AHOLI TURAR JOYLARDA OMMAVIY SOG’LOMLASHTIRISH JISMONIY TARBIYASINI TASHKIL ETISH.
2.2. Milliy o’yinlarni O`tkazishni o`ziga xos tomonlari. Milliy harakatli o`yinlarni tashkil qilish va o`tkazishning o`ziga xos tomonlari mavjud. Shuning uchun ham, o`yinning nozik tomonlarini bilishning ahamiyati kattadir.
O`yinning bolalarni o`yinga chaqirish va to`plash, o`yinni boshlash uchun qur`a tashlash, o`yinni tamomlash kabi o`yin mazmunini to`liq ochib beradigan o`ziga xos xususiyatlarini bilmasdan turib sog’lomlashtirish, ta`lim-tarbiyaviy vazifalarni, jismoniy sifatlarni (tezkorlik, chidamlilik, kuch, chaqqonlik va boshqalarni) tarbiyalab bo`lmaydi. Xalqning mehr qo`ri bilan yaratilgan har bir o`yini, o`yinning umrboqiyligi, unga qanday munosabatda bo`lishiga ham bog’liq. Binobarin, o`yin har bir xalqning qalb ohanglari, hayol tashvishlar va quvonchlarni, turmush tarzini, xususiyatlarini belgilaydi. Uni saqlab, e`zozlab, me`yoriga etkazib o`ynay bilish faqat shu xalq vakiligagina xosdir. Birorta millat o`zgalar o`yinini, ularchalik zavq-shavq bilan, ko`tarinki ruh bilan o`ynay olmaydi. Sababi har bir millat o`ziga xos uslubga, xususiyatga ega. Bu esa shu millatga ona tabiat tomonidan berilgan in`omdir, ne`matdir. Uni ko`r-ko`rona o`zgartirish mumkin emas, o`zgartirishlarni turmushning o`zi taraqqiyot, rivojlanish, turmush tarzidan kelib chiqib kiritib boradi.
O`yinga chaqirish va to`plash
Xalq og’zaki ijodini o`rganish va ilmiy adabiyotlar tahlili bolalarni o`yinga chaqirish va o`ynovchilarni to`plash odat tusiga kirganligini, harakatli o`yinlarni o`ynash uchun ma`lum belgilangan vaqt, joy tanlanmagan yoki maxsus hozirlik ko`rilmaganligini ko`rsatadi. Ular qachon to`planishsa o`sha payt, o`sha vaqtda o`yin o`ynalavergan. Shuning uchun ham o`yinlar boshlanishidan oldin bolalarni yig’ish, ularni bir joyga to`plashda har bir bolaning jonbozlik, tashabbus ko`rsatishi talab qilingan.
Ota-onalar o`z bolalarini uydan chiqishiga turli xil munosabatda bo`ladilar. Ko`pincha, ota-ona bolaga javob bermaslikka harakat qiladi.
Bolalar buni juda yaxshi bilishadi, ular o`rtog’ini uydan chaqirib olish yo`lini qidiradilar. Bu haqda G.Jahongirov o`zining „O`zbek bolalar folklori" nomli risolasida juda yaxshi to`xtalgan: Ular uch-to`rtta bo`lib, o`rtog’ining hovlisiga boradilar, ko`chada turib chaqira boshlaydilar.
Masalan, qizlar dugonalarini chaqiradilar
-Kel, o`rtoq, kurchoq-kurchoq o`ynaylik!
-Yur, bekinmachoq o`ynaymiz!
O`g’il bolalar o`rtog’ining laqabini aytib chaqirishi mumkin:
-Laylak, chiq o`ynaymiz!
Ba`zi joylarda o`yinga quyidagicha chaqiriladi:
-Tokchaga bug’doy sepuvdim,
Undimikino,unidimikin?
Mashrabboy uydan chiqmaydi,
yotdimikino, yotdimikin?
Ayrim joylarda esa keskinroq, murosasizroq ravishda chaqiriladi:
-Tomda tovuq qolarmu,
Ayvoningdan otarmi?
O`yin yoqmas bolalar.
