamiyatlari, «Aloqabank», «Turonbank» kabi banklar, «O‘zagrosug‘urta» kompaniyasidagi davlatga tegishli aksiyalar savdoga qo‘yildi. Bu nima beradi?
Birinchidan, aksiyadorlik jamiyatlari davlatga tegishli qismining sotilishi davlat g‘aznasiga mo‘may mablag‘ keltiradi. Ikkinchidan, davlatning qo‘li xo‘jalik yumushlaridan birmuncha bo‘shaydi. Uchinchidan, mamlakatda tadbirkorlik muhiti kengayadi. Bundan ham davlat, ham mulkdorlar va oddiy kishilar yutadi. Asosiysi, bozor islohotlarini chuqurlashtirish shuni talab qiladi.
Davlatning monopol mavqei uglevodorod xomashyosi, rangli metallar, uran qazib olish, temir va avtomobil yo‘llari, aviatashuvlar, elektr energiyasi ishlab chiqarish, elektr va kommunal tarmoqlarda saqlanib qolishi lozim. Boshqa sohalardagi davlat aktivlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish davom etadi. Xususiylashtirilgan davlat mulki ob’ektlari chet ellik investorlarga sotilmoqda. Jumladan, yuzlab mulk majmualari tanlov asosida investitsiya kiritish sharti bilan «0» qiymatda yangi mulkdorlarga sotildi. Ular esa investitsiya kiritish, minglab ishchi o‘rinlarini yaratish majburiyatini oldi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish jarayoni pirovard maqsad bo‘lmasligi kerak. Agar erkinlashtirish sur’atlari, iqtisodiyotning o‘sish sifat ko‘rsatkichlari, aholi turmush darajasi barobarida kechsa yanada yaxshi bo‘ladi. O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish prognozlariga ko‘ra, dunyodagi tez rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan joy oldi. Ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida ham oldingi o‘rinlarga chiqdi. Ushbu ko‘rsatkichlar hozirgi sharoitda ancha yuqori hisoblanadi. Chunki jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hali to‘la barham topgani yo‘q, davlatlarning bir-biriga sanksiya va embargolar qo‘llashi avj olmoqda. Qolaversa, muhim tovarlarga tashqi talab kamayib, narxlar pasayib bormoqda, talabga nisbatan taklif ustunroq. Bu kabi tashqi iqtisodiy va siyosiy beqarorlik milliy iqtisodiyotga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi, albatta.
Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish uchun davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha Dasturida to‘la quvvat bilan ishlamayotgan davlat korxonalarini tugatish va ochiq savdolar orqali yangi xususiy mulkdorlar ixtiyoriga o‘tkazish, strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan va foydalanilmayotgan davlat ulushini to‘la sotish, qator korxonalardagi davlat ulushi aksiyalarini fond bozorida sotish orqali 51 foizgacha tushirish va boshqa chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bu tadbirlarni o‘tkazish mexanizmlari ham takomillashtirildi. Jumladan, davlat aktivlarini sotish muddatlari qisqartirildi, savdolardagi davlat aktivlariga ikki oy muddatda talab tushmagan taqdirda, ularning bahosini 50 foizgacha, har 15 kunda esa 10 foizga pasaytirish, shunda ham sotilmasa investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlarini yaratish sharti bilan «0» qiymatda sotish, Markaziy bankning qayta moliyalash yillik stavkasi miqdorida chegirma berish, davlat ob’ektlarini qismlarga bo‘lib sotish, xarid to‘lovlariga imtiyoz b.. Valyuta va tashqi savdo bozorini erkinlashtirish iqtisodiyotni liberallashtirishning muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lib, davlat pul-kredit siyosatiga jiddiy o‘zgarishlar kiritishni talab qiladi. Monetar siyosat davlat yoki uning Markaziy banki tomonidan makroiqtisodiy vaziyatga ta’sir ko‘rsatish maqsadida muomaladagi pul massasini oshirish yoki pasaytirish orqali amalga oshiriladigan vositadir. Bu siyosat foiz stavkasi va ayirboshlash kursi, to‘lov balansi, ustidan nazorat, inflyatsiyani jilovlash, umumiy bandlikni oshirish, baholar darajasini me’yorlash va boshqa tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi. Monetar siyosat bir amerikalik tili bilan aytganda, “bir tanga ustida umbaloq oshish”dir.
