Fermer xoʻjaligidagi yaxshi xabar fermer uchun yomon xabar boʻla oladimi? Tasavvur qiling siz bugʻdoy yetishtiradigan fermersiz. Sizning barcha daromadingiz bugʻdoyni sotishdan kelishi sababli, siz yeringizni iloji boricha unumdorligini oshirishga koʻproq harakat qilasiz. Ob-havo va tuproq holatini kuzatasiz, daladagi zararkunanda va kasalliklarni yoʻqotasiz va ilgʻor texnologiyalardan foydalanasiz. Siz bilasiz qancha koʻp bugʻdoy yetishtirsangiz, shuncha koʻp hosil olasiz va sizning daromadingiz koʻproq boʻladi hamda turmush tarzingiz yaxshilanadi.
Bir kuni, Kanzas davlat universiteti olimlari muhim kashfiyot qilishganligini e’lon qilishdi. Universitetning agronomlik boʻlimi tadqiqotchilari fermerlar har bir akrdan (0.4 gektar) oladigan bugʻdoydan 20 % koʻp hosil beradigan yangi bugʻdoy navini kashf qilishdi. Bu xabarga qanday munosabat bildirasiz? Bu kashfiyot siz uchun yaxshimi yoki yomon?
Bu savollarga 3 ta qadamda javob beramiz. Birinchi, biz talab yoki taklif egri chizigʻi siljigan yoki siljimaganligini tekshiramiz. Ikkinchi, biz egri chiziq qaysi tomonga siljiganini hisoblaymiz. Uchinchi, biz bozor muvozanati qanday oʻzgarganligini koʻrish uchun talab-taklif chizmasidan foydalanamiz.
Bu holatda kashfiyot taklif egri chizigʻiga ta’sir qiladi. Chunki yangi nav hosildorlikni oshiradi va endi fermerlar istalgan berilgan narxda koʻproq bugʻdoy yetishtirishni xohlashadi. Boshqacha qilib aytganda taklif egri chizigʻi oʻng tomonga suriladi. Talab egri chizigʻi oʻzgarmaydi, chunki iste’molchilarning berilgan narxda bugʻdoy mahsulotlarini sotib olishga boʻlgan istaklariga yangi navning ta’siri yoʻq. 7-chizmada bunday oʻzgarish tasvirlangan. Taklif S1 dan S2 ga siljiganda,sotilgan bugʻdoy soni 100 dan 110 ga koʻtarilgan, narx esa 3$ dan 2$ ga tushgan.