Nomozshomdan qotarmu?
Kel-ho, kel!
Dangasalik qilib ko`chaga chiqishga eringanlarga darhol tanqidga uchraydi, bolalar ularni mustaqillikka, dadil bo`lishga undaydilar:
-Keragida paxta bor,
Uyqung kelsa yotaver.
Onang qurg’ur qo`ymaydi,
Mushday qorning to`ymaydi?
Kel-ho, kel!
Agar chaqiriluvchi qiz bola bo`lsa, u birmuncha muloyim ohangda chaqiriladi. Mabodo, qizning onasi o`gay bo`lib, qiziga yomon qarashini dugonalari bilguday bo`lsa ham, termada „o`gay ona" so`zi ishlatilmaydi, imo-ishora bilan o`z noroziligini ifoda qiladilar
-Oylar oydin ho bo`libdi, dugona,
o`ynagingiz kelibdi,. dugona,
Yoki onang qo`ymaydimi, dugona,
Mushtak qoring to`ymaydimi, dugona?
Shuncha chorlovdan keyin ham chiqishmasa, ularning nomiga kesatiq so`zlar aytiladi, o`yinyoqmas qizlar esa kampirlarga o`xshatiladi:
Kip botti, oyijon momo yotdi,
Yotishi bilan uyg’onmay qopti!
Bolalar bir-birlarini qo`shiq aytib, o`ynagani chaqirganlar. Bunday o`yinlar xalq ichida chorlamalar deb yuritiladi. Bu o`yin chorlov kechirmalarini ayni bir vaziyatga bog’liq holda ifodalaydi va o`yinga da`vat etish, chaqirish, to`plash vazifasini bajaradi:
Bola bo`lsang, kelaver,
o`ynab-o`ynab kelaver.
Kel-ho, kel!
Kel-ho, kel!
Chorlamalar, asosan, hayqirib aytiladi, bu esa bolalardagi o`ynash ishtiyoqini oshiruvchi alanga kabi ta`sirchan vositadir.
O`yinga chaqirish va tashkil qilishning turlari, shakllari juda ko`p, biz faqat ayrim namunalarinigina keltirdik. Uning asosiy vazifasi bolalarni o`yinga da`vat qilish, qalblarini qitiqlash, undash, esga solish va ularning qiziqishlarini kuchaytirishdan iboratdir.
O`yinni boshlash uchun qur`a tashlash.
Xalq harakatli o`yinlarining asosiy shartlaridan biri qur`a yoki chek tashlash bo`lib, u bo`lajak o`yinning haqqoniy, shiddatli, qizg’in o`tishiga kafolat beradi.
Xar bir o`yinning jiddiy baxs, musobaqa usulida olib borilishida chek tashlashning tarbiyaviy ahamiyati kattadir. CHek tashlash haqidagi ma`lumot Mahmud Koshg’ariyning mashhur „Devon-u lug’atit turk" kitobida bayon qilingan. Ushbu kitobda bu so`z “chekashdi" ma`nosida berilgan. Boshqa bir sahifada chek tashlashning izohi “qur`a” ma`nosida berilgan: „U barmoqlar bilan qur`a tashlab, lolyini sinadi". Bundan tashqari, uning „suriladi" ko`rinishi ham mavjud. Vaholanki, chek tashlashdan, “surilishdan” maqsad — toleyini sinab ko`rmoqdir. Bolalarning qur`a tashlashdan asosiy maqsadi, o`yinni kim, qaysi biri oldin boshlashi kerakligini aniqlashdir.
Milliy xalq harakatli o`yinlarini boshlash uchun, asosan, chek tashlashning to`rt xil usulidan foydalaniladi: 1) og’zaki; 2) biror buyumni tashlash; 3) biror buyumni yashirish; 4) sanoq termalari.
Qur`a tashlashning og’zaki usuli ham mavjud bo`lib, u o`yin boshlanishidan oldin bolalar ikki guruhga bo`linganda qo`llaniladi. Avval bolalar tomonidan ikkita bola o`yinboshi qilib tayinlanadi. So`ngra yig’ilgan bolalar bir juftdan bo`lishib, bir-birlariga “ot qo`yib”, o`yinboshilar oldiga kelishadi. O`yinboshilar belgilangan joyda turishib ularning so`zlarini tinglashadi.