Harakatlar strategiyasiga muvofiq, 2017 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Valyuta siyosatini erkinlashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Undan asosiy maqsad, barcha bozor ishtirokchilari uchun bir xil sharoit yaratish bo‘lib, bozordagi turli-tuman valyuta kurslari o‘rniga yagona rasmiy kurs bir dollarga 8100 so‘m miqdorida belgilandi. Korxona va aholida chet el valyutasini erkin sotib olish imkoni paydo bo‘ldi. Bu qadar radikal yondashuv hatto ancha bilimdon bo‘lgan iqtisodchilarni ham xavotirga solib: endi nima bo‘ladi, milliy valyuta kursining roppa-rosa ikki baravarga pasaytirilishi inflyatsiyaning yangi xalqasini keltirib chiqarmaydimi, degan mulohazalarni tug‘dirgan edi. Lekin fevralda bir dollar 8188,33 so‘mga ko‘tarilgan bo‘lsa, keyin asta-sekin so‘m mustahkamlana boshladi va iyun oxiriga kelib, bir dollar 7813 so‘mga tushdi. Endilikda aholida «dollarlashtirishdan» birmuncha qaytish tendensiyasi, pul o‘tkazmalarini milliy valyutada olishni afzal ko‘rayotgani kuzatila boshladi.
Bu tendensiya bundan keyin ham davom etishi, so‘m o‘z qadrini ko‘tarib borishi mumkin. Xo‘sh, nima uchun so‘m bugun o‘z pozitsiyasini mustahkamlayapti, giperinflyatsiya yo‘q. Chunki, birinchidan, dollar kursi pasayishida Markaziy bankning valyuta birjasidagi intervensiyasining ham roli bor. Bu vosita ham ko‘pchilik mamlakatlar amaliyotida uchrab turadigan valyuta ayirboshlash kursiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishdir. Bu holat “betaraf” xarakterga ega bo‘lib, mamlakat oltin-valyuta zahiralarining keskin kamayib ketishiga olib kelmaydi. Ikkinchidan, asosiysi, valyuta bozoridagi noaniqlik, nufuzli valyuta kurslarining har kuni, har soatda o‘ynab turishi aholida ajiotaj, ya’ni shov-shuv talabni kuchaytirayotgan edi. Endi esa Prezident va Markaziy bank kafolati ostida valyuta bozoriga aniqlik va shaffoflik kiritildi. Bugun o‘zbekistonlik turist, biznesmen, talaba yoki davolanuvchi chet elda turib konversion kartasidagi valyutani bankomatdan xohlagan miqdorda naqd mablag‘ sifatida yechib olishi mumkin. Ikki yil oldin buni faqat orzu qilish mumkin edi.
Liberallashtirish iqtisodiyotning qaysi sohasida kechmasin, kompleks xarakterga ega bo‘lib, ma’lum shart-sharoitlarni taqozo etadi. Ayni paytda mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlik va investitsion faollik saqlanib turibdi, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha davlat dasturlarini ro‘yobga chiqarish jadal bormoqda. Soliq va bank tizimi islohotlari ketmoqda, biznesni yuritish va eksport sohasidagi ma’muriy to‘siqlar olib tashlanmoqda. Bular hammasi pul-kredit tizimini takomillashtirish, sohani liberallashtirishga xizmat qiladi.
