"Ibn Sino qoldirib ketayotgan zo'r tabiblarning biri tozalik, ikkinchisi - parhezdir. Uchinchisi badantarbiyadir va qolgan ikkitasi mijoz bilan kayfiyatdir". So'zni bir vaqtda hamma yozadi. O'qituvchi o'quvchining izohini kuzatib, lozim bo'lsa, zarur tuzatishlar kiritadi, ta-bib-lar-ning, ik-kin-chi- si, par-hezdir, kay-fi-yat, mi-joz so'zlarini bo'g'inlab aytib yozdiradi. (Bu tanlab izohlashdir).
Lug'at diktant o'tkazishda bog'lanishli matn yoki gaplar emas, balki o'rganishgan ayrim imlosi qiyin so'zlar aytib turib yozdiriladi va lug'atdan tekshiriladi.
Shu o'rinda aytmoqchimizki, ayrim so'zlarning o'zbekcha atamasi bo'lishiga qaramay, hamon bolalar nutqida sekretar, buxgalter, zvonok, koridor, spravka, ostanovka, baza, kassir, kassa kabi so'zlarni uchratamiz. Shu so'zlarning o'zbekcha atamalarini kotiba, hisobchi, qo'ng'iroq, yo'lak, ma'lumotnoma, bekat, omborxona, xazinachi deb yozilishi va qo'llanilishini o'rgatish zarurligini hisobga olib, lug'at-diktant yozdirish zarur. Chunki yuqorida tilga olingan ruscha so'zlarning o'zbekcha atamasini boshlang'ich sinfdanoq o'rgatish lozimdir. Shunday qilinsa, o'quvchilarning so'z boyligi ortadi, tilning sofligiga ham erishiladi.
4-sinfda "Otlarning kelishik qo'shimchalari bilan turlanishi" mavzusi o'rganilganda darsni mustahkamlash maqsadida saylanma diktant o'tkazilib, "O'qish kitobi" dan olingan quyidagi matn: Qanaqasiga sening iting bo'larkan? -dedi Samad.
Bizning To'rtko'z bu! Rasul ostonaga yaqin joyda xumday boshini oyoqlariga qo'yib yotgan itiga g'amgin tikildi. Itining holiga achindi. Lekin sir boy bermay, chegarachilarga imo qildi". (Ona tili. 21-bet, 2003-yil) - o'qib, tahlil qilinib, "Otlarning kelishik qo'shimchalari bilan turlanishi" bo'yicha matndan qaratqich, jo'nalish va o'rin-payt kelishigi qo'shimchalari bilan turlangan otlar tanlab yoziladi va kelishik qo'shimchalariga tegishli belgi qo'ydiriladi. O'quvchilar ostonaga, joyda, boshini, ustiga, bermaslikka so'zlarini yozib, qo'shimchalar ustiga tegishli belgi qo'yadilar.
Agarda, o'quvchilarda sening, bizning so'zlarini yozib qo'yish hollari uchrasa, o'qituvchi alohida vaqt ajratib, shu o'quvchilar bilan yakkama-yakka ishlab "Olmosh" va "Ot"ning farqini tushuntiradi.
"Gapning uyushiq bo'laklari" mavzusi o'tilganda mavzuni mustahkamlash maqsadida 4-sinf "O'qish kitobi"dan "Oltin fasl" ("O'qituvchi", 2002-yil, 26-bet) matnida: "Uyushiq bo'laklar qatnashgan gap topib yozing va o'qilishini, yozilishini tushuntirib bering", topshirig'i beriladi. O'quvchilardan quyidagi misolni yozishlari kutiladi. - "Issiqsevar qaldirg'ochlar, uzunqanotlar, ko'kqarg'alar birinchi bo'lib uchib ketishadi - O'quvchilar gapdagi uyushiq bo'laklar - qaldirg'ochlar, uzunqanotlar ko'kqarg'alar ni o'qiydilar, ular sanash ohangi bilan bog'langan. Ular orasiga yozuvda vergul qo'yiladi, degan javobni beradilar. Boshqa bir o'quvchidan "Ona suti" (O'sha kitob, 248-bet) matnidan uyushiq bo'laklar qatnashgan gap topib yozish va qanday bo'lak uyushganini aytib berish talab qilinadi.
O'quvchilarning "Bolaning ichi, ko'zi, tishi, qulog'i og'ribdi" yoki "Bolaning ichi, ko'zi, qulog'i tuzalibdi" gaplarini yozishlari so'raladi. O'quvchilar gapdagi ichi, ko'zi, tishi, qulog'i so`zlarini o'qib, ular gapning egasi bo'lib uyushib kelganligini, ular birdan ortiq bo'lib, bir xil so'roqqa javob bo'layotganini va bir kesimga bog'langanini tushuntiradilar.
Demak, boshlang'ich sinf ona tili darslarini o'qish faniga bog'lab olib borishda yuqoridagi usullardan foydalanish ona tili darslarining samaradorligini oshiradi. O'quvchilarning so'z boyligi ortadi, ayniqsa, yozma savodxonligi rivojlanadi.
Dostları ilə paylaş: |