Aim.uz
Til va nutq. Tilning ijtimoiy mohiyati. Til va tafakkur.
Reja:
1. Tilning ijtimoiy mohiyati.
2. Til va tafakkur.
3.Til birliklari( so`z, til, nutq, fikr)ning o`zaro bog`liqligi.
Tayanch so`z va iboralar: Tilning ijtimoiy hodisa ekanligi, til va tafakkur birligi, til va nutq, fikr va nutqning o‘zaro bog‘liqligi.
Tabiiyki, inson tabiat va jamiyat mahsuli sifatida ularning qurshovida yashaydi. Ayni paytda, ularning oliy mahsuli ham sanalib, ana shu qurshovni narsa va predmet shaklida, voqea va hodisa tarzida miyasida aks ettiradi, idrok qiladi, fikrlaydi. Bu jihatdan tilning ahamiyatini hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham til tafakkur quroli deb bejiz aytilmaydi. «Til bilan tafakkur bir-birini taqozo etadigan ajralmas hodisadir. Tilsiz tafakkur bo‘lmaganidek, til ham tafakkursiz bo‘lmaydi»
Tilning inson uchun fikrlash vositasi bo‘lishini, moddiy asos sifatida xizmat qilishini hali birinchi bosqich deyishimiz mumkin. Ikkinchi bosqichda esa fikrlash natijasida tafakkur mahsuli reallashmog‘i, ya’ni fikrlash markazi bo‘lgan miyadan tashqariga chiqishi lozim. Bunda esa tilga bo‘lgan ehtiyojning ikkinchi bosqichi boshlanadi — u kommunikativ vazifani bajarishga kirishadi.
Tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar turli tillarda turlicha nomlanishidan qat’i nazar, mana shu jarayonda u insonlar faoliyatida fikrlash va o‘zaro ijtimoiy munosabat — muomala vositasi, materiali bo‘lib qolaveradi. Til muomala vositasiga aylandimi, uning imkoniyat doirasi ham tabiiy ravishda kengayib boradi. Endi u nutq, nutqiy jarayon quroliga aylanadi.
Bu holni uchinchi bosqich deb atash mumkin. Bosqichlar soni ortib boravergani sari tilning ijtimoiylik imkoniyati ham tobora kengayishi ma’lum bo‘lib qoladi. Ya’ni, inson nutqiy faoliyatida kommunikativ vazifani bajarayotgan til ko‘magida suhbatdosh yoki tinglovchiga ma’lum axborot ham yetkaziladi. Demak, tilga bo‘lgan munosabatda to‘rtinchi bosqich yuzaga keladi.
Shu o‘rinda akademik V.V.Vinogradovning muhim bir fikrini eslamaslik aslo mumkin emas. U tilning uchta eng muhim vazifasi mavjudligini ta’kidlagan edi: aloqa, xabar, ta’sir etish.
Til insonlar o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lishi, tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar to‘g‘risida xabar berishidan tashqari suhbatdosh yoki tinglovchiga ma’lum ta’sir o‘tkazish, hissiyotini qo‘zg‘atish kuchiga ham ega. Agar bu holatni shartli ravishda beshinchi bosqich deb ataydigan bo‘lsak, ta’kidlaganimizdek, tilning bosqichma-bosqich takomillashib, mukammallashib va imkoniyatlari ham asta-sekinlik bilan kengayib borishini kuzatamiz.
Mana shu o‘rinda tilning hech bir imkoniyati nutqsiz, nutqiy jarayonsiz amalga oshmasligi, yuzaga kelmasligiga amin bo‘lamiz. «Til va tafakkurning birligi nutqda o‘z ifodasini topadi. Nutq og‘zaki va yozma holda mavjud bo‘lib, unda fikrimiz moddiy shaklga, ya’ni hissiy idrok etiladigan shaklga kiradi va shu tariqa u endi bir shaxsga emas. balki jamiyatga tegishli bo‘lib qoladi».
Savol va topshiriqlar
1.Til jamiyat taraqqiyotiga qanday ta`sir etadi?
2.Til va tafakkur, til va nutq tushunchalarini farqlay olasizmi?
3. Til haqida donolar nima deyishgan?
Aim.uz
Dostları ilə paylaş: |