- Davlat tili toʻgʻrisidagi qonunni tahririy koʻrib chiqish va unda milliy rasmiy tilga munosabatni, adabiy meʼyor talablarini kuchaytirish; - davlat tili barqarorligiga toʻsiq boʻluvchi oʻzbek alifbosi bilan bogʻliq ikkilanish muammolariga qonuniy chek qoʻyish, yozuv birligi, aholining savodxonlik darajasini oshirishga erishish; - Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy gʻoyani rivojlantirish konsepsiyasiga tayanib, oʻzbek tilining rasmiy maqomini mustahkamlash; - milliy qadriyatlarning asosiy timsoli boʻlgan oʻzbek tilining rasmiy va milliy maqomini targʻibu tashviq etuvchi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar koʻlamini kengaytirish, bu borada maqsadli, manzilli va tizimli tadbirlar tashkil qilish; - milliy maʼnaviy merosga muhabbat va ehtirom, avvalo, oiladan boshlanishi, oila qadriyatlar beshigi ekanligini eʼtiborga tutgan holda farzand tarbiyasida ona tilini puxta egallash, milliy tilni, qadriyatlarni avaylash, ijtimoiy daxldorlik, vatanparvarlikni shakllantirish usullari tavsiya qilingan metodik qoʻllanmalar yaratish; - taʼlim bosqichlari, tashkilot, muassasa va korxonalarda oʻzbek tiliga davlat maqomi berilgan kun arafasidagi bayramdan tashqari jarayonlarda ham davlat tilining rasmiy talablari bilan tanishtiruvchi, mohiyatini tushuntiruvchi, milliy til ruhiyatini yuksaltiruvchi maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot-tashviqot tadbirlarini muntazam yoʻlga qoʻyish; - mamlakatning har bir fuqarosida rasmiy davlat tiliga nisbatan hurmat va ehtirom tuygʻulari barqarorligini taʼminlash ishlarini tizimli olib borish.