O`yinboshini aniqlashning boshqa usuli — tayoqcha, gugurt cho`pi yoki o`yinchilar soniga qarab maydondagi qurigan o`tlardan shuncha cho`p teriladi. Ularning o`lchami tenglashtiriladi, cho`plardan biri kaltaroq bo`lishi kerak.
Hammasi kaftga jamlanib, bir uchi teng qilib birlashtiriladi, ikkinchi uchi ko`rsatilmaydi. Bolalar navbat bilan kelib, bittadan cho`pni tortadilar. Kim kalta cho`pni tortib olsa, o`sha o`yinboshi bo`ladi. Shu o`yinni boshqacha yo`sinda tashkil qilish ham mumkin. Masalan, bir necha bo`lak qog’oz parchalari olinib, bittasiga biron belgi qo`yiladi, so`ngra ular cho`ntak, xalta yoki do`ppi ichida aralashtiriladi. Kim belgi qo`yilgan qog’oz parchasini olsa, o`sha o`yinboshi hisoblanadi.
Agar, o`yinga besh kishi yig’ilgan bo`lsa, qur`a tashlashning eng oddiy va tez usulini qo`llash maqsadga muvofiqdir. Kimdir sezdirmasdan barmog’ining birini ohak, rangli qalam bilan bo`yaydi, kaftini musht holatida teskari ushlab to`planganlar oldiga keladi. „Barmoqning birini och!, deb o`ynovchilarga taklif qiladi. Xar bir o`ynovchi navbat bilan barmoqlarini ochadi. Kim bo`yalgan barmoqni topsa, o`yinni o`sha boshqaradi.
Yoki kichkina buyumni bir kaftda yashirib, ikkalasini ham oldinga cho`zib so`raladi: “O`ngidami, chapida?” Agar sherik yashirilgan buyumni topsa, u o`yinni boshlaydi, topmasi o`zi boshlaydi.
Sanoq termalari
Sanoq - bolalar o`yinlarining chek tashlash holatidagi asosiy vositasidir. „Sanoqlardan asosiy ko`zlangan maqsad - o`yin boshlashdan oldin boshlovchini yoki navbatchini aniqlash, biror bolaga gal berishdan iborat". “Trma” umuman xalq og’zaki ijodiga mansub sho`x, hazilomuz yoki tirik, odatda, to`rt misradan iborat qo`shiq yoki she`r sanaladi.
Demak, sanoq termalari bolalar o`yin boshlashdan oldin boshlovchini, navbatchi yoki o`yinboshini aniqlab beruvchi yordamchi vositadir. Sanoq termalari, odatda, qat`iy ohang va marom qoidalariga bo`ysunib, tegishli joyda urg’u berib aytiladi. Sanoq termalarini mazmuni va bajarilish turiga ko`ra shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin: oddiy sanoq termalari va tanlovchi sanoq termalari. Masalan, oddiy sanoq termalari quyidagicha bo`ladi:
Chori chambar. Bori anbar. Ona qiz qayda? Ola-bula tog’da. Tog’man, zuvman, piltakash to`ti qiz, San tur, san chiq.
Ayrim sanoqlar dialog shaklida bo`lib, sanash ohangida aytiladi. Bunday sanoqlardagi dialog shakli faqat ma`no jihatdan o`zaro bog’lanish usuli sifatidagina xizmat qiladi.
Xalqimizning nodir durdonalari bo`lgan milliy xalq harakatli o`yinlari va sanoq termalarini topish, jamlash va uni amaliyotga tadbiq qilish qadriyatlarimiz va ma`naviyatimizni tiklashdagi zarur vazifalardan biridir. CHunonchi, xalq harakatli o`yinlarini aynan o`z holicha o`ynash bolalarga zavq-shavq beribgina qolmay, ma`naviy boyliklarimizga hurmat bilan qarashni, ularni e`zozlashni va saqlay bilishni ham o`rgatadi.