3.Til - kishilar o’rtasidagi aloqa quroli sifatida.
4.Vilgelm fon Gumboldt va Ferdinand de Sossyurlarning til va tilshunoslik fanining o‘rganish sohasidagi fikrlari.
Tilshunoslik mustaqil fan sifatida. Tilshunoslik nazariyasi fani tilshunoslikning ilmiy-nazariy tomonlarini o‘rganadigan fandir. Tilshunoslik nazariyasi fanida tilning paydo bo‘lishidan boshlab, tillarning tasnifi, uni tahlil qilish usullari hamda til va tafakkur, til va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar, tilning ichki tuzilishi, tilning ijtimoiyligi kabi masalalargacha o‘rganiladi. Uzoq yillar davomida tilshunoslik fani boshqa bir qancha fanlar qurshovida o‘rganilib kelindi. Birinchi bor F.de Sossyur o‘z ta’limotlarida tilni boshqa fanlar emas, o‘zining o‘rganadigan alohida fani bo‘lishi kerak, bu fanning nomi tilshunoslik deb nomlanishi lozim degan g‘oyani ko‘tarib chiqdi. Bu nazariya tilshunoslikning mustaqil fan sifatida shakllanishiga turtki bo‘ldi. Haqiqatdan ham, til kishilik jamiyati mahsuli bo‘lib, jamiyatda kishilarning aloqa qilishiga xizmat qiladigan ijtimoiy hodisadir. Til ayrim shaxslardagina emas, balki jamiyat uchun xizmat qilishida namoyon bo‘ladi. U insoniyatning tarixiy taraqqiyot jarayonida yaratgan barcha madaniy-ma’naviy va ilmiy boyliklarini ifodalaydigan, uni avloddan avlodga meros qoldiradigan asosiy vositadir. Tilshunoslik – tilning ijtimoiy tabiati, vazifasi, ichki tuzilishini, tillarning ish ko‘rish (faoliyat) qonunlari va tarixiy taraqqiyotini o‘rganuvchi fan. Demak, tilshunoslik inson tilini o‘rganadigan mustaqil fandir [N.Uluqov, 2016: 6]. Tilshunoslik yoki lingvistika (lotin tilida lingua - til) til nazariyasini o‘rganish bilan shug‘ullanadigan fan bo‘lib, u “Tilshunoslikka kirish” va “Umumiy tilshunoslik”, “Tilshunoslik tarixi” kabi nomlar bilan ataladigan mustaqil qismlardan tashkil topgan.
“Tilshunoslikka kirish” umumiy tilshunoslikning ajralmas qismi sifatida til haqidagi dastlabki ma’lumotlarni, tilshunoslik fanining asosiy tarkibiy qismlarini, tilshunoslikda qo‘llanadigan ilmiy atamalarni va xususiy tilshunoslikda o‘rganiladigan masalalarni, masalan, ingliz tilining grammatikasi (morfologiya va sintaksis), fonetikasi, leksikologiyasiga xos masalalarni o‘rganish uchun nazariy asos yaratishga imkon beradi. Shuningdek, tilshunoslik tarixi sohasida mavjud bo‘lgan ilmiy dunyoqarashlarning, turli ilmiy maktablarning shakllanishi va rivojlanishi, umuman olganda, til taraqqiyotining dinamikasi o‘rganiladi.
“Umumiy tilshunoslik” til ilmiga xos bo‘lgan umumiy masalalarni o‘rganadigan mustaqil fan bo‘lib, u quyidagi nazariy muammolar talqini bilan shug‘ullanadi:
1.Tilshunoslikning predmetini, ya’ni o‘rganish sohasini va vazifasini belgilash muammosi.
2.Tilning paydo bo‘lishi va taraqqiyot qonunlari muammosi.
3.Til strukturasi, ya’ni tilning ichki tuzilishi muammosi.
4.Tilning o‘ziga xos sistema-tizim ekanligi muammosi.
5.Tilning belgilik muammosi.
6.Til va tarix muammosi.
7.Til va jamiyat muammosi.
8.Tilning tabiati va ijtimoiy mohiyati muammosi.
9.Til va tafakkur muammosi.
10.Til va nutq muammosi.
11.Til tipologiyasi va universallik muammosi.
12.Tillarning tasnifi muammosi.
13.Tilni tadqiq qilish metodlari muammosi va boshqa muammolar.
Nazariyotchi olim Ferdinand de Sossyur (1857-1913) ning ilmiy g‘oyasi tilning murakkab ziddiyatlarga boy, ko‘p tomonlama hodisa ekanligiga asoslangan.
F. de Sossyur tilshunoslikning o‘rganish ob’ekti nutqiy faoliyat bo‘lishi kerak deydi. Nima uchun tilshunoslik tilni emas nutqiy faoliyatni o‘rganishi kerak. Shu bilan birga F. de Sossyur birinchi bor, nutqiy faoliyat til va nutqdan tashkil topgan butunlik ekanligini isbotlab berdi. Shunday ekan demak, tilshunoslik til va nutqni o‘rganishi lozim. F. de Sossyur til va nutqni mutloq farqladi, boshqa – boshqa hodisalar ekanligini ta’kidladi.
F. de Sossyur “Til” nima degan savolga javob berar ekan, u “til” tushunchasiga “nutqiy faoliyat” tushunchasi teng kelmasligi, “til” “nutqiy faoliyat”ning bir qismi, lekin eng muhim qismi ekanligini, u sotsial mahsulot ekanligini, u yoki bu til egalarining har biri xotirasida mavjud bo‘lgan nutqiy faoliyatga kirishish imkoniyati ekanligini ta’kidlaydi [F. de.Sossyur, 1977: 47].
Tilshunoslik fanining chegarasini, predmetini aniqroq ta’riflash maqsadida F. de Sossyur til bilan nutqni ajratib, bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi. Uning fikricha, til nutq faoliyatining faqat bir tomonini tashkil etadi.
Til bilan nutqning asosiy farqi – til ijtimoiy, nutq esa individual hodisadir. Bu fikr ham nisbiy bo‘lib, bir tomonlama olib qaralganda to‘g‘ri. Aslida til ham, nutq ham ijtimoiy ham individual hodisalardir.