Valyuta bozori liberallashuvi tashqi savdoga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu sohada raqobatbardoshlikni oshirish, eksport korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport faoliyatini rag‘batlantirish, ularga imtiyozlar tizimini takomillashtirish, bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirish va tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish muddatlarini keskin qisqartirish, tashqi savdo tariflarini pasaytirishga oid hujjatlarni rasmiylashtirishlarning elektron shakliga o‘tish va boshqa chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Rasmiy valyuta kursi qiymatini yuqori darajada ma’muriy yo‘l bilan sun’iy ushlab turilishi milliy tovar va xizmatlar eksporti rivojining asosiy to‘siqlaridan biri edi. Boshqacha aytganda, valyuta bozori erkinlashmagani milliy tovar va xizmatlarning tashqi bozordagi raqobatbardoshligini pasaytirar, eksportda xomashyo hissasi yuqori qolishiga olib kelardi. Endi esa mamlakat eksporti tarkibida noxomashyo tovarlari hissasi oshirish, sohada institutsional qayta qurishlar, oxir-oqibatda import o‘rnini bosadigan modeldan eksportga yo‘naltirilgan tashqi iqtisodiy modelga o‘tilmoqda. Tinch okeani havzasidagi Osiyo yangi industrial mamlakatlari rivojlanish tajribasi xuddi shunday. Ammo eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish raqobatbardosh mahsulotlarni taqozo qiladi. Bu esa chetdan mashina va asbob uskunalar, yangi texnika va texnologiya kiritishni talab qiladi. Tashqaridan kirmasa, tashqariga chiqarib ham bo‘lmaydi. Bozor iqtisodiyoti tartibi shunday. Milliy iqtisodiyot go‘yo ikki tomonlama qatnovli katta magistral yo‘lga o‘xshaydi.
2017 yil 29 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Qarorda tashqaridan kiritiladigan tovarlarga boj to‘lovlari o‘rtacha 14,5 foizdan 6,5 foizgacha tushirish ko‘zda tutilgan. Ma’lumki, tashqi savdoni keyingi erkinlashtirgunga qadar O‘zbekistonda noqishloq xo‘jalik mahsulotlariga import stavkalari eng yuqori edi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlariga esa yaqingacha import bojlari boshqa hamkor mamlakatlarga nisbatan aksincha past edi. O‘tgan yil oktabr oyidan boshlab barcha tovarlarga bojxona import bojlari o‘rtacha 2,5 martaga pasaytirildi. Tashqi savdoning liberallashuvi eksport-import operatsiyalari kuchayishiga, milliy iqtisodiyotning dunyo bozoridan o‘rin olishini osonlashtirishga, asosiysi mamlakatimizning qo‘shimcha qiymat global zanjiriga integratsiyalashuviga xizmat qilishi shubhasiz.
Iqtisodiy hayotning barcha jabhalarini, jumladan, valyuta bozorini liberallashtirish, davlatning xalqaro imiji bilan bog‘liq katta voqea. Lekin ular ustidan, shuningdek, emissiya, chet eldan pul ko‘chirmalari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilmasa, iqtisodiyotning real o‘sishi va muomaladagi pul miqdori o‘sish sur’atlari o‘rtasidagi farq sifatida doimo paydo bo‘ladigan inflyatsiyani keltirib chiqarishi hech gap emas. Monetar siyosat bilan fiskal siyosatni qo‘shib olib borish bunday holatlarning oldini olish imkonini beradi.
Makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash, qabul qilingan o‘rta muddatli dasturlar asosida tarkibiy va institutsional o‘zgarishlarni chuqurlashtirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash; xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganini saqlab qolgan holda Davlat budjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlashga qaratilgan budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish.
Soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va tegishli rag‘batlantiruvchi choralarni kengaytirish; Ilg‘or xalqaro tajribada qo‘llaniladigan instrumentlardan foydalangan holda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, shuningdek valyutani tartibga solishda zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash; bank tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish va barqarorligini ta’minlash, banklarning kapitallashuv darajasi va depozit bazasini oshirish, ularning moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlash, istiqbolli investitsiya loyihalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlashni yanada kengaytirish; sug‘urta, lizing va boshqa moliyaviy xizmatlarning hajmini ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini oshirish hisobiga kengaytirish, shuningdek kapitalni jalb qilish hamda korxona, moliyaviy institutlar va aholining erkin resurslarini joylashtirishdagi muqobil manba sifatida fond bozorini rivojlantirish.
Xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, yetakchi xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar bilan aloqalarni kengaytirish, puxta o‘ylangan tashqi qarzlar siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, jalb qilingan xorijiy investitsiya va kreditlardan samarali foydalanish. Milliy iqtisodiyotning mutanosibligi va barqarorligini ta’minlash, uning tarkibida sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini ko‘paytirish. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borishdir. Yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, eng avvalo, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tkazish orqali sanoatni yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilish; Iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish.
Prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini o‘zlashtirish, shu asosda ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash; ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rag‘batlantirish siyosatini davom ettirish hamda, eng avvalo, iste’mol tovarlar va butlovchi buyumlar importining o‘rnini bosish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish; iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish; Faoliyat ko‘rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish; Xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning o‘rni va ulushini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tarkibini, eng avvalo, ularning zamonaviy yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan o‘zgartirish;
Turizm industriyasini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda uning roli va ulushini oshirish, turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish va sifatini yaxshilash, turizm infratuzilmasini kengaytirish; eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va safarbar etish; yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.
Tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini izchil rivojlantirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar sektorning eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirish; paxta va boshoqli don ekiladigan maydonlarni qisqartirish, bo‘shagan yerlarga kartoshka, sabzavot, ozuqa va yog‘ olinadigan ekinlarni ekish, shuningdek, yangi intensiv bog‘ va uzumzorlarni joylashtirish hisobiga ekin maydonlarini yanada optimallashtirish; fermer xo‘jaliklari, eng avvalo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bir qatorda, qayta ishlash, tayyorlash, saqlash, sotish, qurilish ishlari va xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish; qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yarim tayyor va tayyor oziq-ovqat hamda qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha eng zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi qayta ishlash korxonalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish; qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, tashish va sotish, agrokimyo, moliyaviy va boshqa zamonaviy bozor xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini yanada kengaytirish; sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya ob’ektlari tarmoqlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sohasiga intensiv usullarni, eng avvalo, suv va resurslarni tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, unumdorligi yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish; kasallik va zararkunandalarga chidamli, mahalliy yer-iqlim va ekologik sharoitlarga moslashgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini hamda yuqori mahsuldorlikka ega hayvonot zotlarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirishdir.
Global iqlim o‘zgarishlari va Orol dengizi qurishining qishloq xo‘jaligi rivojlanishi hamda aholining hayot faoliyatiga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish. xususiy mulk huquqi va kafolatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes rivoji yo‘lidagi barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, unga to‘liq erkinlik berish, «Agar xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va kuchli bo‘ladi» degan tamoyilni amalga oshirish; kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik tuzilmalarining faoliyatiga davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuvlarning qat’iy oldini olish; davlat mulkini xususiylashtirishni yanada kengaytirish va uning tartib-taomillarini soddalashtirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav jamg‘armalarida davlat ishtirokini kamaytirish, davlat mulki xususiylashtirilgan ob’ektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish; investitsiya muhitini takomillashtirish, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishdir.
Korporativ boshqaruvning zamonaviy standart va usullarini joriy etish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlarning rolini kuchaytirish; tadbirkorlik sub’ektlarining muhandislik tarmoqlariga ulanishi bo‘yicha tartib-taomil va mexanizmlarni takomillashtirish va soddalashtirish; mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat boshqaruvi tizimini markazlashtirishdan chiqarish va demokratlashtirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, nodavlat, jamoat tashkilotlari va joylardagi o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini oshirish.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish, xalqning turmush darajasi va daromadlarini oshirish uchun har bir hududning tabiiy, mineral-xomashyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turistik va mehnat salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash; Hududlar iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish ko‘lamini kengaytirish, rivojlanish darajasi nisbatan past bo‘lgan tuman va shaharlarni, eng avvalo, sanoat va eksport salohiyatini oshirish yo‘li bilan jadal rivojlantirish hisobiga mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidagi farqlarni kamaytirish; yangi sanoat korxonalari va servis markazlarini tashkil etish, kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, yirik xo‘jalik birlashmalarining mablag‘larini, banklarning kreditlarini va xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga kichik shaharlar va shaharchalarni jadal rivojlantirish.
Sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish hisobiga subvensiyaga qaram tuman va shaharlarni kamaytirish va mahalliy budjetlarning daromad bazasini kengaytirish; Sanoat korxonalari va boshqa ishlab chiqarish ob’ektlarini joylashtirishga qulay shart-sharoitlar yaratish, xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish hamda aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida hududlarning ishlab chiqarish, muhandis-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish.
Dostları ilə paylaş: |