Texnik tafakkurni va mehnatga ijodiy munosabatni rivojlantirish yangi kishini - yangi jamiyat quruvchisini tarbiyalashning eng muhim vazifalaridan biridir. Ana shunday kishining yetishib chiqishida o‘quvchilarga umumiy ta‘lim bilimlarini berishdan tashqari, ularning keng politexnik asosda unumli mehnatga ham jalb etadigan isloh qilingan maktab yetakchi rol o‘ynashi lozim.
Hozirgi sharoitda o‘quvchilarga politexnik ta‘lim berish tabiatning maktab predmetlarida, avvalo tabiiy-ilmiy sikldagi predmetlarda o‘rganiladigan umumiy qonunlari, hozirgi ishlab chiqarishning asosiy tarmoqlari xaqida, eng tipik mashinalar, mexanizmlar, apparatlar va asboblarning tuzilishi hamda ishlash prinsiplari, shuningdek ulardan amalda foydalanish haqida, asosiy materiallar va ularni qo‘llash, eng tipik texnologik jarayonlar haqida umumiy, ilmiy bilimlar va mehnatni ilmiy asosda tashkil qilish haqida umumiy ma‘lumotlar berishdan iboratdir. Ana shu vazifalar texnik konstruksiyalash va zamonaviy texnika namunalarini modellashtirish jarayonida muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin.
O‘quvchilar yuqori darajada rivojlangan texnika namunasi sifatidagi u yoki bu texnik modelni yasashda hozirgi sanoat ishlab chiqarishiga xos konstruktorlik, texnologik va ishlab chiqarish faoliyatining asoslarini o‘rganadilar.
Texnik modellashtirish jarayonida: - turli texnologik operasiyalar o‘zlashtiriladi;
- metall va metallmas materiallarning har xil turlari va markalarini bilib oladi;
- zamonaviy texnikaning haqiqiy namunalari, tuzilishi va ishlashining asosiy prinsiplari tushuniladi;
- amaliy faoliyat jarayonida esa umumta‘lim predmetlari bo‘yicha olingan bilimlar mustahkamlanadi.
Ma‘lumki, amaliy mashg‘ulotlarda texnik konstruksiyalash va modellashtirish xaqiqiy mashina, mexanizm, asboblarning faqatgina kichraytirilgan nusxasini yasash emas, balki ijodiy faoliyat asosida texnik modellarning konstruksiyasini ham, ishlash prinsipini ham ancha soddalashgan, lekin ularga o‘xshashlikni saqlagan namunalarini yaratishdir.
Texnik modellashtirishga kirishishdan oldin «model» va «maket» tushunchalarining farqini aniq bilib olish zarur. Model - haqiqiy obyektning yoki undagi asosiy uzellarning nusxasidir. Shuningdek, u harakatlanadigan va o‘z namunasi (xaqiqiy obyekt) ning funksiyalarini ixcham holda bajariladigan bo‘lishi ham kerak. Masalan: avtomobilning, traktorning modeli ana shundaydir.
Maket - obyektning konstruksiyasini yaqqolroq tasavvur etish imkonini beradigan umumiy hajmli tasvirdir. Masalan: binolar, inshootlar va hokazolarning maketlari shular jumlasiga kiradi.